- Bosh sahifa
- Maqolalar
- O‘zligiga qarshi bormagan shaxs
O‘zligiga qarshi bormagan shaxs
Taniqli yozuvchi, mohir publitsist, Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati Xurshid Do‘stmuhammad
jurnalistik faoliyatiga chizgilar.
Ustoz, zahmatkash olim, filologiya fanlari doktori,
taniqli yozuvchi,
mohir publitsist,
bag‘rikeng rahbar, shaxmat shaydosi, “Ofarin”,
“E'tirof” va “Ehtirom” milliy mukofotlari,
“Shuhrat” medali,
“Do‘stlik” ordeni sohibi,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammadning faoliyati haqida,
uning muharrirlik yo‘lidagi hayotiy
tajribalariga, jurnalistik faoliyatiga nazar tashlamoqchimiz.
Haqiqiy bosh muharrirlar har qanday davrda jamiyatning
yurak zarbini his qiladilar. Ayniqsa, zamon talablariga mos bo‘lmagan
tomonlarini, kamchiliklarini, yuzaga kelgan muammoyu taraqqiyotga to‘sqinlik
qilayotgan illatlarni avvalroq anglab yetadilar. Ularni bartaraf etish uchun
bong urishga harakat qiladilar. Bu bo‘layotgan yaxshiliklar, muvaffaqiyatlarni
tan olmaydilar degani emas, aslo! Yutuqlar o‘z yo‘liga! Zafarlar o‘zimizniki!
Zabt etilgan marralarga mahliyo bo‘lib qolishning oqibati esa... tushungan
odamga izoh ortiqcha.
Jonkuyar muharrirlarning muammoni ilg‘ab olishiga
ularning xalq bilan hamnafasligi, masalalar yechimi ustida atroflicha bosh
qotirishi, asl mutaxassislar fikrlarini eshitishi, izlanishi, ko‘p o‘qishi, dunyoning
rivojlangan o‘lkalari muvaffaqiyatlari bilan o‘z yurti ahvolini qiyoslay
bilishi, mavzuni jamoatchilik e'tiboriga yetkazishi, bir so‘z bilan aytganda,
axborotga ega bo‘lishi sababchidir balki... Ta'kidlab qo‘yaylik, gap
yurtparvar, xalqparvar ziyoli muharrirlar haqida ketmoqda.
Ammo... haqiqiy bosh muharrirlar uchun eng mashaqqati
bular emas!.. Eng mashaqqati mavjud muammoni gazeta-jurnalda ko‘tarib chiqsada,
uni hokimiyat sohiblariga yetkaza olmasligi, yetkazganda esa fikrini qabul
qildirolmasligidadir. Bosh muharrirning mehnatlari aksar hollarda rahbarlarning
e'tirozi, ko‘p hollarda tazyiqlariga duchor bo‘lishi, jamoatchilik esa uni
xushlasada, qo‘llab-quvvatlay olmasligi — alohida muammo.
Millat dardini olib chiqish Behbudiy, Munavvarqori,
Obidiy, Fitrat, Qodiriy, Ashurali Zohiriy kabi bobomuharrirlardan merosdir
balki? Ularning bari yurt manfaati, el koriga yarash yo‘lidagi zahmat
qurbonlaridir...
Ustoz olimimiz, O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi
Ibrohim G‘afurov Amir Olimxonning Behbudiy bilan salomlashishni ep ko‘rmagani
haqida o‘zi o‘rtanib, boshqalarnida o‘rtab yozgan badiasi yurakni larzaga
soladi (“Amir nega Behbudiyga qo‘l bermadi?”). Albatta, I.G‘afurov bu tadqiqot
asarida o‘sha davr muhiti, uchrashuv tafsilotlarini Mahmudxo‘ja Behbudiy yozgan
maqola va davr kechmishlari qiyosida tahlil qiladi, munosabatini bildiradi.
Lekin Ibrohim akaning savoli ochiq qolaveradi. Millat ichidan chiqqan ziyoli
yurtining ozodligi uchun boshini mustamlakachi jallod kundasiga qo‘yib bo‘lsada,
faoliyat yuritgani, xalqining ko‘zini ochish, hurlikka chorlash maqsadida
maktab ochib, darsliklar yaratgani, gazeta-jurnal ta'sis etib, vaqti kelganda
tanqidiy maqolalar yozgani... uchun bir guruh, ya'ni sanoqli vakillarni qabul
qilgan amir hamma bilan ko‘rishadiyu, Behbudiyga qo‘l uzatmaydi...
“Nima bo‘pti”, deya ko‘rmang. Nega Amir Turkistonni
toptagan imperiya vakillari bilan salomlashib, ularning hurmatini joyiga
qo‘yadiyu ezgulikni orzulagan jonkuyar muharrirni ruhan ezg‘ilaydi? Vaziru
xoslar Amir Olimxonga muharrir Behbudiy haqida qanday ma'lumotlarni
yetkazishgan edi?.. Haqiqatni nashrida e'lon qilgan muharrir, o‘z yurti –
ko‘hna Turkiston fidoyisi nega amirga yoqmagandi?..
Negaki, o‘sha davrda nashr etilgan “Samarqand”
gazetasi, “Oyna” jurnallariga bosh muharrirlik, “Hurriyat” gazetasi tahririyati
jamoasiga g‘oyaviy rahbarlik davomida Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonning boshqa
hududlari qatorida Buxorodagi muammo va kamchiliklarni ham keskin qoralagandi.
Shunday bo‘lsada, Amirning hurmatini joyiga qo‘yib, sharqona andisha bilan
yozgandi!
Sho‘ro davrida ham haqiqiy muharrirlarning qismatida
bunday voqealar ko‘p bo‘ldi. Sovet tuzumining so‘nggi yillarida “Yosh kuch”
jurnalida muharrirga o‘rinbosar bo‘lsada, maqolamiz qahramoni Xurshid
Do‘stmuhammad huquq posbonlari yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarni bir necha
maqolalarida fosh etadi. Aytgani-aytgan, degani-degan bu soha rahbarlari
“faoliyatimizdagi kamchiliklarni o‘rganibsiz, ishimizga yordamingiz uchun
rahmat”, deyish o‘rniga turli yo‘llar bilan, hech yo‘qsa, sovuq muomalayu
e'tiborsizlik bilan e'tiroz bildirishadi, iloji bo‘lsaku, raddiya e'lon qilish
talabi bilan chiqishadi. Axir tergovchiyu sudyalarga o‘xshab gumondorni
ishxonasiga “taklif” etib kamchiliklarni aniqlamadiku muharrir. Masalan,
Surxondaryodagi bir jinoyat ishi yuzasidan yozgan (“Adolatsizlik! Haqsizlik!
Xo‘rlik!”) maqolasini safarga chiqib, xonadonma-xonadon yurib, qo‘shimcha
guvohlar bilan suhbatlashib, tergovchilar “unutgan” ishlarni bir necha oy
davomida bajarsayu, yana malomatga qolsa?!
Xurshid Do‘stmuhammad “Yosh kuch”
jurnalida bosh muharrir sifatida (1994-95 yillar) davrning dolzarb mavzularini
belgilash, qo‘l ostidagi jurnalistlaru tashqi mualliflar bilan ishlab,
muammolarni jamoatchilik hukmiga olib chiqish borasida katta tajriba to‘pladi.
Nashrning mazmunini boyitish maqsadida ko‘p g‘oyalarini hayotga tatbiq etdi.
Bunda misol keltirganimiz xalqning nazaridagi eng muhim – huquqlari poymol
etilganlar himoyasiyu aholining huquqiy savodxonligini oshirishga oid
chiqishlar bilangina cheklanib qolmadi. U tahririyat rahbari sifatida inson
kamolotida muhim hisoblangan adabiyot, musiqa, falsafa va boshqa yo‘nalishlarga
ham e'tibor qaratdi. Masalan, taniqli kompozitor Anor Nazarovga savol bilan
murojaat qilib, milliy madaniyatimiz, shu bilan birga G‘arb, jumladan, opera
san'atining o‘ziga xosliklari, o‘zimizdan chiqqan taniqli xonandalarning qay
birida bariton, tenor, saprano kabi ovozlar borligi, oktava nimaligi haqida
javoblar olib, jurnalxonlarning bu boradagi ma'lumotini oshirishga hissa
qo‘shdi. Yoki fotojurnalistika bilan shug‘ullanadiganlar uchun “Bu olam bir
suratxona” ruknini tashkil etib, ular muhrlagan betakror lahzalarni jurnal
sahifalarida muntazam berib bordi. Nashr qatlarida yosh iqtidorlar, havaskor
jurnalistlarning asarlarini ko‘rishimiz esa muharrirning tetapoya qilayotgan
qalamkashlarga mehridan darak edi.
