"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Fuzuliy sheʼriga oshiqligim rost...

Ko‘hna Sharq, xususan, Markaziy Osiyoda barcha sohalar qatori sheʼriyat bobida xalaflar o‘z salaflaridan doim mutaassir bo‘lganlar, ustoz ijodkorlarga ergashib nazira, tazmin, taxmislar bitganlar, avvalgi daholar yaratgan mahorat maktablarini o‘tab, ular bilan ijodiy bahsga kirishganlar. 

Turkiy g‘azaliyotni haddi aʼlosiga ko‘targan ikki buyuk siymo bor: biri hazrat Alisher Navoiy bo‘lsa, biri qardosh ozarbayjon xalqining otashnafas shoiri  Muhammad Fuzuliydir.

Bu borada Vadud Mahmud “Fuzuliy Bog‘dodiy” nomli maqolasida o‘zining aniq bahosini bergan: “Fuzuliy bizda Navoiydan ko‘b o‘qulmasa, Navoiydan kam ham o‘qulmaydir”.

Darhaqiqat, Navoiydan ulgi olib, mohir ijodkor maqomini egallagan Fuzuliy bizning adabiyotda 16 asrdan 19 asr oxiri, hatto 20 asr boshi va o‘rtalarigacha  o‘z taʼsir kuchini yo‘qotmadi. Manbalarga ko‘ra, Turdi Farog‘iy, Mashrabdan tortib, Qo‘qon va Xiva xonligi adabiy muhitining barcha ko‘zga ko‘ringan namoyandlari, shuningdek, jadidlardan to Erkin Vohidovgacha bo‘lgan shoirlar asarlarida Fuzuliydan bahramandlikni, ijodiy muqallidchilikni yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Mazkur maqolamizda zamonaviy o‘zbek sheʼriyatining zabardast vakillaridan biri Erkin Vohidov hayoti va ijodida Fuzuliyning taʼsirini ochiqlashni maqsad qildik.

Bolalikdan oshuftalik

Erkin Vohidov yoshligidan Fuzuliy ijodiga oshno bo‘lgan. Ota-onasidan erta ayrilib, tog‘asining qo‘lida voyaga yetgan shoir o‘zining “Tarjimai holi”da shunday eslaydi: “Toshkentda kechgan bolalik va o‘smirlik yillarimdan qolgan eng yorqin esdaliklar Ostrovskiy nomli pionerlar saroyidagi shoir G‘ayratiy to‘garagi va tog‘amning xonadonida bo‘lib turadigan adabiy suhbatlar bilan bog‘liq. Tog‘am kasbi huquqshunos bo‘lsa ham adabiyot va sanʼatga qiziqqan, sheʼriyatni nozik tushunadigan kishi edi. Uyimizga shoir Chustiy, xonandalar aka-uka Shojalilovlar, Maʼrufxo‘ja Bahodirov, keng bilim egasi bo‘lgan olim, tarjimon Alixon Sog‘uniy tez-tez kelib turishar edi. Mening sheʼriyatga qiziqishimni  sezgan tog‘am bu suhbatlardan meni ham bahramand qilardi. Ular Hofiz, Navoiy, Bedil, Fuzuliy baytlarini tahlil qilib, har birlari o‘zlaricha talqin berib o‘tirishardi. Bu suhbatlar ichkiliksiz, faqat sheʼr va qo‘shiq kayfi bilan, azkiya zavqi bilan muzayyan bo‘lardi. Afsuski, bunday davralar endi kamayib, yo‘qolib bormoqda”.

Mazkur adabiy suhbatlarning navbatdagilaridan birida Fuzuliy qalamiga mansub baytning sharhi bilan bog‘liq bir qiziq voqeani adabiyotshunos Rahmatilla Inog‘omov “Shoirlik qismati” nomli kitobida qayd etadi:

“Sharq sheʼriyati siru sinoatini o‘rganish, mag‘zini chaqishda Erkinlar uyida bo‘ladigan fozil kishilarning ulfatchiligi, diltortar suhbatlari ham muhim omillardan biridir. Bu to‘g‘rida Erkinning o‘zi shunday hikoya qiladi: «Esimda bor, tog‘amning ulfatlariga choy tashib, xizmat qilib yurib ularning shunaqa ajoyib suhbatlaridan ko‘p bahramand bo‘lganman. Alixonto‘ra Sog‘uniy, Chustiy, Maʼrufxo‘ja Bahodirov, aka-uka Shojalilovlar qatnashadigan bu ulfatchilik Navoiy, Fuzuliy, Ogahiy, Mashrab sheʼrlarini talqin va tahlil qilish bilan o‘tardi. Men bu davraga o‘zim mag‘zini chaqolmagan baytlarni tayyorlab qo‘yardim, ko‘pchilik bo‘lib ular bu baytlarni sharh qilishar edi. Fuzuliy devonida bir bayt bor:

 Banikim g‘amlarim vordir, biyirin ustina qo‘ysang,

 Chiqar kofir jahannamdin, kulib ahli azob o‘ynar.

