"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Erkin Vohidov. “So'z latofati” kitobidan - “Oy farzandi”

Amerikaning Los-Anjeles shahrida O‘zbekistonning sadoqatli bir do‘sti yashaydi. Kelib chiqishi mojar bo‘lgan bu turkolog olim Los-Anjeles universitetida maxsus kurs ochib, amerikalik talabalarga o‘zbek tilini o‘rgatadi. Ular diyorimiz nafasini his qilishi uchun O‘zbekistondan olim va ijodkorlarni taklif etib, suhbatlar uyushtiradi. Ismi Andrash, nasabi Bodrogligetti.

Talaffuzi qiyin, yodda saqlash undan ham qiyin bo‘lgan bu familiyani ilk bor eshitganimda olimni italiyalik deb o‘ylagandim. Los-Anjelesda ko‘rishib, unga shu savolni berdim.

― Familiyam aslida Badrogligetti. Bad so‘zi forscha ham, inglizcha ham yomon degan maʼnoni bildirgani uchun bu yurtda nasabimni bir harf o‘zgartirib Bodrogligetti deydilar. Lekin italiyalik emasman. Familiyam sof turkcha. ― Shunday deb Andrash domla qo‘liga qalam oldi va o‘z familiyasini uch qismga bo‘lib yozdi: Badr ogli getti. Badr so‘zini bilamiz, oy degani. Qolgan so‘zlar ham tanish. O‘g‘uz turkchasidan o‘zimizning shevaga o‘girsak, Oy o‘g‘li ketdi, degan maʼno chiqadi.

To‘yda tug‘ilgan To‘ychi, yo‘lda tug‘ilgan Yo‘lchi, jumada tug‘ilgan Jumavoy, Odina deb ism olganidek, allaqaysi bobokalonim oydin kechada tug‘ilgani uchun Badr o‘g‘li deb nom qo‘yishgandir. O‘z yurtidan ketish naslimiz qismatida bor ekan shekilli, men ham asl vatanimdan uzoqlarda Bodrogligetti bo‘lib yuribman.

Sharqu g‘arbning o‘nlab tillarini bilgan, ularni chog‘ishtirib tahlil qilgan Andrash domlaning bu so‘zlarini avval balki xayolot mevasi, shunchaki hazildir, deb o‘yladim. Axir tilimiz shu qadar boy va ranginki, har so‘zni o‘n yoqqa burish mumkin, o‘t degan so‘zning o‘ttiz xil, yuz degan so‘zning yuz xil maʼno tovlanishi bor. Lekin millat taqdirini o‘ylasam, mojarning turkiy xalqlarga tarixan tutashligini hayolga keltirsam bu gap hazilga o‘xshamadi. Olis o‘tmish manzaralari ko‘nglimdan kechdi. O‘z yurtida qo‘nim topmagan, qismat dunyoning turli burchaklariga tarqatib yuborgan qadimgi ajdodlarimizning sarson sargardonligi fikrimni chulg‘adi.

Badr o‘g‘li ketdi... Bu so‘zlarda butun bir tarix namoyon bo‘ldi. To‘rt yuz yil naridan Buxoroni tark etib olis va sovuq Sibirga ketgan o‘zbeklarning nolasi keldi, yana ikki yuz yil o‘tib ulardan mingga yaqin oilaning Turkiyaga ko‘chgani, sibirliklari ham, turkiyaliklari ham to hanuz o‘zlarini buxoriylar (ruscha buxarsi) deb atashlarini o‘ylab ketdim. Taqdirni qarangki, ikki karra bevatan qolgan g‘ariblarga Turkiyada Bag‘ri tilik deb atalgan tog‘ etagidan joy berilibdi. Xayol meni yana ming yil narida Idil va Yoyiq sohillarida yashagan, hozirda Volga va Ural atalgan daryolardan suv ichib, bepoyon kengliklarda ot surgan o‘zbeklar yurtiga olib uchdi. Xalqimiz tatar, bulg‘or, mojar, o‘rus ellari bilan yelkadosh kun kechirgan yaylovlar ko‘z oldimga keldi.

Badr o‘g‘li ketdi... Xayolan men o‘n ming yillar olisda Sibirdan Alyaskaga ko‘chgan turkiy qabilalarning qo‘shiqlarini eshitdim. Amerikalik hindularning baxshilar kabi bo‘g‘izdan chiqarib aytgan qo‘shiqlari qulog‘im ostida yangradi. Bu ming yilar tubidan kelgan dard sadosi edi.

Mojar xalqi o‘z ildizlarini qadimgi turkiy qavmlar bilan tutash ko‘rgani uchun Mojaristonda turkologiya fani asrlar davomida rivoj topgan. Bu anʼana hozir ham davom etadi. Bu o‘lkadan ikki yuz yilcha avval Markaziy Osiyoga kelib, Buxoro va Mavorounnahr tarixini yozgan German Vamberidan tortib zamondosh do‘stlarim Ishtvan Kongor va Andrash Bodrogligettigacha dunyoga tanilgan necha-necha turkshunos olimlar yetishdilar. Ular yurtimizga safar qilganlarida Samarqandu Buxoroni tamosha qilishni ko‘zlab emas, mojar xalqining teran tomirlarini izlab kelganlar.

