- Bosh sahifa
- Maqolalar
- Tilimizni bilamizmi: qo‘llanadimi yo qo‘llaniladi? Biz yozishda ko‘p yanglishadigan holatlar
Tilimizni bilamizmi: qo‘llanadimi yo qo‘llaniladi? Biz yozishda ko‘p yanglishadigan holatlar
Ba’zi so‘zlarni xato yozish urf bo‘lib ketgan. Endi uning to‘g‘ri shakli xato ko‘rina boshlaydi. Bunday illyuziyaga tushib qolmaslik uchun so‘zlarning ma’no-mohiyatini, qo‘llanish doirasini anglab olish kifoya. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib shunday so‘z va birikmalar, qo‘shimchalar imlosi haqida so‘z yuritadi.
“Al” va uning imlosi
O‘zbek tilida arab tilidan kirgan so‘zlar ko‘p. So‘zlar bilan birga arab tilidagi aniq artikl al ham tilimiz chegaralaridan ichkarilagan.
Al artikli qatnashgan birikmalarning qanday yozilishi bo‘yicha qat’iy qoida yo‘q, lekin qat’iy odat bor. Al artikli qatnashgan so‘zlar ikki xil usulda yoziladi. Chiziqcha bilan ajratilgan yoki chiziqchasiz, so‘zga qo‘shilgan holatda:
1. “Xazoyin ul-maoniy” devonlari. “Navodir ush-shabob” asari. “Asos ul-balog‘a” asari.
2. “Xazoyinul maoniy” devonlari. “Navodirush shabob” asari. “Asosul balog‘a” asari.
Men tinish va imlo belgilarini iloji boricha kam qo‘llash prinsipidan kelib chiqib, ikkinchi variantni ma’qul ko‘raman.
Al artikli arab tili qoidalariga ko‘ra fonetik o‘zgarishlarga uchraydi. Biz o‘zbekchada uning o‘qilishini qabul qilamiz va shunday yozamiz.
Al artikli arab tilidagi 14 ta shamsiy harf bilan boshlangan so‘zlar oldida kelganda keyingi so‘zga kirishib-moslashadi va artikl tarkibidagi l tovushi shamsiy harfga o‘zgaradi. Masalan, arabchada al-shams yozilsa-da, ash-shams o‘qiladi. O‘zbekcha imloda berganda uni ash-shams deb yozish kerak. Qolgan 14 harf qamariy harf hisoblanadi va al ular oldida kelganda o‘zgarishga uchramaydi. Masalan, al-qamar yoziladi va shunday o‘qiladi.
Bu artikl taxallus va nisbalar tarkibida ham uchraydi. Nisba odatda kishining kasb-kori yoki qayerdan ekanini bildiradi. Masalan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy o‘zbekchada Muhammad Muso o‘g‘li, Xorazmdan yoki xorazmlik Muhammad Muso o‘g‘li bo‘ladi.
Ismlar tarkibidagi alni o‘zbekchada tushirib qoldirish ham mumkin. Masalan:
Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Rayhon Beruniy.
Al artikili yolg‘iz nisba bilan kelgan o‘rinlarda, agar gap boshida bo‘lmasa, kichik harflarda yoziladi:
Al-Farg‘oniy, al-Xorazmiy, al-Forobiy, az-Zamaxshariy, as-Samarqandiy.
Arabcha shaharlar nomini, jumladan, artikl qatnashgan shahar nomlarini yozganda ruscha yoki inglizchadan shundoqqina ko‘chirib qo‘yavermaslik kerak. Masalan, Saudiya Arabistoni poytaxtini Erriyad yoki Er-Riyad deb berish xato bo‘ladi. Ar-Riyod, Riyod deb berish mumkin. Riyoz deb berish yanada to‘g‘riroq. So‘z oxiridagi zod harfi o‘zbekchaga ba’zan d, ba’zan z shaklida kirgan. Masalan, Ramazon so‘zida z deb olingan harf ham ana shu zod bo‘ladi.
Riyod so‘zi “bog‘lar” ma’nosini anglatadi. Bu so‘z ayni shu ma’noda o‘zbek tilida riyoz shaklida ishlatilgan. Masalan, Imom Navaviy qalamiga mansub kitob nomi “Riyozus solihin” (Solihlar gulshani) deb olingan. Ogahiyning “Riyozud davla” (Davlat bog‘lari) asari nomida ham riyoz shakli qo‘llangan. Milliy ensiklopediyada shahar nomi sifatida Ar-Riyod varianti olinibdi. Kelajakda geografik nomlar lug‘ati ishlab chiqilsa, ko‘p chalkashliklar qatori bu masala ham hal bo‘lib ketar degan niyatdaman.
Ismlar imlosi: ruxmi yoki ruh?
Tarkibida rux so‘zi bor ismlar eng ko‘p xato yoziladigan ismlardan.
Shohrux, Farrux, Gulrux kabi ismlarda rux o‘rniga ruh deb yozilishining eng asosiy sabablaridan biri shu ismlar tarkibidagi rux so‘zi hozirgi o‘zbek tilida deyarli ishlatilmasligidir. U fors tilidan kirgan bo‘lib, asliyatda yuz, bet va yonoq ma’nolari bildiradi. Eski o‘zbek tilida kishining yuzi ma’nosida qo‘llangan:
Lablaring ostidagi xolingdin aylansun quling,
Loladek gul-gul ruxi olingdin aylansun quling.
(Furqat)
Yuqoridagi baytda qo‘llangan ruxi ol qizil yuz ma’nosini bildiradi.
Rux so‘zining omonimlari esa bugungi tilimizda ozmi-ko‘pmi iste’molda:
– Shaxmat o‘yinidagi to‘ra, tikka va yonlama yura oladigan sipoh.
– Kimyoviy element, och yashil rangli metall.
Shohrux, Farrux, Gulrux ismlaridagi rux yuz, chehra ma’nosida.
Shohrux – shoh kabi yuzli, Farrux – baxtiyor yuzli, Gulrux – gul yuzli.
Shohruh – shohning ruhi, Farruh – baxtning ruhi, Gulruh – gulning ruhi bo‘lib qoladi, mazmundan mantiq yo‘qoladi. Demak, bu shaklda yozish xato.
Shoxrux deb yozish ham xato. Shox-muguzning yuzi degan ma’nosiz iboraga aylanadi.
Ruxsora, Gulruxsor so‘zlarini ham x bilan yozish kerak. Ismlar tarkibidagi ruxsor yuz, chehra ma’nosini beradi.
Raxshona ismi ham ba’zida Ruhshona deb xato yoziladi. Raxshon forschada nurli, porloq, jiloli, jilvalanuvchi ma’nolarini bildiradi. Ruxshona Raxshona ismining fonetik o‘zgarishga uchragan shakli, uni xato demasak ham bo‘ladi. Ruxshona ismini tojikchada ham uchratish mumkin.
Ruhiddin ismi esa h bilan yozilishi kerak. Ism tarkibidagi ruh arabcha ruh, jon demakdir. Ruhiddin – dinning ruhi, joni, kuch-quvvati ma’nosida.
Demak:
Shohrux, Farrux, Gulrux, Ruxsora, Gulruxsor, Raxshona, Ruhiddin — to‘g‘ri.
Shohruh, Shoxrux, Farruh, Gulruh, Ruhsora, Gulruhsor, Ruhshona, Ruxiddin — xato.
Qo‘llanadimi, qo‘llaniladimi?