"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

IQTISODIY YANGI SOʻZLAR

“...Til masalasi — jiddiy masala. Demak, uni chinakam maʻruf kishilarga xos aql-zakovat va yangicha tafakkur bilan hal etish lozim...”

Xayriddin Sulton, taniqli adib


Bugungi kunda barcha sohalarda yangi soʻzlar bilan boyimoqda. Jumladan, iqtisodiyot sohasi ham “toʻlishib” bormoqda. Ayniqsa, iqtisodiyotning yetakchi yoʻnalishlaridan boʻlgan buxgalteriya, marketing, menejment, logistika yoʻnalishlari yangi soʻzlar bilan boyishi har bir iqtisodchini beeʻtibor qoldirmasa kerak. Oʻzbek tilining asoschilari A.Navoiy va M.Qoshgʻariyning iqtisodiyotga oid atamalari mazkur sohaning xazinalaridir desam mubolagʻa boʻlmaydi.

Tilimizni asrab-avaylash, toza saqlash, chet tillar taʻsirini bir meʻyorga keltirish zarurati har birimizning zimmamizda ekanligi xususida koʻp va xoʻp gapirmoqdamiz, soʻz yuritamiz. Inchunun, tilimizdagi oʻzgarishlar, avvalo, istilohlar evaziga kirib keldi deyish mumkin.

Eʻtiboringizga koʻp qoʻllanilayotgan soʻzlarining kelib chiqishi, maʻnosi haqida gaplashamiz.

HALOLLIK VAKSINASI — korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari majmuasi. Bu atama ilk marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida tilga olingan:

“Bugungi kunda ham halollik va poklik masalasiga hayotimizning yaxshilanishi hamda insoniyligimizning mezoni sifatida qaralmoqda. Shu maqsadda turli illatlardan xoli, farovon, odil jamiyatni qurishda eng muhim “richag” – har birimiz oʻzimizni “halollik vaksinasi” bilan emlashimiz kerakligi taʻkidlanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashda adolat bosh mezon hisoblanadi. Bunga erishishning yagona yoʻli – “halollik vaksinasi” hisoblanadi. “Halollik vaksinasi” hozirgi kunda Yangi Oʻzbekiston gʻoyasini izchil amalga oshirishda va bozor munosabatlariga keng yoʻl ochib berilgan davrda nihoyatda zarur ahamiyat kasb etadi”.

CHELLENDJ — bu Internet-rolik janri boʻlib, Ijtimoiy tarmoqda chaqiruv maʻnosi tushuniladi. Bu video janrini anglatuvchi atama boʻlib, unda foydalanuvchilar oʻzlarining biron bir harakatini amalga oshirganligini yozib olishadi va keyin boshqalarni takrorlashga daʻvat etishadi. Ular internet-memlar madaniyatida muhim rol oʻynaydi va koʻplab muammolar bu kabilar orqali tarqaladi.

INSAYT NIMA? Bu soʻzni kimlar koʻproq ishlatadi? Tadbirkorlar orasida, biznes-trenerlar oʻz nutqlarida “insayt” soʻzini koʻp ishlata boshladilar. Inson tasodifan biror muhim vaziyat va holatni anglab yetishi, va unga ajoyib yechim topish holati — insayt deyiladi.

Yaqin-yaqinlardan biznes sohasida bu soʻz boshqa bir maʻnoda ishlatilishni boshladi va endi u holatni emas, ayni muammoning yechimiga sababchi boʻluvchi fikr, maʻlumot yoki faktlar yigʻindisini ifodalaydigan boʻldi.

KAMBAGʻALLIK — insonning hayoti davomida tanlov va imkoniyatlarga ega boʻlmasligi, jamiyatda toʻlaqonli ishtirok etish uchun toʻsiqlarning mavjudligi, bundan tashqari, oilasini boqishi va kiyintirishi, taʻlim olishi yoki kasalxonada davolanishi, biror sohada faoliyat yuritishi yoki daromad olishga imkon beradigan mehnat bilan taʻminlash imkoniyatlari yetishmasligi hamda kredit olish imkoniyatining cheklanganligida namoyon boʻladi. Shuningdek, kambagʻallik — bu insonlar, uy xoʻjaliklari va jamoalarning ijtimoiy jihatdan chegaralanganligi, xavf-xatarlar oldida chorasizligi hamda nochorligi sanaladi.

