"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til – millat taqdiri va istiqboli

Til – millat sha’ni va g‘ururini o‘zida ifoda etadi. Shu ma’noda uni millat qiyofasiga mengzash mumkin. Aslini olganda dunyodagi barcha xalqlar ham o‘zining milliy davlat tiliga ega emasligi har birimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlash bilan birga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Negaki tilni asragan elni asraydi.

Millat hech qachon fidoyilarni unutmaydi. Bundan 31 yil muqaddam mustaqillikka erishmasdanoq Birinchi Prezidentimiz tomonidan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish masalasiga alohida e’tibor berdi. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu yurtdoshlarimiz hayotida unutilmas, tarixiy kunga aylandi.

Agarda ona tilimizga o‘sha paytlarda davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmaganida balki bugun Alisher Navoiy, Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yo‘qolib ketarmidi?!

Sobiq mustabid tuzum davrida milliy til muammosini dangal muhokama qilish, millat ma’naviyati, milliylik mavzusida bahs yuritish juda qiyin masala bo‘lgan. Qolaversa, ittifoqdosh respublikalarning milliy tiliga davlat tili maqomini berish ularning mustaqilligini tan olish bilan barobardir. Shuning uchun ham joylarda bo‘lib o‘tadigan anjumanlar, hamma hujjatlar to‘liq rus tilida yuritilgan. Bu orqali rus tilini bilmagan odam qaysidir ma’noda kamsitib kelinishi orqali millat ruhini sindirishga harakat qilingan.

E’tibor bersangiz, o‘sha paytda yuqori lavozimlarda ishlaganlarning ko‘pchiligi o‘zi o‘zbek bo‘lsa ham ona tilini bilmagan. Bu esa ularda ona tilini sevish, o‘zi tug‘ilib o‘sgan zaminga, ajdodlarimiz ming yillar davomida yaratgan buyuk madaniy merosga, ota-onaga, urf-odatlarimizga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lishiga zamin yaratgan. Bunday ayanchli holat millionlab yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi dardu armoni bo‘lib kelgan.

Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.

Shu o‘rinda turkiy xalqlar iftixorlaridan biri bo‘lgan adib Ch.Aytmatovning “Toki til mavjud ekan – xalqning umri boqiydir. Har bir til muayyan xalq uchun aziz hisoblanadi. Har birimiz bizni voyaga yetkazgan, bizga eng bebaho boyligini – tilini hadya etgan xalq oldida qarzdormiz: tilimizning sofligi uchun, boyishi uchun jon kuydirsak, farzandlik burchini ado etgan bo‘lamiz” degan so‘zlarini qayta-qayta bor ovozim bilan aytgim keladi.

Darhaqiqat, tilimiz juda boy, lekin unga nopisand qarayotgan ham, kambag‘allashishiga “hissa qo‘shayotgan” ham o‘zimiz ekanligimiz tashvishlanarli holatdir.

Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida xususiy mulk va tadbikorlik subyektlarining qaysi birining peshlavhasiga qarmang rus, ingliz va boshqa tillardagi allambalo yozuvlarni uchratasiz. Eng yomoni, ana shu peshlavhalarni ko‘z-ko‘z qilayotganlarning o‘zi u yerda yozilgan so‘zlarning nima ma’no berishini tushunmaydi. Hattoki, eng chekka hududlarga borsangiz ayrim savdo va maishiy xizmat uylarining peshlavhalari rus tilida yozilganiga guvoh bo‘lasiz. Vaholanki, o‘sha hududda rus millatiga mansub aholi yashamaydi. Ulardan nima uchun bunday yo‘l tutganini so‘rasangiz, chet eldan kelayotgan turistlar uchun shunday yo‘l tutishayotganini pesh qilishadi. Bu tarzda davom etadigan bo‘lsa, millatimiz timsoli bo‘lgan o‘zbek tilini qanday asrab qolamiz.

Xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.

O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish tobora kuchaymoqda.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash maqsadida yurtboshimiz tomonidan 2019-yil 21-oktyabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son farmonni imzoladi.

Farmonga asosan davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish, ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish, geografik va boshqa toponimik obyektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi ishlarni jadallashtirishda bir qancha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgan bir paytda ayrim savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari, tashkilotlar, idoralar hamda muassasalarda, shuningdek, ularning hududida o‘rnatilgan tashqi yozuvlar, peshlavhalar, e’lonlar, reklama va ko‘rgazmali axborot matnlarining deyarli hamma yozuvlari rus va boshqa millatlar tilida aks etirilgani davlat tili qoidalariga, tilga, millatga, xalqqa bo‘lgan hurmatsizlik emasmi?

Endi o‘zbek tilini nafaqat ruscha so‘z va iboralardan, balki boshqa turli tillar tahdididan himoya qilishimiz kerak. O‘zbek tili mavqeyi uchun kurashish vaqti keldi deb o‘ylayman. Tilimiz mavqeyi uchun kurashish har birimizning ulug‘ maqsadimizga aylanishi kerak. Ona tilimiz mehr-muhabbatga, qarov-ardoqqa muhtoj bo‘lmasin.

Q.Astonov

Navoiy viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

26.03.2020 947