- Bosh sahifa
- Maqolalar
- Mulohaza: Banklar o‘zbekCHALAshdimi?
Mulohaza: Banklar o‘zbekCHALAshdimi?
O‘zbek tili rasmiy maqom olganiga 32 yil
bo‘libdiki, hali-hamon rus tilining bosimidan qutulolmayapmiz. Qancha qonun-u
farmon-u qarorlar chiqmadi deysiz, lekin ayrim sohalarga o‘zbek tilining so‘zi
hanuz o‘tmayapti. Xususan, kundalik ehtiyojimizga aylangan banklarda “ikkinchi
ona tilimiz”ni bilmagan inson noqulay vaziyatga duch kelishi mumkin.
Ayni paytdagi holatni o‘rganish maqsadida “Sanoat qurilish bank”ning
Yunusobod filialiga bordim. Boshlanishi chakki emas! Ariza to‘ldirish uchun
menga o‘zbek tilida namuna berishdi. Albatta, bu yoqimli holat. Bankning
saytiga kirib esa… Sayt ikki tilda faoliyat ko‘rsatadi, lekin mijozlar elektron
shartnomalarni rus tilida yuklab olishga majbur. Davlat tilidagi versiyasida
ham ruscha hujjat chiqib kelaveradi. Afsuski, bunday holatni deyarli barcha
bank saytlarida kuzatish mumkin.
“Ipoteka bank”ning Mehnat
filiali Sizni ruscha mulozamat bilan qarshi oladi – Добро пожаловоть! Keyingi
qadamda “Курсы валют” peshonangizga uriladi. Plastik kartochka ochish maqsadida
blanka so‘radim. Xayriyatki, bank hodimlari o‘zbekcha namuna taqdim etishdi.
Shunisiga ham shukr! Ariza ham rus tilida bo‘lganida bormi, Moskvadan
Toshkentga qaytishga aviachipta qidirib qolarmidim.
Tobora o‘zligimdan uzoqlashib boryapman. Abay
ko‘chasidagi “Turon bank” xodimlari buni menga chuqurroq his qildirishdi.
Arizaning o‘zbek tilidagi namunasi “hozir yo‘q”ligini xotirjam aytishdi. Tugab
qolmasdan oldin bormidi?!
Navbatdagi manzilim – “Davr bank”ning Yunusobod filiali.
– Omonat qo‘ymoqchman.
– Marhamat!
Ha, tilingga shakar! Qanday chiroyli ifoda!.. Xursandchiligim uzoqqa
cho‘zilmadi. Qo‘limga tutqazilgan qog‘ozdagi ruscha bijir-bijir yozuvlarga
qarab ko‘zim tinib ketdi. Ona tilimni bilmaydigan bankka pulimni omonat qoldirolmayman,
axir. “Davr bank”da davlat tilining davri kelmabdi hali.
“Agrobank”ning bosh ofisida qanday manzara kutib turibdi bizni? Unaqasidan so‘rasam ham – o‘zbekcha,
bunaqasidan so‘rasam ham – o‘zbekcha! Saytidagi elektron nusxalariga qaradim –
o‘zbekcha! Bo‘lar ekan-ku, a! Otangga rahmat, Agrobank!
Gapning iddallosini aytganda, avvallari biror bankda ona tilimizdagi
hujjatlarni uchratsangiz, jazirama saratonda qizil qor yog‘ib yuborar edi.
Hozir vaziyat ancha o‘zgarganini tan olish mardning ishi. Lekin yuqoridagi kabi
holatlarga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Niyatimiz – banklarimizdagi
o‘zbekchalashish chala qolmasin!
Charos TURSUNOVA
oyina.uz