- Bosh sahifa
- Maqolalar
- Bulbul xonishi va “to‘ti falsafasi”
Bulbul xonishi va “to‘ti falsafasi”
1989-yilning 21-oktabrida O‘zbekistonda mamlakat
mustaqilligi ramzlaridan biri — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. 2020-yildan boshlab bu sana O‘zbek tili
bayrami sifatida
nishonlanmoqda. “Daryo”
ushbu sana munosabati bilan oktabrni “O‘zbek tili oyligi” deb e’lon qiladi va oy
davomida har kuni til masalasida turli yillarda qilingan va hamon o‘z
dolzarbligini yo‘qotmagan chiqishlar, nutqlar, maqolalarni qayta chop etadi.
Bulbul xonishi va “to‘ti falsafasi”
Mabodo,
biron sababga ko‘ra, bizning ayrim tilshunos, adabiyotshunos va tarjimashunos
olimlarimizni… jazolash lozim bo‘lib qolsa, ularni o‘zlari yozgan kitoblarini
ko‘pchilik o‘rtasida ovoz chiqazib o‘qishga majbur qilish kerak. Bundan og‘ir
jazo bo‘lmasa kerak jahonda! “O‘quvchi” — zerikib o‘ladi, tinglovchini esa
qo‘rg‘oshinday og‘ir mudroq bosadi…
Mana,
yuqorida nomi zikr etilgan “O‘zbek tilining stilistikasi” (1983) degan kitobda
ko‘zga chalingan ba’zi “ilmiy” gaplar: “Emotsional-ekspressiv leksikaning
stilistik xususiyatlari”, “stilistik norma va funksional stillarning
stilistik-nutqiy strukturasi”…
Mualliflar
ranjiydilar: o‘n ikkita so‘zdan naq (atigi! — G‘. S.) bir jufti o‘zbekcha
kalima-ku!..
Unday
bo‘lsa mana bular-chi: “Professionalizm, texnisizm va terminologik leksika…”,
“sintaktik figuralar va troplar”, “…stillarning klassifikatsiyasi,
ekstralingvistik va lingvistik faktorlar”, “semantik va emotsional-ekspressiv
ottenkalar”, “stilistik effekt”…
E’tiroz:
“Bunday qusurlar, darvoqe, o‘zlarida ham bor!..” Nachora, bo‘lsa bordir. Gap
“men”, “siz”, “ular”da emas, balki hammamizda, barchamizning umumiy mulkimiz bo‘lgan
mavlono tafakkur, til, nutq, tarjima, uslub, insho, bayon haqida.
Mualliflarning
yana bir e’tirozini eshitib turibman: kitobning qimmati faqat uning tili, ilmiy
istilohlari bilangina belgilanmaydi.
Ehtimol,
geometriya, hikmat (fizika), kimyo darsliklari uchun til faqat — shakldir.
Biroq til badiiy adabiyot, shuningdek, badiiy tarjima uchun ham shunchaki
shakl, libos, tashqi ko‘rk-hasham emas. Buni bejiz so‘z san’ati deyilmaydi. Til
badiiy adabiyotning joni. Tili, uslubiy-ifodaviy tarzi g‘arib, qorishiq,
beta’sir asarni aslo yaxshi deb bo‘lmaydi.
So‘zshunoslik
fanlarining alfozi ham har qanday jimjimadorlikdan xoli, ilmiy tilga xos
qanchalik “quruq”, sipo, jiddiy bo‘lmasin, bu inson tafakkuri, nutqi, badiiy
adabiyotning qalbi ekanligini to‘la ifodalashi kerak. Axir, uslubiyot ilmi
yoki, aytaylik, adabiy tanqidga doir kitobning tili qandaydir chizmakashlik yo
bo‘lmasa nabotot fanlarining tilidan farq qilishi kerak-ku!
