"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL – MILLATNING JONI VA QONI

Balki eshitgandirsiz, 1958-1959-yillarda Ozarbayjonning barcha birinchi rahbarlari ishdan olib tashlangan. Buning o‘ziga xos sababi bor.

Ozarbayjonning 1937-yilda qabul qilingan Konstitutsiyasiga 1956-yil 21-avgustda «Ozar tili – Ozarbayjon SSRning davlat tilidir» degan modda kiritildi. Shundan so‘ng Boku rahbariyati barcha korxona va tashkilotlardan davlat tilida ishlashga o‘tishni talab qildi. Jamiki ish qog‘ozlari ozar tiliga o‘tkazila boshlandi.
SSSR rahbari N.Xrushchyovning millatchilikka berilish haqidagi aybloviga Ozarbayjon Kompartiyasi Markazqo‘mining birinchi kotibi Imom Mustafoyev keskin javob qaytardi: «SSSR Konstitutsiya­siga ko‘ra, Ozarbayjon – sovet sotsialistik davlati. Shunday ekan, uning davlat tili ham bo‘lishi shart. Davlat tili mavjud ekan, uni qo‘llash lozim».

Respublika Oliy Soveti Prezidiumi raisi, atoqli yozuvchi Mirza Ibrohimov kadrlar tanlashning asosiy prinsipini shunday izohlagan edi:

– Hozir yigirmanchi yillar emas. Endi bizda davlat tilini bilmaydiganlarni almashtirish uchun milliy kadrlar yetarli.

Ibrohimov barcha ozar bo‘lmaganlarga til o‘rganish uchun yarim yil muhlat berishni taklif qildi. Kim o‘rganib olsa, lavozimida qoladi.

Talabalar bilan uchrashuvda Mirza Ibrohimov shunday degan edi:

– Ozar tilini bilmaydigan yoki bilsa ham, ona tilida gapirmaydigan ziyoli – ziyo­­li emas, u murtad, ablah, sotqin odamdir!

Jumhurraisning bu so‘zlari gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.

Bu muammoni Ozarbayjon Kompartiya­­si Markazqo‘mining ideologiya masalalari bo‘yicha kotibi Abdulla Bayramov ham 1957-yil 16-martdagi Byuro yig‘ilishida sal yumshoq tarzda bayon qilgandi.

Hukumat topshirig‘iga ko‘ra, barcha majlis va yig‘ilishlar davlat tilida o‘tkaziladigan bo‘ldi, xalqaro anjumanlargina bundan mustasno edi. Bir gal madaniyat masalalariga bag‘ishlangan anjumanda kompozitor Qora Qorayev rus tilida gapirgani bois eshitadiganini eshitdi.

Bularning bari SSSR rahbariyati toqatini toq qildi. 1958-yilda Mirza Ibrohimov lavozimidan «o‘z iltimosiga ko‘ra, adabiy ijod bilan bafurja shug‘ullanishiga imkon yaratish uchun» ozod etildi. Shuningdek, Abdulla Bayramov, Oliy Sovet raisi Sodiq Rahimov ham ishdan olindi. 1959-yil 8-iyulda Ozarbayjon KP MQning Birinchi sekretari Imom Mustafoyev millatchilikda ayblanib, ishdan bo‘shatildi va Markazqo‘m byurosi tarkibidan chiqarildi.

Garchi respublika rahbarlari ishdan olingan bo‘lsa ham, markaz ittifoqdosh ­respublika Oliy Soveti chiqargan qarorni bekor qilishga jurʼat etolmadi. Ozar tili respublika Konstitutsiyasida davlat tili maqomini saqlab qoldi. Shunday qilib, Ozarbayjon Armaniston (1937) va Gruziya (1937)dan so‘ng o‘z Konstitutsiyasida milliy tiliga davlat tili maqomini bergan uchinchi va oxirgi sovet respublikasi bo‘ldi. Boshqa ittifoqdosh respublikalar konstitutsiyalarida esa davlat tili to‘g‘risidagi modda yo‘q edi. Bunday modda SSSR Konstitutsiyasida ham bo‘lmagan, biroq hamma joyda rus tili shunday maqomga ega edi.

1978-yili yangi Konstitutsiya qabul qilinishi arafasida sovet rahbariyati SSSR Konstitutsiyasida, shuningdek, barcha ittifoqdosh respublikalar konstitutsiyalarida rus tilini davlat tili deb belgilashga qaror qildi. Bu – Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyada milliy tillarning davlat tili maqomini bekor qilish degani ham edi.
Unga javoban, 1978
-yil 14-aprelda o‘n minglab odamlar Tbilisi ko‘chalariga chiqdi. Ona tilini himoya qilish bo‘yi­­cha ommaviy harakatlar tufayli Gruziya SSRda gurji tili davlat tili maqomini saqlab qoldi. Shundan buyon 14-aprel Gruziyada rasmiy bayram sifatida nishonlanadi.

