"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Alisher Navoiy abadiyati va renessans ehtiyoji

Bugungi global davrda hayotning talabi, zamonning ehtiyoji kun sayin o‘zgarib bormoqda. Ayniqsa, keyingi kutilmagan ofatlar miqyosi olam va odam dardlarini ham birlashtirdi. Uzoq tarixiy tamaddun tajribalari shuni ko‘rsatdiki, qay bir davr va makonda olam haqida qarashlar, odam to‘g‘risida mushohadalar salmog‘i yuksalsa, Uyg‘onish — Renessans qaror topadi, gumanizm muqarrarligi taʼminlanadi, umuminsoniy tuyg‘ular vujudga keladi. Biroq inson botini histuyg‘ular bilan to‘liq bo‘lsa ham hurriyat orzusi qadar qadr-qimmat egasi eng kamyobidir.

Shu maʼnodaki, odil jamiyat, ideal shoh va komil inson tuyg‘usi uchun, birinchi navbatda, olamu odam mohiyati anglanishi zaruriy holdir. Bu masala ilohiy taʼlimotlarda ham, bashariy qarashlarda ham, badiiy-estetik talqinlarda ham hech qachon dolzarbligini yo‘qotmagan va yo‘qotmaydi. Nafsilamrini aytganda, olamu odam mohiyati shu qadar keng va chuqurki, uni to‘liq qamrab olgan biror nuqtayi nazar mavjud emas, mavjud bo‘lganda ham ong va tafakkur sig‘imiga mos kelmasdi. Chunki olam va odam masalasi borliq va hayot mohiyati bilan tenglashib qoladi. Sharqda ilohiy-irfoniy qarashlar mumtoz tafakkur badiiy ifodalari uchun nechog‘liq ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, bu falsafa birinchi o‘rinda olam idroki va odam ishtiyoqidan ibtido olgandir.

Barcha nuqtayi nazar va talqinlarga binoan ham birinchi olam, keyin esa odam vujud etilgani aytiladi. Qiyosda esa olam va odam shakl-mazmun hodisasi singaridir.

Barcha masalalar kabi olam va odam, ayniqsa, insonga munosabat darajalaridagi qarashlar bir joyda yoki bir umumiy xulosada to‘xtab qolgan emas. Chunki olam va odam masalasida har qanday teran fikr nisbiy ekani allaqachon o‘z isbotini topgan. Biroq olam va odam mohiyatini ulkan salohiyat ila anglamasdan turib, barcha sohalarda va, ayniqsa, ijod, sanʼat, hayotda biror natijaga erishib bo‘lmaydi. Aynan sivilizatsiyalar, renessanslar ham odam mohiyatiga, olam tilsimiga eng yaqin kashfiyotlar, haqiqatlar zamirida tug‘iladi. Har qanday taʼlimot, yo‘sin yoki mahzab dunyo yuzini ko‘rishi va sobit bir maslakka aylanishi uchun o‘ziga xos olam va odam talqini tayanchiga ega bo‘lishi lozim. Busiz u qay darajada olamshumul va insonparvar bo‘lmasin, quruq nazariya bo‘lib qoladi. Buni bir asar misolida ham aytish mumkin. Unda kichik bo‘lsada, shu asarni hosil etadigan o‘ziga xos badiiy olam xaritasi va voqelikni harakatga soluvchi, fabulaga zebu-ziynat bag‘ishlovchi odam siymosi bo‘lmog‘i lozim. Jahondagi zabardast obidalar, muqaddas kitoblar, buyuk yodnomalar — barchasining poydevorida, eng avvalo, olam va odam masalalari turadi.

Olam qay darajada yorqin bo‘yoqlarda ifoda etilgan va odam nechog‘liq ulug‘vor suratlarda tasvirlangan bo‘lsa, asar Yosh avlod ongu shuuriga tahdid soluvchi asosiy omil bu o‘zligimizga yot bo‘lgan g‘oyalardir. Ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida bunday g‘oyalar asosidagi kurash avj olmoqda. Dunyoda kechayotgan jarayonlar, ayovsiz raqobat muhitida mafkuralar o‘rtasidagi kurash tobora keskinlashmoqda. Oqibatda buzg‘unchi g‘oyalar urchigandan-urchib, nosog‘lom qarashlar kuchayayotir. Xo‘sh, bunga qarshi qanday kurashmoq kerak? Prezidentimiz shu yilning 19-yanvar kuni maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamiyat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bajarishimiz zarur bo‘lgan aniq vazifalarni belgilab berdi. Davlatimiz rahbari hayotda maʼnaviyat masalasi eng ustuvor va eng birinchi vazifa ekanligini taʼkidlab, hozirgi kunda maʼnaviy tarbiya tuzilishining yangi strategiyasini yaratish tobora muhim vazifaga aylanayotganligiga alohida eʼtibor qaratdi. “Agar kimdir, maʼnaviyat masalasi — bu faqat Maʼnaviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o‘ylasa, katta xato qiladi”, — dedi davlatimiz rahbari. Chindan ham nafaqat har bir oila va har bir jamoada, balki har bitta inson uchun qaysidir tashkilotni maʼnaviyat ishi bo‘yicha javobgar yoki masʼul deb bilishimiz to‘g‘rimi? Umuman, maʼnaviyat deganda biz nimani tushunamiz, nimani anglaymiz? ham shu qadar qimmat va baland rutbaga ega bo‘ladi. Jahon adabiyotida bu masala ijodkorlarning doimo diqqat markazida bo‘lib kelgan, har bir sanʼat asari olam va odam mohiyatini yoritish, anglash hamda anglatish masalasiga qaratilgandir. Chunonchi, o‘zbek adabiyoti darg‘asi Alisher Navoiy ijodida bu masala talqinibarqaror tasvirlarga ega bo‘lib kelgan. Shu bois, shoir asarlari ham, shaxsiyati ham olam qadar rangin, odam singari mukammaldir. Bir tomondan, olam va odam masalasiga munosabat badiiy asar xarakter tabiatida o‘ziga xos ruh va falsafani vujudga keltiradi. Olamni o‘zicha idrok etish va unda insonning o‘rniga baho berish ijodkorning ham, badiiy asarning ham asl muddaosidir.

Shu nuqtayi nazardan, “Shohnoma”, “Shoh Edip”, “Qisasi Rabg‘uziy”, “Telba”, “Faust”, “Boburnoma”, “Qirol Lir”, “Alpomish”, “Qiyomat”, “Anna Karenina”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “O‘tkan kunlar”, “Yolg‘izlikning yuz yili”, “Lison ut-tayr”, “Jinoyat va jazo” va boshqa shu kabi asarlarni olam va odamga munosabati jihatidan qiyos etib bo‘lmaydi. Taqqos etilganda ham masala idrokida o‘ziga xosliklar yaqqol namoyon bo‘ladi, olam va odam konsepsiyasi bu asarlar badiiyatida o‘z “muhri”ni qoldirgani darhol ko‘rinadi. Hatto bir necha asarlarda bitta odam obrazi tasvirga olingan bo‘lsa ham olamga bo‘lgan qarashlar xilma-xilligi ular mohiyatida keskin tafovutlarni keltirib chiqaradi.

Alisher Navoiyning birgina “Xamsa” asarini oladigan bo‘lsak, garchi bu tipda yana ko‘p asarlar yaratilgan bo‘lsada, ularning har birida olam va odamni idrok etish masalalarining rang-barangligi tufayli bir obrazning turfa timsollari vujudga kelgan. Bu esa badiiy asar poetik olami rang-barangligi ayni masala mohiyatining turlicha anglanishidan ekanini ko‘rsatadi. Jahon adabiyotidagi xilma-xil “izm”lar, badiiy ijod tajribalari ham shundandir. Sharq, xususan, o‘zbek mumtoz adabiyotida ko‘p asrlar davom etgan anʼanaviylik mana shu masalaga bo‘lgan qarash va fikrlar mushtarakligi bilan izoh topadi.

O‘rta asrlar Sharq — Islom Renessansi mutafakkirlari olam va odam masalasiga doir turlicha nuqtayi nazarlarini bildirgan bo‘lsalarda, mohiyatan bir xulosa va mantiqqa tayanganlar. Bu Alisher Navoiy qalamiga mansub ushbu satrlarda o‘zining tugal ifodasini topgandir:

Olamu odam fidong o‘lsunki borsen, ey habib,

Sen g‘araz insondin, ar olamdin insondur g‘araz.

Bu satrlar nasriy bayonda: “Ey habib, sen borsanki, olam va odam senga fido bo‘lsin, insondan maqsad sensan, olamdan maqsad esa insondir” tarzida sharhlanadi.

Navoiy talqinida olam va odamdan tashqari “sen” olami haqida gap bormoqdaki, bu masala sharqona maʼrifat bilan bog‘liqdir. Chunki shoir taʼkidlaganidek, olam va odam aynan o‘sha “sen” tufaylidir. Gap shundaki, olam va odam bir masala sifatida qaralgunga qadar ham qadimda bu haqida turli afsonaviy-mifologik qarashlar yuzaga kelgan edi. Ular ijod mahsuli sifatida badiiy talqinlarga muayyan darajalarda taʼsir etib keladi. Misol uchun, islomiy, ibroniy, nasroniy qarashlarida birinchi inson sifatida Odam (Adam), zardushtiylik va ungacha bo‘lgan mifik talqinlarda Kayumars tilga olinadi. Qadimgi mif va eposlarda ham birinchi inson Kayumars bo‘lib, keyinchalik u birinchi podsho deb ham talqin etilgan. Uning kelib chiqishi “Bundaxshin” yodgorligidada uchraydi. Kayumars birinchi inson va shoh sifatida o‘rta asrlar qarashlarida saqlangan edi. U haqida Tabariy, Saolibiy, Beruniy, Firdavsiy, Balamiy kabi buyuk qomusiy olimlar yozib qoldirganlar.

Masalan, “Shohnoma” bo‘yicha Kayumars insonlarni qorong‘u g‘ordan olib chiqib, tog‘larda uy qurib yashashga o‘rgatgan, shaharlar bino etgan siymodir. Umar Xayyom “Navro‘znoma”sida Kayumars quyosh yili bo‘yicha o‘n ikki oy hisobini yaratgani qayd etiladi. Kayumars xalq afsonalarida yirik qimmatbaho gavhar egasi bo‘lib, uni sirli ravishda saqlashi aytiladi. Xuddi shunga o‘xshash afsona qadimgi Xorazmda ham saqlanib qolgan. Mifga ko‘ra, odam osmoniy (ruhoniy) va zaminiy (nafsoniy) yaratiq, unda yaxshi va yomon xislatlar mavjud. U yorug‘lik va qorong‘ulik nisbatidan vujudga kelgan bo‘lsada, ezgu maqsadlar timsolidir.

Ikkinchi Renessans davri mutafakkiri Alisher Navoiy ijodida olam va odam masalasi nihoyatda teran ruhda talqin etiladi. Mana shu bashariy-ilohiy teranlik mutafakkir ijodining abadiyatini taʼminlaydi. Islomiy manbalardagi masalaga bo‘lgan qarashlar Alisher Navoiy falsafiy-badiiy talqinlarining bosh masalasiga aylanadi. Aslida shoir badiiy asarlaridagi hamdu sano, munojot, vasf, madh, naʼtlar ham olam va odam sharafi uchun bag‘ishlovdir. Bulardan ko‘rinadiki, qadimul ayyomdan olam va odam masalasi har qanday taʼlimotning asosi bo‘lib kelgan. Yaʼni olam mohiyati odam va aksincha odam mohiyati olam orqali idrok etilgan. “Men yashirin ganj edim. Mening Tangriligimni biluvchi hech kim yo‘q edi. Mendan foyda olsin, deb xalq yaratdim. Men ulardan foyda olayin deb yaratmadim” qudsiy hadisi aynan shu uyg‘unlik akssadosidir. Sharqona qarashlar bo‘yicha Allohdan boshqa hammasi “olam”, faqat uning O‘zi olamlar egasidir. Koinot ham insonda aks etadi. Inson olamlar asli, uning kichik nusxasi, zohirda kichik, haqiqatda ulug‘ olamdir. Bunda amr olami, farishtalar olami, ruhlar olami, g‘ayb olami, qudrat olami, ilohiyot olami – “olami maʼnaviya” bo‘lsa, dunyo olami, koinot olami, xalq olami, zohir olami, tug‘ilish olami, ashyolar olami “olami mulk” sanaladi. Ularning markazini esa inson olami tashkil etadi. Har ikkala olamdan maqsad ham insondir. Alisher Navoiy taʼbiri bilan aytganda:

Ofarinishdin qilib inson g‘araz,

Oni aylab xalq ichinda beevaz.

Yaʼni yaratilishdan maqsad — inson bori yaratilganlar ichida tengi yo‘qdir. Bu talqin: “Biz Odam bolalarini mukarram qildik”, “Biz insonni go‘zal suratda yaratdik” kabi oyati karimalar ifodasidir. Insonning mana shunday “beevaz”ligi hazrat Alisher Navoiy lirik-epik ijodiyotining bosh masalasi hisoblanadi. Alisher Navoiy asarlarida shakllangan olam va odam masalalari talqini hodisasi butun mumtoz adabiyot jarayonida bir mohiyatga egadir. Gap shundaki, har qanday tamaddun odam haqiqatlariga yaqinlik, inson manfaatlariga moslik ehtiyoji samarasi o‘laroq yuz beradi.

Shu maʼnoda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sayʼ-harakatlari va Uchinchi Renessans haqidagi qarashlari zamirida ulkan sivilizatsiya — Uyg‘onish tajribalariga ega millat va mamlakat taraqqiyoti, kelajagi uchun fidoyilik bor. Bu yo‘lda amalga oshirilayotgan ezgu, xayrli ishlar va el-ulus g‘amidan boshqa g‘ami bo‘lmaydigan tuyg‘ular hayotimiz mezoniga aylanmog‘i zarur. Zero, bugungi globallashuv ham, Uchinchi Uyg‘onish — Renessans talabi va ehtiyoji ham shundan iboratdir.


Usmon QOBILOV,

SamDU dotsenti, filologiya fanlari doktori

"Yangi O'zbekiston" gazetasidan olindi

12.03.2021 1046