"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ONA TILIMIZGA QANOT BERGAN HURRIYAT

Dunyoda o‘zligini anglagan, qadr-qimmati, or-nomusini sharaf deb bilgan biror millat, xalq yo‘qki, ozod va farovon yashashni istamagan va bu yo‘lda kurashmagan bo‘lsa. Chunki odam bolasi hurriyat tufayli erkin yashaydi, o‘z ona tilida bemalol gaplashadi, fikrini mustaqil bayon qiladi. Hurriyat atalmish neʼmatning huquqiy asosini esa har bir davlatning asosiy qonuni hisoblangan Konstitutsiya belgilab beradi.


Mustaqilligimizning huquqiy poydevori

Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida masʼuldirlar.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 2-modda.


Har bir davlatning Konstitutsiyasi, avvalo, unda yashovchi xalqning irodasini, ruhiyatini, ongi va madaniyatini aks ettiradi. Shu maʼnoda, Konstitutsiyamiz xalqimizning siyosiy donoligi va tafakkuri mahsulidir. Tub mohiyati, falsafasi, g‘oyasiga ko‘ra ilg‘or milliy va umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan Bosh qonunimizda jamiki dunyoviy neʼmatlar orasida eng ulug‘i – inson, degan fikr ilgari surilganligi, ayniqsa, tarixiy voqeadir. Konstitutsiyamizning 14-moddasidagi “Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi”, degan jumla ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Eʼtiborlisi, Asosiy qonunimizning yaratilish jarayonlarida millatimizning o‘zligini anglatuvchi ona tilimizga alohida urg‘u berilganidir. Xususan, tarixiy manbalarga ko‘ra, Konstitutsiyamiz umumxalq muhokamasiga taqdim etilgan 1990-1992-yillarda Konstitutsiyaning 4-moddasi birinchi xatboshida “Uning hududida yashaydigan barcha millatlar va elatlar tillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish taʼminlanadi, tillarni rivojlantirish uchun sharoit yaratiladi”, deyilgan edi. Bu xatboshi: “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb qaytadan to‘g‘rilanadi. Bu bilan ham xalqimiz mentaliteti (tiynati)ga xos bag‘rikenglik, feʼl-atvoriga mos moʻtadillik fazilatlari tarannum etilgan.

Asosiy qonunimizning yana bir o‘ziga xos xususiyati jahonda Konstitutsiya bobida to‘plangan tajriba hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan qoidalarini qamrab olish bilan birga xalqimiz madaniyati va anʼanalarining teran ildizlariga suyanganidadir.

Mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi demokratik konstitutsiyadir. Tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan hujjatdir. Uning butun mazmun-mohiyatiga mustaqillik g‘oyasi singdirilgan.

Shu bilan birga, Asosiy qonunimiz eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan. Bunda rivojlangan, rivojlanayotgan 97 ta mamlakatning konstitutsiyalari o‘rganilgan, tahlil qilingan.

Konstitutsiyamizning xalqimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida, mamlakatimiz ravnaqida tutgan o‘rni va ahamiyati juda katta. Muhimi, u hayot sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib kelmoqda.

Konstitutsiyada xalqimizning uzoq o‘tmish davrlardan buyon shakllanib kelayotgan milliy tafakkuri, ona tili, muqaddas qadriyatlari o‘z aksini topgan, xalqimiz ko‘nglida ustuvor bo‘lgan adolat, haqiqat, iymon, olijanoblik, bag‘rikenglik, mardlik kabi ulug‘ xislatlar o‘rin olgan. Mana, qariyb 28 yildirki, Vatanimiz o‘zining Konstitutsiyasi bo‘yicha yashab kelmoqda. Har yili 8-dekabr – Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun sifatida keng miqyosda nishonlanmoqda. Xalqimiz va davlatimiz unda belgilangan ezgu maqsadlar sari izchil intilib kelmoqda.

Konstitutsiyamizning barqarorligini, uning eng muhim prinsiplari va normalarini har bir vatandoshimiz anglab yetishi zarur. Chunki u maʼnaviy-madaniy ehtiyojlarni, vatanparvarlik tuyg‘ularini, taʼbir joiz bo‘lsa, xalqning vijdoni va diyonatini o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, biz uchun muqaddasdir.

Albatta, zamon yangilanishda davom etaveradi. Yangi talablar Asosiy qonunimizga o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etishi ehtimoldan xoli emas. Ammo xalqimiz qadriyatlari, ertangi orzularini o‘zida jamlagan Konstitutsiyamiz bizning nurli kelajagimizni ham baxtu saodat mayog‘i singari yoritib turishi shubhasiz...


Millat ko‘zgusi, ruhi, qalbi, g‘ururi

Mustaqillik yillarida ona tilimiz yanada sayqallashdi, uning nufuzi, mavqeуi oshdi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan sanalgan ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi. Konstitutsiyamizda davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi.

Til har bir millatning ulkan boyligi va bebaho mulki, o‘zligining ajralmas belgisi hisoblanadi. Har bir xalq, har bir elat o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tiliga ega. Tilda shu xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi. Zotan, o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy maʼnaviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Aynan shu maqsadda O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida davlat tiliga huquqiy maqom berish masalasi ustuvor qo‘yilib, 1989-yil 21-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risidagi alohida qonun qabul qilindi. Qonunga asosan, eng muhim qadriyatlarimizdan biri hisoblangan ona tilimiz o‘z maqomiga ega bo‘ldi. Bu qonun bilan o‘zbek millatining maʼnaviyatini, ruhiyatini, qadrini ko‘rsatadigan tilning huquqi mustahkamlandi.


Darhaqiqat, til nafaqat muomala vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga hurmat, o‘z navbatida, o‘zaro tushunish, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarning saqlanib qolishi uchun esa ularni qo‘llab-quvvatlash zarur. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi.

Hozirgi kunda yer yuzida 7 mingdan ziyod til mavjud bo‘lsa, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Mamlakatimizda 7 ta tilda (o‘zbek, rus, qaraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman tilida) taʼlim berilayotgani va shu tillarda darsliklar, adabiyotlar va taʼlim olish uchun zaruriy manbalar yetarlicha taʼminlanayotgani yurtimizda “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor” hikmatining jamiyat hayoti farovonligida o‘zining munosib o‘rnini topayotganiga yaqqol isbotdir. Ulug‘ maʼrifatparvar Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti uning milliy tili va adabiyotidir.


Yangi fikrlash – yangicha dunyoqarash

“Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun – 21-oktabr sanasining O‘zbek tili bayrami kuni deb eʼlon qilinishi mamlakatimizning yangi tarixi, yangi taraqqiyot bosqichida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ishonchli samarasi, mustaqil Vatanimiz ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, madaniy, maʼnaviy hayotidagi ulkan voqeadir. Ushbu muhim tashabbus davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 21-oktabr kuni qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeуini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida o‘z ifodasini topgan edi. Farmonga binoan, ona tilimizning istiqboldagi taraqqiyotiga oid ko‘plab masalalar qatorida Vazirlar Mahkamasida davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha alohida departament, Atamalar komissiyasi tashkil etildi. Vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalarida rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga tenglashtirilgan maslahatchi lavozimi joriy etildi.

Mazkur departament tomonidan joriy yil mobaynida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentimizning yuqorida nomi keltirib o‘tilgan farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida jami 14 ta meʼyoriy-huquqiy hujjat, jumladan, 1 ta qonun, Prezidentning 1 ta farmoni va 1 ta qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 10 ta qarori qabul qilindi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida bitta qonun va qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiqilgan.

Qayta ishlangan, to‘ldirilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning yaratilishi yurtimiz maʼnaviy-maʼrifiy hayotida quvonchli voqea bo‘ldi. Ushbu kitobning xorijda, xususan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Portugaliya, Fransiya, Janubiy Koreya, Belarus, Belgiya, Rossiya, Ukraina, Misr, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Pokiston, Isroil, Qozog‘iston, Afg‘oniston kabi davlatlarda taqdimoti o‘tkazilishi kishiga zavq-shavq bag‘ishlaydi, o‘zgacha masʼuliyat ham yuklaydi.

Aytish joizki, ona tilimizning mavqeуini xalqaro miqyosda yoyishda ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina misol, Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida xorijdagi 36 ta elchixona va konsulxonaga o‘zbek tili darsliklari, metodik qo‘llanmalar, jami 250 nomdagi ilmiy va badiiy adabiyot elektron ko‘rinishda tarqatildi. Shuningdek, AQSH, Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Ukraina singari mamlakatlarda o‘zbek tilining jozibasi va uni o‘rganish uslublariga bag‘ishlangan 10 ga yaqin vebinar (onlayn seminar) o‘tkazildi.