Nutq
madaniyatini qaror toptirish, parvarish qilishda hamma vosita va
imkoniyatlardan bilib foydalanish kerak. Radio, teleko‘rsatuv, ommaviy sayllar,
sport eshittirishlari, ma’ruza hamda suhbatlarda nutq toza, bo‘liq, donador,
tagdor, ma’nodor va shavqli bo‘lgani yaxshi. Oynayi jahon orqali namoyish
qilingan, did bilan tayyorlangan atigi yarim soatlik oddiy “tomosha” (maxsus
nutq madaniyatiga bag‘ishlangan bo‘lishi ham shart emas!) minglab darsxonalarda
ming soatlab olib borilgan pand, o‘git, nasihatomuz yarim chin, yarim yolg‘on
“ilmiy” tahsildan ko‘ra ming marotaba ta’sirchan va samaraliroq. Negaki,
“ommaviy axborot vositalari” atalmish radio, teleko‘rsatuv va matbuot har bir
xonadonga kirib boradi. Tikuvchining ming urgani, temirchining bir urgani,
deydilar. Ayni vaqtda o‘sha ko‘rsatuv, agar pala-partish, g‘aliz tayyorlangan
bo‘lsa, nutq odobiga doir ming yillik toat-ibodatni yarim soat ichida bir pul
qilishi ham hech gapmas!..
Darvoqe,
har qanday kasb-korning ham o‘z ma’naviy-ruhiy iqlimi, dard-hasrati va ishkali
bo‘ladi. Masalan, adiblar, olimlar, muallimlar va turli kasb egalarining o‘z “shevalari”
bor. Binobarin, har bir kasb-kor egasi: bu xoh muhandis bo‘lsin, xoh shifokor,
xoh ishchi yoki kolxozchi bo‘lsin — o‘z “tilida” gapirishi kerak. Oynayi jahon
sahniga chiqqan har bir kishining o‘z mavzusi, o‘z “dardi” bor. Biroq ularning
barchasini birlashtiradigan bitta mushtarak muammo: bu til masalasi. Barchani,
shubhasiz, adabiy tilda so‘zlashga da’vat etish lozim. Shu bilan birga, har kim
o‘z alfozini ham saqlasin. Tilda hamma birday “olim” bo‘lishi shart emas. (Bu
masalada boshqa birovlar emas, ba’zan olimlarning o‘zlari namuna
bo‘lolmaydilar!)
Aslini
olganda, bu yerda gap kimning kimligida emas. Lisoniy ifoda illati, bemustasno,
hammamizga xos. Ruhiy holatimiz, tilning ahvoli o‘zi shunday bo‘lib qolgan.
Nima qilish kerak? Avvalo, bunda jo‘yali, matlub hamda nojo‘ya, nomatlub
iboralarni farqlash, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratish lozim.
Buning shoshilinch ilojini qilmasa bo‘lmaydi. Me’yoridan oshirib solingan
o‘g‘it yerning jonini olganiday, o‘ng-u so‘liga qaramay, boshqa tillardan so‘z,
ibora, birikma va “tayyor” qoliplarni olaverish ham bora-bora, baayni shunday
bir tarzda tilimizni ishdan chiqazib qo‘yishi tayin. Gap shundaki,
ko‘pmillatlilik sharoitida tillarning o‘zaro hamkorligi, bir-biriga ta’siri
jarayoni toabad oshgandan oshib boraveradi. Bu tabiiy jarayon. Masala shundaki,
bu yerda lisoniy-ma’noviy taraqqiyot me’yorini yo‘qotmaslik, uning o‘zligini,
o‘z tabiiy hayotiy ildizlarini omon saqlash juda muhim. Aks holda, har qanday
“lisoniy vatanparvarlik” quruq da’vat, puch gap bo‘lib qoladi.
Men
tilimizning sofligini saqlash uchun uni “xitoy devori” bilan chegaralashga
chaqirmoqchi emasman. Bu mutlaqo noimkoniy ish. Dunyoda bunday “sof til”ning
o‘zi yo‘q. Til jamiyatning o‘zi, inson tafakkuri singari, boyishga moyil.
Boshqa tillardan (va o‘z-o‘zidan ham!) so‘z olish azaliy va abadiy taqdir. Ammo
bu qanchalik tabiiy jarayon bo‘lmasin, qaysi tildan qachon, nimani olishni
(yoki olmaslikni!) bilish, buni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik kerak.