Badr o‘g‘li ketdi... Mojarning ham, o‘zbekning ham Oy o‘g‘li ekaniga ishonchim bor. Badr o‘g‘li  Sibirga ketdi, Alyaskaga ketdi. Idil va Yoyiq sohillaridan Hazar va Orol bo‘ylariga ketdi. Bu yurtda ming yillar yashagan yerlik ajdodlarimiz bilan dunyoning eng ko‘hna davlatlaridan biri bo‘lgan Xorazm davlatini tuzdi.

Yana ming yillar o‘tib Bosfor bo‘ylariga ketdi va hozirgi Turkiyaga asos soldi. Oy o‘g‘li ketdi. U olamning to‘rt yog‘iga ketdi.

Javohirlaʼl Neru Mirzo Bobur tuzgan davlat to‘g‘risida yozarkan, Markaziy Osiyoliklar dastlab Hindistonga to‘rt ming yil muqaddam ko‘chib kela boshlaganlar, deydi. Ular orasida turkiy qavmlar ham bo‘lgani, bu qavmlarning qadimiy rivoyatlari, dostonlari ham Hindistonga borgani shubhasiz.

Oy arabcha badr, forscha mah deyiladi. Turkiy tillarda arabcha va forscha so‘zlar ko‘hna zamonlardan bor. Oy yonida badr ham mah ham ishlatilgan. Hindlar Dehlini Deli deganlari kabi Mah o‘g‘lini Maugli degan bo‘lsalar ajab emas. Ingliz adibi Redyard Kipling Hindiston mavzusida yozgan mashhur asar qahramonining ismi Maugli.

Demakki, Kiplingga shuhrat keltirgan Maugli ertagining mavzusi qadimgi turkiy xalqlar afsonasidan olingan bo‘lib chiqadi. Yana bizga maʼlumki, rivoyatlar turk naslini bo‘ri zotiga bog‘laydi, ona bo‘ri emizib katta qilgan, deyiladi. Maugliga ham bo‘ri onalik qilgan.

Boshqird elining zarif shoiri Mustay Karim turkiy xalqlarning bo‘ri zotiga bog‘lanishiga sabab bu qavmning ming yillar davomida har yerdan quvilgani, derdi. O‘z xalqining nomini Bosh qurt, yaʼni Bosh bo‘ri deya ishonch bilan aytardi. Turklar bir-birini ko‘rganda yo hayrlashganda o‘ng qo‘lining uchta barmog‘i bilan bo‘ri boshini tasvirlab, qardoshlak izhorini qiladilar. Quvg‘indi bo‘ri esa tunlar oyga qarab uvlaydi. Onasini sog‘ingan boladek nola chekadi...

Qadim-qadim zamonlarda ajdodlarimiz quyoshga, oyga, yulduz va sayyoralarga topinganlar. Dashtu sahrolar osha olis, mashaqqatli yo‘llarda kunduzi quyosh, kechasi oy va yulduzlar ularga mashʼala, qiblanamo bo‘lgan. O‘g‘lonlari ismini Kuntug‘mish deb, Oybek deb, qizlarini Oybarchin, To‘lganoy, Yulduzxon, Zuhro, Surayyo, Sitora deb ataganlar.

Ikki yuz yil avval Hindistonda yashab ijod qilgan hamyurtimiz Mirzo Asadulloxon G‘olib o‘z ajdodlarini eslab, men asli Samarqandlikman, naslim Oybeklar zotidan, deya g‘urur bilan yozgan.

Badr o‘g‘li, Mah o‘g‘li, Oybek naqadar o‘xshash ismlar! Arabiy, forsiy, turkiy maʼnodosh so‘zlar. Yurtimizda qadimdan bu uch tilning yondosh yashaganiga yana bir timsol.

Amerikalik do‘stimiz professor Bodrogligetti nasabi xayolimni shuncha olislarga eltdi, uzoq zamonu maʼvolarda kezdirdi. So‘z shunday moʻjiza ekanki, uning zamirida qatlam-qatlam bo‘lib tarix yotar ekan.

Moldaviyada turkiy tilda so‘zlovchi gagauz halqi yashaydi. Ilm ahli bu nomni qora o‘g‘izga bog‘laydilar. O‘sha qarindoshlarni men olimona emas, shoirona so‘z bilan qorako‘z degim keladi. Chunki qorako‘z deb o‘zbek o‘zini, o‘z birodarini, yaqin jigarini aytadi. 

Andrash Bodrogligetti ham o‘sha qorako‘zlardan bo‘lsa, dunyoga sochilib ketgan urug‘larimizdan bo‘lsa ne ajab! Olimning so‘zi haq. Bizlar hammamiz Oy farzandlarimiz. Oydan tushgan kabi soddamiz. Dilimiz oydin, niyatimiz oydin.

Bu timsollar yarim tunda to‘lin oy yorug‘ida xayolimga keldi. Bamisoli neʼmat to‘la lagandek ulkan kumush gardish ko‘kdan nuroniy chehra bilan sokin, mehrli qarab turardi.

O‘zbek bejiz onani oyi deb, Oyni oymomo deb atamagan. Ey, Oy, xalqim yo‘llarini shuʼlang bilan munavvar qil, istiqbolini oydin qil, momojon!


Erkin Vohidov. “So'z latofati” kitobidan

05.07.2021 2223