"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Alifbo takomili – tilimiz kamolotining muhim omili

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning o‘zbek tilining ona tili va ayni paytda davlat tili sifatidagi taraqqiyoti tarixida tom maʼnodagi burilish bosqichini boshlab bergan donishmandona nutqi, shu nutq so‘zlangan kuni imzolagan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni barchamizning ko‘nglimizni tog‘day ko‘targan chinakam tarixiy hujjatlardir. Ularda bu borada qilinadigan ishlar odatdagi emas, ko‘lam va mohiyat eʼtiboriga ko‘ra  tamoman yangicha o‘zanlarda, naqd natijalarni hadaf qilgan holdagi tarx tarzida o‘z ifodasini topgan. Xususan, Farmonda bir qator favqulodda muhim  vazifalar sirasida “lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish” ham ko‘rsatilgan. Shubhasizki, alifbo takomili tilimiz kamolotining muhim omillaridan biridir.

Zotan, tilning chinakam maʼnodagi aloqa va taʼsir quroli bo‘lishday bosh vazifasini yozuvsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Kishilik jamiyati tarixi qo‘lga kiritgan bilimu tajribalar, inson zakosi yaratgan nodir kashfiyotlar,  insoniyatning olis, ammo oydin badiiy tafakkuri mahsuli bo‘lgan so‘z sanʼati durdonalari, fozilu fuzalo, azizu avliyolarning haq yo‘lidagi, odam bolasini qobillik, komillik, odillik eshiklarini ochishga undash yo‘lidagi tabarruk kalomlari, jamiyatlar tarixining nurli va nursiz sahifalari va shu kabi axborotlarning barcha-barchasi avlodlardan avlodlarga, xalqlardan xalqlarga, qitʼalardan qitʼalarga bevosita yozuv orqali yetib boradi. Biz bugun yozuv tufayligina bir necha ming yillik ko‘hna tarix qaʼridagi tovushlarni eshita olamiz. Bu yozuvning tengsiz  qudratidir.

Yozuvning kashf qilinishi insoniyat madaniy taraqqiyotining chin maʼnodagi ibtidosi bo‘lib, og‘zaki til (nutq)ning zamon (vaqt) va makon (masofa) jihatidan cheklanganligi va bu cheklanganlikni bartaraf etishdan iborat mutlaq zaruriy ehtiyoj qonuniy ravishda yozuvning kelib chiqishiga olib kelganligi tabiiy.

Yozuv tovush tiliga qaraganda ancha keyin paydo bo‘lgan. Tovush tili, mutaxassislarning aniqlashiga ko‘ra, 400-500 ming yillar ilgari paydo bo‘lgan, yozuvning yuzaga kelganiga esa atigi 4-5 ming yil bo‘lgan (ehtimol, undan ham ko‘pdir), xolos.

Yozuvning yuzaga kelishi va tadrijiy rivoji jamiyat taraqqiyoti bilan, muayyan masofadagi kishilarning o‘zaro aloqa qilish ehtiyoji, siyosiy, huquqiy, diniy va estetik mazmundagi axborotlarni qayd etish, saqlash zarurati bilan bevosita bog‘liq. Jamiyatning rivojlanib borishi, tabiiyki, xilma-xil axborotlarni almashish, qayd etish zaruriyatini kuchaytiradi. Bu hol o‘z navbatida yozuv takomilini taqozo etadi. Dunyodagi yozuvlar shu tariqa shakllanib, takomil topib borgan.

