"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Tegishli me'yoriy-huquqiy hujjatlar
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Atamalar komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) tashkil etilsin.

2. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalaridagi tushuncha va atamalarning turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda qonun hujjatlarida qabul qilingan ma’nosiga muvofiq yagona shaklda va to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, shuningdek, yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini ta’minlash; 

boshqa tillarning qoidalari tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqliklarni normativ-huquqiy hujjatlar normalariga ziyon yetkazmagan holda tahrir qilish;

o‘zbek tiliga kirib kelayotgan yangi atamalarni qonun hujjatlariga joriy etish va amalda qo‘llashning huquqiy muammolarini o‘rganish, ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarga atamashunoslik masalalari bo‘yicha maslahatlar berish.

3. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri                                           A. ARIPOV

Toshkent sh.,
2020-yil 29-yanvar,
40-son

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-yanvardagi 

40-son qaroriga

1-ILOVA 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining 

T A R K I B I

1. A.N. Aripov – O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Komissiya raisi

2. X.M. Sultonov – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Maslahatchisi – Spichrayteri, Komissiya raisi o‘rinbosari

3. Sh.S. Sirojiddinov – Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor, Komissiya raisi o‘rinbosari

4. A.A. Jo‘raboyev – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari (kelishuv asosida)

5. A.A. Abduhakimov – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari

6. M.M. Qarshiboyev – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi sho‘ba mudiri (kelishuv asosida)

7. A.E. Rahimov – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bosh konsultanti (kelishuv asosida)

8. I.U. Madjidov – O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri

9. Sh.X. Shermatov – O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri

10. A.Q. Shodmonov – O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri

11. Sh.A. Ayupov – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, akademik, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi

12. M.M. Xodjimatov – Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi

13. A.X. Toshqulov – Termiz davlat universiteti rektori, iqtisod fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi

14. A.Ziyo Hamid o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi

15. S.S. Saidov – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi

16. I.M. Mirzaaliyev – O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati (kelishuv asosida)

17. X.N. Dosmuxamedov – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, filologiya fanlari doktori, yozuvchi (kelishuv asosida)

18. Sh.T. Rizayev – «O‘zbekkino» Milliy agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, filologiya fanlari nomzodi

19. B.A. Abduhalimov – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor

20. N.M. Maxmudov – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor

21. B.A. Sulaymonov – Toshkent davlat agrar universiteti rektori, biologiya fanlari doktori, akademik

22. T. Mirzayev – O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori, akademik

23. K.Sh. Tojiboyev – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, biologiya fanlari doktori, akademik

24. Sh.A. Egamberdiyev – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, akademik

25. A.S. Turayev – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Biorganik kimyo instituti direktori o‘rinbosari, kimyo fanlari doktori, akademik

26. A. A’zamov – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika instituti bo‘lim boshlig‘i, fizika-matematika fanlari doktori, akademik

27. L.N. Tuychiyev – Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor

28. A.R. Maraximov – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor

29. Sh.S. Sharipov – Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor

30. S.M. Turobjonov – Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor

31. G.Sh. Rixsiyeva – Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent 

32. I.J. Yuldashev – O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor

33. H.B. Ashurov – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti direktori, texnika fanlari doktori

34. B.S. Zakirov – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti direktori, kimyo fanlari doktori

35. A. Meliboyev – «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri

36. I.U. G‘afurov – O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, adib, tarjimon

37. M. Axmedov – O‘zbekiston xalq yozuvchisi

38. E.N. A’zamov – «Tafakkur» jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi

39. B.N. Karimov – Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor

40. N.A. To‘xliyev – Xalqaro islom akademiyasi professori, iqtisod fanlari doktori

41. B.R. Mengliyev – Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori

42. Sh.N. Ko‘chimov – Toshkent davlat yuridik universiteti professori, filologiya fanlari doktori

43. I.A. Sultonov – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi

44. A.P. Madvaliyev – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bo‘lim mudiri, filologiya fanlari nomzodi

45. I.M. Azimov – Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dekani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent

46. R.I. Isayev – Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, texnika fanlari nomzodi

47. B.B. Akbaraliyev – Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Dasturiy injinering fakulteti dekani, texnika fanlari nomzodi

48. S.P. Avezov – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i

49. A.K. Kirgizbayev – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, tarix fanlari doktori, professor, Komissiya kotibi

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-yanvardagi 

40-son qaroriga

2-ILOVA 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi 

Atamalar komissiyasi to‘g‘risida 

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Komissiya o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.

