"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Deb” va vergul

Tajribali muharriru musahhihlarni ham o‘ylantirib, chalkashtirib qo‘yadigan holatlardan biri deb so‘zi bilan vergul ishlatishdir. Hatto punktuatsiya qoidalari haqidagi kitob ham chalkashliklarga yo‘l qo‘ygan. Bitta o‘rindagi prinsip keyingi o‘rinda teskarisiga ishlagan.

Men tinish belgilarini o‘ta zarurat bo‘lsagina ishlatish tarafdoriman. Jumladan, deb so‘zi bilan ham. Vergul talab qiladigan holat bo‘lsa, qo‘llash kerak. Bo‘lmasa – yo‘q.

Izohli lug‘at deb so‘zi ravishdosh bo‘lib kelganda undan oldin, qo‘shma gap tarkibidagi bog‘lovchi bo‘lib kelganda esa undan keyin vergul ishlatgan. “O‘zbek tili punktuatsiyasining asosiy qoidalari” kitobi ham shu yo‘ldan borgan. Lekin kitobda vergul ishlatilmasligi kerak bo‘lgan ikkita holat tilga olingan:

Baʼzan deb shakli gap tarkibida sababli, tufayli, uchun kabi yordamchi sozlarning sinonimi kabi qo‘llanadi, bunday holatlarda deb so‘zidan keyin ham, oldin ham vergul qo‘yilmaydi:

Arzimagan oshiq-maʼshuqning xati deb butun pochta ovopa bo‘ladi.

O‘. Umarbekov

Baʼzan deb shakli gap tarkibida sifatida yordamchi sozining sinonimi kabi qollanadi, bunday holatlarda deb sozidan keyin ham, oldin ham vergul qoyilmaydi:

Said buni sovg‘alarning debochasi deb bilardi.

U. Hamdam

Lekin yuqoridagi kabi prinsip bir o‘rinda qo‘llanmagan. Kitob: “Ergash gap bosh gapga deb vositasida bog‘lansa, undan keyin vergul qo‘yiladi”, deb taʼkidlaydi:

Hovlidagi supaga to‘shalgan bo‘yra ustiga yoyilgan turshaklarni qush talamasin deb, qo‘riqlab o‘tirdim.

O‘. Hoshimov

Men shu o‘rinda ham vergul ishlatilmasligi kerak deb hisoblayman. Nega? Chunki deb so‘zi maqsadida, degan maqsadda so‘zining sinonimi kabi qo‘llanyapti. O‘rniga sinonimini qo‘ysangiz, vergul ishlatilmasligi oydinlashadi:

Hovlidagi supaga to‘shalgan bo‘yra ustiga yoyilgan turshaklarni qush talamasin degan maqsadda qo‘riqlab o‘tirdim.

Xo‘sh, qachon vergul ishlatish kerak? Hamma yoq qo‘shtirnoqzor bo‘lib ketmasligi uchun ko‘pincha badiiy va publitsistik matnlarda ko‘chirma gaplar qo‘shtirnoqsiz beriladi. Xuddi shunday holatlarda deb so‘zidan oldin vergul qo‘yish o‘rinli:

Bunaqa holatlarga oldindan tayyor bo‘lish kerak, deb eʼtiroz bildirdi u.

Endi nima qilsam ekan, deb o‘ylab o‘tiribman.

Yuqoridagi ikki misolda deb so‘zi ko‘chirma gapni ifodalash uchun xizmat qilyapti. Bu ikki gap aslida ko‘chirma gap qoidasiga ko‘ra qo‘shtirnoqqa olinishi, vergul esa qo‘shtirnoqdan keyin qo‘yilishi kerak:

“Bunaqa holatlarga oldindan tayyor bo‘lish kerak”, deb eʼtiroz bildirdi u.

“Endi nima qilsam ekan”, deb o‘ylab o‘tiribman.

Ammo tinish belgilarini ko‘p ishlatib, o‘quvchini chalg‘itmaslik uchun baʼzan qo‘shtirnoqlardan voz kechiladi. Bitta vergul orqali ham jumla boshqa kishiga tegishli ekani anglashiladi. Badiiy va publitsistik matnlarda, shaxsiy yozishmalarda bu usul o‘zini oqlaydi.


Orif Tolib sahifasidan

25.09.2021 1033