"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Oynali deraza, temir pechka, globus, kitob-daftar bilan jihozlangan birinchi Buxoro jadid maktablari – ta’minotchilar kim bo‘lgan?

Oynali deraza, temir pechka, globus, kitob-daftar bilan jihozlangan birinchi Buxoro jadid maktablari – ta’minotchilar kim bo‘lgan?


Jadidchilik harakatining tamal toshi jadid usuli maktablaridir. Bu harakatning asl maqsadi millatning o‘zligini tanitish, ijtimoiy-siyosiy tuzumni tubdan isloh qilish, millat, Vatan istiqloli edi. O‘tgan asrlarda ne-ne buyuk alloma-yu olimlarni tarbiyalab yetishtirgan an’anaviy maktablar oradan bir necha asr o‘tib, jahon taraqqiyotidan butunlay uzilib qolgan, buning ustiga mustamlaka tuzumi tufayli parokanda ahvolga tushgan edi. Shuning uchun ham mahalliy maktablarni tubdan isloh qilish, zamon talablariga mos maktablar, oliy o‘quv yurtlarini tashkil etish jadid mutafakkirlarining asosiy vazifasiga aylangan edi.

 

Buxorolik mashhur ma’rifatparvar adib, adabiyotshunos olim, shoir va dramaturg, O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining mashhur siymolaridan bo‘lgan Abdurauf Fitrat (1886–1938) “Bayonoti sayyohi hindi” (“Hind sayyohi bayonoti”) asarida Buxoroning ilm-u ma’rifatni tarqatish yo‘lidagi tutgan mavqeyi haqida shunday yozadi: “Buxoro qadimdan g‘oyat dono va zukko bo‘lib yetishgan, fuzalo ahlini tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Har kuni bir Ibn Sino, Forobiy, Muhammad Ismoil Buxoriy va Ulug‘bek kabilarni jahonga hadya etib, shu tariqa o‘zining sharafli dovrug‘ini jahon xalqlarining quloqlariga zirak qilib taqqan”.

 

Ammo, XIX asr ikkinchi yarmidan boshlab Buxoroning ma’rifat tarqatish borasidagi mavqeyi pasaygan, madrasalarda o‘qitish tizimi eskirib qolgan va aniq fanlar olib tashlangan, mutaassiblik hukmron bo‘lib, malakali va ilmli mutaxassislar tayyorlashdan yiroqlashgan edi. Bir so‘z bilan aytganda, Buxoro ilm maskanlari tubdan islohotga muhtoj edi.

 

XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Buxoroning ilmiy shuhratini qayta ko‘tarishga, unga munosib xizmat qilishga bel bog‘lagan atoqli ma’rifatparvar adiblar, olimlar, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqdi. Ular orasida ilm-fanning turli sohalarida mehnat qilib, o‘z nomlarini abadiyatga muhrlagan Ahmad Donish, Sharifjon Maxdum Sadri Ziyo, Mirza Abdulazim Somiy Bo‘stoniy, Mirza Salimbek, Afzal Maxdum Pirmastiy Buxoriy, Abdullaxoja Abdiy, Hoji Azimi Sha’riy, Mirza Sahbo Vobkandiy, Hoji Muhammad Ne’matullo Muhtaram, Idrisxoja Rojiy, Muhammad Siddiq Hashmat, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Abdulvohid Burhonov Munzim, Fayzulla Xo‘jayev, Ubaydulla Xo‘jayev, Mukammil Burhonov, Usmon Xo‘ja, Otaulla Xo‘jayev, Abduqodir Muhiddinov, Muso Saidjonov kabi mahalliy ziyolilarni ko‘rish mumkin.

 

Adib va ma’rifatparvar olim Sadriddin Ayniy o‘zining “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar” asarida Buxorodagi yangi usul maktablari va faoliyati, uning rahnamolari xususida batafsil ma’lumotlarni keltirib o‘tgan. Xususan, kitobdan “Maktab masalasi”, “Buxoroda birinchi usuli jadida maktabning ochilishi”, “Maktabni yopmoqqa hozirlanish va imtihon”, “Maktabning birinchi marta yopilishi”, “Maktab to‘g‘risida fatvo va munozaralar”, “Rus hukumati sobiqasining Buxoro islohoti hamda maktab masalasiga nazar va munosabati”, “1914-yildagi hollar va maktablar” va “Maktablarning ikkinchi dopqir yopilishi” nomli bo‘limlar o‘rin olgan. S.Ayniy o‘z kitobida yangi usuldagi maktablarning Buxoro ilmiy muhitida tutgan mavqeyi, maorifparvarlik va taraqqiyparvarlik g‘oyalarining tarqalishi, ta’lim-tarbiyani rivojlantirish va yuksaltirishdagi xizmatlari xususida batafsil fikr yuritadi.

 

Adibning fikricha, Buxoro inqilobining yuzaga kelishi ham maktab masalasidan boshlangan. Asarning “Ilmiy inqilobga hozirlanish” bo‘limida ta’kidlanishicha, Buxorodagi dastlabki ma’rifatparvarlik va taraqqiyparvarlik g‘oyalari mashhur xattot va tarixchi olim Ahmad Maxdum Donish (1827–1897)dan boshlangan. S.Ayniy Ahmad Donish bilan shaxsan uchrashib, uning suhbatidan bahramand bo‘lmagan bo‘lsa ham, lekin uning “Navodir ul vaqoe’” asari bilan tanishganligini, bu asar uning dunyoqarashida katta burilish yasaganligini aytib o‘tadi.

 

Buxoro amirligi hududida ilk usuli jadid maktabini kim ochgan degan haqli savol tug‘iladi. S.Ayniyning e’tirofiga ko‘ra, Buxoroda dastlabki yangi usul maktabini 1900-yilning boshlarida, mahalliy ziyolilardan bo‘lgan Mulla Jo‘raboy Pirmastiy ochgan. Lekin bu maktab tezda yopilgan. Mulla Jo‘raboy Rusiyadagi yangi usul maktablarini ko‘rib kelib, Buxoroning Po‘stindo‘zon (po‘stin tikish) guzarida yangi usul maktabini ochadi.

 

“Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar” asarining “Buxoroda birinchi usuli jadida maktabi” bo‘limida yozilishicha, 1326-yil hijriy, shovvol oyi o‘nida (milodiy 1908-yil 23-oktabr, yangi hisobda 1908-yil 5-noyabr) Buxoro shahrining Darvozai Sallohxona guzarida Mirzo Abdulvohid Munzim uyida forsiy (tojik) tilida birinchi maxsus usuli jadida maktabi ochiladi. Unga Abdulvohid Munzim muallim etib tayinlanadi. Yuqoridagi asarda aytilishicha, “Bu maktabda dastlab o‘quvchilar quyidagilar edi: Abdurahmonbek – Abdullabek  o‘g‘li, uning xizmatkori Abdug‘ani, Afzal va Akram – Ahmad Maxdum Hamdiy o‘g‘li, Muhammadamin – Saidjon Maxdum o‘g‘li, Abduqayim – Abdushukur o‘g‘li. Idi qurbongacha, ikki oy muddatda o‘quvchilar adadi (soni) 12 taga yetdi”.

 

Yangi usul maktablarida o‘qitish samaradorligini ta’minlash uchun darslik, qo‘llanma va yangi adabiyotlar, shuningdek, talabchan va iqtidorli muallimlar zarur edi. Chunki ularni kitob va muallimlar bilan ta’minlash, yoshlarning xorijda ta’lim olish ishlariga ko‘maklashish jadidlarning asosiy maqsadlaridan bo‘lgan. Yosh buxoroliklar tomonidan tuzilgan “Buxoroyi sharif shirkati” muassisligida S.Ayniyning jadid maktablari uchun yozgan “Tartil ul-Qur’on” (“Qiroat kitobi”), “Zaruriyoti diniya” (“Diniy kitob”) va “Tahsib us-sibyon” (“Bolalar tarbiyasi”) nomli o‘qish kitoblari 1909-yilda Orenburgda nashr etiladi. Ayniy “Tahsib us-sibyon” darsligini Ismoil Gasprinskiyning “Xo‘ji sibyon”  (“Bolalar muallimi”) kitobi ta’siri ostida yozgan. Bu kitob 1917-yilda Samarqandda “Ma’rifat kutubxonasi” (1914-yilda yosh buxoroliklar tashkil etgan) tomonidan ikkinchi marta nashr etiladi.