Erkin
Vohidov bizni ishontiradiki, “tilimiz boy va rang-barang, hech bir tushuncha
yo‘qki, uning ifodasi bo‘lmasin. Mabodo, Farg‘onada topilmasa, Xorazmda
topiladi, Toshkentda topilmasa, Samarqandda bo‘ladi”. Men miqyosni yanada
kengaytirgan bo‘lardim: boringki, Farg‘ona-yu Xorazm, Toshkent-u Samarqandda
ham topilmasa, qirg‘izda, qozoqda, ozarboyjonda, tatarda, turkman, tojik,
boshqird, usmonli turk tomonlarda bo‘ladi. Faraz qilaylik, uyoqlarda ham
daraklanmasa, o‘zimizning ko‘hna bisotimizda: “Devonu lug‘otit turk”da,
“Qutadg‘u bilig”da, “Hibatul haqoyiq”da, “Muhokamatul lug‘atayn”, “Xamsa”,
“Boburnoma”da bo‘ladi. Yana ta’kidlayman: biz “o‘zimizda bo‘lmagani uchun”,
degan vaj bilan o‘zgalardan olayotgan narsalarni — “o‘zimizda bo‘lmagani
uchun”, deb emas, balki “o‘zimiz bilmaganimiz uchun” deb tuzatib aytaylik.
Tilga nah urish, unga tuhmat qilish kerakmas. O‘zimiz burnimizdan narini
ko‘rmasak, bunga… til aybdormi?
Men
“yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari” tushunchasini faqat davlatlar,
xalqlargagina emas, balki jamiki tillarga nisbatan ham qo‘llagan bo‘lardim.
Zamona zayli shunday bo‘ldiki, biz o‘lik til hisoblanmish lotindan, qadimgi
yunondan hamda bugun tarix “quloq boshiga” chiqazib qo‘ygan xalqlar — rus,
ingliz, farang, olmon va boshqa tillardan juda ko‘plab so‘zlar, istilohlar,
turli atamalarni olayotganimizni e’tirof etaylik. Taqdir taqozosi shu. Biroq
yana shuni ham e’tirof etaylikki, biz baynalmilal aloqalar doirasini juda
toraytirib qo‘yganmiz, uni muayyan bir mo‘ljalga yo‘naltirganmiz. To‘g‘rirog‘i,
yo‘naltirib qo‘yilganmiz. O‘ylaymanki, tarixan o‘zaro yaqin aloqada, yaxshi
qo‘shnichilik munosabatlarida bo‘lib kelgan xalqlar: O‘rta Osiyo fuqarosidan
tashqari, hindlar, xitoylar, turklar, arablar, forslar, afg‘onlar va boshqalar
o‘rtasidagi o‘zaro baynalmilal, qardoshlik aloqalarini, jumladan, lisoniy
munosabatlarni ham tubdan yaxshilash vaqti keldi. Besh yil jahoniy mislsiz
qirg‘inbarot urushi olib borilgan olmon (nemis)lar bilanki yaxshi, do‘stona va
hatto demokratik qardoshlik aloqalarini o‘rnatishga yetarli daho, chin insoniy
idrok tuyg‘ulari topilgan ekan, azaliy yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik
maqomida bo‘lib kelingan Sharq xalqlariga bugungi munosabatimizni yanada
yaxshilash lozim.
“Ro‘znoma
tili”, “kitobiy til”, “tarjima tili”, “shiorlar tili”, “idora tili”… deymiz.
“Ro‘znoma tili” — zerikarli, “kitobiy til” — quruq, “tarjima tili” — yasama,
“shiorlar tili” — baqiroq, “idora tili” — qashshoq… Xalq jonli tiliga nisbatan
olib qaraganda, bularning lug‘ati ham, ifodaviy tarzi — uslubi ham
chegaralangan. Bu tabiiy hol. Zero, “ko‘cha tili”da… ro‘znoma chiqarib
bo‘lmaganiday, “idoraviy til”da… askiya qilish amri mahol.
