"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL — MILLAT TIRIKLIGI RAMZI

Muayyan tarixiy bosqichda vujudga kelgan maʼmuriy-jug‘rofiy, iqtisodiy-siyosiy, harbiy-huquqiy va etnik tuzilmaning belgilangan chegarasi, konstitutsiyasi, bayrog‘i, gerbi, pul birligi va boshqa atributlari bo‘lsayu, asrlar mobaynida rivojlanib kelgan, adabiy meʼyorga tushirilgan davlat tili bo‘lmasa, aytaylik, o‘zga tilda rasmiy ish yuritsa, u maʼnaviy jihatdan mustamlakaligicha qolaveradi. Shukrlar bo‘lsinki, biz istiqlolga erishishimizdan avvalroq o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berib, qonunlashtira oldik. Davlat tili haqida qonun qabul qilindi.

Afsuski, joylarda ushbu qonun talablariga to‘liq amal qilinyapti, deb bo‘lmaydi. Bunga bevosita baʼzi mutasaddi rahbarlar va keng jamoatchilik vakillarining beparvoligi sabab bo‘lmoqda. Shu bois, so‘nggi yillarda bu muhim ijtimoiy vazifani to‘la ado etishga qaratilgan bir qator meʼyoriy hujjatlar joriy etildi. Jumladan, Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeуini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi eʼlon qilindi. Ushbu hujjatlarda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayoti va xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini tubdan oshirish, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni taʼminlash maqsadi ko‘zda tutilgan.

Lekin muammolar ham yetarli. Jamoat joylarida toponimik belgilar, lavhalar, reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, maʼnaviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi ushbu masalalarni keng jamoatchilik ishtirokida jiddiy o‘rganib chiqishi va tartibga solishi zarur. Chunki ijtimoiy obyektlarga nom berish shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va maʼnaviy saviyamizni yaqqol ko‘rsatadigan o‘ziga xos mezondir.

Modomiki, tilimizni asrash har birimizning fuqarolik burchimiz ekan, Atamalar komissiyasining huquqiy ma­qomini oshirish, uning rasmiy tasdig‘isiz yangi nomlarni joriy etmaslik amaliyotini qo‘llash maʼqul bo‘ladi, bizningcha. Shundagina yangi tashkil etilayotgan kompaniya, firma, korxonalar, fermer xo‘jaligi, do‘kon kabi yuridik subyektlarga nom qo‘­yishda davlat tili to‘g‘risidagi qonunga zid keluvchi palapartishlikni bartaraf etish mumkin.

Sohaga oid ilmiy manbalarda qayd etilgan qoidalarga ko‘ra, toponim deganda, Yer sharining quruqlik qismida joylashgan tabiiy jug‘rofiy va sunʼiy (inson yaratgan) obyektlarning atoqli oti tushuniladi. Gap shu haqda borganida, o‘zbek toponimistlari tadqiqotlarida keltirilgan quyidagi farqlashuvlarni ham ko‘zdan qochirmaslik lozim, deb hisoblaymiz. Yaʼni shaharlar, shaharchalar (posyolka), qishloqlar, ovullar va mana shu tipdagi obyektlarning atoqli otlari oykonim degan umumiy nom bilan, xususan, shaharlar va shaharchalar ­(posyolka) tarkibidagi joy nomlari, o‘z navbatida, turli tipdagi tabiiy yoki sunʼiy fizikaviy-jug‘rofiy obyektlar nomini qamraydigan urbanonim, shahardagi bozorlar nomi agoronim, ko‘cha, bulvar, xiyobonlar nomi godonim, shaharliklar orasida mashhur bino va inshootlar nomi oykodomonim, yer usti, yer osti, suv usti, suv osti yo‘llarining atoqli otlari dromonim deb yuritilishiga ahamiyat berish zarur. Shuningdek, qishloqlar va uning atrofidagi jug‘rofiy nomlarni qo‘llashda dala va ekinzorlar nomi agroonim, suv harakatlanuvchi yoki to‘planuvchi obyektlar gidronim, yer ostida joylashgan, yer ustiga chiqish yo‘liga ega bo‘lgan maskanlar speleonim ekanini nazarda tutishimiz talab etiladi.

