"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Tegishli me'yoriy-huquqiy hujjatlar
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Atamalar komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) tashkil etilsin.

2. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalaridagi tushuncha va atamalarning turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda qonun hujjatlarida qabul qilingan ma’nosiga muvofiq yagona shaklda va to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, shuningdek, yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini ta’minlash; 

boshqa tillarning qoidalari tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqliklarni normativ-huquqiy hujjatlar normalariga ziyon yetkazmagan holda tahrir qilish;

o‘zbek tiliga kirib kelayotgan yangi atamalarni qonun hujjatlariga joriy etish va amalda qo‘llashning huquqiy muammolarini o‘rganish, ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarga atamashunoslik masalalari bo‘yicha maslahatlar berish.

3. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri                                              A. ARIPOV
2020-yil 29-yanvar.