Xurshid Do‘stmuhammadning mustaqil O‘zbekistonning
yagona mustaqil nashri — “Hurriyat” gazetasiga bosh muharrirlik vazifasiga
o‘tganligi (2001) jamiyatda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar, demokratik
to‘lg‘oqlarni ko‘tarolmayotgan avlod evrilishlari bilan kechganligini
kuzatishimiz mumkin. Mustaqillikning to‘rtinchi yilidan keyin istiqlolni
mustahkamlash bahonasida erkinlashib kelayotgan matbuotga to‘siqlar qo‘yila
boshlandi. Ommaviy axborot vositalarida boshqacha fikr aytilmay qo‘ygani,
hatto, rahbarlarning o‘ziga ham yaqqol sezilib qoldi. Shunda matbuot erkinligi
mavjudligini ko‘rsatish maqsadida XX asrning 17-yilida chop etilib, bolsheviklar
tomonidan yopilgan jadidlar nashri nomida “Hurriyat” mustaqil gazetasini ta'sis
etishga izn berildi.
Gazetada bir nechta muharrirlar almashgach, Xurshid
Do‘stmuhammadni bosh muharrirlikka taklif etishadi. Holbuki, u hech bir
rahbarlik lavozimini so‘rab olgan inson emas. Hoynahoy unga bosh
muharrirlikning lozim ko‘rilishi inson kamoloti, davlat va jamiyat
taraqqiyotida evolyutsion yo‘lni, ma'rifat yo‘lini tanlagani, vazmin fikrlashi
bilan bog‘liq degan o‘y kechadi kishida.
Istalgan kishi uning berilgan imkoniyatdan foydalanib,
millatning huquqiy, siyosiy, ma'naviy kamolotiga xizmat qiladigan,
rahbarlarning hokimiyatni boshqarish ma'rifatini oshirish yo‘lida o‘ylab
qo‘ygan g‘oyalarini amalga oshirishga kirishganini gazeta taxlamlarini o‘qib-o‘rganib
aniqlab olishi qiyin emas.
Misollar esa ko‘p, masalan, hozirda marhum mutafakkir
olimimiz Najmiddin Komilovning “Vazir qanday bo‘lishi kerak?” sarlavhali turkum
maqolalari gazetaning bir necha (1998-yil 28-yanvar, 25-fevral, 11-mart, 27-may)
sonlarida berildi. “Davlatchilik” ruknidagi bunday maqolalarda hukumat
rahbariga kamarbasta bo‘lgan vazirlar dunyoqarashi, intellektual salohiyati
qanday bo‘lishi, davlat ishlarini yuritishda adolatparvar, xalqparvar,
tadbirkorlik sifatlariga, qalb tozaligiga ega bo‘lishi tarixiy dalillar asosida
yoritildi. Umuman, rahbarlar, rahbarlik ma'rifati gazeta sahifalarida asosiy
o‘rinda turdi. Amaldorning qanday bo‘lishi zarurligi haqidagi fikrlar aynan ana
shu xislatlar amaldagi boshqaruv xodimlariga yetishmayotganini bildirardi.
“Yosh kuch” jurnalida to‘plangan tajribasi bosh
muharrirga “Hurriyat”da ayniqsa, sud-huquq sohasidagi adolatsizliklar,
jamiyatda adolat o‘rnatish zarurati bo‘yicha materiallar uyushtirishda qo‘l
keldi. Avvalo, publitsist sifatida o‘z ijodi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘ldi.
Gazeta sahifalariga mangu muhrlangan H.Olimjonovning “Tanqid kimga yoqadi, hukm
o‘qigan sudyachi? Demokratlashayotgan jamiyatda sud hokimiyati va matbuot til
topishib keta olarmikan” (1999-yil 7-aprel) maqolasi o‘sha davrdagi
kamchiliklarni ochib berishdan tashqari bugun ham dolzarbligini yo‘qotmagan.
