- Bosh sahifa
- Tegishli me'yoriy-huquqiy hujjatlar
- Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Xalqimizning koʻp asrlik madaniy, ilmiy-maʼrifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli boʻlgan oʻzbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.
Oʻzbekistonda 1989-yil
21-oktyabrda el-yurtimiz asrlar davomida orzu qilib, intilib va kurashib kelgan
davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti va
mustaqilligi sari qoʻyilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan ana shu tarixiy
hujjatga binoan oʻzbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega
boʻldi.
Istiqlol yillarida ona tilimiz
tom maʼnoda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon
hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida
maydonga chiqdi.
Bugun Oʻzbekistonimiz “Milliy
tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning
yangi, yanada yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga
oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining
hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda.
Oʻzbek tili siyosiy-huquqiy,
ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanib, xalqaro
minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni
oʻrganishga qiziqish kuchaymoqda.
Bugungi globallashuv davrida
har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu
borada avvalo oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini
asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi
tabiiydir.
Oʻzbek tilining
xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan
oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va
qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida
tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash
maqsadida:
1. Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston
Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston
yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Taraqqiyot strategiyasi”
markazi va keng jamoatchilikning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
– 21-oktyabr sanasini “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon
qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan
soni 9 ta shtat birligidan iborat Davlat tilini
rivojlantirish departamenti tashkil etilsin va uning tuzilmasi ilovaga
muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar
Davlat tilini rivojlantirish departamentining asosiy vazifalari etib
belgilansin:
davlat tilini rivojlantirish,
davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan
monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali
shakllarini joriy etish;
davlat organlari va
tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat
tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya
etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish boʻyicha faoliyatini
muvofiqlashtirish;
davlat tilining
amal qilishi bilan bogʻliq muammolarni aniqlash
va bartaraf
etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat
siyosatini yuritish boʻyicha takliflar tayyorlash;
oʻzbek tilining yozma nutqi
meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish boʻyicha hamda lotin yozuviga asoslangan
oʻzbek alifbosini toʻliq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;
davlat tilini rivojlantirish
boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
davlat tilini rivojlantirish
boʻyicha dasturlar va “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish, ularning amalga
oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, “Oʻzbek tili bayrami kuni”ni
nishonlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
ilmiy asoslangan yangi soʻz va
atamalarni isteʼmolga kiritish, zamonaviy atamalarning oʻzbekona muqobillarini
yaratish va bir xilda qoʻllanishini taʼminlash, geografik va boshqa toponimik
obyektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni
monitoring qilish va muvofiqlashtirish;
davlat tilini rivojlantirishga
oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni
amalga oshirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasi:
a) uch
oy muddatda:
“Oʻzbek tili bayrami kuni”ni belgilash
boʻyicha qonun loyihasini;
“Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston
Respublikasi Qonunini bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan takomillashtirgan
holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin;
b) ikki
oy muddatda xorijiy davlatlar tajribasini chuqur oʻrgangan holda ilmiy
asoslangan yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish boʻyicha Atamalar
komissiyasini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish
toʻgʻrisida qaror qabul qilsin;
v) 2020-yil
1-iyunga qadar quyidagi asosiy yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan 2020-2030
yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish
konsepsiyasi va davlat dasturi loyihalarini kiritsin:
mamlakatimiz ijtimoiy
hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va
innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik,
diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining
imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish;
taʼlim muassasalarida davlat
tilini oʻrgatish va uni bilish darajasini baholash tizimini yanada
takomillashtirish, davlat tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
davlat tili
sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining
nutq
madaniyatini oshirish;
davlat tilining axborot va
kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmogʻida
munosib oʻrin egallashini taʼminlash, oʻzbek tilining kompyuter dasturlarini
yaratish;
davlat tili qoidalarining
buzilishi bilan bogʻliq holatlarni muntazam va har tomonlama oʻrganish, ularni
bartaraf etishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
mamlakatimiz hududida
istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng
imkoniyatlar yaratish, ularga davlat tilini oʻrganish uchun qulay
shart-sharoitlar yaratib berish;
davlat tilining xalqaro
miqyosdagi oʻrni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari istiqbollarini
belgilash, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va oʻzbek tilini oʻrganish
istagida boʻlgan chet el fuqarolari uchun oʻzbek tili darsliklari va elektron
dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, oʻzbek tilini
oʻrgatish boʻyicha maxsus kurslarni tashkil etish.
5. Oʻzbekiston
Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik
va idoralar
bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib
chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga
takliflar kiritsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini
nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov
zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti
Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 21-oktyabr
Faylni yuklab olishTegishli me'yoriy-huquqiy hujjatlar
- O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
- Davlat tilini rivojlantirish departamenti to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori