"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Shevalarga ko‘chgan joy nomlari: siz yashayotgan ko‘cha, qishloq, mahalla nomlari qadimiymi yoki zamonaviy?

Shevalarga ko‘chgan joy nomlari: siz yashayotgan ko‘cha, qishloq, mahalla nomlari qadimiymi yoki zamonaviy?


Bu dunyoda har kimning va har narsaning o‘z nomi bor. Nomlar aslida bir narsadan ikkinchisini farq qilish uchun qo‘llanadi. Bir kishidan ikkinchisini, bir hayvondan ikkinchi hayvonni, bir o‘simlikdan ikkinchi o‘simlikni yoki bir joydan ikkinchi joyni ajratish uchun nom qo‘yiladi. Ular atab qo‘yilgani uchun tilshunoslikda atoqli otlar, deyiladi va doimo bosh harflar bilan yoziladi.

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining «Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida»gi qonuni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar davomida ko‘plab joy nomlari, ularning yozilishi, kelib chiqish tarixi haqida ma’lumotlar to‘plashga to‘g‘ri kelmoqda. Shu sababli geografik ob’ektlarning nomlarini o‘rganuvchi Toponimika fani sohalari bilan ham shug‘ullanishga to‘g‘ri kelmoqda. Toponimika (yunoncha topos-joy, makon, onima-nom, ism) – nomshunoslik(onomastika)ning toponimlar, ularning vujudga kelishi, taraqqiyot qonunlarining amal qilishini o‘rganuvchi bo‘limi bo‘lib, u o‘z navbatida Oykonim (yunoncha oykos-turar joy, makon, onim-nom, ism) – aholi turadigan har qanday joyning atoqli otlari; Oronim (yunoncha oros – tog‘, onima – nom, ism) – tog‘, tepa, soy, qir, dara va adir kabi tabiiy orografik ob’ektlar nomi; Gidronim (yunoncha hidro – suv, namlik va onim – nom, ism) – tabiiy yoki inson tomonidan yaratilgan har qanday suv ob’ektlari, shu jumladan, okeanlar, dengizlar, daryolar, quduq va suv omborlarining atoqli otlari; Antratoponimlar( yunoncha antros – odam) – kishi nomlari bilan atalgan joy nomlari; Etnotoponimlar (yunoncha etnos – xalq) – turli xalq, urug‘-aymoq, to‘da, guruh nomlari bilan atalgan joy nomlari kabi bir necha turlarga bo‘linadi. Shuningdek, Oykonimlarning o‘zi yana Astionimlar – shahar tipidagi aholi punktlari nomlari va Komonimlar – qishloq tipidagi aholi punkti nomlarini o‘rganuvchi qismi hisoblanadi.  

XALQ MEROSI BILAN BOG‘LIQ NOMLAR  

O‘zbekiston Respublikasining «Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida»gi qonuni O‘zbekiston xalqining tarixiy-madaniy qadriyatlari hamda merosi bilan bog‘liq joy nomlarini muhofaza qilish, asossiz o‘zgartirish, milliy an’analarimizga yot bo‘lgan nomlar berilishining oldini olishni ta’minlaydi.  

Demak, joy nomlari qonun bilan qo‘riqlangan, til qoidalari orqali me’yorlashtirilgan hujjatlar hisoblanadi. Geografik ob’ektlarning davlat reyestriga Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani bazasiga 116 ta qishloq aholi punktlari nomlari kiritilgan. Ushbu nomlarning ayrimlari jamiyat tarixida bo‘lib o‘tgan xilma-xil voqea-hodisalar, ayrimlari urug‘ nomlari, ayrimlari shu hududda yashovchi aholining xo‘jalik faoliyati va ayrimlari shu joyning tabiiy sharoiti (relefi, o‘simlik va hayvonot dunyosi)dan kelib chiqib nomlangan. Bu nomlarning ayrimlari asrlar osha turli orfoepik va orfografik jihatdan o‘zgarib, shevalarda o‘z shaklicha saqlanib qolgan.  

Masalan, Qamashi nomi bilan tuman, shahar va ko‘cha nomlari ataladi. Aslida bu nom – Qamaychi bo‘lgan. Chunki, hududda Qamay degan qishloq nomi bo‘lib, u "Qolmay" so‘zidan yasalgan bo‘lib, qadimda har joydagi bozorlarga savdo qilish uchun har safar qolmay borishgan. Keyinchalik bu nom urug‘ nomiga ko‘chgan. Demak, etnonimdan qishloq nomi yaralgan. Bu hududda hunarmandchilik , dehqonchilik va chorvachilik rivojlangan. Hozirgi kunda ham bu yerda yashovchilar o‘tov tikadi, Qamay kashta va quroqlari, Qamay qovunlari bilan butun vohaga nom taratgan. Qamaychi, qamaylik so‘zlari yillar davomida Qamashi bo‘lib o‘zgargan.  

Jombo‘z – qishloq nomi, o‘zlashmagan, haydalmagan bo‘z tuproqli yerdagi saroy nomidan kelib chiqqan. Jom-qadimda yom (13-17-asrlarda, xususan, mug‘illar hukmronligi va undan keyingi davrlarda bekat, saroy ) bo‘lib, qishloq shevasida (jilovchi qipchoq) jom shaklida talaffuz qilingan va Jombo‘z so‘zi joy nomiga qo‘yilgan.  

Oqdahana – qishloq nomi esa, oqdaxna – (oq – oqmoq, daxna – tor dara, daryo) tog‘ bag‘ridan boshlanib, qor suvlari erib oqadigan dara, daryo ma’nosini bildirgan. Yillar davomida oqdahana deb talaffuz qilinishi orqali, shevada joy nomi Oqdahana bo‘lib saqlangan.  

Changak – qishloq nomi bo‘lib, tojik tilida sangoh ( toshli maydon, toshli joy) o‘zbeklar talaffuzida Changak joy nomi bo‘lib ketgan.  

Qarangqul – qishloq nomi xalq afsonalarida turlicha ta’riflanadi. "Bog‘obod" mahallasi hududida qadimda ko‘l bo‘lib, unga quyosh nurini baland tog‘ to‘sib turganligi sababli yorug‘lik tushmagan, shuning uchun uni xalq Qorong‘iko‘l degan, ayrim manbalarda qoraqo‘lli dev yashagan deb, Qoronqo‘l deb talaffuz qilishadi. Bu nom Qashqadaryo toponimlarida Qarangqul – (g‘alang – yirik toshli, qul – yaylov) G‘arang qul birikmasi shevada Qarangqul deb talaffuz qilingani va joy nomiga ko‘chganligi bayon qilinadi. Hozir ushbu nom davlat reyestrida Qoranqo‘l deb normallashtirilgan va hujjatlarda ham shunday yuritiladi.  

Qadimda o‘zbeklar qabriston so‘zini «aziztepa» deb atashgan ekan. Qamashidagi Azlartepa qishlog‘i nomi ham «azizlar tepaligi» so‘zidan qisqarib, xalq tilida Azlartepa shaklida talaffuz qilingani ma’lum.  

Jo‘ybeknazar nomi esa Jo‘y – tojik tilida ariq, soy ma’nosini bildirib, jo‘yi Beknazar ( Beknazar qurgan ariq ma’nosida) so‘zi Jo‘ybeknazar, ayrim manbalarda Joybeknazar (Beknazarning joyi) deb yuritilgan va u joy nomiga aylangan.  

Yortepa hududi Qamashi tumanining katta qismini tashkil etadi. Bu hudud asosan tepaliklardan tashkil topgan va shu bilan birgalikda hozirgi kunda ham katta jarlik hududni kesib o‘tadi. Bu jarlik qadimdan kuchli sel toshqinlari kelishi natijasida paydo bo‘lgan. Shu sababli aholi deyarli tepaliklardan imoratlar qurishgan. Joy nomini aholi hanuzgacha o‘z shevasida Jartepa deb aytishadi, biroq keyinchalik hujjatlarda Yortepa shakli yozilgani uchun joy nomi shunday atab kelinmoqda.  