“Telegram” mobil messenjerida til maslahatchilari guruhi shakllantirilib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinayotgan materiallarda davlat tiliga doir qonunbuzilish holatlarini muhokama qilish hamda kamchiliklarni tezkor bartaraf etish, qo‘shtirnoq ichidagi turli xolis munosabatlarga nisbatan asoslantirilgan munosabat bildirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Hozir davlat tilining buzilishi holatlarini aniqlashda “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘i va “Telegram” messenjeri foydalanuvchilari ishtirokida uzviy jamoatchilik nazorati joriy qilingan bo‘lib, turli bloger va guruhlar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan. “Feysbuk”da atamalarning elektron manbaуini to‘plashga qaratilgan “O‘zbekchasi borku!” onlayn kanalining yo‘lga qo‘yilishi ham shular jumlasidandir.

Loqaydlik g‘animdan xavfli, deydi xalqimiz. Bu bejiz emas, albatta. Bu maqolning qanchalik dolzarb ekani tashqi yozuvlar, yaʼni peshlavha, reklama va boshqa eʼlon, axborot matnlarini tartibga solish nuqtai nazaridan respublika bo‘yicha o‘tkazilgan xatlovda ham ko‘rindi.

Xatlov natijasida o‘rnatilgan 275 581 ta tashqi yozuvning 124 705 tasi, yaʼni 45,3 foizini o‘zgartirilishi lozim, deb topildi. Shundan 81 379 tasi xorijiy tilda, 20 595 tasi xato bilan yozilgan, 22 731 tasi yaroqsiz (eskirgan). Talabga javob bermaydigan 49 639 ta tashqi yozuv olib tashlandi.

Shuningdek, geografik obyektlarga nom berish borasida respublika bo‘yicha mavjud geografik obyektlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning ham ro‘yxati shakllantirildi. Hozirga qadar mahalliy kengashlarining qarorlari asosida 65 ta qishloq, 263 ta mahalla, 171 ta aholi punkti, 16 296 ta ko‘cha, 14 ta maydon, 22 ta xiyobon, 208 ta qabristonga nom berildi yoki nomlari o‘zgartirildi.

Jumladan, respublika bo‘yicha 11 886 ta nomsiz ko‘chaning 7 583 tasi qonunchilikda belgilangan tartibda nomlanib, tuman (shahar) kengashlarining shunga oid qarorlari bilan tasdiqlandi. Qator hududlarda nomi takrorlanadigan ko‘chalar, maʼnosiz joy nomlari aholi bilan kelishilgan holda boshqa nomlarga o‘zgartirildi. Mahalliy kengashlarning qarori asosida nomlangan va nomi o‘zgartirilgan minglab joy nomlari davlat reyestriga kiritish bo‘yicha Kadastr agentligiga taqdim etildi. Qishloq, mahalla, aholi punkti, ko‘cha, maydon, xiyobonlarning nomi yozilmagan va peshlavhalar o‘rnatilmagan joy nomlari o‘rniga lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilidagi peshlavhalar o‘rnatildi.

Geografik obyektlarning joylashgan joyi, nomi to‘g‘risida maʼlumotlar beruvchi, foydalanuvchilar uchun qulay, nomlar bo‘yicha o‘z takliflari va tavsiyalarini joylashtirish imkoniyati mavjud bo‘lgan “geonames.uz” havolasi orqali Geografik obyektlarning nomlari davlat reyestrining axborot veb-portali ishga tushirildi.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Davlat tilida ish yuritish”, “So‘z sandiqchasi”, “So‘z xiyoboni”, “Xalqaro terminelementlarning izohli lug‘ati” O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 23 mingdan ziyod nusxada nashr qilinib, taqdimotlari o‘tkazildi.

