"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Tilimizni o‘z yerinda ishlatmak va so‘zlamak lozimdur...”

Ona tilim... Va nihoyat o‘z qadrini topgan, toj kiygan tilim. Faxru iftixorim bo‘lib yuragimning tub-tubidan jarang sochgan g‘ururimsan. Tiriklik olamida nafas olishni boshlagan kunimdanoq onam allasi bo‘lib jon tomirimga singgan ohanrabosan. Asrlar suronidan omon kelgan, “xalq g‘amidin o‘zga g‘ami yo‘q” hazrat Navoiy, “anda joni qolgan” Bobur, “iqboli nigun, baxti ham qaro” Furqat, “til vositayu, robitayu, olamiyondir” deguvchi Avaz, seni deb jonidan kechgan Fitratu Qodiriylar, Cho‘lponu Elbeklar suyib o‘tgan qutlug‘ kalomimsan!..


Ravon so‘zlamoq va bexato yoza olmoq ziyolilikning ibtido belgisidir. Insonda tafakkur tili, odatda, ona tili bo‘ladi. Kishi ona tilida o‘ylaydi, fikrlaydi, faqat shu tildagina dilidagini tiliga, nutqiga ko‘chiradi. Ilk so‘zi ham, so‘nggi kalomi ham ona tili bilan bog‘liq. Demak, til millat bilan vobasta. Millatning yaratuvchisi esa onalarimizdir. Ha, tilga ona tili darajasining berilishi unga xalq tomonidan, uning sohiblari tomonidan ko‘rsatilgan yuksak ehtirom namunasidir.

 Manbalarda millat-til-davlat bir-birini taqozo etuvchi, hech biri alohida faoliyat ko‘rsata olmaydigan va biri-birisiz to‘laqonli bo‘la olmaydigan serqirra kategoriyalar sifatida e’tirof etiladi. Fikrimizcha, bu sirani ona-til-millat-davlat-taraqqiyot sifatida to‘ldirish zarur. Vaholanki, til ummon misoli. U shevalardan, boshqa tillardan kirib kelgan lisoniy birliklar – jilg‘alar hisobiga to‘lib mavjlanib turadi. Shuning uchun tilning lug‘at tarkibi ochiq sistema sanaladi. Jamiyat taraqqiyotida yangi-yangi tushunchalarning dunyoga kelishi bilan tilda ularning nomlari ham paydo bo‘ladi. Demak, ijtimoiy hayotda ro‘y bergan jamiki o‘zgarish, yangilanish, avvalo, onalarimizdek beminnat, haroratli tilimizda o‘z aksini topadi.

Yillar o‘tib milliy liboslarimiz o‘zgarar, balki bizning milliy ko‘rinishimiz yevropalashar, yashash tarzimiz almashar... Biroq...

Yorug‘ olamda o‘zgarmas narsaning, tushunchaning yoki birlikning o‘zi yo‘q. Biroq biz o‘zgartirishga haqsiz bo‘lgan (faqat va faqat avaylab asrashga, rivojlantirishga, tandagi jonimiz, jondan aziz nomusimiz qadar saqlashga loyiq bo‘lgan) yagona qadriyat – Yaratganning in’omi bor. Bu–ona tilimiz.

Kim ona tilini unutadi? Kim ona tilida so‘zlashdan uyaladi? Kim ona tilini past baholaydi va kamsitadi? Albatta, milliy qiyofasi, milliy g‘ururi, o‘zligi bo‘lmaganlar. Yurt, xalq, millat taqdiri xavf ostida qolsa, bilingki, tilfurushlar birinchilardan bo‘lib xiyonat yo‘liga kiradilar. Zero, Avloniy ustoz to‘g‘ri ta’kidlaganlaridek: “Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.

XXI asrning uchinchi o‘n yilligiga kelib har birimiz dunyoga chiqishga intilyapmiz. Bil’aks, tushunib yetdikki, bu yorug‘ olamda o‘z qobig‘imizga o‘ralib yashab ham, ishlab ham, rivojlanib ham bo‘lmas ekan. Taraqqiyot nafaqat o‘z-o‘zimizdan yoki bir-birimizdan, balki dunyodan, dunyoning rivojlangan mamlakatlari mutaxassislaridan o‘rganishni, tajriba almashishni, “chet eldagi ilg‘or tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy an’ana va qadriyatlarga suyanish”ni taqozo etyapti. Bularning barcha-barchasi uchun, albatta, dunyo tillaridan birini yoki bir nechasini bilishimiz zarurati ham paydo bo‘lganligi sir emas.

“Til bilmoq – el bilmoq”, deydi dono xalqimiz. Chet tillarini o‘rganishga keksayu yosh, o‘qituvchiyu muhandis, qo‘yingki, barchamiz teng barobar bel bog‘laganmiz. Bu – inkor etib bo‘lmaydigan a’lo darajadagi ish.

XX asrning boshlaridayoq Abdulla Avloniy “Hifzi lison”larida kuyinib yozgan edilar: “Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz. Durust, bizlarga hukumatimiz bo‘lg‘on rus lisonini bilmak hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik narsadur. Lekin o‘z yerinda ishlatmak va so‘zlamak lozimdur”. Bizningcha, shu –“(chet) lisonini bilmak hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik narsadur. Lekin o‘z yerinda ishlatmak va so‘zlamak lozimdur”– mantiq bugun ham o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q, bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi. Demak, o‘zga tillarni o‘rganmoq o‘z ona tilimiz hisobiga bo‘lmasligi shart.

Statistika ma’lumotiga ko‘ra, shu kecha-kunduzda dunyoda taxminan 5621 ta til va sheva ro‘yxatga olingan. Ularning o‘rganilgani 500 ga yaqin. Demak, o‘rganilganidan o‘rganilmagani ko‘proq va yana har uch tildan bittasining yozuvi yo‘q. Yozuvi bo‘lmagan tillarning aksariyati faqat og‘zaki nutq shakliga ega yoki o‘zgalarning yozuviga sherik, xolos.

Mutaxassislar (o‘rganilgan tillar nuqtai nazaridan yondashuv asosida) dunyo tillaridan faqat 40 tasigina og‘zaki va yozma jihatdan mukammal shakllanganligini e’tirof etishadi. Faxrlansak arziydiki, o‘sha 40 ta tilning orasida o‘zbek tili ham bor.

Manbalarda lug‘at boyligi jihatidan ro‘yxatlarning old qatoridan uch yarim milliondan ortiq leksik birligi bilan arab tili, ikki yarim milliondan oshiq so‘zi bilan ingliz tili o‘rin egallaydi. O‘zbek mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, adabiy tilimizga so‘z tanlashda “xasis”lik qilmaslikni inglizlardan o‘rgansak (inglizlarning lug‘atlaridan mahalliy sheva so‘zlari ham deyarli to‘liq o‘rin egallagan), o‘zbek tilining so‘z va iboralari (sheva va adabiy til, kasb-hunar so‘zlari va atamalar, eskirgan va yangi paydo bo‘lgan so‘zlar) zamonu makon nuqtai nazaridan cheklanmay yig‘ilsa, dunyoda eng ko‘p so‘zli lug‘atlardan ham kattaroq lug‘at tuzishimiz mumkin ekan. O‘zbek tilining boshqa til qoliplariga tushmaydigan, o‘ziga xos rivojlanish yo‘llari mavjudki, bu uning har kuni (ba’zan har soatu daqiqada) boyib borishini ta’minlaydi.

 Jumladan, shu kecha-kunduzda, bozorda yoki do‘konda biror yangi (aytaylik, chetdan keltirilgan) mahsulot rastaga yoki peshtaxtaga chiqsa (tabiiyki, o‘sha mahsulotning nomi ham tilimizga kirib keladi, o‘zlashadi), oradan hech qancha vaqt o‘tmay xalq o‘sha yangi mahsulot yoki tushunchaning nomi bilan bog‘liq yangi so‘zlarni tilida yasab nutqida ishlataveradi:

global (o‘zlashgan so‘z) – globallashgan, globallashuv (yasalgan so‘zlar);

skaner (o‘zlashgan so‘z) – skanerli (xona), skanersiz (nusxalash), skanerlamoq, beskaner (ishlamoq), skaner qilmoq (yasalgan so‘zlar);

kardigan (ayollarning yengsiz ust kiyimi; o‘zlashgan so‘z) – kardiganli, kardigansiz, bekardigan, kardiganbop (yasalgan so‘zlar).

Livon tili haqida eshitganmisiz? Latviyada livon tili bo‘lib, unda jami 200 ga yaqin kishi muloqot qilishi aniqlangan. Yoki Gvineyaning mahalliy tillaridan birining nomi taki bo‘lib, mutaxassislar bu tilni dunyoning eng kambag‘al tili deb hisoblashadi. Chunki uning lug‘at boyligi 400 ta so‘zga ham yetmaydi.

Demak, qadrlasak arziydigan, boy tilimiz bor. Tilshunos olim Alibek Rustamov “So‘z xususida so‘z” risolalarida: “...bilishimiz zarurki, g‘arb texnikada ilg‘or, ammo ma’naviyat, ma’rifat, san’at va tilda sharqqa nisbatan ancha orqada”, deb haq gapni yozadilar.

Inson zoti borki, har sohada, har jabhada, har o‘rinda go‘zallikka intiladi. Inson qachonki go‘zallikka intilmas ekan, uning tabiati hayvonlashadi. O‘zbek tilida tiriklikka xos jamiki go‘zalliklarni badiiy ifodalash imkoniyati nihoyatda keng va rang-barang. Shu bois biz o‘zbeklar nutqimizda so‘zlar tizmasidan shunchaki foydalanmaymiz.

E’tibor bering-a?!

“Buncha esing past bo‘lmasa?! Hech o‘qiysanmi?! O‘qi axir!” Agar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shunday desangiz, nihoyatda qo‘pol gapirgan bo‘lasiz. Shunday emasmi?! Aynan shu gapni Abdulqodir Bedil hazratlari bunday ifodalaydi:

Fikrsiz aqlning zangi bo‘ladi,

Ilm-la egovla, yangi bo‘ladi.

Oynadan ibrat ol, bir kun artmasang,

Ustida bir enlik changi bo‘ladi.

“Taqdirda yozilgani bo‘ladi!” Ba’zan bu gapdan etimiz uvishadi... Xalqimiz buni o‘z latifalarida “qog‘ozga o‘rab” kulib aytadi:

Bir kuni Afandining oldiga Azroil keldi va dedi:

Sening navbating keldi. Joningni olaman!

Qani, ro‘yxatingni ko‘rsat-chi, debdi Afandi. Ro‘yxatni ko‘rsa, haqiqatan ham, navbati kelgan ekan.

Bir piyola choy ichib tur, Azroiljon. Men yuvinib poklanib olay, – deb choyga uyqu dori solib beribdi Afandi.

Azroil uxlagach, ro‘yxatdan nomini o‘chirib, oxirgi qatorga yozib qo‘yibdi.

Azroil uyg‘onib:

E Afandi, maza qilib dam oldim. Yaxshiliging uchun ro‘yxatni oxirgi qatordan boshlayman, – debdi.

Ba’zan bir romanda berish mumkin bo‘lgan mantiqni bizning tilimizda juda qisqa tarzda ifodalash ham mumkin:

Siz menga keraksiz,

Men sizga keraksiz... (R.Parfi)

Bu kabi misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin.

Ona tilimizning sofligini saqlash, talaffuz me’yorlaridagi chalkashliklarga barham berish va uning ta’limi borasida bajarishimiz zarur bo‘lgan ishlar, egallashimiz zarur bo‘lgan bilim, malaka, ko‘nikmalar bisyor. Ona tilimizga e’tibor uchun har birimiz mas’ulmiz, uning ta’limi zamirida ham shu mas’uliyatni kuchaytirish vazifasi turadi. “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinganligiga 32 yil to‘lyapti. Mutaxassislarimiz o‘tgan yillar davomida tilimizning mavqeini orttirish uchun kam harakat qildik, deyishyapti. Shuningdek, bu boradagi kamchiliklarni ham sanab o‘tishyapti. O‘zbek tilining Davlat tili sifatidagi maqomini oshirish uchun qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni taklif qilishyapti. Bu yaxshi. Ammo statistik tahlil shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek tili shu davr ichida maqomini tikladi. Qonun o‘z vazifasini bajardi. Qonunni esa yanada mukammallashtirish vaqti keldi. Qonunni qayta ishlash jarayonida davlat tilini qo‘llashga qat’iy talab qo‘yish, uni boshqa davlatlarning davlat tili haqidagi qonuni bilan solishtirish, ijobiy tomonlaridan namuna olish kerak. Bugun o‘zbek tilining davlat tili maqomini yanada kuchaytirish haqida bosh qotirishimiz, bu yo‘lda sobitqadamlik bilan amaliy ishlar qilishimiz nihoyatda zarur.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni qabul qilingach, til siyosati borasidagi ishlar sezilarli darajada amalga osha boshladi. Demak, yurtimizda milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish uchun rasmiy dadil qadam tashlandi. (Bu ajdodlarga armon bo‘lgan orzularning ro‘yobi; yuksak sharaf, ulug‘ e’tirof namunasidir.)

O‘ylaymizki, bu istiqlolimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni asrash borasida xalqimiz, ajdodlarimiz ulug‘lagan yo‘lni og‘ishmay davom ettirishimizda huquqiy asos bo‘lib qoladi.

Zero, bugun biz qalban, ma’nan, ruhan, siyratu suratan o‘zbek degan nomga munosib bo‘lib yashashga to‘la haqlimiz.


Dilorom YO‘LDOSHEVA,
Buxoro davlat universiteti
o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori

23.10.2021 751