Hozirgi
qayta qurish va oshkoralik davrida matbuot kalomining e’tibori benihoya ortdi
va tobora ortib bormoqda. Bunday sharoitda matbuot tilining iloji boricha
quruq, rasmiy bo‘lib qolishidan ehtiyot bo‘lish kerak. Ro‘znoma-jurnallarning
ifodaviy tarz-tarovati, shevasida muayyan rasmiyona uslub-ohang bo‘lishi
muqarrar. Ayni vaqtda xuddi shu rasmiyatchilik, quruqlik, sipolik matbuotning
burdini ketkazadi, uni el nazarida subutsiz qilib qo‘yadi, ta’sirchanligini
susaytiradi. Odamlar ro‘znoma va jurnallarni faqat “axborot olish” uchungina
o‘qiydigan bo‘lib qoladilar.
“O‘zbekiston
adabiyoti va san’ati” ro‘znomasining 1989-yil 17-iyun sonini o‘qiganda quyidagi
so‘z va jumlalar ko‘zga chalindi. “Bir so‘z bilan aytganda” deymiz. Jumlada
to‘rtta so‘z keladi. Bir so‘z bilan aytishni “va’da” qilamiz-u, to‘rtta so‘z
qo‘llaymiz. Bu ruscha ikkita so‘z bilan aytiladigan iboraning ikki baravar
oshirib qilingan tarjimasi. Holbuki, o‘zimizda shu ma’noda, chindan ham, bir
so‘z bilan — alqissa, xullas yoki xullasi kalom desa bo‘ladi.
Keyingi
vaqtlarda “ko‘pgina”, “allaqancha”, “bir qancha” ma’nolarida ruschadan o‘girib
qator deb ishlatiladigan bo‘ldi. Ikki gapning birida — “qator” deymiz. Zarurat
bormi shunga? Shuningdek, “nihoyat”, “oxir-oqibatda”, “qiziqish uyg‘otdi”,
“birinchi navbatda”… deymiz. O‘ylab qarasak, asl o‘zimiznikiday bo‘lib ketgan
bu singari birikmalar ham ruschadan hijjalab o‘girilgan.
“Ijodiy
debyut”, “prinsipial mulohaza” deyish shartmi? Shu ma’nolarni o‘zbekcha
ifodalab bo‘lmaydimi?
Radio
yoki televizorning qulog‘ini burasangiz, ro‘znoma va jurnal varaqlasangiz,
darsxonaga kirsangiz, ommaviy yig‘inlarga borib qolsangiz, darslik va kitob
betini ochsangiz, ba’zan hatto adabiy asar o‘qisangiz, turli-tuman ohangga
solib aytilayotgan bir xil, sidirg‘a, g‘aliz iboralarni eshitaverib ko‘nglingiz
sust tortadi. Bora-bora hamma narsaga befarq bo‘lib qolasiz, dilingiz hech
narsani tusamaydigan bo‘ladi, hech narsaga qiziqmay qo‘yasiz.
Qiziq,
“risola” yuzasidan berilgan savolga nuqul “risolabop” javobimiz tayyor.
—
Xalqning qaysi qismi? — Xalqning keng qatlamlari.
—
Nutq madaniyatini nima qilish kerak? — Yuqori pog‘onalarga ko‘tarish kerak.
—
Nimani o‘rganmoqdamiz? — Real munosabatlar doirasida yashashga o‘rganmoqdamiz.
—
Odamlarga qanday sharoit yaratilgan? — Qulay.
—
Odamlarni nima qilmoqdamiz? — Intellektual va ma’naviy jihatdan kamol
topdirmoqdamiz.
—
Nuqsonlarni qanday fosh etayapmiz? — Ayovsiz.
—
Partiyamizning yo‘l-yo‘riqlariga qanday amal qilinmoqda? — Og‘ishmay.
—
Kamchilik va nuqsonlarni nima qiladilar? — Bartaraf etadilar.
—
Masalani nima qiladilar? — Ko‘taradilar.
—
Muammolar nimani kutadi? — Ko‘tarib chiqishni va konkret hal qilishni.
—
Adolatli fikrga qanday rioya qilamiz? — To‘la.
—
Qanday kunlarda yashayapmiz? — Tarixiy kunlarda.
—
Qanday vazifa? — Kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa.
—
Qanday tashabbus? — Ijodiy tashabbus.
—
Qanday islohot? — Tub iqtisodiy islohot.
—
Ishni nima qilish kerak? — Zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarish kerak.
—
Qanday muhokama? — Umumxalq muhokamasi.
—
Qanday aytish mumkin? — To‘la ishonch bilan.