IQTISODIY DRAYVER — bu iqtisodiy oʻsish ustuni, iqtisodiy rivojlanish negizi, iqtisodiy oʻsishning yetakchiligi, iqtisodiy rivojlanishning ahamiyatliligi, iqtisodiy oʻsish barqarorligi, iqtisodiy oʻsish ustuni va hokazolar tushuniladi.

Masalan, iqtisodiyotning muhim “drayver”laridan biri bu — makroiqtisodiyot sohasi hisoblanadi.

INKLYUZIV OʻSISH — nochor guruhlardagi tengsizlikni kamaytirishni oʻz ichiga oluvchi oʻsish imkoniyatini diskriminatsiyasiz taʼminlaydigan diskriminatsiyasiz oʻsish tushuniladi. Inklyuziv oʻsish foydada ishtirok etish va undan teng foydalanishni nazarda tutadi.

MOTIVATSIYA — harakatni uygʻotmoq; ruhiy-fiziologik rejaning dinamik jarayoni, inson harakatini boshqarish, maqsad sari yetaklovchi vosita, tashkillashtirish, faollik va bardoshlilik kabi maʻnolarni anglatadi. Motivatsiya har bir sohada kerak: xoh u taʻlim, xoh u iqtisodiy boʻlsin, rivojlanishga turtki beradigan omil.

TOVAR — bu “mahsulot”ning oʻzbekchasi – tovarda, deyishingiz mumkin. Yoki tovarning oʻzbekchasi mahsulot deb atashimiz ham xato emas. Bu soʻz goʻyo rus yoki boshqa Yevropa tilidan kirib kelganday tuyuladi. Aslida bunday emas. Tovar azaldan oʻzbekcha soʻz.

Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asarida “tavar” soʻziga “jonli, jonsiz mol, mato” deb taʻrif berilgan:

Oʻl aning birla tavar yarishdi – U sherigi bilan tovarni teng boʻlishdi.

TOVAR rus tiliga turkiy tillardan oʻtgan. U bolgar, sloven, chex, polyak kabi tillarda ham ishlatiladi.

KOFE-BREK — bu soʻz koʻproq ziyoli yoshlar qatlam orasida urfga aylanib ketdi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Konferensiyalar va tadbirlarning tanaffus chogʻida bir piyola choyga taklif qilinadi. Yaʻni, “kofe-brek” tashkil etiladi.

Xulosa qilib aytganda, bu kabi misollar juda koʻp. Ammo ular haqida tasavvurga ega boʻlish va mazmun-mohiyatiga yetish, har bir soʻzning oʻrnini bilib foydalanishimiz qay darajada iqtisodchi va savodxon ekanligimizni belgilaydi. Zero, mamlakat taraqqiy etgan sayin iqtisodiyotda ham yangidan yangi qonuniyatlar kashf etila boshladi. Iqtisodiyotni chuqurroq oʻrganishimizga imkoniyat yaratildi. Umuman olganda, iqtisodiyotga tegishli soʻz va terminlar aniq va mantiqan asoslangan boʻlmogʻi lozim. Sababi, muloqot madaniyatimizda yangi soʻz, iboralarni oʻrinli-oʻrinsiz tarzda isteʻmolga kirishi, gap tarkibida sunʻiy ifodalarning paydo boʻlishi, chet tillar taʻsiri va kommunikatsiya oqibati oʻlaroq, tilimizni buzilishiga yoʻl qoʻymasligimiz kerak.

Til – millat koʻzgusi. Bu haqda Erkin Vohidov shunday degan edi: “Ona tili umummillat mulki. Demak, til oldidagi masʻuliyat umummilliy. Men oʻzbekman, degan har bir inson oʻzbek tili uchun qaygʻurmoq kerak”.


Oygul Kajanova,

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni

qisqartirish vazirligi xodimi

20.09.2021 1174