"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

INSON VA QORACHIQ

Hazrat Alisher Navoiy shohbaytlariga yana va yana qaytish ehtiyoji ko‘nglimizda har lahza paydo bo‘ladi.


Qaroko‘zim kelu mardumlig‘ emdi fan qilg‘il,

Ko‘zim qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.


Avvalgi suhbatlarda baytni sharh qilib, unda jam bo‘lgan teran mazmun, go‘zallik, sanʼatlarga birgalikda hayrat qilganmiz. Hozir endi gapimiz faqat birgina mardum so‘zi to‘g‘risida, bu forscha atamaning inson va ko‘z qorachig‘i degan maʼnolari to‘g‘risida bo‘ladi. Bir-biridan juda uzoq bo‘lgan bu ikki tushuncha nega shu bir so‘zda ifoda etilgan? Bu savolga javob izlab boshqa tillarga murojaat qilamiz. Arablar ko‘z qorachig‘ini insonul ayn der ekanlar. Yaʼni ko‘zning insoni. Arab tilida ham qorachiq va inson bir so‘z ekan. “Mahbubul qulub”da shunday satrlar bor:


Kelib ayni insonu insoni ayn,

Jahon vorisi Shoh Sulton Husayn.


Hazrat nazarida odil shoh insonlarning ko‘zi va ko‘zlarning  qorachig‘i.


Mardum so‘zida inson maʼnosi ham, xalq maʼnosi ham bor. Inglizlar xalqni people (pipl) deydilar. Ko‘zning qorachig‘i esa pupil (pyupl) bo‘ladi. Ajabo! Insonlar va ko‘z gavhari deyarli bir xil aytiladi. Rus tilida qorachiq qanday ifoda qilinadi? Vladimir Dal lug‘atini ochib qaraymiz. Зрачок, зеница qatorida человечек, мальчик  atamalari ham bor ekan. Arab, fors, ingliz, rus tillaridagi bunday o‘xshashlik kishini hayratga soladi, bu holning sababini izlashga majbur qiladi, albatta.


O‘ylasam, odamzodning ko‘ziga yaqindan tikilib qarasa, inson aksi ko‘rinar ekan. Bu, ayonki, tikilib qaragan insonning o‘z aksi. Lekin tasvir juda kichik va tanib bo‘lmas darajada boshqacha namoyon bo‘ladiki, biz qorachiqda o‘zimizni emas, notanish bir odamni, yaʼni umumiyatla insonni ko‘ramiz. Ko‘z qorachig‘i shu boisdan inson, mardum, pupil, человечек atalgan, desak xato bo‘lmas.


Pupil so‘zining yana bir maʼnosi talaba, o‘quvchi bola. Ruscha qorachiq maʼosidagi мальчик  so‘zini eslatadi. Biz o‘zimiz ham  farzandimizni qarog‘im deymiz. Bolani ko‘z qorachig‘iga tenglash deyarli barcha turkiy tillarga xos. Darhaqiqat, inson ko‘zdek aziz, aziz insonlar yashaydigan yurt ko‘zdek ardoqli. Do‘lanadekkina yer kurrasi ham ko‘z shaklida. Vatanimiz unda bamisoli gavhar. Shu bois yurtni ko‘z qorachig‘idek asraymiz, degan so‘z bizga yurtning o‘zidek qadrlidir.


Qaroko‘zim, kelu mardumlig‘ emdi fan qilg‘il.


Hayron bo‘lmang, bayt so‘zlarini buzib yozmadim. Biz qaro ko‘zim deb ikki so‘z tarzida yozishga o‘rganib qolganmiz. Vaholanki, qaroko‘z yagona tushunchani anglatuvchi yaxlit so‘zdir. Ajabo, sarvinoz, dilrabo, gulchehra, gulbadan so‘zlarini qo‘shib yozamiz, xatto, ism bo‘lgani uchun Gulbadanbegim, deya uch so‘zni yaxlit bitamizu, qorako‘zga kelganda ikkiga bo‘lib qo‘yamiz.


Atoqli adib Pirimqul Qodirovning dastlabki romanlaridan biri “Qora ko‘zlar” deb atalardi. Esimda bor, yozuvchi, bu nom qo‘shib yozilishi kerak, men ko‘zlar haqida emas, insonlar haqida yozganman, deya noshirlar bilan ko‘p talashgan, lekin so‘zini o‘tkaza olmagan edi. Imlo qoidasi shunday, deb turib olishgan. Balki, gap imlo qoidasida ham emas, muharrir qorako‘z atamasining tag maʼnosini tushunib qolgandir. Gap millat haqida ketayotganini anglab o‘zini ehtiyot qilgandir. Darhaqiqat, qorako‘zlar, deya muallif o‘zbeklarni ko‘zda tutgan edi. Lekin kitob “Qora ko‘zlar” nomi bilan chiqdi va chin maʼno pinhon qoldi.


Navoiyning shuhrat topgan shunday bayti bor:


Menga shohlar hilʼatikim, el tamosho qilg‘ali,

O‘zbakim boshida qalpoq, egnida shirdog‘i bas


Qaroko‘zim, deya Hazrat o‘zbekni atamagan, albatta. U zamonda millatni ko‘kko‘z, mallasochlardan ayirib nomlashga ehtiyoj yo‘q edi. Ovrupoliklar hali Xurosonga kelmagan edilar. Lekin men, baribir, qaroko‘zim deganda o‘zbegimni o‘ylayman. Bu g‘azal o‘zining teranligi bilan, unga bog‘langan kuyning go‘zalligi va nafisligi bilan o‘zbekning timsoliga aylangandek tuyuladi.


Erkin Vohidovning

“Soʻz latofati” kitobidan olindi

24.12.2020 923