"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Munosabat

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Bugun barcha qatori men ham Prezidentimizning murojaatini ko‘rdim. Taassurotlarim yuqori darajada. Ijtimoiy davlat qurish yo‘lida keng qamrovli rejalar, amaliy loyihalar, dolzarb masalalar qamrab olingan. Ayniqsa, ikkita katta muammo bo‘yicha aytilgan fikrlar meni qattiq hayajonga soldi. Birinchisi, kelayotgan yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinishi. Haqiqatan ham, ta’limga alohida e’tibor, sifatli ta’lim orqaligina kelajakning mustahkam poydevorini qura olamiz. Bunday e’tibor uchun mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim fidoyilari nomidan hurmatli yurtboshimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Ikkinchisi, “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oinayi hayoti” (Abdulla Avloniy) bo‘lgan ona tilimiz haqida aytgan quyidagi gaplari: “Milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytiriladi. Albatta, chet tilini bilish-zamon talabi. Ammo ona tilini bilishni majbur qilish qilish kerak”.

Ana shunday taassurotlardan kelib chiqib, jamiyatimizdagi bir muammo haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Hammamizga yaxshi ma’lum, hozir biz ikkita yozuvdan birday foydalanyapmiz. Xohlagan kirilda, kim xohlasa, lotinda yozyapti. Mana shu holatning o‘zi ham jamiyatimizdagi savodxonlik darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Xat-savodini lotinda chiqargan 35 yoshgacha bo‘lgan avlod davlat idoralarida faoliyatini boshlab kirilchaga moslasha olmay arosatda, chunki ikki yozuvning imlo qoidalari bir-biridan farq qiladi. Rasmiy telegram kanallaridagi berilayotgan matnlarda ikki yozuvning aralash qo‘llanilishi ham shu muammoga bog’liq.

Ma’lumki, 2021-yil 10-fevralda Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 61-sonli qarori e’lon qilingan. Mazkur qaror bo‘yicha 2023-yil 1-yanvardan tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyotini to‘liq joriy qilish belgilab qo‘yilgan. Yaqin vaqtlardan buyon ijtimoiy tarqmoqlarda “2023-yilga yaqin qoldi, lotinga o‘tamizmi?” “O‘tmasak kerak” kabi bahs-munozaralar bo‘lyapti. Sizlarga shuni aytmoqchimanki, o‘tgan davr mobaynida Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti rahbarligida vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlarining davlat tili bo‘yicha maslahatchilari bilan qaror ijrosi bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirildi. Hozirda barcha tashkilotlarda ish yuritish lotin yozuviga o‘tkazilgan (ba’zilarini hisobga olmaganda, ular ham 2023-yilda to‘liq o‘tadi). Departament ishchi guruhi bilan joriy yilning avgust oyida barcha viloyatlarni o‘rganib chiqqanimizda, ularda ham ish yuritish lotin yozuviga o‘tilganiga guvoh bo‘ldik. Demak, xavotirga o‘rin yo‘q, hammasi o‘zimizga bog’liq. Hukumatning tegishli qarori tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, barchaga tegishli va uning ijro qilinishi shart.

Shunday ekan, kelinglar, millat kelajagiga beparvo bo‘lmaylik, bu ishni o‘zimizdan boshlaylik. To‘g‘ri, kirilchaga o‘rganganlarga sal qiyin bo‘ladi, lekin yozishni ozgina mashq qilsangiz, bu qiyinchilikni yengib o‘tasiz. Hech bo‘lmaganda, maktabda chet tili o‘rganganmiz-ku!

Hurmatli rasmiy telegram kanallari yurituvchilari, hurmatli blogerlarimiz, xayrli ishning amalga oshishida sizlarning ham xizmatingiz muhim ahamiyatga ega!

Zero, muhtaram Prezidentimiz aytganidek: “Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.


Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazi direktori, f.f.n., dots. Azimov Inomjon Mamasodiqovich

27.12.2022 749