"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“NAVOIYDAN ADOLATNI O‘RGANAYLIK...”

Dunyoda mumtoz adabiy til yaratgan xalqlar uncha ko‘p emas. Chunki mumtoz adabiy tilning yaratilishi va rivojlanishi Renessans deb ataladigan va har ming yilda bir necha martagina yuz beradigan madaniy-maʼnaviy yuksalish hodisalari bilan bog‘liqdir. Navoiy dahosi xuddi ana shunday noyob hodisa bo‘lib, XV asrda mintaqada  Renessans davrining boshlanishi va xalqning millatga aylanishi uchun shart-sharoit yaratib bergan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.


Bugungi kunda yosh avlodni Vatan tarixining shonli sahifalari, umumbashariy anʼanalari, yuksak maʼnaviy–maʼrifiy eʼtiqod ruhida tarbiyalash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, Hazrat Navoiy kabi mutafakkir daholarning shaxsiyati va umrboqiy asarlari o‘tmishni bugun bilan tutashtirib, hammaga birdek beminnat nur sochib turgan oftob singari zamondoshlarimiz maʼnaviy  olamini yoritib, komillik sari daʼvat etib turuvchi mayoq vazifasini o‘tab kelmoqda.


Alisher Navoiy - butun turkiy olam, jahon adabiyotida betakror siymo. Uning merosi, asarlarida ilgari surgan g‘oyalari va fikr-qarashlar barchamiz uchun moʻtabar va qimmatlidir. Ushbu siymo o‘zbek madaniyati, adabiyoti, tili, ijtimoiy fikri tarixida benihoya katta o‘rin tutadi. Uning ijodi turkiy xalqlarning vatanparvarlik harakati kuchaygan bir sharoitda kamol topib,  o‘zbek adabiyotini mumtoz adabiyot darajasiga ko‘tarishga xizmat qilgan. Navoiy dahosi esa Sharqning Firdavsiy, Nizomiy, Jomiy kabi ulug‘ adiblari qatoridan joy egallab, o‘zbek adabiyotini mana shu siymolar yaratgan buyuk adabiyot darajasiga olib chiqqan.


Alisher Navoiy turkiy adabiy tilni (eski o‘zbek adabiy tilini) taraqqiy ettirish, uni ko‘pchilikka manzur qilish, bu tilni sheʼriyat dunyosiga tan oldirish qanchalik qiyin va mashaqqatli ish ekanini, buning uchun o‘sha davrda Movarounnahr va Xurosonda hukmron bo‘lgan fors tilidagi adabiyotga mazmun va badiiy qiymat tomonlaridan teng adabiyot yaratish zarur ekanligini yaxshi tushungan va bunday ulug‘ vazifani amalga oshirishga to‘laqonli muvaffaq bo‘lgan edi.


Shuni aytish kerakki, turkiy va forsiy tillarning o‘zaro munosabati haqida Navoiy o‘zining qator asarlarida fikr yuritadi. Masalan, “Hayrat-ul-abror” dostonida shoir fors eli o‘z ona tillarida yozilgan asarlarni o‘qishdan xursandligi, turkiylar ham ana shunday boylikdan bahramand bo‘lishga loyiq ekanligi, «Layli va Majnun» asarining oxirida bu rivoyatni turkcha hikoya qilganligi, turkiylar orasida xushtaʼb, sof idrokli odamlar ko‘p ekanligi haqida yozadi. “Muhokamat-ul-lug‘atayn” asarida turkiy va forsiyning ifoda qudrati bir-biriga qiyoslanadi. Bunday dalillarga qarab Alisher Navoiyni butun umri davomida qiziqtirgan, o‘ylashga majbur qilgan lisoniy muammo - turkiy va forsiy tillarning bir-biriga munosabati, turkiy tilning ifoda qudrati forsiy tilning taʼsirchanligidan kam emasligini isbotlashga intilishdan iborat bo‘lgan.


