"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Bu ishni maktabdanoq boshlash kerak

«O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2019-yil 21-oktyabrdagi prezident farmoni 30 yil oldin qabul qilingan qonunni unutganlar yoki bu qoidalarga xohlab-xohlamay, bilib-bilmay amal qilmayotganlarning uyg‘onishi uchun bir turtki bo‘ldi, deyish mumkin.

To‘g‘ri, o‘tgan 30 yil o‘zbek tilini davlat, umumjamiyat, mamlakat hududida yashovchi ko‘pmillatli aholining o‘zaro muloqot tiliga aylantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildiki, bularga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Biroq 2020 yil o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uning mavqeini yana-da yuksaltirish, mamlakat hududida faoliyat yurituvchi vazirlik va idoralarda, korxona va tashkilotlarda ish yuritishning asosiy vositasi darajasiga ko‘tarish yo‘lida qo‘yilgan katta qadam bo‘ldi.

Muhim qadamning birgina samarasi sifatida bugun deyarli barcha vazirlik va idoralarda rahbarning Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyat yuritmoqda. Bu jami 309 ta davlat organi va xo‘jalik birlashmasining 282 tasida, yaʼni 91,2 foizida maslahatchi ish olib boryapti degani. Ularning maqomi rahbar o‘rinbosariga tenglashtirilgan.

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan jamiyat hayotining barcha jabhalariga axborot-kommunkatsiya texnologiyalari undan ham jadalroq kirib bormoqda. Bejizga 2020-yil «Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb eʼlon qilinmadi.

Ushbu yo‘nalishda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi eng asosiy va masʼul ijrochilardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Shu o‘rinda Vazirlik va uning tizim korxona va tashkilotlari faoliyati zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan bevosita bog‘liq ekanligini inobatga olsak, mazkur sohada boshqa tillardan o‘zlashgan yoki yangi kirib kelayotgan so‘z hamda atamalar talaygina.

Xususan, kundalik hayotimizda yuz, hatto ming marta ishlatiladigan “internet”, “televizor”, “kompyuter”, “printer”, “klaviatura”, “monitor”, “abonent”, “rouming”, “pochta”, “virtual”, “operator”, “lokal” kabi so‘zlar ayni damda aytish joiz bo‘lsa, qon-qonimizga singib ketmoqda. Yoshi kattalar-ku mayli, o‘sib kelayotgan yosh avlod ana shu so‘zlar ishtirokidagi muloqotlar qurshovida voyaga yetmoqda. Hozirda shu va shu kabi so‘zlarni, aniqrog‘i atamalarni ishlatmaydigan odam topilmasa, kerak. Bu so‘zlarning biri ingliz, yana biri rus, boshqasi esa grek tilidan kirib kelgan — ana endi mazkur soha xodimlarining so‘zlashuvini yoki ularning ish jarayonini tasavvur qilib ko‘ravering.

Tashqaridan qaraganda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchilarni ko‘pchilik texnika odami deb o‘ylaydi. Tan olish kerakki, men ham ozgina bo‘lsa-da, shunday fikrda edim, biroq adashganligimni ular bilan ishlab ko‘rgandan keyingina bildim. Ular tomonidan tayyorlangan nafaqat ichki, balki muhim qaror, farmon va farmoyishlar loyihalarini ko‘rib, bu hujjatlarni biror “tilchi” tayyorlagan degan xulosa qilish ham mumkin edi.

