"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tili masalasiga befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q!

Baʼzan o‘ylanib qolaman. Ona tilimizni qay darajada asrab-avaylab, himoya qilyapmiz? Uni qadrlay olyapmizmi? Agar o‘sha 1989-yilda «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinmaganida, bugun tilimiz qanday ahvolda bo‘lardi?

Bu kabi savollar har birimizni har kuni o‘ylantirishi lozim. Chunki xalq taqdiri til bilan bog‘liq. Ona tilimiz bor ekan, o‘zbek xalqi bor. Yaʼni, til bo‘lmasa, xalq millat sifatida tan olinmaydi.

Taʼkidlash joiz, so‘nggi yillarda tilimizni rivojlantirishga har qachongidan jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xalqimizning davlat tiliga bo‘lgan munosabati, talabi ham keskin o‘zgardi. Davlat tilini barcha sohalarda keng qo‘llashga harakat qilinmoqda. Biroq bu boradagi ishlar hali yetarli emas. O‘zbek tilining maqomini yanada kengaytirish, tilimizning xalqaro nufuzini oshirish zarurati har doim bo‘lib kelgan va bu jarayon to‘xtamasligi ham kerak.

Maʼlumki, «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunga o‘tgan yillar davomida bir necha bor tahliliy qo‘shimchalar kiritilib, yanada takomillashtirildi. Bugungi kun o‘zgarishlari, talab va ehtiyojidan kelib chiqib, ushbu qonun yangi tahrirda tayyorlandi va shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida keng muhokama qilinmoqda.

Milliy qadriyatlarni asrash, ayniqsa, ona tilimizning nufuzini oshirishni eng ustuvor vazifa bilgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Partiya dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, yangi tahrirdagi qonun loyihasiga quyidagi takliflarni ilgari surmoqda. Jumladan, davlat xizmatlarida ishlayotgan barcha xodimlar o‘zbek tilini bilishi shart. Chunki endi barcha ish hujjatlari davlat tilida yuritiladi. Jismoniy va yuridik shaxslar davlat organlari va muassasalarga davlat tilida murojaat qilishi, boshqa tildagi murojaatlarga esa, davlat tilidagi tarjimasi ilova qilinishi hamda murojaatlarga davlat tilida javob qaytarilishi  lozim. Sud bilan bog‘liq jarayonlar, ishlar davlat tilida va qoraqalpoq tilida yuritilishi shart.

Maʼlumki, Konstitutsiyada mamlakatimizda yashayotgan barcha fuqarolarga o‘z ona tilida taʼlim olish huquqi berilgan. Partiya shu huquqni saqlab qolgan holda, o‘zbek fuqarolari boshlang‘ich taʼlimni o‘z ona tilida olishi tarafdori va bu yangi tahrirdagi qonun loyhasida aks etishi lozim.

Albatta, yangi tahrirdagi qonun loyihasiga kiritilayotgan bunday o‘zgarishlar yetarli emas. Ona tilimizning jamiyatimizdagi qadrini, mavqeyini oshirish uchun hali juda ko‘p o‘zgarishlar qilishimiz lozim. Bu borada kutilayotgan qarshiliklarga ham tayyor turishimiz kerak. Tashqi taʼsirlar bo‘lishi tabiiy, ammo avvalo ichki qarshiliklarni yengishi zarur. Chunki fraksiya yig‘ilishida Oliy Majlisning qonun loyihaga masʼul qo‘mita vakili tomonidan “Milliy tiklanish” takliflariga qarshi fikrlar bildirildi.

Davlat tili bilan bog‘liq har qanday masalalarni muhokama qilganda Prezidentimizning quyidagi fikrini inobatga olib, ish ko‘rsak, Vatan, xalq oldidagi farzandlik burchimizni bajargan bo‘lamiz: “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni mustaqillikka bo‘lgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.

 

Muborak AHMEDOVA

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,

“Milliy tiklanish” demokratik  partiyasi fraksiyasi aʼzosi

mt.uz

20.04.2021 621