Navoiy davrida Movarounnahr va Xurosonda yashagan turkiy aholining savodxonlik darajasi va madaniy-maʼrifiy saviyasi qanday bo‘lganligi hali maxsus o‘rganilgani yo‘q. Lekin mavjud maʼlumotlarga tayanib, bu haqda maʼlum xulosalarga kelish mumkin. Alisher Navoiyning qator asarlarida turkiy aholining shoir va olimlari, bilimdon va g‘azalxon vakillari to‘g‘risida qimmatli maʼlumotlar bor. Bu maʼlumotlarga turkigo‘y shoirlar va sheʼr havaskorlari tomonidan tez-tez o‘tkazib turilgan g‘azalxonlik oqshomlari haqidagi maʼlumotlarni qo‘shsak, Navoiy davrida turkiy aholining savodxonlik darajasi, madaniy-maʼrifiy saviyasi yuksak bo‘lgan, turkiy ziyolilar to‘laqonlik, qizg‘in aqliy va madaniy-maʼrifiy hayot kechirgan, degan xulosaga kelish qiyin emas. Bu madaniy-maʼrifiy muhit, turkiy ziyolilar faoliyati va nutqi, oliy hokimiyatning xayrixohligi Navoiy ijodiy faoliyatiga, uning asarlari tiliga jiddiy taʼsir etgan omillardan bo‘lganini to‘la ishonch bilan aytish mumkin.


Navoiy davri turkiy adabiy tilining etnik-lisoniy zamini haqidagi masalaning yana bir tomoni bor. Turkiy tilning ifoda qudratini namoyish qilish uchun “Muhokamat-ul-lug‘atayn” asarida keltirilgan 100 ta feʼlning bir qanchasi boshqa manbalarda uchramaydi. Bu dalil Navoiy xalqning jonli tiliga jiddiy qiziqish va hurmat bilan qaraganidan, xalq tili boyliklarini tinimsiz o‘rgangani, to‘plagani va ulardan foydalanganidan dalolat beradi.


Eski o‘zbek adabiy tili, xususan Navoiy tili xalqimiz ijodiy qudratining bebaho mahsulidir. U hozirgi adabiy tilimiz shakllanishida zamin va tayanch manba bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda, eski o‘zbek adabiy tili, jumladan Navoiy tili, bu tilda yozilgan va saqlanib kelayotgan adabiy, tarixiy, ilmiy va boshqa manbalar xalqimiz uchun bitmas-tuganmas maʼnaviy xazinadir. Va bu xazinadan nafaqat oddiy kitobxon, balki deyarli barcha shoir va yozuvchilar hozirga qadar maʼnaviy-ruhiy ozuqa olib, ijod qilib kelayotganlarining guvohi bo‘lib turibmiz.


Misol uchun, taniqli shoir Aʼzam O‘ktam o‘zining  “Alisher  Navoiy” nomli hajman moʻjazgina sheʼrida buyuk allomaning ruhiy-badiiy qiyofasini  yaratar ekan, tildagi tasviriy vositalardan foydalanishda so‘zlarga o‘ziga xos uslubiy vazifa yuklaydi.


Poetik asarlar tilining hissiy-badiiy saviyasini, taʼsirchanligini taʼminlovchi, obrazlilik hosil qiluvchi lingvopoetik vositalardan biri o‘xshatishdir. Sheʼr ”Ko‘k - dasturxon, oymomo – non muqaddas, Tegrasida sochilmishdir ushoqlar” satrlari bilan boshlanadi. Shoir Hazrat Navoiyga murojaat qilib, “Siz osmondek ulug‘ va yuksak, oymomodek tanhosiz” demaydi, ko‘pchilikka tanish so‘zlardan va siyqasi chiqqan  oddiy tashbehlardan qochadi, balki zamonaviy tilshunoslikda yetakchilik qilayotgan antropotsentrik  yo‘nalishga mos keladigan yangi poetik tasvir yaratadi hamda  o‘xshatish vositasida shu fikrni isbotlashga urinadi.


Aʼzam O‘ktam  Hazrat Navoiyning komillik fazilatlarini osmonga  mengzaydi -  yuksak va qo‘l yetmas, uning nazdida dasturxon tegrasida sochilgan ushoqlar ulug‘ mutafakkir  qalamidan to‘kilgan  munavvar durlardir. “Ko‘k -  dasturxon, oymomo - non muqaddas” satridagi  dasturxon va  non  konsentlari o‘zida dunyodagi jami ijobiy fazilatlarni, muqaddas qadriyatlarni ifodalaydigan, inson ruhiyatiga taskin va malham beruvchi tushunchalar uyg‘unlashib, o‘quvchini o‘ylashga, fikrlashga undaydigan poetik manzara hosil bo‘ladi - “Tegrasida sochilmishdir ushoqlar”.


