"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Tegishli me'yoriy-huquqiy hujjatlar
  • O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tilini targ‘ib qilish hamda o‘zbek tilshunosligi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut) tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 5 ta shtat birligidan iborat Sotsiolingvistika bo‘limini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Quyidagilar Institutning sotsiolingvistika sohasidagi qo‘shimcha vazifalari etib belgilansin:

o‘zbek tilining rivojlanishi bilan bog‘liq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish va kengaytirish;

o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish borasidagi ilmiy izlanishlarni kuchaytirish;

o‘zbek tilining yozma matni me’yor va qoidalarini ishlab chiqish;

o‘zbek tilining izohli lug‘atlari, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qo‘llanma va adabiyotlar tayyorlash;

davlat tilini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining 2020 — 2022-yillarda o‘zbek tili va adabiyotiga doir fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining yangidan tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 18-maydagi 292-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2017-yil, 20-son, 371-modda) 9-ilovaning matni 2-ilovaga muvofiq tahrirda bayon etilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ikki oy muddatda:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda respublika bo‘ylab dialektologik va folklor ekspeditsiyalarini tashkil etish rejasini tasdiqlasin;

Institutning yangi tahrirdagi ustavi va Sotsiolingvistika bo‘limi xodimlarining funksional majburiyatlarini tasdiqlasin;

Institutning shtat birligiga yangidan kiritilgan lavozimlarni yuqori malakali ilmiy kadrlar va istiqbolli yosh mutaxassislar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin.

6. Manfaatdor vazirlik va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti B.S. Yo‘ldoshev zimmasiga va Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri                                                A. ARIPOV

Toshkent sh.,
2020-yil 11-mart,
139-son