Mazmuni bunday: mening shunday g‘amlarim borki, ularni tuyaning ustiga qo‘ysaig, kofir jahannamdan chiqadi, azob chekkanlar kuladi, o‘ynaydi... Ajabo deyman, g‘amni tuyaning ustiga qo‘yish nimasi-yu, kofirning jahannamdan chiqishi nimasi? Bularning qanday aloqasi bor? Xattotning xatosimikan? Unday desam hamma devonlarda shunday yozilgan. Baytni o‘qib berganimda uni hech kim sharh qilolmadi. Majlis to‘rida Alixonto‘ra Sog‘uniy ulfatlarini imtihon qilganday jilmayib o‘tirardilar. Nihoyat u kishi, qani bir qo‘lni ochinglar, deb Fuzuliy haqiga uzun duo o‘qib, so‘ng baytni sharh qilib berdilar. Payg‘ambarimiz aytmishlarki, kofir abadul abad jahannamda bo‘ladi. Tuya ignaning teshigidan o‘tsa, kofir do‘zahdan chiqadi, yaʼni hech qachon chiqmaydi. Fuzuliy bayti mazkur hadisga ishora bo‘lib, shunday anglashiladi: “Mening shunday g‘amlarim borki, ular tuyaning ustiga ortilsa, tuya ipdek ozib ketadi va ignaning teshigidan o‘tadigan holga keladi-yu kofir jahannamdan chiqadi.

Ustoz ko‘rgan shogird...

G‘ayratiy o‘z to‘garagida boshqa yosh qalamkashlar qatori Erkin Vohidovga so‘zga nisbatan talabchanlik, badiiy tafakkurni shakllantirish va hatto shoirlik etikasi borasida ham o‘z maslahat va tavsiyalarini bergan. Ayniqsa, to‘garak aʼzolari ongiga mumtoz adabiyot sirlarini singdirishda bor mahoratini ishga solganligini shoir bir maqolasida quyidagicha xotirlaydi:

“G‘ayratiy mumtoz sheʼriyatning zukko bilgichlaridan bo‘lgan. Fors tilida, qadimiy turkiy tilda bitilgan juda ko‘p g‘azal, ruboiylarni yod bilar, bizga o‘qib berib o‘tirardi. Mana, yillar o‘tib o‘zim-o‘zimga savol beraman. O‘sha vaqtda-ku bizlar kattamiz o‘n besh-o‘n oltida, kichkinamz o‘n bir-o‘n ikki yoshda bo‘lgan bolalar edik. Saʼdiy, Hofiz, Navoiy, Bedil, Fuzuliylarning hozirgi kunda ham lug‘atsiz anglash qiyin bo‘lgan baytlarini ustoz G‘ayratiy bizga nega o‘qib berardi? Biz axir u baytlardagi falsafaning, majozlarning mingdan birini ham ilg‘ab ololmasdik.

Chuqurroq o‘ylasam, shoir G‘ayratiy katta pedagog ham ekan. Biz o‘sha vaqtda buyuk sharq allomalarining nozik  badiiy obrazlarini tushunib yetmagan bo‘lsak ham, murg‘ak xayolimizga sehrli sheʼriyatning  shuʼlasi tushgan ekan. Aqlimiz bilan anglamasak ham, shuurimiz bilan shunday yuksak, samoviy, moʻjizaviy sheʼriyat olamda borligini sezgan ekanmiz”.

Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki, Navoiy taʼbiri bilan aytganda Erkin Vohidovning “kalom ichra kamol” topishida, xususan, Fuzuliyga mehr qo‘yishida ustozi G‘ayratiyning o‘rni beqiyos edi.

Fuzuliy aslida o‘zbek shoiri bo‘lgan ekan...

Erkin Vohidov 1962-yilda adabiyot dekadasi doirasida O‘zbekiston nomidan taniqli ijodkorlar qatori Kavkazga borgan. U yerdan olgan taassurotlari sabab “Kavkaz sheʼrlari” turkumini yaratgan. Mazkur turkumdan “Yelkan”, “Ararat cho‘qqisiga”, “Azganush”, “Ayrilish”, “Xayrlashuv” va “Fuzuliy haykali qoshida” degan rubobiy sheʼrlari o‘rin olgan.

Shoir “Fuzuliy haykali qoshida” nomli sheʼrida Fuzuliy dahosiga bo‘lgan muhabbatini nihoyatda samimiyat va nazokat bilan ifodalaydi. Sheʼrning badiiy qiymatini yanada oshiradigan unsurlardan biri – Erkin Vohidov Fuzuliy  baytlaridan, xususan, “Izhor et”, “Tutmishlar”, “O‘landan so‘r” radifli 3 ta g‘azali va “Davlatli sultonim” nomli 1 ta murabbaʼsidan iqtiboslar keltiradi.

Misol uchun:

“Muqavvas qoshlaringkim, o‘sma birla rang tutmishlar,

Qilichlardirki qonlar to‘kmak ila zang tutmishlar.

Sahar bulbullar afg‘oni dagil behuda gulshanda,

Fuzuliy nolai dilso‘zina ohang tutmishlar” – degan baytga:

“G‘azal ham bo‘lurmi muncha dilrabo,

Bunchalar serishva, bunchalar sernoz” – deb munosabat bildirgan shoir:

“Mening shoirligim yolg‘ondir, ammo

Fuzuliy sheʼriga oshiqligim rost” – deya Fuzuliy ijodiga bo‘lgan cheksiz mehrini avjiga ko‘tarib taʼriflaydi.

Zero, shoirning ashaddiy fuzuliyxonligiga yana bir hayotiy voqea oydinlik kiritsa ne ajab:

“80-yillarning oxirlarida Yugoslaviyada bir necha kun mobaynida jahon shoirlarining sheʼriyat bayrami bo‘ladi. Mazkur ulkan anjumanda O‘zbekistondan Erkin Vohidov, shuningdek, tarjimashunos  G‘aybulla Salomov (G‘aybulla as-Salom)lar ishtirok etishadi. G‘aybulla Salomovning guvohlik berishicha, gapdan gap chiqib Erkin Vohidov bilan bir turk shoiri o‘rtasida Fuzuliyning qaysi xalqqa mansubligi xususida bahs boshlanib ketadi. Turk shoiri «Fuzuliy turklarniki» degan fikrni isbotlash uchun uning o‘nlab sheʼrlarini yoddan o‘qiydi. Erkin ham Fuzuliy sheʼrlari bilan javob qaytarib ketma-ket uning g‘azallarini o‘qiydi. Bu bahs bir necha soat davom etib, turk shoiri Fuzuliydan biladigan sheʼrlari tugaganidan keyin ham Erkin ulug‘ shoirning o‘nlab g‘azallarini yoddan o‘qiyveradi. Erkinning Fuzuliyga muhabbati, ko‘pchilik g‘azallarini yod bilishiga qoyil qolgan turk shoiri “Biz Fuzuliyni ozarbayjon va turk shoiri deb yuribmizu aslida u o‘zbek shoiri ekan” deb eʼtirof etibdi”.

Ha, Fuzuliyga o‘xshagan bashariyat shoirlarini qaysiki millat astoydil o‘qisa, u o‘sha millatnikidir.

Mutaassirlik

Erkin Vohidov g‘azallari badiiyatiga Fuzuliy kuchli taʼsir ko‘rsatgan. G‘azallaridagi latiflik, nazokat, so‘z o‘yinlari va badiiy sanʼatlarning qo‘llanilishida Fuzuliydan bahramandlik yaqqol seziladi.

Ayrim misollarni keltirsak. “Shoirning “Dilga yoz dilbar so‘zini, jonon so‘zini jonga yoz” misrasi Fuzuliyning “Jonni jononaya etdim, dili dildora fido” misrasini yodga soladi”. Eʼtibor berilsa, Fuzuliy “jon”,“jonon” va “dil”, “dilbar” so‘zlarini qo‘llab “ishtiqoq” sanʼati– o‘zagi bir bo‘lgan so‘zlardan mahorat bilan foydalangan. Erkin Vohidov ham o‘z baytida shu anʼanaga rioya qilgan. Hatto, har ikki g‘azal umumiy vazn – Ramali musammani solimda yozilganligi bejiz emas.

“Bu jahonda, deydilar, har kimda bor bir o‘zga taʼb,

Menga – may, bulbulga – tong, gul bargida – shabnam shirin – mazmunidagi bayti esa Fuzuliyning:

Har kimning olamda miqdorinchadir taʼbinda mayl,

Man labi jononimi, Xizr obi hayvonin sevar, - bayti taʼsirida yozilgani ko‘rinib turibdi”. Yaʼni, ifoda har bo‘lsada, maʼno mushtarak.

“Yoki buyuk salafining:

Oqibat rasvo o‘lub, maytak tushar el og‘zina,

Kimki bir sarmast soqiy laʼli xandonin sevar, - baytining taʼsiri shoirning “Uzum” radifli g‘azalida shunday aks sado beradi:

Kimki oshiqlikni daʼvo aylasa, shuldir jazo,

Oqibat xum ichra bo‘ldi mahkumi zindon uzum.

Xum ichida necha yil xun bo‘lmoq erkan qismati,

Lablaringga yetdi oxir bir piyola qon uzum ”.

Har ikki shoirning mazkur baytlarida umumiylik bo‘lsada, maʼnoda nozik tafovut bor. Masalan, Fuzuliy baytidagi “may”ning el og‘ziga tushishi – ishq deb xalq ichida rasvolikda ovoza bo‘lishni bildirsa, Erkin Vohidovning “Uzum” radifli g‘azalidagi “uzum” obrazida ranj-mashaqqat chekib, oxiri maqsadiga erishgan baxtiyor oshiq timsoli gavdalanadi.

 

Rustam Mirvohid,

Vazirlar Mahkamasining

Davlat tilini rivojlantirish

departamenti bosh mutaxassisi

Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati gazetasining

2021-yil 21-maydagi 21-sonidan olindi

22.05.2021 2396