"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbekistonlik tilshunos olim xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi

YUNESKOning Bangladeshdagi Xalqaro ona tili instituti tomonidan e’lon qilingan “Xalqaro ona tili mukofoti” tanlovining “Ona tilining xalqaro miqyosdagi tadqiqi” yo‘nalishida o‘zbek tilini antropotsentrik yo‘nalishda tadqiq qilayotgan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yosh tilshunos olimi G‘ulom Ismoilov oltin medalga loyiq deb topildi.

16 iyul kuni mamlakatimiz bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish borasida Bangladesh Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abul Kalom Abdul Mo‘min O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi muxtor elchisi Zahangir Alam  tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Bangladesh davlati Tashqi ishlar vaziri Abul Kalom Abdul Mo‘min tanlov g‘olibi G‘ulom Ismoilovga Bangladesh hukumati nomidan mukofot, ya’ni oltin medalni taqdim qildi. Mazkur tadbirda hukumatimizning qator tashkilotlaridan vakillar, jumladan, O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi raisi Muxtor Umarov, hukumatimiz Tashqi ishlar vazirligi vakillari, Hindiston, Janubiy Koreya kabi davlatlarning vakillari ham ishtirok etishdi.

Mukofot sohibi G‘ulom Ismoilov Bangladesh davlati Tashqi ishlar vaziri Abul Kalom Abdul Mo‘min bilan suhbati chog‘ida Bangladesh davlatidagi Xalqaro ona tili instituti, Zamonaviy tillar instituti va boshqa xorijiy tillar bilan bog‘liq oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish borasida takliflarini bildirib o‘tdi.


uza.uz

19.07.2021 621