"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til o‘tmish, til bugun, til bu – istiqbol

Dunyoda inson zoti yaratilibdiki, bir-biri bilan gaplashadi, so‘zlashadi, o‘zaro muomalada bo‘ladi. Bunda tilning o‘rni beqiyos, albatta. Inson til orqali boshqa tirik jonzotlardan ongli ravishda farq qiladi. Dunyoda tillar ko‘p, lekin har bir xalq, har bir millat uchun o‘z tili qadrdon va sevimli, chunki shu tilda u bemalol muloqot qiladi, o‘z fikr-tuyg‘ularini bevosita erkin ifoda etadi.

O‘zbek xalqi qanchalik teran tarixga ega bo‘lsa, ona tilimiz ham shunchalik uzoq tarixga egadir. Asrlar davomida xalqimiz qanday kunlarni boshidan kechirgan bo‘lsa, tilimiz ham shunday kunlarni boshidan kechirdi. O‘zbek xalqi qadimgi davrlarda yashagan turkiy xalqlarning bir bo‘g‘ini hisoblangan. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir”.

Haqiqatan ham til inson uchun berilgan buyuk ne’mat, u milliy madaniyatning ham muhim tarkibiy qismidir. U nafaqat aloqa quroli, balki inson shaxsini fazlu kamolga yetkazuvchi, uning xulqi-odobi, insoniy xislat va fazilatlari uyg‘unligini ta’minlovchi ibrat va tarbiya manbai hamdir. Zero, u xalqqa kuch-quvvat, ruhiy barkamollik bag‘ishlaydi. Bundan tashqari u inson faoliyatida borliqni bilish, fikr almashish, jamg‘arilgan bilimlarni avloddan-avlodga yetkazish vositasidir. Tilda millatning bor-yo‘g‘i, o‘y-fikri, dunyoqarashi, orzu-umidlari, Vatani, his-tuyg‘ulari aks etadi. Har bir til asrlar davomida rivojlanib, boyib boradi.

Darvoqe, jamiyat hayoti, inson kechinmalari naqadar rang-barang bo‘lsa, til ham shu qadar serjilodir. Til qanchalik serqirra bo‘lsa, boyisa, millat ma’naviyati ham shu qadar yuksaladi. Ona tiliga hurmat, avvalo, uning sofligini ta’minlashga intilish orqali yuzaga chiqadi. Til sofligi dolzarb masala sanaladi. Ayni kunda til mavzusi barchaning diqqat markazida. Tilimiz taqdiri va tarixi bilan qiziqqan har bir vatandoshimiz bu mavzuga qo‘l urmoqda. Chunki bunga majbur bo‘lyapmiz. Misli tilloga teng ona tilimiz qadrini bilmayapmiz. Ko‘cha-kuyda g‘aliz va o‘rinsiz qo‘llanilayotgan so‘z va iboralar odamning ta’birini xira qiladi.

1989-yili o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi amalda tilimiz ravnaqi uchun butunlay yangi davrni boshlab berdi. Mana qariyb 30 yildan oshdi. Uzoq o‘tmish tarix uchun bu dengizdan tomchidek gap. Lekin o‘tmishga nazar soladigan bo‘lsak, ne-ne ulamolar, ilmiy xodimlar, fan arboblari o‘z ona tili bo‘la turib ilmiy ishlarini rus tilida himoya qilganliklari, darsliklarda ham o‘sha vaqtlarda deyarli ko‘pchilik atamalarning boshqa tillarda ifodalanishi juda achinarli holat, albatta. Vaholanki, biz haligacha ona tilimizning ichki imkoniyatlaridan, adabiy tilimizning tuganmas bebaho boyligidan to‘liq foydalanayotganimiz yo‘q. Shu asnoda “Nega ko‘cha qoidalarini buzganlarga xushtak chalinadi-yu, nega o‘z tilimizni buzib gapirayotganlarga xushtak chalinmaydi” degan purma’no gaplar ko‘nglingdan o‘tadi. Demak, biz shunday yoshlarga befarq bo‘lmasdan ularni to‘g‘ri va ravon gapirishga, tilimizga nisbatan beodoblik qilmaslikka undashimiz zarur. Shu bois ona tilimizning sofligini saqlash uchun nimalarga e’tibor berishimiz kerak?

