"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘rta dengiz haqida

Afrika va Yevropa qitʼalari orasida bir dengiz bor, nomi – O‘rta dengiz. Uni o‘zbekchada ko‘pchilik O‘rtayer dengizi yoki O‘rta Yer dengizi shaklida xato ishlatadi. Manaman degan nashrlar, kitoblar, hatto qo‘llanmalarda ham uchraydi bu holat. Lekin milliy ensiklopediya va ensiklopedik lug‘atni varaqlab ko‘rsangiz, dengiz haqidagi mavzuga O‘rta dengiz deb sarlavha qo‘yilganiga guvoh bo‘lasiz Ayni shu shaklda ishlatish to‘g‘ri.

O‘rtayer, O‘rta yer yoki O‘rta Yer dengizi deyish nima uchun xato? Eʼtibor bergan bo‘lsangiz, bu yerdagi mazmunga ko‘ra, yer o‘rtada bo‘lib qolyapti. Aslida o‘rtada yer emas, suv havzasi bor. Gap dengiz o‘rtasidagi yer haqida emas, ikki yer yoki ikki quruqlik o‘rtasidagi dengiz haqida ketyapti.

Unda nega bunday ifoda paydo bo‘lgan va keng yoyilgan? Menimcha, ruscha Средиземное море atamasi yanglish tarjima qilingan va keyinchalik eʼtiborsizlik tufayli bu xato ommalashgan.

Garchi ensiklopediyaning dengizga atalgan maqolasida O‘rta dengiz deyilgan bo‘lsa-da, kitob ichidagi baʼzi maqolalarda O‘rtayer dengizi, O‘rta Yer dengizi kabi ifodalar qo‘llangan. Bunga ensiklopediya maqolalarini yuzlab mualliflar yozgani sabab bo‘lsa kerak. Juda katta hajmli kitobni tahrirlash, barcha jildlardagi atamalar va toponimlarni solishtirib, birxillashtirib chiqish anchagina qiyin ish, albatta. Keyingi nashrlarda tuzatib qo‘yilsa, nur ustiga nur  bo‘lardi.

Xo‘sh, O‘rta dengiz deyish nima uchun to‘g‘ri? Dengiz ham ikki quruqlik o‘rtasida, ham Yer sharining o‘rta qismida, ekvatorial hududda joylashganini hisobga olsak, O‘rta dengiz nomi unga quyib qo‘ygandek mos tushadi.


Orif Tolib sahifasidan olindi

08.07.2021 963