Yuksak madaniyat sohibi bo‘lmish turkiy xalqlar, so‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, miloddan oldingi VI - V asrlardan boshlab O‘rxun alifbosidan foydalanganlar. O‘n asrdan ko‘proq vaqt mobaynida isteʼmolda bo‘lgan mazkur alifbo o‘sha davr turkiy tilining tovush qurilishini nihoyatda aniq ifoda eta olgan. Turkiy xalqlar islom dinini qabul qilgach, IX - X asrlardan boshlab, asosan, arab alifbosiga o‘tganlar. XX asrning boshlariga qadar ana shu yozuvdan foydalanib keldilar. 1925-yili Bokuda bo‘lib o‘tgan turkiyshunoslar qurultoyida Sho‘rolar mamlakati tarkibidagi turkiy xalqlarning lotin alifbosiga o‘tishiga qaror qilindi. Bu davrda tiniq milliy tafakkur egalari bo‘lgan juda ko‘plab ziyolilarimiz o‘zbek tilining muntazam  kamoli  uchun lotin  yozuviga  o‘tish nurli istiqbol ekanligi haqida qayta-ayta gapirganlar. Ana shu harakatlar natijasida O‘zbekistonda 1929-yilda bu alifbo joriy qilindi. Ammo tez orada, yaʼni 1940-yildan boshlab kirill yozuvi asosidagi  alifbo majburiy ravishda qabul qildirildi.

O‘zbekistonning mustaqilligi barcha sohalarda bo‘lgani kabi ona tilimizning ham, uning ifodachisi bo‘lmish yozuvimizning ham rivoju takomilini emin-erkin belgilash, taʼmin etish imkonini tug‘dirdi.

O‘tgan davrlar mobaynida mamlakatimizda  lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, umumiy o‘rta taʼlim va o‘rta maxsus taʼlim tizimlarida lotin alifbosi to‘liq joriy qilindi, darsliklar va boshqa o‘quv adabiyotlarining barchasi, shuningdek, mazkur taʼlim muassasalarida ish yuritish to‘lig‘icha lotin yozuviga o‘tkazildi. Bolalar uchun mo‘ljallangan davriy nashrlar mazkur yozuvda chop etilmoqda. Oliy taʼlimda ham lotin yozuvi o‘z o‘rnini egalladi, albatta, ayrim o‘qituvchilarning ish qog‘ozlarida kirill alifbosining hamon ishlatilayotganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda 1993-yilda lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi haqidagi qonun qabul qilingan, 1995-yilda mazkur alifboga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan va shundan buyon o‘ttiz yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, mamlakatimizda hamon ikki yozuvdan foydalanib kelinmoqda. Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalari bilan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish borasidagi ishlar keskin jonlandi. Prezidentimizning 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida 2021-yil 10-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ana shu qaror bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasiga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining yangi tahrirdagi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.Tabiiyki, bu loyiha yuzasidan turli mulohazalar bildirilmoqda. 

Bugungi kunda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi ayrim jihatlar, xususan, baʼzi harflarning ifoda tomonlarini takomillashtirish lozim ekanligi oydinlashib bo‘ldi.

Har qanday alifboning asosiy maqsadi xalq shevalaridagi tovush tizimini emas, balki adabiy tilning tovush tizimini aks ettirishdan iborat. Xalq shevalaridagi tovush tizimini aks ettirish uchun maxsus “fonetik alifbo” mavjud, uni tilshunoslik ilmida “transkripsiya yozuvi” deyiladi. Mavjud o‘zbek alifbosidagi harflarning 29 ta ekanligi o‘zbek xalq shevalarida ham 29 tagina tovush borligini bildirmaydi, o‘zbek xalq shevalarida tovushlar bundan anchagina ko‘p. Shuning uchun ham o‘zbek dialektologiyasida qo‘llanadigan transkripsion yozuvda belgilar miqdori sezilarli darajada ortiq. Alifboda tildagi mavjud tovushlar va ularning variantlari uchun emas, balki tovushlarning invariantlari, yaʼni fonemalar uchun tegishli belgi – harf tanlanadi. Masalan, o‘zbek alifbosida “i” fonemasi ifodasi uchun “i” harfi tanlangan, bu harf shu fonemaning barcha variantlarini ifodalayveradi, yaʼni “bilan”, “qiziq” “sahifa” kabi holatlarda bir fonemaning uch variantini ifodalaydiki, ularning har biri uchun alohida-alohida harf tayin qilish g‘ayriilmiydir. Mavjud o‘zbek alifbosini takomillashtirishday maqbul maqsad bilan hozirgi kunda mamlakatimizda bildirilayotgan mulohazalarning aksariyatida ana shu qabildagi fikrlar ham ilgari surilayotgani mutaxassisda taassuf tug‘diradi. Bu va bunga o‘xshash holatlar imlo va talaffuz qoidalari vositasida tartibga solinadi. Inglizlarning “biz Manchester” deb yozib, Liverpul deb o‘qiymiz” degan hazilomuz gaplari bor.

