"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Savodxonlik alifbodan boshlanadi

“Har bir tilning yozuvi uning o‘ziga favqulodda mos va muvofiq bo‘lishi, shundagina yozuv tilning tabiiy va tarixiy taraqqiyotiga xalaqit bermasligi, tilning tugal tozaligiyu oydin ohangdorligiga putur yetkazmasligi” ko‘p ta’kidlangan haqiqatlardan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi  “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

So‘nggi kunlarda alifbo islohoti qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgani ham masalaning jiddiyligini ko‘rsatib turibdi. Ijtimoiy tarmoqlarda, matbuot sahifalarida keng jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan mulohazalarni kuzatarkanmiz, milliy alifboni tamomila isloh qilishni taklif etayotganlar bilan unga mutlaqo teginmaslikni yoqlayotganlar o‘rtasida qizg‘in bahs-munozara ketayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bu ikki zid qutb egalari, mana, bir necha yillardan buyon aniq to‘xtamga, murosaga kelmayapti.

Bizningcha, alifboni keskin tarzda, tamomila isloh qilish g‘oyasi qanchalik radikal tuyulsa, unga umuman tegmaslik fikri ham noto‘g‘ri qarash bo‘lib, muammolarning yechimiga mutlaqo xizmat qilmaydi. Chunki amaldagi alifbomizda takomillashtirmasa bo‘lmaydigan eng katta nuqsonlar aniq-tiniq ko‘zga tashlanib turibdi. Bu muammoli jihatlar yangi yozuvning hamyurtlarimiz o‘rtasida to‘la ommalashib ketishiga to‘siq bo‘lib kelyapti. Shu bois alifbo loyihasida mavjud noqulayliklar bartaraf qilinayotgani ayni muddao.

Keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan tanishib chiqqan har bir millatdoshimiz borki, unga befarq bo‘la olmaydi. Chunki milliy alifbo har qanday millatning yuzi hisoblanadi. Qolaversa, bu bizning kundalik ehtiyojimiz. Hech bo‘lmaganda, ish yuzasidandir yoki boshqa masalalardadir, u yoki bu tarzda xat almashamiz, bevosita harflarga murojaat qilamiz. Bu har jihatdan qulay bo‘lgan alifboga ehtiyoj tug‘diradi. Shu kungacha go‘yoki vaqtimiz tig‘izligi sabab telefonimizda yoki kompyuterimizda terayotgan matnimizda bilib turib, o‘ va g‘ harflaridagi (‘) belgisini yo qo‘llamadik, yo unga yaqin tutuq belgisi (’)dan foydalanib qo‘ya qoldik (qo‘lladim emas, qo’lladim yoki qolladim kabi). Shu sabab mazkur harflarda bu borada bilib-bilmay qilayotgan xatolarimiz haddan ziyod ko‘paygandan ko‘paydiki, bu masalaning yechimi faqatgina qat’iy alifbo islohi bilangina amalga oshishi mumkin deb o‘ylaymiz.

Bugungi kunda yurtdoshlarimizning alifbo loyihasiga turli shakllarda va mazmunlarda o‘z munosabatlarini bildirishayotganini kuzatyapmiz va bu yaxshi. Yuqorida aytganimizdek, har tomonlama qulay alifbo, nafaqat millat uchun, balki har birimizning ehtiyojimizdir. Qonun loyihasida ko‘pchilikni uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan ba’zi muammoli holatlarga asosli yechimlar taklif etilayotganidan faqat quvonish mumkin.

Biz alifbo loyihasidagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, ularga o‘z munosabatimizni quyidagilarda aks ettirdik:

Amaldagi alifboda o‘ va g‘ harflari bizni eng ko‘p qiynayotgan, texnik noqulaylikka, qolaversa, matnlarning xatoga to‘lib ketishiga sabab bo‘layotgan harflar hisoblanadi. Ushbu harflarni kompyuterda yozishda bir nechta ortiqcha amallarni bajarish lozim. Ular isloh qilinayotgani, ya’ni Ōō, Ḡḡ shakli alifbo loyihasiga kiritilganini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Yozuvimizdagi eng katta noqulayliklardan yana biri ch va sh qo‘shharflaridir. Ziyolilarning aksariyati ularni soddalashtirish, milliylashtirish tarafdori. Chunki xalqimiz azal-azaldan bir tovushga — bir belgi tamoyiliga ko‘nikkan. Qolaversa, bu tovushlar, ayniqsa, Sh tovushi o‘zbek tilida juda faol tovush hisoblanadi. Natijada ularning matnda ketma-ket kelishi o‘qish-yozish jarayonida noqulaylikni yuzaga keltirmoqda. Shu sabab loyihada taklif qilingan Ş ş harfi o‘rinlidir.

H va X harflarining alifboda alohida qayd etilishi juda muhim. Mumtoz adabiyotimizda, xususan, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari tilida mazkur harflar ishtirok etgan juda ko‘p so‘zlar bor. Ularning ko‘p qismi hozirgi o‘zbek adabiy tilida ham ishlatilmoqda. Mazkur so‘zlarning yozilish shakli yozuvimizda necha asrlardan beri an’ana sifatida davom etib kelmoqda. Shuningdek, bir qancha o‘zbek shevalarida mazkur tovushlar farqlanadi. Qolaversa, eng rivojlangan Sharq tillarida ushbu harflar ifodalagan tovushlar alohida fonema (ma’no farqlovchi tovush) sifatida mavjud.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda yangi alifboda H va X harflarini alohida belgilar bilan ifodalash to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.

Ng tovushi o‘zbek tilining qadimiy tovushlaridan hisoblanadi. Uni alifbodan chiqarish bitta milliy tovushimizni yo‘qotishga olib keladi. Shu sababli bu tovush alifboda saqlanishi shart.

Amaldagi alifboning tegishli o‘zgartirish va to‘ldirishlar bilan takomillashtirilishi savodxonlikni oshirishga xizmat qiladi, yozuv amaliyotini osonlashtiradi, shuningdek, milliy alifbomizning ilmiy-ta’limiy jihatdan puxta bo‘lishini ta’minlaydi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, alifbo islohida muammolardan cho‘chimaslik kerak. Jumladan, talim tizimidagi barcha darsliklar hamda boshqa muammolar vaqti-soati bilan yechimini topadi. Bu, albatta, oson emas. Muayyan qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Biroq millat kelajagi uchun takomillashgan alifboni qabul qilish hamda imlo va yozuv bilan bog‘liq muammolarni imkon qadar tezroq hal qilish eng muhim vazifadir. Takidlaganimizdek, milliy alifbo har qanday millatning yuzi hisoblanadi. Alifbo islohidan asosiy maqsad esa savodsizlikning oldini olishdir.

Dilrabo Andaniyozova,

O‘zbek tili, adabiyoti va fol'klori instituti

katta ilmiy xodimi,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

"Yangi O'zbekiston" gazetasidan olindi

31.03.2021 817