Komissiya faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti (keyingi o‘rinlarda Departament deb ataladi) tomonidan muvofiqlashtiriladi.

3. Komissiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi. 

2-bob. Komissiyaning asosiy vazifalari

4. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalaridagi tushuncha va atamalarning turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda qonun hujjatlarida qabul qilingan ma’nosiga muvofiq yagona shaklda va to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, shuningdek, yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini ta’minlash; 

boshqa tillarning qoidalari tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqliklarni normativ-huquqiy hujjatlar normalariga ziyon yetkazmagan holda tahrir qilish;

o‘zbek tiliga kirib kelayotgan yangi atamalarni qonun hujjatlariga joriy etish va amalda qo‘llashning huquqiy muammolarini o‘rganish, ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarga atamashunoslik masalalari bo‘yicha maslahatlar berish.

3-bob. Komissiyaning huquqlari va majburiyatlari

5. Komissiya quyidagi huquqlarga ega:

tegishli sohada qo‘llanadigan atamalar bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal etish uchun Komissiya majlislariga mas’ul vazirliklar va idoralardan vakillar, olimlar va mutaxassislarni taklif etish;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining matnlari va ularga ilova qilinadigan materiallarni Vazirlar Mahkamasining tarkibiy bo‘linmalaridan olish;

ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish masalalari bo‘yicha vazirliklar va idoralarga so‘rovlar yuborish.

Komissiya ushbu Nizom, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

6. Komissiya:

«Davlat tili haqida»gi, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etishga;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida atamalarning qonun hujjatlarida qabul qilingan ma’nosiga muvofiq holda, turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda yagona shaklda va to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlashga;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining matni lo‘nda, oddiy va ravon tilda bayon etilishiga doir talablarga rioya etishga; 

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida eskirgan, ko‘p ma’noni anglatadigan so‘zlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishga;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga hamda yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga aniq rioya etilishini ta’minlashga majburdir. 

Komissiyaning zimmasida ushbu Nizom, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin. 

4-bob. Komissiya faoliyatini tashkil qilish

7. Komissiya tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. 

8. Komissiya raisi:

Komissiya faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda uning ishlarini tashkil etadi; 

Komissiyaning majlislarini olib boradi, uning majlislar bayonini, ish rejalarini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;

qabul qilingan qarorlarning ijrosi ustidan umumiy nazoratni amalga oshiradi.

9. Komissiya raisi Komissiyaga yuklangan vazifalarni bajarmaganlik yoki tegishli darajada bajarmaganlik uchun shaxsan javobgardir.

10. Komissiya majlislari uning ish rejasiga muvofiq muntazam o‘tkazib boriladi. Komissiya majlisi unda Komissiya a’zolari umumiy sonining 50 foizidan ortig‘i ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.

Komissiya raisining qaroriga muvofiq yig‘ilishda atamashunoslik, filologiya va ko‘rib chiqilayotgan muayyan sohadagi malakali mutaxassislar ovoz berish huquqisiz ishtirok etishlari mumkin. 

11. Komissiya kotibi Komissiya ish rejasini ishlab chiqishni ta’minlaydi hamda uning majlislari bayonnomalarini yuritadi.

12. Komissiyaning qarorlari bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi. Komissiya qarori Komissiya a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

13. Komissiya o‘ziga taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini, qoida tariqasida, besh ish kuni ichida ko‘rib chiqishi va Komissiya majlisini o‘tkazishi kerak. Mazkur muddat, zarurat tug‘ilganda, Departament bilan kelishuvga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin. 

14. Komissiya o‘z muhokamasidan o‘tgan normativ-huquqiy hujjat loyihalarida qo‘llangan atamalar bo‘yicha kelib chiqishi mumkin bo‘lgan barcha masalalar yuzasidan mas’uldir.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar 

15. Komissiya a’zolari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rag‘batlantirilishi mumkin.

16. Komissiya faoliyati Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tugatiladi.