Ijtimoiy tarmoqlar tilini to‘g‘rilash zarur

Sir emas, hozirgi zamon kishisi yangi xabarni teleko‘rsatuv va radioeshittirishlardan ko‘ra ko‘proq internet tarmog‘idan qidirmoqda. Bunday sharoitda, nazarimizda, mutasaddi va masʼul idoralar xodimlari tomonidan internet saytlari maʼmurlarining davriy seminarlarini o‘tkazgan holda, ularga millionlab o‘quvchilar eʼtiboriga havola etilayotgan mediamaterial va postlarning adabiy meʼyor talablariga mosligini qatʼiy tartibda nazorat qilish vazifasini yuklash zarurati mavjud. Chunonchi, “Facebook” sahifalarida har soniyada ko‘zga tashlanuvchi “chunmadim” (“tushunmadim” demoqchi) yoki “kereye” (“kerak”) singari chuchmal sheva unsurlari, ayniqsa, yoshlar orasida yoyilishiga chek qo‘yishning vaqti keldi.

 Jurnalistlar tilni buzmasa...

 “Ayrim telekanallarning seriallar tarjimasida, ilmiy-ommabop filmlarni o‘zbekchaga o‘girishida tomoshabin g‘ashini keltiruvchi uslubiy g‘alizliklar ko‘p uchramoqda. Masalan, bir telekanali ko‘rsatuvlarida “ummon” so‘zini okeanga ham, dengizga ham, baʼzan esa daryoga nisbatan ham qo‘llash holatlari kuzatiladi. Nazarimizda, bu singari nuqsonlarni bartaraf etish uchun teleradio jurnalistlarini tayyorlovchi OTMlar talabalari o‘rtasida ana shunday ko‘rsatuv va eshittirishlar matnini uslubiy tahlil qilishni kuchaytirish orqali bo‘lajak jurnalistlarning lingvistik bilim va ko‘nikmalarini oshirish zarur.

Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom kabi ulug‘ adiblarimiz aziz bilgan hamda nazokat va latifligini go‘zal tarzda namoyon etgan ko‘hna tilimizga soya soluvchi juzʼiy holatlar matbuotda ham ko‘zga tashlanadi. Inchunun, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga tayansak, arab tilidan forslar orqali tilimizga kirib kelgan “g‘oyat” so‘zi “ortiq darajada” degan dominant semaga ega. Ilgari adib va shoirlar badiiy ifodada birorta sifat yoki ravishni so‘zdan avval hech qanday qo‘shimchasiz qo‘llagan. Hozir esa baʼzan uning o‘rniga “bag‘oyat”, “bag‘oyatda” so‘zlarini ishlatamiz. Bu qo‘shimchalar “ortiq darajada” degan tub maʼnoni qay tomonga o‘zgartiryapti, degan savol tug‘iladi. Yoki faol qo‘llanishdagi “axborotlar” so‘zini olib ko‘raylik. Uning negizi — “xabar”. Forscha “axbor” “xabarlar” degan ko‘plik maʼnosini anglatadi. Biz esa unga dastavval “ot” suffiksini qo‘shib, “xabarlarlar”, keyin kam bo‘lsa “axborotlar” (mantiqan anglanilsa: “xabarlarlarlar”) tarzida aytadigan va yozadigan bo‘ldik. Yana savol tug‘iladi: nega shunday qilamiz? Nega yangi qo‘shimchani qo‘shishda so‘zning o‘zak maʼnosiga jiddiy eʼtibor bermaymiz?

Hozirgi kunda badiiyat, ilm va jurnalistika nutqida faol isteʼmoldagi “anchayin” so‘zini baʼzi filologiya fanlari professorlari o‘z maqolalarida “ko‘p, ustun, ancha, zo‘r” maʼnolarida noto‘g‘ri qo‘llab keladi. Ona tilimiz zargari bo‘lgan Shukur Xolmirzayev esa uni doimo “shunchaki, atigi, bo‘lar-bo‘lmas” degan maʼnolarda to‘g‘ri ishlatgan.

“Kunlardan birida do‘stim Uchqun Nazarov: “Yuring, Abdulla akani bir ko‘rib kelamiz”, deb qoldi. Men dafʼatan hayron qoldim: “Abdulla akani...” Bu gap Uchqunning tilidan shundaygina, bemalolgina chiqib ketdi. Xuddi an­chayin bir odam betob yotibdiyu, uni birrov ko‘rib kelishimiz lozimday” (Yozuvchining “Abdulla Qahhorni eslab...” essesidan olindi).

