"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Firdavsiyni o‘zbekcha so‘zlatgan alloma

Shoislom Shomuhamedov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlanadi

Badiiy va g‘oyaviy salmog‘i bilan dunyo ahlini hayratga solgan “Shohnoma”ni barcha forsiyzabon xalqlar o‘zlarining ishonchli tarixi va bebaho qadriyatlari sifatida qadrlaydilar. Firdavsiyning salkam o‘ttiz yillik ijodiy mehnatlari samarasi bo‘lgan ushbu muhtasham obida taniqli sharqshunos olim va mutarjim  Shoislom Shomuhamedov saʼy-harakati bilan o‘zbek tiliga o‘girilgan. “Shohnoma” tarjimasi juda katta mehnat va vaqt talab etishini inobatga olgan olim bu ishga Jumaniyoz Jabborov, Nazarmat va Hamid G‘ulomni ham jalb etgan. Natijada shoh asar uch jildlik kitob holida o‘zbek kitobxonlari qo‘liga yetib bordi.       

Shoislom Shomuhamedov Umar Xayyomdek buyuk darg‘ani ham o‘zbek tilida biyron so‘zlatgan. Asli eronlik bo‘lgan faylasuf, shoir, munajjim, matematik va tabib Umar Xayyom qalamiga mansub forsiy ruboiylar ona tilimizda o‘z ohorini to‘la saqlagan:

Dunyoning tilagi, samari ham biz,

Aql ko‘zin qorasi – javhari ham biz.

To‘garak jahonni uzuk deb bilsak,

Shaksiz uning ko‘zi – gavhari ham biz.

Buyuk shoir ruboiylari Shoislom Shomuhamedov tarjimasida o‘zbek kitobxonlari qo‘liga yetib bordi va to‘plam sifatida 12 marta qayta nashr etildi. Tarjimon bu muvaffiqiyat sirini Xayyomning badiiy mahorati, ruboiylarning mazmunan chuqur, g‘oyaviy jihatdan teran, shaklan sodda, ravon va hammabopligi, tarjimada asliyatning ana shu xususiyatlarini asrashga urinilgani bilan izohlaydi.

Shoislom Shomuhamedov ruboiylarni aruzda emas, barmoq vaznida tarjima qilgan. O‘z davrida buni asliyatdan uzoqlashish va ruboiy talablarining buzish deya taʼna-malomat qiluvchilar ham bo‘lgan. Ruboiylarni aruz vaznida tarjima qilib, olim tarjimalarini yo‘qqa chiqarmoqchi ham bo‘lishgan. Biroq aruzda qilingan tarjimalar qolib, barmoqdagi tarjimalar xalq orasida mashhur bo‘ldi.

Taniqli adabiyotshunos Omonulla Madayev ustoz haqidagi xotiralarida shunday yozadi: “G‘afur G‘ulomning uylariga borib o‘z tarjimalarini o‘qib berganlarida, akademik shoirimiz 300 ga yaqin ruboiyning birontasini forsiy matndan tekshirmagan ekanlar. Shoislom aka o‘zbekcha ruboiyni o‘qigan zahoti G‘afur aka yoddan forsiyni o‘qishga tushar ekanlar. Har bir so‘z mohiyatini, maʼnosini izohlar, tarjimonning yutug‘ini yoki kamchiligini shu zahoti qayd etar ekanlar”.

Shoislom Shomuhamedov badiiy ijod bilan ham faol shug‘ullangan. “Vaqt”, “Ruboiylar, “Gulbog‘”, “Gulbog‘ sayri”, “Odam borki”, “Gulbog‘ nasimi”, “Durdonalar”  nomi ostida sheʼr, ibratomuz hikoyatlari va ruboiylardan iborat kitoblari chop etilgan. “Gulbog‘ nasimi” hikoyalar to‘plami Saʼdiyning “Guliston” va Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston” asarlaridan ilhomlanib yozilgan.

Eron hukumati tomonidan taʼsis etilgan Xalqaro Firdavsiy mukofoti sobiq ittifoq bo‘yicha faqat ikkita olimga nasib etgan, shulardan biri Shoislom Shomuhamedovdir.  

