"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TINIQ KO‘ZGUGA G‘UBOR TUSHMASIN

“Tilingdan oldin qalbingni tarbiyat qil, chunki so‘z qalbda tug‘ilib, tilda namoyon bo‘ladi”, degan edi Jaloliddin Rumiy. Chindan ham o‘z yurtini sevgan, ona tili qadrini qalban his qilgan insongina bugungi kunda mamlakatimizda davlat tiliga qaratilayotgan eʼtibor va ushbu jarayondagi o‘zgarishlar qadrini teran anglaydi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg‘ona viloyat bo‘limi rahbari, Oliy Majlis senati aʼzosi, O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon SIDDIQOVA bilan ona tilimizning rivoji va bu borada yechimini kutayotgan muammolar to‘g‘risida suhbatlashdik.

— Hukumatimiz tomonidan davlat tilimizning rivoji, mavqeyining yuksalishi, o‘zbek tili meʼyorlariga amal qilinishi bo‘yicha keyingi yillarda bir qator qonun va farmonlar chiqdi. Viloyatda ayni boradagi ishlarda qanday yangiliklar, yaxshi tajribalar bor?

— Adashmasam, bundan  bir necha yil oldin Toshkentda oila muammolariga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda yigirma beshdan ziyod mamlakatlarning  olimlari ishtirok etdi. Anjumanni taniqli akademiklardan biri rus tilida ochdi (holbuki, zalda o‘tirganlarning qariyb 80 foizi millatdoshlarimiz edi). Birinchi, ikkinchi maʼruzalar o‘zbek olimlari tomonidan rus tilida o‘qilgach, nav­batdagi maʼruzani Koreyadan tashrif buyurgan koreys olimi sof o‘zbek tilida boshlaganda, gapning rosti, hammaning yuzu ko‘zi chaqnab ketgandek bo‘ldi. Notiq o‘zbek tilidagi go‘zal iboralar, maqollarni qo‘llab, shunday chiroyli so‘zladiki, o‘z tilimizning jozibasidan mutaassir bo‘ldik. Keyin yapon olimi ham o‘zbek tilida hayratomuz maʼruza qildi.

Ikki chet ellik olimning o‘zbek tiliga hurmati, ehtiromi, uni chuqur bilishi qalbimizda qanchalik iftixor, g‘urur uyg‘otgan bo‘lsa, o‘z ona tilimizga bepisandligimiz, beeʼtiborligimizdan yerga qaraganimiz hamon esimda. Afsus­ki, o‘n yillar davomida tilimizni bepisandlik, kamsitilishlardan himoya qilolmadik.  Bugun, ayniqsa, keyingi 3-4 yildan buyon mamlakatimizda bo‘layotgan buyuk o‘zgarishlar, yangilanishlar yuragimiz tubiga cho‘kkan o‘sha toshlarni eritdi. Bu xayrli yangilikni avvalo, ona tilimizga bo‘lgan munosabat misolida baralla aytishimiz mumkin.

Mamlakatimizda o‘nga yaqin adabiyot va ijod maktablarining, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil qilinishi ona tilimizni mukammal o‘rganishga, uni rivojlantirishga, chuqur ilmiy tadqiq qilishga, nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.  ­Prezidentimizning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va  “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqadi, deb o‘ylaymiz. Eʼtiborlisi, mutasaddilar tomonidan davlat tashkilotlari, bosh­qaruv idoralari, korxona va muassasalarda davlat tilida ish yuritish ahvoli tanqidiy o‘rganilib, tahliliy baho berildi. Seminarlar, davra suhbatlari tashkil etildi. Bu kabi ishlar davom etmoqda. Til bayrami jarayonlarida, ayniqsa, saʼy-harakatlarimiz faollashdi. 

— Ha, yashirishning hojati yo‘q: har yili Davlat tili qabul qilingan sana — 21-oktabr arafasida ishlar birmuncha jonlanib, bu mavzuda ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, joylarda tadbirlar avj oladi. Lekin bayram o‘tganidan keyin yana... sel kelganda suvlar birdan oshib-toshib, keyin yana o‘zanida sokin oqa boshlagani kabi bu boradagi ishlarimiz ham xotirjamlikka “ko‘miladi”. Bu yil respublikamizda birinchi marta nishonlangan Til bayramidan keyin yana avvalgiday loqaydlik, xotirjamlik boshlanib ketmadimi?

— Yoshlarimizning ona tilimizga muhabbatini kuchaytirish, ularning qorishiq tilda emas, sof o‘zbek tilida so‘zlashishga odatlanishlari uchun nimalar qilish mumkin, deb o‘ylaysiz?

— Menimcha, eng avvalo oilada, bolalar bog‘chalarida tilimizning jilosini, boyligini, maʼno kenglik­larini, ruhiyatini go‘daklar qalbiga singdirishimiz, bu jarayon maktab­larda davom etishi zarur. Lekin afsuslar bo‘lsinki, maktabni bitirgan Navoiy vorislari orasida o‘z ona tilida ravon so‘zlasha olmaydigan, fikrini aniq-tiniq bayon eta olmaydiganlar oz emas. O‘zbek tili va adabiyoti darslari juda past saviyada o‘qitilyapti, dars­liklarimiz talab­ga javob bermaydi. Shunday go‘zal til sohiblarining bolalari xuddi qalblari qulflab qo‘yilgandek. Biz esa o‘zbek tili darslarida qoidalar yodlatish bilan ovoramiz. Adabiyot o‘qitish orqali o‘quvchilarning tafakkuri, erkin fikrlashiga eʼtibor qaratmayapmiz.

Rivojlangan davlatlarda bu ish maktabgacha taʼlim dargohlaridanoq boshlanadi. Bizda, afsuski, oliy taʼlimda ham bunday reja yo‘q. Demoqchimanki, bizga o‘quvchilarni fikrlashga, ravonu go‘zal so‘zlashga o‘rgatadigan, millatning ichki madaniyati, tafakkurini tarbiyalaydigan yangi milliy darsliklar kerak. Ikkinchidan, bizda uzoq yillar davomida davlat tilini chuqur bilish uchun ichki ehtiyoj, talab yo‘q edi. O‘z ona tilini yaxshi bilmaydiganlar ham mansab pillapoyalaridan to‘siqsiz, bemalol yuqorilayverdi.

Menimcha, oliy taʼlimga kirish imtihonlarida, mutaxassislik fanidan test savollariga javob qaytargunga qadar, hamma sohada abituriyentlar insho yoki diktant  yozishlari amaliyotga kiritilishi kerak. Bu, eng avvalo, urchib ketgan savodsizlikning oldini oladi. (Yaqinda oliy taʼlimning filologiya yo‘nalishini bitirgan, akademik litseyda o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan  yosh ijodkor qo‘lyozmada yozgan sheʼrini ko‘rib berishimni so‘radi. Bir sahifalik sheʼrda 11 ta imlo xatosi. O‘qituvchining savodsizligi, o‘z fanidan bilimsizligi bino poydevorining qiyshiq qo‘yilishidan ham fojialiroq!)

Prezidentimizning  “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining bir bandida rahbarlikka nomzodlarning davlat tili va adabiyotni bilish darajasi imtihon qilinib, sertifikat berish masalasi belgilab qo‘yilgan. Menimcha, bu inqilobiy yangilik. Jamiyatni milliy yuksalishga olib chiqish uchun yorug‘ eshiklarni ochadigan hujjat.

Yana bir muhim masala: keyingi yillarda maktablardagi kutubxonalar zarur badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirildi. Adabiyotimizning ulug‘ ustoz­laridan biri Mirtemir domlaning xotiralarida o‘qigandim, adashmasam. O‘quvchi kitobni olib o‘qib topshirayotganda kutubxonachi opa: “Xo‘sh, bu kitobdan nimalar topdingiz? Qaysi qahramonlar sizga yoqdi?” deb imtihon qilar ekan. Shu imtihondan o‘tish, kutubxonachi oldida mulzam bo‘lmaslik uchun  o‘quvchilar kitobni qayta-qayta o‘qib, bir-biri bilan muhokama qilishar ekan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: “Bugungi kutubxonachi opalarning necha foizi bolalar qalbida ona tilimiz, adabiyotga muhabbat uyg‘ot­yapti?” Afsuski, ularning aksariyati o‘zi o‘qimaydi,  kitobga muhabbati yo‘q. Achchiq haqiqat shuki, bu tizim ishsizlarni band qilish dargohiga aylanib qolgan, nomutaxassis kadrlardan iborat. Ayni sohada jiddiy o‘zgarishlar qiladigan vaqt yetdi.

Bugungi kunda o‘zbek tilimizga bo‘lgan ehtirom, uni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish jahon miqyosida kundan-kunga ortib bormoqda. Xalqaro anjumanlarda, teleekranlarda xorijlik elchilarning, olimlarning o‘zbek tilida ravon gapirayotganiga guvoh bo‘lyapmiz, bu hurmat-eʼtibordan qalbimizda g‘urur, iftixor yuksalyapti. Ammo mamlakatimizda  butun umr yashab o‘zbek tilini mutlaqo bilmaydiganlar, bilishni istamaydiganlar, davlat tilini pisand qilmaydiganlar bor va bunga eng avvalo o‘zimiz aybdormiz. O‘zimizda yo‘q narsani boshqalardan qanday talab qilamiz?

Men fikrimni davlatimiz rahbarining  maʼruzasidagi mana bu  so‘zlar bilan yakunlamoqchiman: “Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni mustaqillikka bo‘lgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.

Donishmandlardan biri “Til va adabiyot katta yo‘lga qo‘yilgan ilohiy ko‘zgudir. Bu ko‘zguda har bir millat o‘zini ko‘rib turadi” deya nihoyatda ulug‘ taʼrif bergan. Shu ilohiy oyina, tiniq ko‘zguga g‘ubor tushmasin!


Muhtarama ULUG‘OVA suhbatlashdi.


"Yangi O'zbekiston" gazetasidan olingan.

26.03.2021 716