O‘zbek xalqining tili boshqa qardosh xalqlarnikidan farqli o‘laroq ko‘p shevalidir, uning tarkibida qipchoq ham, o‘g‘uz ham, qarluq ham bor. Shuning uchun o‘zbek tilida unlilarning yumshoq-qattiqligi qisman saqlangan bo‘lsada, bu sifatni yozuvda aks ettirish zaruriyati yo‘q. Shuni inobatga olganda, bugungi o‘zbek yozuvini takomillashtirish jarayonlarida singarmonizmni aks ettirishga urinish maqsadga muvofiq emas.

Albatta, joriy o‘zbek alifbosida takomillashtirishga muhtoj o‘rinlar yo‘q emas. Eng maqbul, taʼbir joiz bo‘lsa, ideal alifboning bosh tamoyili bir fonemaning bir harf bilan ifodalanishi, bir harfning bir fonemani ifodalashidan iborat, garchi bunga muntazam intilish bo‘lsada, ammo yer yuzida tamoman shu tamoyilni to‘lig‘icha namoyon qiladigan alifbo hali yo‘q.

Hozirgi o‘zbek alifbosida uchta fonema qo‘sh harf bilan ifodalangan. Ayniqsa, “ch” va “ng” harflari haqida shunday mulohazalarni aytish mumkin: “ch” harfi ko‘p jihatdan qulay emas, eng avvalo, savod chiqarishda ortiqcha qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi, “c” harfi (va uning nomi, demakki, “maʼno”si) ayni alifbo tizimida mavjud emas, shuning uchun o‘rgatuvchi o‘rganuvchiga oldin bu harfni o‘rgatishi (bu bir jarayon), keyin uni “h” bilan qo‘shish lozimligini (ikkinchi bir jarayon) uqtirib, bu qo‘shilma ifodalaydigan tovushni anglatishi kerak bo‘ladi. O‘qituvchi (albatta, o‘quvchi ham) bir harfni o‘rgatish (o‘rganish) uchun to‘liq ikki baravar kuch sarflash majburiyati ostida qoladi. Shuningdek, tilimizdagi “sh” tovushini ham “sh” tarzidagi qo‘sh harf bilan ifodalash ham maqsadga muvofiq emas. Loyihada bu ikki sirg‘aluvchi tovush uchun yakka harflarning belgilangani ayni muddao bo‘lgan. Loyihada “ng” qo‘sh harfining saqlab qolingani, bir qarashda “bir tovush (fonema) – bir harf” dan iborat bosh tamoyilning buzilganiday tasavvur uyg‘otadi. Chindan ham, bu o‘rinda mazkur tamoyildan chekinilgan, ammo bu ataylab, yaʼni muayyan texniknoqulaylikning oldini olish maqsadida qilingan. Boshqacha aytganda, lotin yozuviga asoslangan alifboga to‘liq o‘tilgach, kiril alifbosidagi juda ulkan miqdordagi xilma-xil kitoblarni lotinga o‘girish, yaʼni transliteratsi qilish ehtiyoji benihoya ortadi. Agar “ng” ni ham bir harf bilan ifodalashga o‘tilsa, avtomatik transliteratsiyada, masalan, “tong” (“ng” – bir tovush ), “menga” (“ng” – ikkita tovush) so‘zlaridagi “ng” lar bir tovush ifodasi bilan o‘girilib qoladi. Bu qo‘shimcha tuzatishlarni talab qiladi.     

