"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Tegishli me'yoriy-huquqiy hujjatlar
  • Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son Farmonida belgilangan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlash, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida o‘zbek tilining o‘rnini kuchaytirish va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini mustahkamlash borasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: 

1. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti (keyingi o‘rinlarda — Universitet) oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarining malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish hamda atamashunoslik bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilansin.

2. Vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlari hamda respublikada doimiy istiqomat qilayotgan boshqa tillarda so‘zlashuvchi aholi, shu jumladan xorijiy fuqarolar uchun Universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi davlat universitetlari hamda pedagogika institutlari huzurida hududiy bo‘linmalariga ega bo‘lgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tashkil etilsin. 

3. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan o‘quv va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

davlat xizmatchilarining o‘zbek adabiy tili me’yorlari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosi, davlat tilida ish yuritish asoslari, rasmiy hujjatlar va ularni yozish bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratini uzluksiz oshirib borish mexanizmlarini joriy etish;

aholining yozma va og‘zaki savodxonligini oshirish, o‘zbek adabiy tili me’yorlari, o‘zbek tilining tuzilishi bo‘yicha amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratini tizimli asosda oshirib borish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish; 

davlat xizmatchilari va aholining nutq madaniyati hamda notiqlik mahoratini oshirish;

sohalar kesimida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha ommabop qo‘llanmalar yaratish;

o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

sohaga oid o‘quv va malaka oshirish kurslarining, shu jumladan masofaviy o‘qitishning o‘quv rejalari va dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirib borish. 

4. Quyidagilar:

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining xodimlari umumiy cheklangan soni 53 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq; 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining hududiy bo‘linmalarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq; 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hududiy bo‘linmalari tashkil etiladigan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

5. Belgilansinki:

Markaz va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashda oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari uchun tatbiq etiladigan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shartlari qo‘llaniladi;

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida o‘quv rejadagi fanlarni o‘qitish uchun professor-o‘qituvchilar hamda mutaxassislar shtat va soatbay asosida jalb etiladi;

malaka oshirish kurslariga mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun soatbay ish haqi to‘lash shartlari bilan jalb etiladigan shaxslarga soatbay ish haqining miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga ko‘paytiriladi;

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlari (keyingi o‘rinlarda — tinglovchilar) pulli shartnoma asosida o‘qitiladi;

Markaz va uning hududiy bo‘linmalari tinglovchilari tegishli oliy ta’lim muassasalarining Axborot-resurs markazi elektron adabiyotlar fondidan bepul asosda foydalanadi;

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida aholi uchun o‘zbek tilida yozma va nutq madaniyatini shakllantirish bo‘yicha tashkil etiladigan bepul o‘quv kurslari xarajatlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida ish joyidan ajralgan holda ta’lim olayotgan tinglovchilar uchun o‘qish davrida asosiy ish joyidagi lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi.

6. Markazning hududiy bo‘linmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi davlat universitetlari hamda pedagogika institutlarining binolariga “nol” stavkadagi ijara to‘lovi asosida hamda tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplagan holda joylashtirilsin. 

7. Quyidagilar Markazni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

tinglovchilarni pulli shartnoma asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlardan tushadigan tushumlar;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar;

xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari, xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Fanlar akademiyasi davlat tilini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

2020-yildan boshlab dolzarb filologik ilmiy-texnik muammolar yechimiga bag‘ishlangan fundamental, amaliy va innovatsiya loyihalari bajarilishini maqsadli moliyalashtirish;

universitetning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida 2021-yildan boshlab tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul kvotalarini oshirish choralarini ko‘rsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

a) bir oy muddatda mazkur qaror bilan joriy etilayotgan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, Universitetning yangilangan tashkiliy tuzilmasini belgilangan tartibda tasdiqlash;

b) ikki oy muddatda Markaz ustavini belgilangan tartibda tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