 

Amirlik hududida tatar muallimlari ham yangi usuldagi maktab ochish va o‘qitish ishlarini jadal sur’atlarda olib borganlar. S.Ayniyning o‘zi Abdulvohid Munzimning yangi usul maktabi ochilguniga qadar tatar maktablarida ishlab, dars berish va o‘qitish yo‘llarini o‘rgangan. Xususan, muallifning o‘zi bu haqda “tatar maktabida olti oy ishlab, tajriba orttirdim” – deya qayd etgan edi. 1907-yil Buxoroda tatar Nizomiddin Sobitov (Sobitiy) o‘z uyida qozi Mir Badriddin qozikalon ruxsati bilan tatar tilida yangi usul maktabini ochgan. Nizom Sobitiyning maktabi Gavkushon mahallasidagi Xolid Burnashev hovlisiga ko‘chirilgandan so‘ng, ko‘p o‘tmasdan 1909-yilda mutaassib ruhoniylar tazyiqida Ostonaqulbiy Qushbegi tomonidan yopilgan. 1908–1910 yillarga qadar, ya’ni Yosh buxoroliklarning “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) tashkiloti tuzilgunga qadar Buxoroda ochilgan jadid maktablari, asosan tatar maktablari bo‘lib, ularda tatar muallimlar dars berishgan.

 

Yosh buxoroliklarning faol a’zolaridan bo‘lgan Usmon Xo‘janing qarindoshi Latif Xo‘ja (Latif Xo‘jayev) tomonidan ham Gavkushon mahallasida yangi maktab ochilgan. Shahar savdogarlari homiyligida ishlagan ushbu maktab 2 sinfdan iborat bo‘lib, sinfda 3 ta globus, kitoblar, partalar, doska, o‘quvchilarga beriladigan daftarlar bo‘lgan. Bitta sinfda boshlang‘ich ta’lim oluvchilar, ikkinchisida esa olti oy ta’lim olganlar o‘qitilgan. Darslarni Usmonxo‘ja va Mulla G‘ulom Qodirali olib borgan.

 

Jadid maktablari ichida Mukamiliddin Burhonov maktabi o‘zining jihozlanishi bilan ajralib turgan, unda shisha qo‘yilgan (oynalik) derazalar, temir pechkalar bo‘lgan. Mullo Homidxo‘ja Bozori Nav guzarida yana bir maktab ochgan, unda 32 nafar o‘quvchiga darslar rus tilida o‘tilgan. Maktablarga asosan ularning tashkilotchilari, ayrim hollarda boy-badavlat kishilar homiylik qilgan. Bundan tashqari, ota-onalar tomonidan beriladigan o‘qish puli hisobidan ham maktablar ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Mirzo Abdulvohid va Ayniy tashkil etgan jadid maktabida o‘qish puli oyiga 3 so‘mni tashkil etgan. Eski maktabda 6–10 yil o‘qilsa, yangi usul maktabida 4 yil o‘qitilgan. S.Ayniy ta’kidlaganidek, ushbu maktablar “nim (yarim) isloh maktablari” edi.

 

Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev tomonidan 1913-yilda ochgan yangi usul maktabi anchagina shuhrat topgan. Hamidxo‘ja Mehriy ham Hovuzi Arbob guzarida yangi usul maktabini tashkil etgan. Poyi ostona guzarida Mullo Vafo nomli mudarris jadid maktabi ochib, rus va fors tilidan dars bergan. Xiyobon guzarida Mirza Ismoilning ukasi tomonidan kattalar uchun savod chiqarish maktabi tashkil etilib, unda ilm ixlosmandlari xat-savod, hisob va jug‘rofiya fanlaridan saboq olgan.

 

Buxoro shahrining Morkush va Xiyobon guzarlarida ochilgan maktablarni shaharning boy savdogarlari ta’minlab turgan. Maktablarda o‘rtahol va kambag‘allarning farzandlari ham ta’lim olgan. Shayx Abulqosim va Shayx Mirzo Habib kabi tajribali o‘qituvchilar bu  maktablarda dars bergan. 1912-1913-yillarda Buxoro shahrida mullo Abulqosim, Mukamiliddin maxsum, G‘iyos maxsum Husayn tomonidan yashirin maktablar ochilib, ularda 100 dan ortiq bola o‘qigan.

 

Yangi usul maktablari nafaqat Buxoro shahrida, balki amirlikning ko‘pgina beklik va tumanlarida ham faoliyat ko‘rsata boshlagan. S.Ayniyning aytishicha, 19081912-yillarda Karkida tatar bolalari uchun maktab, rus tilini o‘rganuvchilar uchun to‘garaklar, kutubxonalar ish boshlagan. Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Fazliddin Maxzum, Hoji Jo‘raqul, Abdufattohjonlar bu jarayonda faol ishtirok etishadi. Shahrisabz bekligida Islomqul to‘qsabo o‘z uyida yangi maktab ochib, Toshkent va Samarqanddan bir necha muallimlarni ishga taklif etgan.