Muharrir
muallifning “Sudlarning mustaqil, adolatli va insonparvar, faqat qonunga
bo‘ysunadigan odil sud bo‘lishini istaganim holda, qaysi bosqichdagi sud
bo‘lmasin ularning ta'qib va tazyiqlar, iltimos yo ko‘rsatmalar ta'sirida hukm
va qarorlar, ajrimlar ijod qilmasliklariga tilakdoshman” kabi fikrlarini
“qaychi”lamasdan berishi o‘z davrining eng nozik masalalarini ma'rifat yo‘li
bilan olib chiqqanligini anglatmaydimi?
A.Aliqulovning “Oqlov hukmi — yo‘q darajada”
maqolasida juda o‘rinli savol qo‘yiladi, o‘tkir va mantiqli kinoya qilinadi:
“Bunga sabab nima: biz tergov sifati bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa
ko‘tarildikmi yoki...” Materiallarning bu taxlit berilishida bosh muharrirning
hech yo‘qsa yuragi baquvvat bo‘lishi kerak. Negaki aytilgan har bir so‘zni
o‘ziga nisbatan ayblov sifatida qabul qiladigan huquq-tartibot sohasi
mutasaddilariga bunday kinoyalar ham yoqmay qolgan davr edi.
Bu kabi maqolalarni gazetada chop etishga ijozat
bergan bosh muharrirning ertangi kuni notinch o‘tishi shubhasiz edi. Negaki, bu
gazetani o‘sha paytda alohida bir tashkilot — OAV taftishchisi bo‘lgan —
“senzor” o‘qimasdi. “Mustaqil gazeta” so‘z birikmasi uning nomi bilan yonma-yon
qo‘yilishining boisi ham shu edi aslida. Shu sababli chop etilgan gazeta katta
rahbarning stoliga kelib tushar va tabiiyki, har bir muammoli material
yuzasidan mutasaddilardan izoh so‘ralardi. Shu bois, gazeta chop etilgani hamon
tegishli mutasaddilar tomonidan o‘qilar, izoh berishga tayyorgarlik ko‘rilar,
iloji boricha bosh muharrirga ertaroq e'tiroz bildirishga harakat qilinardi.
Ana shu serg‘alva jarayon to‘xtaguncha bosh muharrirning boshi malomatdan
chiqmasdi. Bamisoli porox bochkasi ustida o‘tirgandek bu qadar behuzur va
behalovat holatni boshidan o‘tkazgan odamgina anglaydi buni.
Xurshid Do‘stmuhammadning bosh muharrir sifatida
tahririyatga nozikta'b, injiq (yaxshi ma'noda) jurnalistlarni taklif etishi,
ularning g‘oyalarini qabul qilishi bag‘rikeng, adolatli rahbar ekanligini
isbotlaydigan dalildir. O‘sha kunlarning birida boshqa bir ustozimiz,
“O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida faoliyat yuritayotgan taniqli
muharrir Mahmud Sa'diy “Hurriyat”ga o‘taman, deb qoldi.
— G‘oyalarimni Xurshidga aytgandim, ma'qul keldi
chog‘i, “keling”, dedi. Ba'zi fikrlarni o‘tkazish qiyin bo‘lsada, harakat qilib
ko‘raylikchi. Bu borada uning tajribasi katta, dunyoqarashi keng, — degani
yodda qolgan Mahmud akaning. Gazetadagi “Siymo” ruknidagi materiallarni ustoz
Sa'diy uyushtirganidan ko‘pchilik xabardor. Bosh muharrir va Mahmud Sa'diy
hamkorligidagi “Mutolaa — rohatbaxsh azob” ruknidagi “XX asr — kitob asri:
munosabatlar, mulohazalar, fikrlar” (1999-yil 12-may) deb nomlangan
qo‘shsahifada jahonning 10 ta va milliy adabiyotning 10 ta mashhur kitobi
haqidagi ma'lumotlarni, millat ziyolilarining kitobxonlik darajasini tahlil
qilsangiz ajib xulosalarga kelasiz.