Bu kitoblar davlat idoralari va tashkilotlar, o‘quv muassasalariga beg‘araz tarqatilmoqda. Xususan, bolalar uchun lug‘at kitobcha – “So‘z sandiqchasi” respublikadagi barcha umumtaʼlim maktablari kutubxonalariga yetkazish uchun Xalq taʼlimi vazirligiga taqdim etildi. Shuningdek, hamyurtlarimizga qulaylik yaratish maqsadida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning “ilug‘at” mobil ilovasi, uning oflayn kompyuterlarda ishlay oladigan desktop dasturi hamda kompyuter dasturni yuklab olish uchun http://ilugat.uz sayti yaratildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikdagi ilmiy loyihalar tanlovi “jadid.uz” elektron platformasi, o‘zbek tilining milliy korpusini, yangi avlod o‘quv lug‘atlari va ularning mobil ilovalarini, o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishning metodik taʼminoti bo‘yicha elektron platforma yaratishga qaratilgan. Ushbu grantlar uchun jami 20 ga yaqin talabgor hujjat topshirgan bo‘lib, ayni paytda ilmiy saralash bosqichi davom etmoqda.

Har bir qilingan ish o‘z aksini topishi, insonlar qalbidan joy olishi muhimdir. Shu maʼnoda Vazirlar Mahkamasi muassisligidagi “Yangi O‘zbekiston” ijtimoiy-siyosiy gazetasida “Til – millat g‘ururi” nomli yangi rukn tashkil etildi va davlat tili bilan bog‘liq maqolalar muntazam ravishda chop etib borilmoqda. Hozirga qadar gazetada bu borada 80 dan ortiq ommabop maqola eʼlon qilindi.

Bundan tashqari, OAVda davlat tili bo‘yicha targ‘ibot qilinayotgan materiallarning doimiy monitoringi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bosma OAVda, teleradiokanallarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda davlat tili targ‘ibotiga doir yuzlab, minglab materiallar eʼlon qilinib borilmoqda.

21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan davlat tiliga oid muammolarni hal etishda ijodiy yondashuvni rivojlantirish maqsadida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” xalqaro tanlovi o‘tkazilgani o‘z ijobiy natijalarini berdi. Buni tanlov jarayonida tashkiliy qo‘mitaga kelib tushgan ikki mingga yaqin ijodiy ishdan ham bilsa bo‘ladi. Ayniqsa, AQSH, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston singari yaqin va uzoq xorij mamlakatlari vakillari ishtiroki tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi, nufuzini oshirdi.


Ona tilimizning xalqaro nufuzi

O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to‘la huquqli aʼzo bo‘lib qo‘shilishi o‘zbek tilining turkiy tillar oilasidagi o‘rni naqadar muhimligini isbotladi. So‘nggi yillarida mamlakatimizda o‘zbek adabiy tilini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning natijasida o‘zbek tili davlat tili, davlat ramzi, milliy madaniyat va maʼnaviyatni ifodalovchi hamda ularni kelajak avlodga yetkazuvchi muhim muloqot vositasi darajasiga ko‘tarildi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuvlar, muzokaralarda tilimiz keng qo‘llanilib, xorijdagi ko‘plab universitetlar, ilmiy muassasalarda o‘zbek tili markazlarida ona tilimizni o‘rganishga qiziquvchilar safi tobora ortib bormoqda. Jumladan, hozir dunyoning 65 ta oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili kurslari faoliyat yuritadi. Kelgusi 2021 yilda AQSHning ko‘plab universitetlarida ham o‘zbek tili kurslari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ishtirok etishi va nufuzli minbarda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘zbek tilida nutq so‘zlashi qalbimizda cheksiz faxr tuyg‘ularini uyg‘otgani ham ayni haqiqat. Davlatimiz rahbarining BMTda o‘zbek tilida nutq so‘zlashi ona tiliga va o‘zbek xalqiga cheksiz mehr-muhabbati, yangi O‘zbekiston kelajagiga yuksak ishonchining yaqqol ifodasidir.

Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, ananalarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini yuksaltirishda, uning milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shilishida har birimizning hissamiz bo‘lishi kerak. Uni himoya qilish, asrab-avaylash, targ‘ib etish, turli xurujlardan saqlagan holda kelgusi avlodlarga bekamu ko‘st yetkazish shu millat vakillarining insoniy vazifasi, maʼnaviy burchidir.

Til – har bir millatning ruhi, qalbi, g‘ururi, mustaqillik belgisi, kelajagi. Tilsiz hech bir millat to‘laqonli xalq bo‘la olmaydi. Shunday ekan, ona tilimizni asrab-avaylash, uning mavqeуini ko‘tarish har birimizning faol fuqarolik burchimiz ekanini aslo unutmaylik.


Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV,

Vazirlar Mahkamasining

Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri

09.12.2020 1685