"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilimiz faol muloqot vositasiga aylanishi shart

Har elning o‘z tiliga munosabati, hurmati va sadoqati nafaqat ota-bobolariga, balki o‘z millati va davlatiga bo‘lgan cheksiz ehtiromining ramzi hisoblanadi.

Davlat tilidan to‘g‘ri foydalanish, uning sofligi va me’yorlarini saqlash, muntazam boyitib borish, nutq madaniyatini oshirish nafaqat o‘qituvchi-pedagoglarning, balki har bir millatdoshimizning insoniy burchidir.

Albatta, ayrim shaxslarga 2021-yil 1-apreldan boshlab o‘zbek tilida rasmiy ish yuritish darajasini aniqlash, adabiyot bo‘yicha bilimlarini baholash yoqmasligi mumkin. Ammo bu tilimizni takomillashtirish konsepsiyasi va dasturida o‘z ifodasini topgan. Bu zamon talabi hamdir.

Bu jarayonlarga yordam berish bo‘yicha targ‘ibot ishlari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentining telegram kanalida tashkil etilgan rasmiy sahifasi va rasmiy sayti o‘z faolligini oshirib, ona tili va adabiyoti bo‘yicha yangidan-yangi ma’lumotlar berib borayotgani ko‘p ming sonli pedagoglarimizning alohida e’tiborini tortmoqda.

Xususan, u orqali tuman va shahar, viloyat hokimlarining til siyosati bo‘yicha maslahatchilarining turli munosabatlari va amaliy ish tajribalari, tashqi ko‘cha yozuvlari, reklama hamda e’lonlarga qo‘yilayotgan talab va tartiblar, tegishli qonunchilik bandlari, jamoatchilik nazorati bilan tanishib borayapmiz.

Nashriyotlarda lotin alifbosida yaratilayotgan turli lug‘atlar, qisqartmalar, maqollar mazmuni, sinonimlar, xorijiy o‘zlashma so‘zlarning tarixi va qo‘llanilishi haqida qiziqarli ma’lumotlar berilmoqda.

Turli taniqli shoir, yozuvchi va jurnalistlarimiz boshqa millat vakillarining tilimiz haqida mazmundor she’rlari ayniqsa dilga yaqindir. Xorijda va yurtimizda o‘zbek tili bo‘yicha o‘tkazilayotgan konferensiyalar va anjumanlar haqida ham doimo to‘xtalib borilmoqda.

Sohamizning “ilmiy drayveri” bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutlarida bo‘layotgan so‘nggi yangiliklar, sohaga oid ko‘plab zamonaviy yangiliklar nafaqat matn, balki video shaklida ham muntazam beriladi.

Imlo xatolari ko‘rsatkichlari, buyuk ajdodlarimizning til haqidagi ibratli fikrlari, tele-ko‘rsatuvlardan lavhalar, radioeshittirishlardan parchalarning joylashtirilishi esa uning jozibadorligi va bebaho ahamiyatini yanada oshiradi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, harakatlarimiz natijasida ona tilimiz mustabid tuzim va undan keyin ham ko‘p yillar davomida kechgani kabi ikkinchi darajali emas, balki eng faol muloqot vositasiga aylanishi shart.

Biz pedagoglar bu qimmatli manbalardan o‘quvchilarga ta’sirchan darslar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tish, interfaol va yangicha uslublarda o‘z tiliga mehr-muhabbat uyg‘otish, turli mafkuraviy ta’sirlarga tushmasligi uchun samarali foydalanib kelmoqdamiz.

Muhabbat RAHMATOVA,
Shahrisabz shahridagi 19-o‘rta maktabning 
o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi


Manba: uza.uz

10.12.2020 1052