Umuman olganda, Xurshid Do‘stmuhammad muharrirligida
gazetada boshqa nashrlardagidan farqlanadigan ruknlar tashkil etildi. Gazetaning
birinchi betida beriladigan “Yo‘g‘-e!” ruknidagi bor-yo‘g‘i bitta tesha
tegmagan gap muammoli, katta hajmdagi maqolalarda yoritishning imkoni bo‘lmagan
zalvorli fikr jurnalistik qitmirlikka misol bo‘la oladi. Ularning aksariyati
bosh muharrirga tegishli yoki uning roziligi bilan gazetada chop etilgan. Mana
ulardan ayrimlari:
“Fikrdan qudratliroq buzg‘unchi yo‘q”.
“Fikrning jinsi bo‘lmaydi”.
“Aqlli ko‘rinishni axmoqdan o‘rgan”.
“Poraxo‘r – uyatchan qaroqchi”.
“O‘zining qadriga yetgan qul – qul emas”.
“Tulkining zamoni keldi”.
“Duming likillab tursa – olg‘a ketish osonlashadi”.
“Qalam ahli – alam ahli”.
“Jurnalistning tili uzun, qo‘li kalta”...
Gazetani olgan zahotingiz shu rukndagi gapni o‘qiysiz
– qisqa, lo‘nda, fikrlashga undaydi. Fikrni o‘zlashtirib olgach, keyin labda
nimtabassum bilan gazetaning oxirgi betidagi “Ovoza” rukniga nazar tashlaysiz.
“Mart oyidan boshlab dehqonlar maoshlari oyma-oy berilarmish...”
O‘zini adolatli hisoblaydigan rahbarlarga yuborilgan
ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i emasmidi bu? Albatta, bu fikrlar zamirida jamiyatda
sodir bo‘layotgan salbiy tendensiyalarga munosabat yotibdi. Mutasaddilar bosh
muharrirning shu kabi hajviy qitmirliklariga 2002-yilning 30-yanvarigacha
chidashdi.
Biz bilan suhbatda o‘sha paytda bosh muharrir o‘rinbosari
bo‘lib ishlagan Norali Ochilov tahririyatda bo‘lib o‘tgan bir voqea misolida
Xurshid akaning rahbarlik xislatlaridan birini esladi.
“...1999-yil. Xurshid aka Jizzax viloyatida
saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib yurganda tahririyatni biz — yoshlarga
ishonib ketgandi. Gazetada bir viloyatdan nomzodi qo‘yilgan shaxsning ishonchli
vakili, buning ustiga tahrir hay'atimiz a'zosi bo‘lgan iqtisodchi professorning
saylov jarayonlaridagi noxolis vaziyatlarga oid maqolasini chop etdik. Dolzarb
mavzudagi qaltis maqola bir pasda yuqori tashkilotda jiddiy muhokamaga sabab
bo‘ldi. Bosh muharrir telefon yetmas joylarda ekan, shunday bo‘lsada, uni
boshqaruv aloqasi yordamida Toshkentga chaqirib olishdi. Kamina qalin devorli
bino kabinetlaridan birida bosh egik, ruhsiz holda o‘tirardim. Xurshid aka
shoshilinch kirib keldida, qisqa salom-alikdan so‘ng yelkamdan qoqib
xotirjamlik bilan: “Ha, otam, bo‘lib turadi, siqilmang”, deya dalda berganicha
o‘zi javob berish uchun ichkariga kirib ketdi... Ustoz eng qiyin vaziyatlarda
ham qo‘l ostidagilarni himoya qilib, barcha mas'uliyatni zimmasiga oladigan
rahbar deb bilaman.
“O‘zbekiston matbuoti” jurnali bosh muharrirligida ham
Xurshid Do‘stmuhammad adolat, o‘zlikni tanish, tanitish borasida ma'rifat
yo‘lidan qaytmagani nashr taxlamlaridagi materiallar mazmun-mohiyatida saqlanib
turibdi. U jurnalning 2002-yil 3-, ya'ni mart sonidan bosh muharrir sifatida
ish boshlagan.
