"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL VA TAʼLIM ISLOHOTCHISI (Nazariyadan amaliyotgacha)

Mamlakatimizda filologiya sohasi olimlar va tadqiqotchilar tomonidan keng va atroflicha o‘rganilmoqda, biroq asosiy eʼtibor nazariy tilshunoslikka qaratilgan. Bir muddat nazariya amaliyotdan, hayotdan uzilib qolgan edi. Ilm maydonida har bir olimning o‘z yo‘li va shunga mos ilmiy maqsadlari bo‘ladi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori - Baxtiyor Rajabovich Mengliyev ham bu borada o‘ziga xos, jamiyat uchun foydali, zamon talablariga mos ilmiy faoliyat yo‘lini tanlagan. O‘zi kabi shogirdlarini ham jamiyat uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri naf keltiradigan tadqiqotlarga, amaliy tilshunoslikka yo‘naltirdi. Yosh bo‘lishiga qaramay, o‘zining ilmiy maktabini shakllantirishga erishdi. B.Mengliyev universitetda "Amaliy tilshunoslik va lingvodidaka" kafedrasi tashkil qilib, shogirdlar bilan "O‘zbek substansional tilshunosligi", "Gradual tilshunoslik", "Kompyuter va korpus lingivistikasi", "O‘zbek o‘quv leksikografiyasi", “Psixolingivistika”, "O‘zbek lingvodidaktikasi", "Lingivistik ekpertiza", "Ortologiya" va “Lingvomaʼnaviyatshunoslik” kabi sohalarni ilmiy va amaliy rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.

Olim tadqiqotlarining amaliy ahamiyatini bevosita ona tili taʼlimining takomilida ko‘rish mumkin. Xususan, umumiy o‘rta taʼlim tizimida ona tili taʼlimi mazmunini yangilash, yangi o‘qitish metodikasini amaliyotga joriy qilishga doir, ortiqcha grammatizmdan voz kechib, o‘quvchilarda nutqiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, lug‘at va matn asosida milliy tilni, milliy maʼnaviyatni o‘quvchi tafakkuriga singdirish, o‘quvchini turli nutq vaziyatlariga tayyorlash, ijodiy tafakkur sohiblarini tarbiyalash mexanizmini ishlab chiqdi. Mazkur zamonaviy milliy metodika asosida 8-10-11-sinf "Ona tili"darsliklarini yaratdi va ular amaliyotda foydalanilmoqda. Olimning har qanday nazariy tadqiqotida amaliy ahamiyat ko‘zda tutiladi. Masalan, shogirdi B.Bahriddinova bilan o‘quv lug‘atchiligi borasida olib borayotgan izlanishlari ona tili taʼlimini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bugun tilimiz zamonaviy qiyofa kasb etishi, xalqimizga, davlatimizga yana ham foydaliroq bo‘lishi uchun u kompyuterlashishi kerak. Olim iqtidorli shogirdi -Sh.Hamroyeva bilan korpus lingivistikasiga doir muhim tadqiqotlarni olib bormoqda.

Umuman, professor Baxtiyor Mengliyev o‘zing ko‘p tarmoqli amaliy ahamiyatga molik tadqiqotlari bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Ustoz hali endi 50 yoshdan oshdilar, u kishining ilmiy faoliyati ko‘pchilik yosh tadqiqotchilarga namuna darajasida bo‘lgani bois ushbu fikrlarni bayon qilishga ahd qildik. Olimlarimiz o‘z izlanishlarini amaliyotga bog‘lay olmas ekan, jamiyat taraqqiy etmaydi. Bu borada bag‘rikeng, shogirdlarga do‘stona munosabatda bo‘luvchi, shaxs uchun ham, davlat, ilm-fan uchun ham foyda keltiruvchi to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata oladigan B.Mengliyev kabi g‘amxo‘r, maslakdosh ustozlardan ibrat olish kerak.

Maʼnaviyat va til fidoyisiga tug‘ilgan kun qutlug‘ bo‘lsin! Ustoz, sharafli ishlar uchun dunyoga kelgansiz, o‘zbek tili va taʼlimini jahonga tanitish ishlarida Sizga omadlar tilaymiz!

G‘ofir Hamroyev

Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori

20.11.2020 1202