"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Abdulla Qodiriyga salom berolmagan kelini

Adibning omadi

O‘zbek adabiyotining darg‘alari – zamonasiga sig‘magan, qatag‘on kurbonlari haqida xotira kitoblar yaratishning o‘z vaqtida imkoni bo‘lmagan. Mustaqillik yillarida bunga yo‘l ochilsa-da, baxtga qarshi ular haqida yozishga qodir-qobil shaxslar barmoq bilan sanarli qolgan. Ko‘rgan-bilganlardan yozib olinganlari ham mazmunan o‘ziga yarasha, xiyla parishon chiqqan. Boz ustiga, bu allomalar ortida sadoqatli, fidoyi shogird, umr yo‘ldosh, og‘a-inilar, farzandlar qolmagani uchun mavjud imkoniyatlar boy berilgan. Biroq bu borada Abdulla Qodiriyning omadi bor ekan (Umarali Normatov, “Qodiriyning so‘nggi iltijosi”)...”.

Adibning 1918-yili tug‘ilgan to‘ng‘ich o‘g‘li Habibulla Qodiriy padari buzrukvori hibsga olinganida 20 yoshda, tibbiyot instituti tolibi edi. Otasining hayoti, ijodi, qismatiga oid jamiki voqea­hodisadan xabardor edi. Ota qamoqda ekanida katta oilaning butun tashvishi o‘sha kezlari suyak sili kasaliga chalinib gipsda yotgan Habibulla zimmasiga tushadi. Kamida, uning ham gardaniga otaning kuni tushadi – 1945-yil 28-mayda hibsga olinib, “aksiliniqilobiy yoshlar tashkilotining rahbari bo‘lgan, otasining taqiqlangan asarlarini uyida saqlagan, sovet hukumatiga qarshi agitatsiya ishlari olib borgan” degan ayblovlar bilan 10 yil qamoq va surgun azoblarini boshdan kechiradi.

U yoqdan qaytgach, chala qolgan ta’limini davom ettiradi. Tugatgach, poytaxtdagi 10-shifoxonada shifokor bo‘lib xizmat qilishi barobarida yuragida tugib yurgan eng katta orzusi – otasining ijodiy merosini to‘plash, hayoti, shaxsiyati, ijodiy qismatiga oid ma’lumotlarni jamlashga qattiq bel bog‘laydi. Abdulla Qodiriyni ko‘rgan-bilgan zamondoshlaridan u haqdagi xotiralarni yig‘ib, “Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida”, o‘z qalamiga mansub “Otam haqida” xotiralar kitoblari bosmadan chiqadi.

Umri poyonida og‘ir xasta bo‘lishiga qaramay, “Qodiriyning so‘nggi kunlari” xotira-qissasi ustida ishladi. Abdulla Qodiriyning eng tahlikali kunlari haqidagi fig‘onlarga to‘la nasriy hujjatli dostonini poyoniga yetkazdi, she’r, drama, hajviya, publisistik va adabiy-tanqidiy maqolalarini qidirib topib, nashrga tayyorladi. Oltmishga yaqin adabiy taxallusni aniqlab, 1969-yili “Kichik asarlar” kitobini chop ettirdi...

Habibulla Qodiriydek o‘g‘ilning ana shunday zahmatli ishlari tufayli biz va kelajak avlod mufassal adabiyotlar bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘lib turibmiz. Shuni ham unutmasligimiz kerakki, Abdulla Qodiriy nafaqat o‘g‘ildan omadi chopgan, qolaversa, qo‘lidan bir piyola choy ichmagan, qaynota bo‘lib salomini olmagan bo‘lsa-da, kelindan ham yolchigan edi. Ijodiy merosi tiklanishida o‘g‘li Habibullaning hissasi qancha bo‘lsa, kelini – Habibulla Qodiriyning umr yo‘ldoshi Mukambar Miryahyo qizining mehnati ham beqiyosdir. Zero, bir shifokor insonning ishdan so‘ng uyidagi ijodxonasida ishlashi va maqsadiga erishishida faqatgina ichki xohishgina emas, jufti haloli tomonidan yaratilgan sokingina muhit, e’zoz-u ehtirom, avaylanish, ruhiy, ma’naviy ko‘mak katta ahamiyatga ega.