Aʼzam O‘ktam poetik taʼsirchanlikni kuchaytirish maqsadida uchoq obrazini matnga olib kiradi. Toptay olmas izg‘isa ham basma-bas, Turli nomlar olib uchgan uchoqlar” – Hazrat Navoiyning dunyo bo‘ylab sochilib ketgan va hamon dunyoni hayratga solayotgan, turli davrlarda “turli nomlar bilan izg‘igan ” tuzumlarning sinovlariga bardosh bergan  asarlarining mohiyati bugun ham o‘z qimmatini yo‘qotmaganligi, u hamma zamonlarda osmondek yuksak va nondek muqaddas ekanligi ishonch bilan taʼkidlanadi.


Aʼzam O‘ktam ulug‘ shoir ruhiy olamidagi ziddiyatlarga yechim izlayotganday tasavvur paydo bo‘ladi. Shoirning ichki iztiroblari,  dramatik kechinmalari shu o‘rinda o‘z kulminatsion nuqtasiga chiqadi va muallif metafora yordamida o‘z maqsadini bayon qiladi: “Yeb qo‘yolmas shart sindirib hech inson, hech qanday kuch terolmas bu ushoqni”. Sheʼriy satrlarning  ushoqqa nisbat berilishi o‘quvchi ko‘ngliga qandaydir sokinlik olib kiradi, unga lirik qahramon ichki kechinmalari, ruhiyatidagi to‘fonlar va evrilishlar haqida ishora beradi. “Tupurolmas – muqaddas bu dasturxon, ezg‘ilolmas hech kimsaning oyog‘i”.  Shoir satrdan – satrga  poetik tasvirni kuchaytirib boradi, uning o‘xshatish vositasida kutilmagan xulosaga kelishi kitobxonni o‘ylashga majbur qiladi.


Aʼzam O‘ktamning “Alisher Navoiy” sheʼridagi falsafiy ruh inson hissiyotining turli epkinlar girdobidagi holatini metafora yordamida ishonarli va taʼsirchan ifodalaydi. Maʼlumki, individuallik, yaʼni o‘ziga xoslik har bir ijodkorning so‘z tanlash  sanʼati bilan belgilanadi. Shu tarzda shoirning badiiy tafakkuri, so‘zni his qilishi, idrok etishi, eng asosiysi uning lisoniy layoqati, yaʼni lingvistik mahorati haqida tasavvurga ega bo‘lamiz.


Yoki yana bir misol. Isteʼdodli shoir Minhojiddin Mirzoning “Navoiy xazinasi” sheʼrida Hazrat Navoiyning komillik sifatlari hissiy zavqlarni chiroyli ifodalab beradigan yorqin, obrazli tilda madh etiladi:

So‘z mulkida faxri olam, xizri roh,

Ishq darsida murshidi irfon panoh.

Ey ko‘ngil, kel, taʼb ganjidin bo‘l ogoh.

Navoiydan risolatni o‘rganaylik.


Shoir qalb nidosi bilan Hazrat dahosi va asarlarining tub mohiyatini ochishga, uni bugungi  o‘quvchiga anglatishga intiladi. Navoiyni Xizrga qiyoslaydi. O‘zbek tilining izohli lug‘atning 4–jildida shunday izoh berilgan: “Xizr - yashillanmoq, yashil tusga kirmoq. Islom rivoyatlarida zikr etilgan hayot bulog‘idan obi hayot ichib, umri boqiy bo‘lgan taqvodor shaxs.”  “Roh”  so‘zi  “yo‘l” maʼnosini (3-jild, 395-bet)  anglatishini nazarda tutsak, shoir hazrat Navoiyni rivoyatlardagi afsonaviy Xizrga o‘xshatayotganini, sheʼriyatning mushkulotga to‘la yo‘lida yo‘lboshlovchi bo‘lishiga ishonayotganini ko‘ramiz. Ishq darsida murshidi  irfon  panoh: Murshid - to‘g‘ri yo‘lga soluvchi pir (2-jild, 647-bet) bo‘lsa,   panoh -boshpana,  himoya qilish qudratiga  ega bo‘lgan homiy maʼnolarini anglatadi. Ey ko‘ngil, kel, taʼb ganjidin bo‘l ogoh: Ganj - xazina, kon, boylik (1-jild, 481–bet), Taʼb - tabiat, kishining xarakterida, uning kishilarga, narsalarga munosabatida namoyon bo‘ladigan ichki tabiat (4-jild, 25-bet) bo‘lib, shoir Hazrat Navoiyning ko‘ngli qaʼridagi  biz bilmagan ichki ko‘ngli  ham ulkan xazinadir, shuning uchun Navoiydan risolatni o‘rganaylik (risolat -  yuksak vazifa, vakolat, biror kasbga, sohaga va uning tartib-qoidalariga oid yo‘riqnoma (3-jild, 386-bet) yaʼni, adabiyotdek, so‘zdek yuksak vazifaga oid yo‘l-yo‘riqni ham biz Hazratdan o‘rganamiz, degan fikrni ilgari suradi.