O‘sha yili Ozarbayjonda ham talabalar respublika rahbariyatining eʼlon etilmagan roziligiga tayanib, Mirza Fatali Oxundov haykali oldida davlat tilini himoya qilish uchun uyushtirilgan mitingga to‘planishdi. SSSR rahbariyati vaziyatni keskinlashtirmaslikka qaror qildi va til siyosati borasidagi mashʼum rejasidan voz kechdi. Ozar tilining davlat tili maqomi saqlab qolindi.

Shunday qilib, gurji va arman tili davlat tili bo‘lganiga bu yil 84 yil, ozar tili shunday maqomga erishganiga esa 65 yil to‘ladi. Ular SSSR iskanjasida turib ham ona tilining maqomini aslo boy bermagan. Chunki bu yurtlarda tili va millati ori uchun kurashadigan, mansab-martabasini ona xalqi manfaatidan ustun ko‘rmagan odamlar rahbar bo‘lishgan edi…

Ozarbayjon xalqi tarixida bo‘lib o‘tgan bu voqealarni men nega esga olayapman?
Bir manbada «Har bir milliy til bir davlat tuzish salohiyatiga ega, ammo hech bir davlat bironta tilni yarata olmaydi», degan gapni o‘qigan edim. Darhaqiqat, til – millatning o‘zagi, qon tomiri, jon tomiri. Til bo‘lmasa, millat yo‘q, millatsiz esa mamlakat ham yo‘q. Bundan maʼlum bo‘ladiki, bugungi O‘zbekiston davlatining, O‘zbekiston mamlakatining negizida o‘zbek tili turadi.

Keyingi yillarda ona tilimiz mavqeyini yuksaltirish, uni chinakam davlat tiliga aylantirish uchun kurash kuchaydi. Hukumat tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti ochildi, yirik tashkilot va idoralarda rahbarning til masalalari bo‘yicha maslahatchilari ish boshladi.

Biroq ona tilimizni davlat tiliga aylantirish oson kechmayapti. Yaponiya, Turkiya, Germaniyadagi darajada til muhitini yarata olishimizga hali ancha bor. Ko‘pchilik esa idoradagi ish yuritish qog‘ozlarini o‘zbekchalashtirsak, masala hal bo‘ladi, degan xayolda (holbuki, uni ham to‘la joriy eta olganimizcha yo‘q).
Aslida, davlat tili – ilm-fan, texnika va texnologiya, tibbiyot va bank ishini, barcha ishlab chiqarish jarayonlarini shu tilda amalga oshirish (masalan, mashina, mebel, dori-darmon, ­kiyim-kechak va boshqa mahsulotlarni o‘zbek tilida yozilgan texnologiya asosida tayyorlash) demakdir. Ana bunga erishmasak, davlat tili to‘g‘risidagi qonun qog‘ozda qolaveradi, amalda rus tili taxtdan tushmaydi.
O‘zbek tili davlat tili deb eʼlon qilinganiga o‘ttiz yildan oshibdi. Shuncha vaqt ichida nimalarga erishildi – kim aytib beradi? Bu qonunni ro‘yobga chiqarishga masʼul biron mahkama bor edimi?

Afsus, yo‘q edi.

Eslasangiz, bundan yarim asr ilgari ham O‘zbekistonda ona tili masalasi ziyolilarning dardi bo‘lgan. Fidoyi ijodkorlar (kavkazlik hamkasblaridan o‘rganib bo‘lsada) tilimizni sof holda asrash, nutqimizni tuzatish uchun shunday bir “o‘yin” tashkil etishgan: kimdir gapirayotib, ruscha so‘z qo‘shsa, sherigiga o‘n tiyin jarima to‘lar edi (Ushbu hangoma Erkin Vohidovning «So‘z latofati» kitobida ham bayon etilgan). Ona tili uchun kurashning ibtidosi, o‘yin-kulgi tarzida bo‘lsa ham, uni asrash sari intilish edi bu. Lekin davlatning o‘zi til rivoji uchun yo‘l ochmasa, bunday hazil-huzullar bilan ish bitmas ekan. Uzoq yillar rus tilining ravnaqi, uni o‘zbeklar turmushiga zo‘r berib tiqishtirish butun mamlakat bo‘yicha avj oldirildimi, endi uning raddi balosi ham shuncha vaqtga cho‘ziladigan ko‘rinadi.
O‘sha davrdagi til siyosati qanaqa bo‘lganini eslarsiz? Masalan, men biron zavodga emas, o‘zbek tili va adabiyoti tadqiq etiladigan Til va adabiyot institutiga rus tilida ariza yozib ishga kirganman, undan keyingi har o‘zgarish ham mehnat daftarchamga shu tilda darj etilgan. Institutga rahbarlik qilgan olimlardan birining butun faoliyati kelgusida tillarning o‘zaro qo‘shilib-uyg‘unlashib ketishini “dalillash”dan iborat bo‘lgandi.