—
Jo‘n asarlarga qanday munosabatda bo‘lamiz? — Murosasiz.
—
Masala qayerda turadi? — Diqqat markazida.
—
Mas’uliyatni nima qilamiz? — His etamiz.
—
Qanday zaylda ish ko‘ramiz? — Sovuqqonlik bilan.
—
Bir narsa ikkinchisiga nechog‘liq o‘xshaydi? — Qandaydir darajada.
—
Tashabbus qanday bo‘ladi? — Shaxsiy.
—
Qahramonlarning qanday dunyosi? — Ichki dunyosi.
—
Do‘stni qayerdan topadilar? — Boshqa kishining qiyofasidan.
—
Masalaga nima qiladilar? — To‘xtalib o‘tadilar.
—
Turmush darajasini nima qiladilar? — Yuqori bosqichga ko‘taradilar.
Va
hokazo…
Odamlarni
nogahonda uyqusidan uyg‘otib so‘rasangiz ham, ular o‘qlangan miltiqday,
“shunday” so‘roqlarga “shunday” javob beradilar. Hech kim “kamchilikni
yo‘qotamiz” demaydi. “Bartaraf etamiz” deydi! “Mehnat shavqi” emas, “mehnat
ko‘tarinkiligi” deydi.
Shoirlar,
voizlar, notiqlar, muallimlar, mutarjimlar, muharrirlar, mualliflar —
qo‘yingki, butun matbuot-u nashriyot, radio va oynayi jahon, so‘z mahkamasi va
muassasasi, shiorlar, kitoblar, chaqiriq va da’vatlar, murojaat va bayonotlar…
— shu tilda!
Hozir hamma narsani qayta qurayotgan ekanmiz,
ehtimol, alfozimiz, shevamiz, uslubimiz, shiorimiz, inshomizni ham qayta
qurarmiz?..
Bir tilning boshqa tilga ta’sirini biz, nima
uchundir, muqarrar ravishda “boyish” deb qabul qilamiz. Holbuki, bu chinakam boyish bilan birga, tilimizni bulg‘ash bo‘lishi ham
mumkin. Bu jarayon, ham ijobiy, ham salbiy ma’noda, zohiriy va botiniy holda
kechadi. Biz esa, ko‘pincha, ko‘zga ko‘rinib turgan narsalarnigina ko‘ramiz-u,
parda ortidagi narsalarni payqamaymiz. To‘g‘rirog‘i, ko‘zga tashlanib turgan
natija yoki oqibatni ko‘ramiz-u, ularni keltirib chiqarayotgan tub
sababiyatlarni mutlaqo sezmaymiz. Vaholanki, ildizi, sababiyati aniqlanmagan
illatni hech qachon quritib bo‘lmaydi. Yoki bir illat quritilsa, o‘sha
illatning o‘zi boshqa joydan tag‘in nish urib chiqaveradi…
Tilning
boyishi ham, buzilishi ham ikki xil yo‘sinda kechadi. Biri — xorijiy so‘zlarni
o‘rinli va noo‘rin qo‘llash. Ikkinchisi — xorijiy tilning ta’siri ostida,
ta’bir joiz bo‘lsa, yangicha fikr qoliplari, yangi nutqiy tarkiblarning hosil
bo‘lishi.
Ikkinchi yo‘sin, ijobiy ma’noda — qanchalik muqarrar va joiz bo‘lsa, shunchalik samarador; salbiy ma’noda esa — qanchalik pinhoniy bo‘lsa, shunchalik yemiruvchan va xavfli. Chunki bu narsa me’yorni buzadi, tilni kemiradi… Qarabsizki, lafzingizda bironta ham nomatlub xorijiy unsur yo‘q, barchasi o‘zimizning azaliy so‘zlarimiz. Biroq… jumla, fikrning shakl-u shamoyili, tarhi, tarkib, ifodaviy tarz — tilimizga yot. Qip-qizil taqlidning o‘zginasi. Lisoniy taqlid! Bir til boshqa tilga go‘yo taqlid qiladi! Holbuki, har qanday yaxshi narsaga taqlid ham yaxshi emas.
G‘aybulloh as-Salom 1989-yil
daryo.uz saytidan olindi