Abdulla Qodiriyning nabirasi, Habibulla Qodiriyning qizi Manzuma aya bilan suhbatlashib, bunga yana bir karra amin bo‘ldik (Afsuski, Mukambar aya bilan yuzma-yuz suhbatlashib, xotiralarini tinglash nasib etmadi, 2021-yil 17-martda 86 yoshida chin dunyoga rixlat qildilar).

 

“Dadamni yomg‘ir ovozidan ham asrar edilar”

– Onam u ko‘chadan bu ko‘chaga kelin bo‘lib tushgan. Ikki tarafning ota-bobolari bir-biriga qadrdon, hammaslak, ilmli, ziyoli bo‘lishgan. Ona tomondan bobo-buvim Qodiriylar xonadonini o‘zgacha hurmat qilishgan, beaybliklarini bilishgan. O‘sha paytda tillariga chiqarolmasalar ham, ich-ichidan juda hurmat qilishgan.

Onam Samarqand darvozadagi bobom qurgan uyga kelin bo‘lib tushgan. Har bir harakatida bu oilaga munosib bo‘lishga intilgan. Bu yerda qaynota va qaynonamning pok ruhlari kezib yuradi, deb hamisha pokizalikka intilgan. Uy zinasini supurgi ishlatmay, har kuni suv sepib, latta bilan artib olar, so‘ng o‘tirib tilovat qilardi. Unga oyoq kiyimimiz bilan chiqishga qo‘ymas, o‘zlari ham bunga amal qilardi. Bolaman-da, so‘rardim: – Oyoq kiyimda chiqsam, nima bo‘ladi? –Bo‘lmaydi, bu yerlarga buvangning qo‘llari tekkan, tabarruk, derdi. Ushbu sementli pillapoyani tozalashni umrining oxirigacha kanda qilmadi.

Oilamizda o‘zbekcha urf-odat, ayollarga xos iffat saqlanib kelgan. Masalan, ko‘chadan biror kishi so‘rab kelsa, ayol kishi darvozaga chiqmagan. Masalalar erkaklar bilan hal etilgan.

Onam yumshoqtabiatli ayol edi. Yoshlikdan qiyinchilik ko‘rgani uchun bu yerdayam tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirgan. Oralaridagi farq katta – 17 yosh bo‘lgani uchunmi, hurmat va hayiqish bo‘lgan. Haqiqiy uy bekasi edi, dadamdan beso‘roq ostona hatlamagan, aslida ko‘cha-ko‘ylarni yaxshi bilmagan ham.

Mahallada volidamni “Ipakoyi” deb atashardi. Chunki qo‘shnilar bilan biror marta san-manga bormagan, uyda ham ovozi baland chiqmagan ekan. Gap-gashtak-ku ko‘rmagan, to‘y-hashamga ham ruxsat bo‘lsagina, borar ekan.

Hazil aralash bir iboralari bor edi: “Men umr bo‘yi yozuvchiga kotiba bo‘lib o‘tdim”. Buning tagida alam ham, azob ham, dard ham bor edi. Chunki 10 yil qamoqda nohaq o‘tirib, asabi, sog‘lig‘i tugab kelgan odam bilan murosa qilib yashadi. Masalan, uyimizda hech qachon televizor ovozi balandlatilmas, uyam faqat kechqurun qo‘yilardi. Kasbi hamshira bo‘lgani uchun biror qo‘shnimiz ukolga kelsagina, gaplashib qolar, suhbatlari sal cho‘zilsa, dadam “chuq-chuq”lab qo‘yar, shuning o‘zi yetarli edi.

Dadam ijod qilib o‘tirganida chanqasa, choy keltir, demasdi, choynak qopqog‘ini bir ko‘tarib qo‘yardi, xolos. Ziyrak onajonimga shuning o‘zi kifoya edi, darrov choy damlab, olib kirardi. Dadam doim xayol og‘ushida yurar, tuni bilan qog‘oz qoralagani uchun kech uyg‘onardi. Shuning uchun onam ertalabgi supurishga hovlini kechqurun tayyorlab qo‘yardi. Bilasizmi, qanaqa qilib? Ariq suvini yerga ko‘lmaklatib separ, u esa sahargacha singib, namxushgina bo‘lib turardi. Tongda sharaqlatib suv sepishga hojat qolmasdi va changitmaygina, ohistagina supurib olardik. Maqsad, kechasi bilan ijod qilib, tongda uxlab qolgan turmush o‘rtog‘ini tongda hovliga suv sepaman deb uyg‘otib yubormaslik! Avaylash! Ehtiyotlash!

Supur-sidirlarni barvaqt, g‘ira-shirada bajarardik. Yuvuqsiz yuz bilan quyoshni ko‘rish uyat hisoblanar, bundan bizni doim qaytarardi.  Darvozaxonaning oldini eng avval tozalardik, namozga o‘tadigan chollar xonadonimizga nisbatan salbiy fikrda bo‘lmasligi uchun.

Yana bir holni aytsam, hayron ham qolasiz. Bilasiz, yomg‘ir yog‘sa, tarnovdan suv sharillab tushadi. Shu bois yomg‘ir yog‘ar-yog‘mas yugurib borib, hovlining yonboshida avvaldan tayyorlab qo‘yilgan uzun yog‘ochlarni tarnovga tirab qo‘yardilar, suv sharaqlamaygina, unga bo‘ylab, yerga oqsin deb (jimgina yig‘laydi – N.E.). Bunga hammamiz hushyor turardik. Chunki yomg‘irning jildiragan ovoziyam dadamga yoqmagan.

Nega, bilasizmi? Keyinchalik o‘qib bildimki, siyosiy mahbuslarning asabiga tegish uchun atayin suvni tepadan muntazam ravishda chak-chaklatib oqizib qo‘yishar ekan. Bu ularga hammasidan og‘riqli azob berar, ana shu “chak-chak”larga chidash eng mushkuli ekan. Shuning uchun suvning chakillagani ham dadamni asablarini o‘ynatib yuborar, u mudhish kunlarni qayta esga solar, onam esa bundan ehtiyotlar ekan.

Dadam biz maktabga ketgach, soat o‘nlarda uyg‘onar, bu paytda ular uchun maxsus qaynatma sho‘rva tayyor turardi. Kichkinagina qozonchada. Gaz plitamizni har bir bo‘lagida qozon qaynardi, biz bolalar uchun alohida, dadam uchun alohida. Chunki oshqozoni mahbuslikda ishdan chiqqan, kamiga pnevmoniya orttirib kelgandi. Surgunlikda suyak sho‘rva ichaverib jonimga tekkan, derkanlar.

Oyim dadamning buyuk ishga qasd qilgan maqsadini yaxshi tushunib, ijod qilishiga shunday sharoit yaratib berganki, ortiqcha tiq etgan tovush bo‘lmagan, hattoki oyoq uchida yurardi. Biz ham shovqin-suron qilmasdik.

Qaynona-qaynotani ko‘rmagan bo‘lsalar-da, ularga sadoqat bilan yashadi. “O‘tkan kunlar”ni har kuni qo‘llariga olib, o‘qib, o‘pardi. Ayrimlar o‘pmang, bu muqaddas kitobmas-ku, deb e’tiroz bildirishsa, yo‘q, bu ulug‘ insonlarning kitobi, derdi. Hatto o‘limlaridan oldin kasal bo‘lib yotganlaridayam kitobni tik qo‘yib silab turardi...

Yangi yil bayrami biznikida hech qachon nishonlanmagan. Bir kuni yig‘laganman, o‘smir ekanman, falonchinikida stollarni bezatib, yangi yil kutishyapti, biz-chi, desam, o‘chir ovozingni, deganlar. Esimni tanibmanki, dadam 31-dekabrda kasalxonalarida navbatchilik olib, o‘sha yoqda bo‘lardi. Tansiq ovqatni ham oyim dadam ketgach qilib berardilar.

Dadam o‘ta ziyoli, madaniyatli shaxs bo‘lganki, biz farzandlar u kishining o‘n yil “o‘tirib” kelganini bilmaganmiz. Bilasizmi, qachon bildik, o‘lganlaridan keyin bildik! Endi eslayman, har bahorda sandiq ochilib, kiyimlar yoyilardi. Shunda itning terisidan qilingan qo‘lqop va og‘ir po‘stin chiqqan. Oyi, nima bu, tashlab yuboraylik, desam, o‘chir ovozingni, buni dadang qamoqda kiygan, dedilar. Iye, dadam qamalganmi, desam, e... yo‘q... uzoq joyda, sovuqlarda bo‘lgan, deb gapni aylantirib yuborgandi. Chunki biz bolalarning oldida siyosat haqida gapirilmagan. Buvam o‘z ajallari bilan o‘lgan, deb o‘ylaganman, otilganlari haqidagi gaplar oila davrasida aytilmagan.