O‘tgan asrning oltmishinchi-saksoninchi yillarida rus tilini o‘qitish-o‘rgatish yuzasidan Butunittifoq konferensiyalarining aksari ham Toshkentda o‘tkazilar edi. Jumladan, 1975-yil 21-23-oktabrda «Rus tilini o‘rganish va uni maktablarda, o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish tajribasi» mavzuida ­Butunittifoq konferensiyasi Toshkentda ish boshladi. To‘rt yil o‘tib, rus tili bo‘yicha yana bir konferensiya poytaxtimizda tashkillashtirildi.

Bu qadar intensivlikning sababi shuki, O‘zbekiston hukumati Ittifoq rahbariyatidan har gal rus tili bo‘yicha anjumanlar Toshkentda o‘tkazilishini so‘rab olar, iltimos qondirilsa, «yuksak ishonch bildirilgani»ni mamnuniyat bilan eʼlon qilardi. Rus tilini rivoj­lantirish Moskvaning emas, Toshkentning chekiga tushganday edi.
«O‘zbek tili va adabiyoti» jurnaliga muqobil ravishda «Русский язык и литература в Узбекистане » jurnali taʼsis etilgan, Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti, mohiyatan o‘zbek tili va adabiyotini tadqiq etish muassasasi bo‘lsada, «Turkiy tillarni qiyosiy o‘rganish», «Adabiy aloqalar» bo‘limlari yopilib, o‘rniga «Rus tili», ­«O‘zbekistonda rus adabiyoti» bo‘limlari ochilgan edi. Akademiyada shunday bo‘lgach, Oliy taʼlim ministrligi ham qarab turmadi, Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika instituti (RPIRYAiL)ni ochdi.
Qarang, o‘sha kezlar O‘zbekistonda talaba o‘qiydigan o‘zbek tili va adabiyoti instituti yo‘q, rus tili va adabiyoti instituti esa bor edi. Bu ham kam ko‘rindi chog‘i, yuzlab o‘zbek talabalari Rossiyaning o‘nlab shaharlarida taʼlim olib, rus filologiyasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lib qaytishdi.

O‘zbekiston jadal o‘rislashishga qadam qo‘ydi.

Mana, Fanlar akademiyasi chop etadigan «O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar – Общественные науки в Узбекистане» jurnalining 1979-yilgi 6-soni. Unda 5 ta maqola, 4 ta ilmiy axborot, yana bir chiqish bor – jami 11 ta publikatsiya bor. Ayrimlari ikki kishi tomonidan yozilgan, shuning uchun mualliflar 14 nafar. Ana shu 14 olimning 10 nafari – o‘zbek. Biroq mazkur jurnalda bironta o‘zbekcha maqola yo‘q, nashr boshdan-oyoq rus tilida. Ulug‘ og‘alariga “sodiq” olimlar, o‘zi o‘zbek bo‘laturib, o‘zbek tili va adabiyotini, tarixi va etnografiyasini rus tilida tadqiq etishgan. U yog‘ini so‘rasangiz, hatto o‘zbek shevalari ham rus tilida “o‘rganilib”, dissertatsiyalar yozilar va yoqlanar, monografiyalar rus tilida chiqarilardi.

Bular o‘tmishda qolganda edi, biz bugun qog‘oz qoralab o‘tirmagan bo‘lardik. O‘zbekiston mustaqil davlat deb eʼlon qilinganiga o‘ttiz yil to‘libdi hamki, rus tili ot ustida. O‘zbek tili davlat tili ekani haqida qonun borligini esa yuz andisha, yuz ehtiyotkorlik, ming hadik bilan bir-birimizga uqtirgan, allanimalarni dalillagan bo‘lamiz, xolos. Ammo ana shu qonunni takomillashtirish, qolaversa, «davlat tilini rivojlantirish» uchun yuz nafarcha xodim turli katta-kichik korxona-yu tashkilotga “maslahatchi” qilib ishga olinganini aytmasak, asosli bir qadam tashlandimi o‘zi?..