Birinchidan, ijtimoiy sohalardagi ko‘plab atamalarni o‘zbekchalashtirish, yangi atamalarga mos muqobil so‘zlarni topish, sheva so‘zlarini o‘rganishni takomillashtirish, tilimiz sofligini ta’minlash uchun zaruriy choralarni ko‘rishimiz kerak. Shuningdek, dars mobaynida har bir mavzuni o‘rgatish mobaynida oddiygina misollar bilan chegaralanib qolmasdan, balki nasihatomuz gaplardan ham keng foydalanganimiz ma’qul. Chunki til ta’limi orqali nafaqat ta’lim, balki tarbiya ham berishimiz kerak. Qisqacha qilib aytganda “Ahmad maktabga bordi” yoki “Ahmad maktabdan qaytdi” kabi misollar o‘rniga xalq maqollari, ibratli so‘zlaridan ham unumli foydalansak tilimizning rivoji uchun o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lar edik.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, o‘tmish tariximizda tilimiz ham bir qancha qiyinchiliklarni o‘tkazdi. Keyinchalik mustaqillikni qo‘lga kiritgach, tilimizga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Ayniqsa, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek ailfbosini qabul qilishimiz har qanday rivojlanishga asos bo‘la oladi, chunki bu yozuv ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlar uchun ham qulay va bizning ham boshqa tillarni yaxshi o‘zlashtirib tez va to‘g‘ri o‘qishimiz uchun qulaydir. Shuningdek, biz qanchadan-qancha ulug‘ bobolarimizning ilmiy meroslarini, ma’naviy meros hisoblanmish hikmat durdonalarini, badiiy asarlarini, tarixiy-memuarlarini o‘z ona tilimizda sevib mutolaa qilyapmiz. Qolaversa, bu ma’naviy meroslarimizni o‘z ona tilimizning qanchalik teran boy tarixga ega ekanligini namoyon qilish uchun ularni boshqa tillarga tarjima qilib o‘zligimizni namoyon qilmoqdamiz. Bu bilan biz jahonda faqatgina tabiiy yoki qazilma boyliklarimiz bilangina emas, balki ma’naviy jihatdan ham boy ekanligimizni dunyoga tanitmoqdamiz. Bittagina “Assalomu alaykum” so‘zining o‘zi bizning O‘zbekistonlik ekanligimizdan darak bermayaptimi? Bu borada qaysidir chet elik madaniyatshunos olimning bitta fikrlari esimga tushib ketdi, ya’ni: “Shu o‘zbek xalqining boshiga do‘ppisi yarashib, bir qo‘li ko‘ksida, bir qo‘lida choy uzatib tabassum bilan “Assalomu alaykum” degan soz‘larini umrim bo‘yi yiqqan madaniyatlarimga almashishga roziman” degan ekanlar. Ona tilimizning shirinligi, xushmuomalaligi, ko‘rkamligi, ma’naviyatimiz ko‘zgusida oz‘ aksini topayapti desak mubolag‘a emas.

Darhaqiqat, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligi o‘zbek xalqining siyosiy va madaniy hayotida eng yirik voqealardan biri bo‘ldi. Endilikda biz qanchadan-qancha ulug‘ bobolarimiz ilmiy meroslarini, ma’naviy meros hisoblanmish hikmat durdonalarini, badiiy asarlarini, tarixiy memuar asarlarini o‘z ona tilimizda sevib mutolaa qilayapmiz. Ayni damda davlatimizning muhim hujjatlari ham shu tilda yozilmoqda. Ona tilimiz davlatlararo muloqotlarda, dunyoning nufuzli minbarlarida, xalqaro anjumanlarda ham keng qo‘llanmoqda. Hatto Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev ham BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida davlat tilida nutq so‘zlashi tilimizning yanada yuksakligi, ona tilimizga bo‘lgan e’tibori va hurmati ramzidir. Tilimizning millatimiz ruhi ekanligini yana bir karra dunyo miqyosiga isbotladi.

Xulosa qilib aytganda, ona tilini sevish ham vatanparvarlik belgisi, ajdodlar ruhiga hurmat ramzidir. O‘z tilini hurmat qilgan xalq o‘zligini, o‘z g‘ururini asrab-avaylagan bo‘ladi. Ona tiliga muhabbat har bir so‘zning ma’nosini chuqur anglagan holda ishlatish, uni yaxshi bilish, asrab-avaylash kabi fazilatlarda namoyon bo‘ladi. Shunday ekan, biz, ayniqsa o‘zbek tili o‘qituvchilari tilimizning beqiyosligini, rang-barangligini, kelgusi avlodga teran yetkazishimiz muqaddas burchimiz ekanligini aslo unutmasligimiz kerak. Zero, davlat tili birligimiz, borligimiz ramzidir. Shuningdek, ayni damda yoshlarimiz ongiga milliy g‘urur va nafosatni yuksaklarga ko‘tarishni mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy jihatdan taraqqiy etishi, xalqaro obro‘-e’tiborining yuksalishi uchun ona tilimizni yanada boyitish, uni puxta egallashimizga ham ko‘p jihatdan bog‘liq ekanligini takror va takror uqtirishimiz zarur. Ana shunda yosh avlod qalbida tilimizga yanada mehr oshadi, kelajakda ular o‘z ma’naviy barkamolligini ko‘rsata olishi, shubhasizdir.


Kamshat Baymenova,

Berdaq nomidagi QDU
O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi assistenti

28.09.2021 2144