Hozirgi mavjud lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosidagi yana ikki harf – “o‘” va “g‘” harflari shakllariga loyihada kiritilgan o‘zgartirishlar ham aynan texnik sabablar taqozosi bilan qilingan. Ularni maʼqullash maqsadga muvofiq.

Yana shuni ham aytib o‘tish joizki, baʼzan “x” va “h” harflarini bittaga keltirish, yaʼni ikki tovushni bir harf bilan belgilab qo‘ya qolish, shuningdek, “ ’ ” (tutuq belgisi)dan voz kechish qabilidagi mulohazalar ham eshitiladi. Ammo bu maqbul mulohaza emas. Dunyodagi til donishmandlarining qanoatiga ko‘ra, eng boy til sinonim yoki yana boshqa ifodaga rang-baranglik baxsh etadigan imkoniyatlari ko‘p bo‘lgan til emas, balki yozma anʼanalari qadimiy, adabiy yozma til meʼyoru mezonlariga qadimdan sohib bo‘lgan, muhtasham adabiyot durdonalarini yelkalagan tillar eng zangin va rangin til hisoblanadi. Bizning tilimiz esa ana shunday adabiy salobat va salohiyatga molik bir tildir, u hatto turkiy tillar oilasiga mansub 29 ta til ichida ham bu jihatdan benazirdir. “X” va “h” tovushlarisiz, shuningdek,  “ ’ ” (tutuq belgisi) ifodalaydigan talaffuz va ohangsiz o‘zbek tilining qadimiy salobati va teran nazokati muallaqlashganday bo‘ladi.   

Alifbodan to‘g‘ri foydalanish yo‘llarini, tabiiyki, imlo qoidalari belgilab beradi. Savodxonlikni taʼminlashda mukammal imlo qoidalari hal qiluvchi omillardandir. Savodxon bo‘lmagan jamiyatning kamoloti va taraqqiyoti haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham yangi alifbo loyihasi qonunan qabul qilingach, qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” muvofiq mazkur alifboning qo‘llanishi meʼyorlari, yaʼni imlo qoidalari yetakchi tilshunoslar, adabiyotshunoslar, shoir-yozuvchilar va amaliyotchilardan iborat  maxsus ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqiladi.

Bugungi kunda amaldagi imlo qoidalarida ham takomillashtirilishi lozim bo‘lgan bir qancha o‘rinlar mavjudligi ayon bo‘lmoqda. Masalan, bir qator so‘zlarning yozilishi, o‘zlashma so‘zlardagi ayrim tovushlarning ifodalanishi, o‘zak va qo‘shimchalar imlosi, qo‘shib va ajratib yozish qoidalarida mukammallashtirilishi, aniqlashtrilishi zarur bo‘lgan jihatlar ancha-muncha bor. Birgina misol, “O‘zbek tilining imlo lug‘ati” (1995) da oktyabr, sentyabr so‘zlari oktabr, sentabr tarzida qayd etilgani holda aktyor, montyor, samolyot so‘zlarini aktyor, montyor, samolyot shaklida “y” bilan yozish qoidalashtirilgan, tabiiyki, bunda imlodagi izchillikka putur yetgan. Ko‘rinib turganiday, o‘zbek tili imlo qoidalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan, tilimiz qonuniyatlarini to‘g‘ri aks ettiradigan va amaliyot uchun qulay taklif-tavsiyalarni ishlab chiqish tilimiz taraqqiyotini taʼminlash tarixida tubdan burilish boshlangan bugungi davrning tabiiy taqozosidir

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi loyihasini oqilona bir yo‘sinlarda va surʼatlarda maʼqullash maqsadga muvofiq deb o‘ylayman. Chunki alifbomiz takomili – tilimiz kamolotining muhim omilidir.

 

Nizomiddin MAHMUDOV,

filologiya fanlari doktori, professor,

O‘zbekiston FA O‘zbek tili,

adabiyoti va folklori instituti direktori

27.03.2021 1200