Qadimda cho‘ponlar sovuq tushishi bilan tog‘lardan qaytib, adirlarda, cho‘l joylarda o‘tovlar tikishgan va qishlaydigan manzillarini Qishliq (qish faslida yashaydigan joy) deb nomlashgan. Keyinchalik bu joylarda aholi yashay boshlagan hamda qishloqlariga Qishliq deb nom berganlar va yana ayrim manbalarda o‘zbek urug‘lari orasida Qishliq nomi bo‘lib, urug‘ nomi shevada Qishliq deb talaffuz qilingan va shunday yozilganligi aytilgan.  

Qipchoq lahjasida haligacha odamlar sariq rangini «sori» deb talaffuz qilishadi. Saritepa qishloq nomi esa sariq va tepa so‘zlarining qo‘shilishidan yasalgan. Ayrim kishilar Saratepa – katta tepa ma’nosida atalgan deyishadi.  

Egrisuv qishloq nomini aholi hanuzgacha Iyrisuv deb talaffuz qilishadi. Daryo irmoqlari egri-bugri bo‘lgani uchun Iyrisuv deb atalgan. Biroq hujjatda geografik ob’ektlarning o‘zbek tilida yozilish qoidalari asosida normallashtirilgani uchun Egrisuv deb yoziladi.  

Oqqishloq, Oqrabot, Oqguzar kabi qishloq nomlari oq rangga ishora emas, balki keng, ochiq joy, maydon ma’nolariga nisbat berilib, shunday nomlangan.  

Chit qishlog‘i nomi aslida chet, chekka ma’nosida (tog‘li qishloqlarning chetidagi yaylovlarga aholi chorvachilik qilish uchun ko‘chib chiqqan) nomlangan, biroq u yerda tojik millati qo‘shni yashagani uchun Chit deb talaffuz qilingan va shunday yozilib qolgan.  

Biroq, aholi o‘rtasida o‘z yashab turgan joy nomlarining tarixidan yetarli bilimga ega emasligi ortidan qilingan murojaatlar sababli Qozoq va Qahat qishloqlarining nomi (millat nomi va qahatchilik salbiy ma’noli so‘z degan ma’noda) qonun doirasida o‘zgartirilgan. Bu holat kelgusida ushbu joy nomlari tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi. Tuman komissiyasi tarkibidagi mutaxassislar tomonidan joy nomlarini asrab qolish uchun qonunning 5-moddasiga asosan tarixiy nomlarni tiklash borasida zarur ilmiy ma’lumotlar yig‘ish ishlari olib borilmoqda.  

Shuningdek, qishloqlarning Saroy, To‘qboy, Qirg‘iz, Qozoq, Qovchin, Qo‘ng‘irot, Qutchi, Arab, Do‘rmon, Shirin, Qishliq, Qohat deb atalishi yoki Boybo‘ri, Esaboy, Chambil, Qo‘ng‘irot, Xontushdi kabi nomlar bilan atalishi biz yashayotgan zamin qadimiy va boy tarixiy manbalarga ega ekanligidan dalolat beradi.

«Vatan ostonadan boshlanadi» deydi dono xalqimiz. Bu ostona biz tug‘ilib o‘sgan uy, ko‘cha va mahallamiz, qolaversa, tumanimizdir. Mana shu makonlarning har biri o‘ziga xos narsasi uchun qadrlidir. Ota-onamiz bizga atab qo‘ygan ism qanchalik muhim bo‘lsa, qayerlik ekanligimizni ko‘rsatuvchi manzilimiz nomlari ham bizga tegishli manbalardir.  

Biz istiqomat qilayotgan ko‘cha, qishloq, mahalla nomlari qadimiymi yoki zamonaviymi, qanday bo‘lmasin uni boricha o‘zimizniki deb bilamiz. Uning nomidan g‘ururlanamiz. Shu nomni doimo saqlanib qolishini istaymiz. Demak, biz yashab turgan zaminning nomi milliy merosimizning bir bo‘lagi. Uni avlodlarimizga aslicha yetkazish shu joyda istiqomat qilayotgan insonlarning burchi sanaladi.  

 

Nasiba Ro‘ziyeva, Qashqadaryo viloyati, Qamashi tuman hokimi maslahatchisi

 manba

23.11.2022 1012