"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ONA TILIM – IFTIXORIM!

Ona tilim, sen faxru – iftixorimsan.

Sen – Millat yuragisan, nomus, orimsan.

Sen borsangki, yashaydi o‘zbek degan el,

Ming yillik bayrog‘im, barqarorimsan.


Bobolardan meros qolgan taxtim, davlatim.

Ona tilim, Xudo bergan baxtim, shavkatim!

Navoiylar senda bitmish, ashʼoru suluk.

Sen Boburning sevgilisi, jonisan suyuk.


Amir Temur, Buxoriylar so‘zlab o‘tgan til,

Senda so‘zlab ne ne zotlar bo‘ldilar buyuk!

Ona tilim sen podshohlar, buyuklar tili,

So‘z mulkining sultonlari, suyuklar tili!


Ming ming go‘dak senda so‘zlab chiqarmoqda til.

Ulug‘ millat senda so‘zlab yashnadi ming yil.

Millionlarga beshik bo‘lding, minglarga qanot,

Butun dunyo rivojiga qo‘yding tamoyil.


Jahon ilmin gurkiratgan shonli doxiysan,

Yana ming yil eng oldinda borar, boqiysan!

Ona tilim, Xudo bergan, nolam, bo‘zimsan,

Qoshu ko‘zim, nurli yuzim, jonim o‘zingsan.


Yuz bo‘lmasa, jon bo‘lmasa yasharmidim men,

Millatimning yuzu ko‘zi, o‘zi o‘zingsan.

Millatimning yuragiga quyilgan jonsan,

Ona tilim, iymon kabi qutlug‘ ehsonsan!


Sen borsanki, bizning millat yashaydi abad,

Bir tanu jon, qudratli kuch, sohibi daʼvat.

Bugun buyuk minbarlarda yangramoqdasan,

Doim yangra, zamin bo‘ylab, behad, besarhad!


Ona tilim, mening mangu yalovdorimsan,

Iftixorim, shon shavkatim, barqarorimsan!


Muhammad Ismoil

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori

12.09.2021 8252