Bu yil Shoislom Shomuhamedov tavalludiga 100 yil to‘ladi.  1921-yil 16-aprel kuni Toshkent shahrida ziyoli oilada tavallud topgan olim 5 yoshida otasidan ayrilgan. Harbiy bilim yurtini tamomlagach, urushning dastlabki kunlarida frontning oldingi saflarida jang qilgan, og‘ir yarador bo‘lgach, Termiz chegara zastavasiga boshliq sifatida yuborilgan. 1947-yili Toshkent davlat sharqshunoslik institutining “Eron-afg‘on filologiyasi” fakultetiga o‘qishga kirib, ilmiy izlanishlarga bel bog‘lagan. Talabalik yillarida volidasi o‘tgan asrning 30-yillarida yuritilgan siyosat sabab hovliga ko‘milgan katta xumni kavlab, ichidagi bebaho xazinani – otasi tomonidan yashirilgan noyob kitoblarni beradi. Olim umri davomida kitoblarga oshno bo‘ldi, kitob sotib olishni va ularni mutolaa qilishni o‘ziga odat qildi. Sharqshunoslik instituti Toshkent davlat universitetidan (hozirgi O‘zMU) ajrab chiqqan paytda kutubxonasi bo‘m-bo‘sh ekanini ko‘rgan olim olti mingdan ortiq kitobini talabalar o‘qishi uchun kutubxonaga sovg‘a qiladi.

Olimning ko‘p yillik mehnat faoliyati oliy o‘quv dargohlarida, ixtisoslashgan kengash va tahriyatlarda kechdi, yuzlab shogirdlar yetishtirdi.

Shoislom Shomuhamedov O‘zbekiston davlat nashriyotining Sharq xalqlari adabiyoti bo‘limini boshqargan yillar davomida Sharq adabiyotining yuzlab namunalari, jumladan “Ming bir kecha” ertaklari (8 jildda) Robindranath Thokurning yetti tomlik kulliyoti, 200 jildlik “Jahon adabiyoti kutubxonasi” seriyasidagi noyob asarlarni tarjima va nashr qilish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi.

Fidoyi olim Eron safariga borganda xotira daftariga shunday fikrlar yozgan ekan: “Men o‘zbek kitobxonlarini Rudakiyning tog‘ havosidan musaffo sheʼrlari, Umar Xayyomning har qanday horg‘inlikni birdan oladigan ruboiylari, Hofizning jo‘shqin yurak alangasi o‘ynab turgan g‘azallari, hayot tajribasidan kamolotga yetgan donishmand Saʼdiyning hikmat to‘la misralari, xullas, fors-tojik so‘z xazinasiga turli-tuman jilo berib turgan hamma javohirlaridan bahramand etgim, ularni dunyoga ko‘z-ko‘z qilgim, bu ajoyib gulzoning xushbo‘y isini elimga yetkazgim keladi”.

Shoislom Shomuhamedovning ijodiy muvaffaqiyatlarida turmush o‘rtog‘i Hayotxon ayaning xizmatlari katta bo‘lgan. Samimiy muhabbat asosiga qurilgan oilada uch nafar farzand voyaga yetdi. Farzandlarining xotiralarida olim oilaparvar umr yo‘ldosh va mehribon ota sifatida gavdalanadi. Erkin Vohidov shoir va olimlarning oilaviy yig‘inlaridan birida ustozning turmush o‘rtoqlari Hayotxonga bag‘ishlagan ruboiy o‘qib berganini yodga oladi:

Baxtiyor desalar arzir otimni,

Keltirayin bunga qo‘sh isbotimni:

Ko‘krakdan o‘q yedim, o‘lmayin qoldim,

Muhabbatda topdim chin Hayotimni...

Jahon badiiyati durdonalarini tadqiq va tarjima qilish, xalqimiz orasida keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarda Shoislom Shomuhamedov yaratgan maktab va u yetishtirgan shogirdlarning xizmatlari katta. Yubiley tadbirlari orqali yosh avlodni olimning ibratli hayot yo‘li bilan tanishtirish, muborak nomini xotirlash, asarlarini qayta nashr qilish maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi islohotlarga hamohang bo‘ladi degan umiddamiz.  

Shahnoza Ergasheva,

filologiya fanlari nomzodi

06.04.2021 968