“O‘zbekiston matbuoti”, asosan, jurnalistikaga
ixtisoslashgan nashr edi. Shu bois ham Xurshid Do‘stmuhammad publitsistikasida
munosib o‘rin tutgan huquq mavzusi xos tarzda berila boshlandi.
“Istaymizmi, yo‘qmi jurnalist hukmron siyosat, hukmron
mafkura bilan hamkorlikda ishlaydi. Shu havodan nafas olib yashaydi. O‘zining
faoliyatini uning yo‘riqlariga moslashtiradi. Lekin men o‘zimga qarshi borib
yozganimni eslolmayman. Yoki juda kam yozdimmi? Bilmadim. Men bironta
maqolamda, badiiy asarimda xijolat bo‘ladigan o‘rin, e'tiqodimga qarshi borgan
joyim yo‘q.
Qo‘rquv hamisha jurnalistning boshida qilichini
o‘ynatib turadi. Bu gapni aytadimi yo‘qmi yoki qanday ayta oladi deganday? Men
hamkasblarimga ko‘p aytganman, so‘z har qanday vaziyatda imkon topadi. So‘zni
yaxshilab mahorat bilan ishlata olsang, asossiz nazoratlarni, asossiz
tazyiqlarni aylanib, chetlab o‘tadi”, — deydi ustoz Xurshid Do‘stmuhammad.
Til o‘rganib, dunyo ilmi bilan bo‘ylashishga harakat
qilayotgan zamonaviy yoshlar matbuot ishini kapitalizm qonunlari asosida yo‘lga
qo‘yish zarurligini aytib, faqat vijdon sofligining o‘zi jurnalistika rivoji
uchun kifoya qilmasligini ta'kidlamoqdalar. 2004-yilda chop etilgan
“O‘zbekiston matbuoti” jurnalida esa yosh jurnalist D.Do‘ltayevaning bu
boradagi mulohazalariga ham o‘rin berilganini ko‘ramiz. U eski tutumlardan
qutulolmayotgan muharriru jurnalistlardagi kamchiliklarni shunday izohlaydi:
“24 million aholisi bor (qarang, oradan 16 yil o‘tib, aholimiz yana 10 millionga
oshibdi. H.S.) davlatda 250 ming nusxa rekord adad hisoblanadi
(nashrlarimizning qancha nusxalarda chop etilganiga ham e'tibor beringa!.
H.S.). Vaholanki, aholining bir foizigina o‘qiydigan gazetani xalq e'tiborini
qozongan deb bo‘ladimi?..
Menimcha, bu ahvolning ikki sababini ko‘rsatish mumkin.
1. Jurnalistlarimiz o‘z kasbi orqasidan katta pul
ishlash mumkinligiga ishonmaydi.
2. O‘zini haddan
tashqari ziyoli hisoblab, o‘quvchini savodsiz deb biladi. Gapda xalqning
bahosini eng muhim mezon, deb aytgani bilan, amalda o‘sha yuqori bahoga
o‘zining sifatsiz ishi bilan erishmoqchi bo‘ladi”.
Yosh jurnalistning mulohazasi, garchi o‘sha davr
muhitiyu muharrirlariga yoqmasada, aytilishga, “yashash”ga haqli edi. Bosh
muharrir ham shuni o‘ylagan va jurnalda chop etishga lozim topgani fikrimizga
dalildir.
So‘zimiz biroz cho‘zilgan bo‘lsada, bitta maqolada
ustoz Xurshid Do‘stmuhammadning tahririyat rahbari, muharrir sifatidagi barcha
qirralarini ochish mushkul. Bu borada u bilan hamnafas ishlagan jurnalistlar,
mualliflar, qabuliga arz bilan kelganlarning ham o‘z fikrlari bor. Uning
muharrirlik faoliyatini fundamental ilm chig‘irig‘idan o‘tkazadigan
tadqiqotchining ham o‘z qarashlari bo‘lishi mumkin. Demak, masalani ilmiy
jihatdan o‘rganish, tahlil qilish, xulosa chiqarish kelgusi muharrirlaru
siyosatdonlar, kerak bo‘lsa, rahbarlar uchun tavsiyalar ishlab chiqish soha
taraqqiyoti uchun foydali ishlar sirasiga kiradi.
Halim SAYID,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent