"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Munosabat: Imlo qoidalari qachon shakllanadi?

Orif Tolibning “@oriftolib” sahifasida aytilganidek, hozirgi kunda bir qator so‘zlarning yozilishida farqlar bor va buning sababi quyidagicha:


“O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” yaratilgan vaqtda qaysidir sabablar bilan bir qator so‘zlar: sentabr, oktabr, aluminiy, budjet, dirijor, dujina, duym, glukoza, kastrul, kastum, lustra, miniatura, parashut, regulator, rejissor, verstka tarzida berilgan. Vaholanki, ushbu va yana shu kabi boshqa so‘zlarni hech bir o‘zbek bunday talaffuz qilmaydi, qilolmaydi. Shuning uchun ham O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida tayyorlangan va 2013-yilda chop qilingan “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”da kirill yozuvidagi barcha “yolashgan” unlili so‘zlarning imlosi bir xillashtirilgan. Yaʼni sentyabr, oktyabr, byudjet, syujet, batalyon, pochtalyon, obyekt, subyekt tarzida berilgan. 1995-yildagi lug‘atda esa “yolashgan” unlili so‘zlarning ayrimlari “y” harfi orttirilib yoki orttirilmay berilgan. Ayni so‘zlarning yozilishidagi har xillik imloni o‘zlashtirishda murakkabliklarni keltirib chiqarishi tabiiy. 2013-yilgi lug‘atda dastlabki tajriba sifatida shunday yo‘l tutilgan va bu tajriba keyingi yillarda nashr ishi, ish yuritish bilan bog‘liq boshqa sohalar vakillari tomonidan ham maʼqullandi. O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida tayyorlangan va yangidan tasdiqlanishi rejalashtirilgan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”da bu kabi ijobiy tuzatishlar o‘z aksini topgan. Eslatish lozimki, “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi”ning takomillashtirilgan varianti tasdiqlangandan keyin imlo qoidalari ham shu tarzda mukammallashtiriladi. Alifbo tasdiqlanmay turib, buni hal qilib bo‘lmaydi.

 

Yorqin Odilov,

O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti

bo‘lim mudiri, f.f.d., prof.

24.05.2021 1135