“Ay, Shuhrat akama” essesidan parcha: “Ellikka kirib qoldim. O‘shanda xalq yozuvchisi, davlat mukofoti laureati degan unvonlar oldim. Sir emas, anchayin qalamkashlar ham bunday tugal sanalarda Yozuvchilar uyushmasiga kirib, yuqoridagi mahkamalarga maktub bitib, o‘zlarining yilliklarini “nishonlashni” so‘rashar... biron nishonga ega bo‘lishni istashar edi”.

Shukur Xolmirzayev “anchayin bir odam” va “anchayin qalamkashlar” birikmalarida “zo‘r, ko‘p, ancha” maʼnolarini emas, aksincha “shunchaki” maʼnosini ko‘zda tutgan. Bu so‘zni qo‘llashda Shukur Xolmirzayevdan ibrat olishimiz maʼqul bo‘ladi. Zero, “anchayin” so‘zini noto‘g‘ri qo‘llovchilar “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning birinchi jildidagi quyidagicha sharhni o‘qib olsa ziyon bo‘lmas edi: “Anchayin 1. Uncha ahamiyati bo‘lmagan; arzimagan, arzimas... 2. Chin ko‘ngildan emas, balki til uchida qilingan; shunchaki, yuzakigina”.

Turkiy so‘zlarning go‘zal tovlanishlariga katta ahamiyat bergan Cho‘lpon, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev va Tog‘ay Murod singari badiiy til bilimdonlari ko‘p bo‘lganida tilimizda maʼno buzilishlari yoki chetdan termin qabul qilinishiga chek qo‘yilgan bo‘lar edi. Eʼtibor bersangiz, o‘ttiz yillar avval “qomus” deyilganida faqat ensiklopediya tushunilar edi. Hozir bu so‘z konstitutsiyaga nisbatan ishlatilayotir. Yoki “yarmarka” so‘zini olaylik. U ruscha-internatsional termin deb taʼriflanadi. Aslida ruslar uni o‘rta asrlarda turkiy savdogarlardan talaffuzini buzib o‘zlashtirgan. Qozoq va qirg‘iz tillarida hozir ham “yarmarka” degan so‘zi o‘rnida “jarmenke” (mahsulotni jar chaqirib kel) degan so‘z faol qo‘llaniladi.

Tog‘ay Murod qo‘llagan so‘zlar tilimiz tarovatiga yot ajnabiy so‘zlarni muolaja qilishi turgan gap. Kerosin — yer moyi, shamol to‘suvchi — yelpana, zajigalka — yondirgich, shampun — sochsovun, papka — juzdon, doska — bitik taxta, seyalka — urug‘ sepgich kabi so‘zlarni o‘z asarlarida go‘zal ishlatgan isteʼdodli yozuvchimiz.

Yana bir misol. “Sabil” (shevada “savil”) so‘zi qirg‘inbarot janglardan so‘ng tutun hamda qon hidi ichida gangib yurgan ot, it, mol, mushuk, parranda kabi boshqa hayvonlarga nisbatan tirik qolgan odamlar tomonidan aytilgan va o‘zlaridan uzoqqa haydab yuborilgan. Shunday qilib, sabil — egasi o‘lgan, tashlandiq va qarovsiz jonivor. Demak, sabil qolgur — “egang o‘lib, egasiz qolgur” degan maʼnoni anglatadi. Xalq baxshilari ijodidan keltirilgan quyidagi misollar fik­rimizni tasdiqlaydi:

“Sensiz sabil bo‘lar Chambil elatim,

Eshitgin, Oqqizjon, yig‘laganimni,

Sabil qilay Shirvondayin shahrimni”.

O‘zbek tilining taraqqiyoti natijasida keyinchalik “joni sabil” birikmasi qo‘llana boshladi. U jonini egasiz narsadek ayamay qiynaydigan odamlarga nisbatan ishlatiladi.

Biz tilimizning bugungi holatiga doir ayrim muammolarnigina tilga oldik. Tilimizni asrash va yana-da boyitish esa har birimizdan fidoyilikni, vatanparvarlikni talab qiladi. Millat shaʼni va istiqboli yo‘lida bu masalada ortga yo‘l yo‘q. Avvalo, yosh avlod va rahbar xodimlarning til bobidagi savodxonligi va masʼuliyatini oshirish birinchi galdagi vazifamizdir.

Nodir G‘AFFOROV,

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va

sport universiteti kafedra mudiri,

 

Iqbol BOLTAYEVA,

filologiya fanlari nomzodi

"Yangi O'zbekiston" gazetasining 237-sonidan olindi

14.12.2020 1055