Ish jarayonida muloqotga kirisharkanmiz, qanchalab tortishgan paytlarimiz bo‘ldi. Aksariyat hujjatlar davlat tilida tayyorlanishi bilan birga, boshqa, xususan, rus tilidagi xatlar, ish rejalar ham yo‘q emasdi. Ana shularni o‘zbek-davlat tilida tayyorlash zarur degan fikrni ilgari surishim natijasida kimlargadir yoqmaganligim ham rost. Rus tilida ishlash oson bo‘lganlar uchun bir ishni ikki marta qilish kimga ham yoqardi, deysiz. Ana shunda o‘z ona tilini hurmat qiladiganlar tomonidan amalda keng qo‘llanib kelinayotgan usulni taklif qildim. Yaʼni biz ham o‘z tilimizning hurmatini joyiga qo‘ygan va boshqa tillarni kamsitmagan holda har qanday hujjatni, ayniqsa, xatlarning imzolangan nusxasini davlat tilida tayyorlash va zarur bo‘lsa, boshqa tildagi tarjimasini ilova qilishga kelishib oldik. Menimcha, ishimiz ancha osonlashgandek bo‘ldi, hamkasblar ham bunga ko‘ndi.

2020-yil 10-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan «O‘zbek tili kunini belgilash to‘g‘risida»gi qonunning imzolanganini, unga ko‘ra, 21-oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilanganini eshitgan, internet saytlari orqali o‘qigan bo‘lsam ham hamkasblarga indamadim. Chunki bugun axborot texnologiyalari rivojlangan paytda bunday imkoniyat hammada bor. Xullas, bu yangilikni eshitgan, o‘qigan borki, kelib, xuddi mening tug‘ilganim yoki menga tegishli biror sanadek meni tabriklay boshladi. Men bo‘lsam, «Ana endi ham biror hujjatni boshqa tilda tayyorlab ko‘ringlar-chi...» deya yolg‘ondan po‘pisa qilgan bo‘ldim. Aslini olganda esa xursandchiligimning cheki yo‘q edi. Ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilgandi. Chunki hamma davlatlarda ham ona tili alohida bayram sifatida nishonlanmaydi. Biz ana shunday davlatlardan biriga aylangandik.

YUNESKO maʼlumotiga ko‘ra, dunyoda har ikki haftada bitta til yo‘qolib ketmoqda. Ularnig yo‘qolishi esa butun boshli madaniy va intellektual merosning ham yo‘qolishiga olib kelmoqda.

Ona tillarining tarqalishini keng targ‘ib qilish faqatgina tillar xilma-xilligi va ko‘p tilda taʼlim olish yoki jahon tillari va madaniy anʼanalar bilan yaqindan tanishish bilan chegaralanib qolmaydi, balki ular o‘zaro tushunishga asoslangan birdamlikni kuchaytiradi.

Shu o‘rinda davlat tilida ish yuritishga masʼul bir inson sifatida bir taklif kiritmoqchiman. Davlat tilida ish yuritishni kerak bo‘lsa, maktabda, nari borsa, oliy o‘quv yurtidayoq boshlash kerak. Buning birgina va asosiy sababi bor: ertangi kun egalari qaysi millat vakili bo‘lishidan qatʼi nazar kelajakda davlat idorasida faoliyat yuritadigan bo‘lsa, o‘zbek tilini o‘rganishi zarurligini his qilsin va buning uchun ham nazariy hamda amaliy jihatdan tayyor bo‘lib ulg‘aysin. Chunki bir necha yillar davomida o‘ziga maʼqul til yoki uslubda ish yuritib kelgan xodim yoki rahbarni birdan o‘zgartirish qiyin bo‘lganidek, olam-olam orzular bilan ishga kirgan yangi xodimga ham bu qoidalarni o‘rgatish, uni bu jarayonga moslashtirish oson kechmaydi. Balki oliy taʼlim muassasalarida muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan qisqartiriladigan mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar hisobiga ana shu yo‘nalishda dars soatlarini kiritish kerakdir.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining tashkil etilganligi ayni muddao bo‘ldi. Hozirgi kunga qadar ushbu markazda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlimi, Moliya, Mudofaa vazirliklari, O‘zbekiston teleradiokompaniyasi hamda “O‘zarxiv” agentliklarining 70 nafar xodimlarining davlat tili borasidagi malakalari oshirildi.

Nurulla Abdullayev,

AKT vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini

taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

13.05.2020 652