v) 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab respublika hududlarida o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda respublika ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyoti o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplash va uzoq hududlardan o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida davlat universitetlari hamda pedagogika institutlarida o‘zbek tili va adabiyoti bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qitishni tashkil etish; 

g) 2020-yildan boshlab ilg‘or pedagogik texnologiyalardan samarali foydalangan holda, o‘zbek tili bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan, takomillashtirilgan yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratishni kengaytirish;

d) o‘zbek tilining lug‘at boyligini yangi so‘zlar bilan doimiy boyitib borish va ushbu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borishga mo‘ljallangan O‘zbek shevashunosligi markazini bir oy muddatda tashkil etish;

e) Universitetda:

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab “Sinxron tarjima” va “Kompyuter lingvistikasi” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich “Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik (etnologiya)”, “Kompyuter lingvistikasi”, “Psixologiya”, “Sotsiologiya”, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti (tillar bo‘yicha)”, “Folklorshunoslik va shevashunoslik”, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda “Badiiy tarjima”, “Ilmiy-texnik tarjima” va “Tarjima nazariyasi va amaliyoti (tillar bo‘yicha)” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash choralarini ko‘rsin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi bilan birgalikda:

davlat tilining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini, yangi o‘qitish metodikasiga asoslangan o‘zbek tilini bilish darajasini baholashning xalqaro standartini yaratish chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqish;

xorijiy universitetlarda mavjud bo‘lgan o‘zbek tili markazlarini zarur ilmiy, o‘quv-uslubiy va malakali kadrlar bilan ta’minlash, o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘zbek tili bo‘yicha ilmiy tadqiqot va ta’lim dasturlarini hamkorlikda amalga oshirish choralarini ko‘rsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:

jahon hamjamiyatining, xususan, xorijlik yoshlarning o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishini fan va ta’limdagi hamkorlik loyihalari orqali oshirish;

O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi madaniy-gumanitar va ilmiy-ta’lim hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida o‘zbek tili targ‘ibotini keng yo‘lga qo‘yish va bu borada xorijdagi mavjud infratuzilma, vosita va imkoniyatlardan samarali foydalanish; 

xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tilini targ‘ib qilish, uni o‘rgatish va o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash orqali o‘zbek madaniyati, fani va ta’limini jahonda ommalashtirish maqsadida o‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan kompleks aksiya va tadbirlar o‘tkazish choralarini ko‘rsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda:

2020-yildan boshlab Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi tanlovlarini o‘tkazishda o‘zbek tili metodikasi sohasini inobatga olsin hamda ushbu soha mutaxassislarining Jamg‘arma tanlovlarida ishtirok etishini ta’minlasin;

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Universitetda hamkor xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida kadrlar tayyorlashni tashkil etsin.

13. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Universitet professor-o‘qituvchilarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlariga qisqa muddatli stajirovkalarga yuborish bilan bog‘liq xarajatlar Universitetning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, belgilangan tartibda budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishiga ruxsat berilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar 2019/2020 o‘quv yili davomida oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti kafedralari tashkil etilishini ta’minlasin.

15. Belgilab qo‘yilsinki, Markaz va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash (shu jumladan, professor-o‘qituvchilarning mehnatiga haq to‘lash) va saqlash xarajatlari, shuningdek, Markaz va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish, jumladan, mebel, o‘quv va masofaviy ta’lim uchun zarur jihozlar, kompyuter texnikasi bilan ta’minlash xarajatlari tinglovchilarni pulli shartnoma asosida o‘qitishdan tushgan mablag‘lar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. 

16. Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari 2020-yildan boshlab o‘z tizimidagi tashkilotlarning budjet va budjetdan tashqari xarajatlar smetalarini shakllantirishda xodimlarining davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha malakasini oshirish uchun to‘lanadigan mablag‘lar rejalashtirilishini nazarda tutsin.

17. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Markazni Toshkent shahrida bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

19. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri                                          A. ARIPOV

Toshkent sh.,
2020-yil 3-mart,
117-son