Bilganimda angladimki, yangi yilni nega nishonlashmaganini, dadam nega u kunni faqat shifoxonada navbatchilikda o‘tkazganini.  Sababki, Abdulla Qodiriy bobomizni 1937-yil aynan yangi yil kechasi 11:30 da, hamma bayramni kutayotgan vaqtda olib ketishgan ekan!..

Bizdan sir tutishgani, birinchidan, tarbiya, ikkinchidan, u kunlarning ta’sirida bu oila uncha-buncha yurak oldirib qo‘ymagan, biz bolalar ko‘chaga chiqib, bir narsa deb qo‘ysak, ish chappasiga ketishi hech gap emasdi. Dadamning eng asosiy maqsadi bitta, buvamning toptalgan nomini qaytadan tiklash bo‘lgan. Umrining oxirigacha tish-tirnoqlari bilan, gard yuqmagan holatda shunga intildi va erishdi. Adibimiz Tohir Malik aytgandiki: “Men hayron qolaman, Cho‘lpon bu darajada emas, Fitrat, ham, chunki ularning Abdulla Qodiriyning farzandlari kabi zurriyodi bo‘lmagan. Qodiriyning baxti shunday jonfido o‘g‘li bo‘lganida”.

 

Ota izi o‘chmaydi

Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Habibulla Qodiriydek jonfido o‘g‘il va Mukambar onaning tarbiyasini ko‘rgan zurriyodlari ham Qodiriylar sha’ni, qadrini ulug‘lab, shunga mos bo‘lishga intilishdi. Habibulla Qodiriy ikki o‘g‘li Xondamir va Sherkonlarni yoniga olib, ularni ham qodiriyshunos qilib tarbiyalagandi. Xondamir otasi rahbarligida qissa, hajviya, ocherk, maqolalar va felyetonlar to‘plami – “Gʻirvonlik Mallavoy” hamda “O‘tkan kunlar”ning 1926-yilgi nashri asosida asl to‘la nusxasini, “Mehrobdan chayon”ning 1929-yildagi kitob variantiga asoslangan nashrini tayyorlab, yaxlit kitob holida nashrdan chiqardi. She’rlar, hikoyalar, Qodiriyning so‘nggi iltijosi sahna asarlari, hangoma, felyeton va maqolalardan iborat nisbatan eng to‘liq hisoblangan salmoqli majmuani “Diyori bakr” nomi ostida chop ettirdi. U bobosi merosi barobarida padari buzrukvori arxivini asrab-avaylab, asarlarini qayta nashrga tayyorladi: “Otamdan xotira” ana shu mehnat mahsulidir. Kichik o‘g‘il Sherkon Qodiriy ham bu qutlug‘ ishda akasiga kamarbastalik ko‘rsatib, “37-xonadon” kitobini chop etdi. Bunday ezgu harakat hanuz davom etmoqda.

– Akamlar – Xondamir, Sherkon, men va ukam Irfon ota-onamga, bobolarimizga munosib bo‘lishga qanchalik harakat qilsak, nabiralarimizga bu an’anani davom ettirishlarini tayinlaymiz, deydi Manzuma aya so‘zini yakunlayotib. –  Qizim Mahzuna Qodiriy ingliz tili o‘qituvchisi, u ham buvalarining asarlarini xorijiy tillarga o‘girib, dunyoga targ‘ib qilish bilan band...

Manzuma aya bilan xayrlashar ekanman, Abdulla Qodiriyning quyidagi so‘zlari esimga tushdi:

“Dunyoda kishidan go‘zal hulqli, solih farzandlar bilan yaxshi kitoblar qoladi”, degan hadisni o‘qib o‘ylanib qoldim. Ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadigan fursat – umrda odam o‘zidan keyin qoldiradigan vorislarning xaddi a’losi ham shu aslida”.

Nurxon ELMIRZAYEVA

oyina.uz

09.09.2021 1172