Farhod ila Majnun deb ishq shohini,

Laylo ila Shirin demish mohini,

Angladingmi, ey ko‘ngil, sen ohini,

Navoiydan saodatni o‘rganaylik.


Farhod, Majnun, Layli (sheʼrda Laylo tarzida qo‘llangan) va Shirin Hazrat Navoiy dostonlarining qahramonlari. Laylo ila Shirin demish mohini. Maʼlumki, moh - oy maʼnosini anglatadi (2-jild, 621-bet). Sheʼrda  Layli va Shirinning husni  “moh” so‘zining anʼanaviy go‘zallik timsoli sifatidagi mavqeуi bilan asoslangan, matnda metaforik sifatlashni hosil qilib, Navoiy qahramonlarining chiroyi oyga o‘xshatilyapti. Bu o‘rinda, Layli va Shirin  go‘zallik bobida  oy kabi tanho edi, degan maʼnoni ham ilg‘ash mumkin. Navoiydan saodatni o‘rganaylik: Saodat – baxt, omad, xotirjamlik va yuksak iqbolni  bildiradi (3-jild. 443-bet).


Demak, mutafakkir shoirning ko‘ngil ohini anglagan inson undan saodatni, yaʼni qalb xotirjamligi va yuksak iqbolga eltuvchi yo‘lni o‘rganadi.

Bahr aro topgan xazinam tiynati,

Ulki iymon kishvarining ziynati,

“Qush tili”da jam eʼtimod, niyati,

Navoiydan hidoyatni o‘rganaylik.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” 1-jildining  197-betida “bahr” so‘zining 4 ta maʼnosi borligi,

1) dengiz, okean;

2) olam, dunyo, boylik;

3) tug‘yon, to‘fon;

4) mehr, ishq-muhabbat domi maʼnolarida kelishi qayd etilgan.

Nazarimizda, mazkur  to‘rtta maʼnoni qo‘llaganimizda ham sheʼrning taʼsiri yanada kuchayadi.

Tiynat - tabiat, xarakter (4-jild, 86-bet), iymon - Ollohga ishonch, eʼtiqod, (2-jild, 185-bet), ziynat - chiroy, bezak, ko‘rk, izzat-hurmat (2-jild, 149-bet),  kishvar - mamlakat, o‘lka (2-jild,     379-bet), eʼtimod - tayanch, suyanish, qattiq ishonch (5-jild, 67-bet),   hidoyat esa - to‘g‘ri yo‘lga boshlash, boshqarish maʼnolarini anglatadi (5-jild, 526-bet).


Demak, olam aro topilgan xazinaning mohiyati, ishonch va eʼtiqod mamlakatining chiroyi, ko‘rki va izzat-hurmati, ulug‘ shoirning “Qush tili” asarida jamlangan ishonchi tufayli Hazrat Navoiydan to‘g‘ri yo‘lga boshlashni, boshqarishni o‘rganamiz.

“Saddi  Iskandariy” - bil, zulmatda jon,

“Sabʼaуi sayyor” erur bir imtihon,

“Hayratul - abror” ichinda dil nihon,

Navoiydan adolatni o‘rganaylik.


Ko‘rganimizdek, Minhojiddin Mirzo  insoniyat qorong‘ilik yoki jaholat ichra qolganida hazrat asarlarini o‘qib, jonini va iymonini asraydi, shu sinovlardan o‘tgan “Hayratul - abror” dostonining mohiyatida yashiringan dilning niyatini anglagan insongina  odilona ish yuritishga qodir, degan fikrga urg‘u bergan.


Taniqli  shoirlar Aʼzam O‘ktamning “Alisher Navoiy”  va Minhojiddin Mirzoning “Navoiy xazinasi” sheʼrlarining tahlili ularning ona tilimiz yashirin imkoniyatlarini, ichki jozibasini yaxshi bilishi va sheʼriyat tilining badiiyatini taʼminlovchi lingvopoetik vositalardan o‘rinli foydalanganligini ko‘rsatib turibdi.


Nigora SHARIPOVA,

Oliy attestatsiya komissiyasi

raisining maslahatchisi


Rustam SHARIPOV,

Toshkent davlat sharqshunoslik

universiteti dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi

05.12.2020 1175