Mening bilganim shuki, uyida bola-chaqasi bilan o‘rischa gaplashadigan 18 nafar “oʻzbek”ning ijtimoiy tarmoqlardagi xarxashasi tinchimay turib, bir saxovatpesha og‘amiz O‘zbekistonda rus tili mavqeini keskin ko‘tarish uchun 5 million dollar (50 milliard so‘m) iona qildi. Bu Rossiyadan yetib keladigan, rus tilini «yanada chuqur» o‘rgatadigan rus muallimlarining nasibasi-da. Ammo biron-bir o‘zbek boyvachchasi o‘z ona tili ravnaqi uchun aqalli biron so‘m ataganini eshitmadim.
Ona tilimizni, milliy ruhimizni yuksaltirish yo‘lida hech ish qilinmayapti, desak, adolatdan bo‘lmaydi. Raddi balo uchun qilinayotgan ishlarni ham aytib o‘taylik. Chunonchi, 9 fevral arafasida necha vazir-u vuzaro, katta ­boshlarini kichik qilib, Navoiydan bir bayt (ikki satr) sheʼrni uzib-buzib, bir amallab g‘o‘ldirab o‘qib, keyingi baytni falon-u piston arbobdan eshitasiz, deya bir-biriga oshirishdi. Bu tomosha TVda, ijtimoiy tarmoqlarda ulkan yutuq sifatida necha kun takror-­takror ko‘rsatildi. Cho‘qib oshirish zamonaviy tilda “flesh-mob” deyilar ekan.

Navoiyning sheʼrlari uloq qilinishiga ham yetib kelibmiz, qarang!

Biz «Tafakkur mustaqil bo‘lmagunicha chin mustaqil bo‘lolmaymiz», degan gapni yaxshi ko‘ramiz, buni bir-birimizga aytib charchamaymiz. Durust, ammo tafakkur… til orqali bo‘ladi-ku? Davlat idoralari, davlat tili qonunini ro‘yobga chiqarishi kerak bo‘lgan muassasalarning o‘zi rus tilida ish yuritsa, o‘zbek tafakkuri qanday mustaqil bo‘la oladi, shuni tushunolmayman.

Til uchun kurash – mustaqillik uchun kurashning ibtidosidir. Til mustaqil bo‘lmaguncha, amalda davlat tiliga aylanmaguncha mamlakatning mustaqilligi haqidagi gap faqat deklaratsiya, yana-da to‘g‘rirog‘i, dekoratsiya bo‘lib qolaveradi. Turkiya rahbari Erdo‘g‘on, mamlakatni, avvalo, til, keyin esa armiya himoya qiladi, deganida har tomonlama haq edi.

O‘zga bir xalqning tilida ish yuritish u yoqda tursin, qaysi alifboda yozsangiz, o‘sha tilning ruhi milliy axborot maydonni qamrab olishi ham tayin. Biz kirillchani tark etib, dunyoga rus axborot olami orqali nazar tashlashdan voz kechyapmiz, ammo o‘sha onning o‘zida lotin yozuvini eng “kompyuterbop” deya alqab-alqab, endi amirkoncha kishanga qo‘limizni tutib berishga shaylanayotibmiz (hozircha sezilmay turgani – bu yo‘q degani emas). Aslida, tafakkuri mustaqil, tiynati mustahkam, har bir xalqning o‘z ona tiliga mos, o‘zi kashf etgan, o‘z tafakkur tarzini ifoda etadigan alifbosi bo‘lishi zarurligini yaxshi bilasiz.

Afsus, bizda til masalalarini el emas, Elomon akalar hal qiladi. Ular esa ona tilimiz kirza charm sirilgan ­bo‘yinturuqdan qutulmay turiboq, yaltiroq amirkon bo‘yinturug‘ini tavsiya qilishayotir. Chunonchi, “gorodok”, “massiv”, “kvartal” kabi rus tili orqali kirib kelgan so‘zlar isteʼmoldan chiqyapti, endi “shahriston”, “daha”, “mahalla” kabi o‘z atamalarimiz maydonga chiqarmikin deb xursand bo‘luvdik, yo‘q, chuchvarani xom sanab qo‘yibmiz – “siti”, ­“avenyu” bo‘pketti bu yog‘i. Shu ketishda, yigirma yil o‘tib-o‘tmay, «Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma», deya izhoridil qilish o‘rniga «Ay lav yu!» deya qichqirishib yurmasak go‘rga edi!..

 

Zuhriddin ISOMIDDINOV,

Adabiyotshunos

“Ishonch” gazetasi 2021-yil 27-aprel sonidan olindi

28.04.2021 947