 

G‘ijduvon hududida Abdulhakimxo‘ja ham yangi usul maktabini ochishga muvaffaq bo‘ladi. Qorako‘lda amlokdor G‘ulom Qodir bilan Qozi Ikrom bir necha maktab ochib, o‘zlari va xohlovchilarning bolalarini o‘qitgan. Sulaymonxo‘ja tomonidan gazeta va kitoblar keltirilib, kutubxona ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Shofirkon, Vobkent va Vang‘oze hududlarida ham maktablar tashkil etilgan. “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar” asarining “1914-yillardagi hollar va maktablar” bo‘limida yozilishicha, 1914-yilga kelib Usmonxo‘janing maktabida taxminan 200 nafar, Hamidxo‘ja Mehriy maktabida esa 100 nafar, Mukamiliddin Maxdum maktabida 50 nafar, Xiyobon guzarida joylashgan maktabda 40 nafar, Morkush guzaridagi maktabda 150 nafar, Mulla Vafo maktabida 80 nafar o‘quvchi ta’lim olgan.

 

Yana o‘sha asarning “1914-yildagi hollar va maktablar” bo‘limida aytilishicha, 1914-yilda Yosh buxoroliklar tomonidan ikki muhim ish amalga oshirilgan. Bularning birinchisi “Ma’rifat kutubxonasi” va “Barakat shirkati” ochilishi. Bu haqda muallif “Buxoroyi sharif” va “Turon” gazetalarining nashr etilishi to‘xtatilgach, yangi adabiyotga, gazetalarni mutolaa qilishga o‘rgangan mahalliy aholini turli-tuman yangi o‘quv adabiyotlar, jurnallar va gazetalar bilan ta’minlash, ularni rag‘batlantirib borish maqsadida “Ma’rifat kutubxonasi” tashkil etildi. “Barakat shirkati” xalq orasida “jadidlar shirkati” deb shuhrat chiqardi,” deya yozadi.

 

S.Ayniy asarning “Maktablarning ikkinchi marta yopilishi” bo‘limida Buxoroning din peshvolari Amir Olimxonga yangi usul maktablarini yopish kerakligini aytib, shikoyat maktubini yo‘llashganini yozadi. Ahvolning kundan-kun jiddiylashib borishi, mutaassib ruhoniylarning qattiq qarshiligi oqibatida, 1914-yilga kelib Buxoroda faoliyat ko‘rsatayotgan yangi usul – jadid maktablarining yopilishi butun Turkistonga ham yoyiladi. Mahalliy matbuotda Buxorodagi yangi usul maktablarining yopilishi to‘g‘risidagi xabarlar aks-sado bera boshlaydi. Ularda mutaassib ruhoniylar va ayrim davlat arboblari qattiq tanqid ostiga olinadi. 1914-yil 5-iyulda amirning maxsus farmoni bilan Buxorodagi barcha jadid maktablari yopiladi. Ularning ko‘zga ko‘ringan rahbarlaridan bir qismi shahardan chiqarib yuboriladi, yana bir qismiga qattiq ogohlantirish beriladi. Shuningdek, to‘garaklar tuzish, gazeta o‘qish va uni muhokama qilish qat’iyan man etiladi. Buxoro amirligida taraqqiyparvarlik, maorifparvarlik va islohotchilik g‘oyalari tarqalishi, yangi usul jadid maktablarining ochilishi kabi masalalar yuzasidan S.Ayniy keltirgan fikr-mulohazalarning qimmatli tomoni shundaki, unda muallif voqealar va hodisalarning jonli guvohi sifatida o‘z tilidan aytib o‘tadi.

 

Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinadiki, Buxoro amirligida taraqqiyparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalari XIX asrning ikkinchi yarmidan shakllana boshlab, XX asr boshlariga qadar davom etgan. Ahmad Donishdan meros bo‘lib o‘tgan bu teran g‘oyalarni yuksaltirish va rivojlantirish Yosh buxoroliklarning asosiy maqsadlaridan biriga aylangan. Mahalliy xalqni, yosh avlodning savodini chiqarish, ularning ongiga ma’rifatparvarlik g‘oyalarini singdirishda, avvalo, jadid maktablari asosiy rol o‘ynagan. Jadid bobolarimiz Vatan ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qilib, yosh avlodni ilm-ma’rifatli qilib tarbiyalash, jamiyatga yetuk va iste’dodli kadrlarni tayyorlab berishdek mas’uliyatli vazifani amalga oshirganliklari chindan ham katta e’tirof va e’tiborga molikdir.

 

Farrux TEMIROV,

BuxDU dotsenti,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD)

manba

12.12.2022 942