"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tilimiz taraqqiyotida yangi bosqich: muammo va yechimlar

Xalqaro Nobel mukofoti sovrindori, mashhur yozuvchi Iosif Brodskiy: “Xalqda bor narsalarning eng yaxshisi – xalqning tilidir”, – degan edi. Haqiqatdan ham, til − millatni millat sifatida ajratib turadigan belgisi, bebaho boyligi, moddiy, ma’naviy merosni saqlash va boyitishning eng kuchli vositasi, insoniylik jamiyatining asosi, davlat suverenitetining muhim tamoyillaridan biri. Millat tarixi qancha uzoqqa borib taqalsa, til ham shuncha qadimiy. Til azaldan mavjud va millat bor ekan, u ham yashab qolaveradi. Qisqa muddatda dunyo xaritasida yangi davlatlar paydo bo‘lishi mumkin, ammo hech vaqt bir kun yoki bir asrda yangi bir til paydo bo‘lib qolmaydi. Insonni tiliga qarab qaysi millatga mansubligi, shevasiga qarab qaerlik ekani aniqlanadi.

Dunyo tillarining eng yirik va nufuzli nashri “Etnolog” (“Ethnologue”) ma’lumotlariga ko‘ra 2020-yil holatida yer yuzida 7139ta til mavjud bo‘lib, ular jami 142 ta til oilasiga mansub. Mazkur tillardan 40ga yaqini eng keng tarqalgan tillar hisoblanib, dunyo aholisining 66%i shu tillarda gaplashadi. Ular ichida xitoy  (1,7 mlrd.), ingliz (1,5 mlrd.), ispan (550 mln.), arab (380 mln.), hind (341 mln.), bengal (228 mln.), portugal (230 mln.), rus (210 mln.), fransuz (280 mln.) tillari dunyo miqyosida so‘zlashuvchilar miqdoriga ko‘ra  yuqori pog‘onalarni egallaydi. (http://www.ethnologue.com/)

Bugungi kunda matbuotda tillarning yangidan paydo bo‘lishi emas, tanazzuli, yo‘qolib ketishi xavfi katta ekanligi xususida fikrlar tez-tez uchramoqda. Globallashuv va migratsiya har ikki haftada dunyo tillarining bittaga kamayishi, tirik tilning eng so‘nggi sohibi – iste’molchisidan ajralib, “o‘lishi”ga sabab bo‘lmoqda. “O‘lim xavfi”, ayniqsa, yozuv shakliga ega bo‘lmagan, gaplashuvchilarning joylashuvi hududlar bo‘yicha teng taqsimlanmagan tillarda yuqori. Bu, asosan, chekka qishloq, ovul yoki kichik aholi punktlarida yashovchilarning katta shaharlarga ko‘chib o‘tishi natijasida mahalliy tillarning iste’moldan chiqib borishi bilan bog‘liq. (https://languageplus.info/staty/skolko-yazikov-v-mire).

Shuningdek, muayyan tilda shu til ona tilisi bo‘lgan yosh avlodning 70%dan kami gaplashayotgan bo‘lsa, bunday tillarning ham kelajagi xavf ostida. YuNESKOning Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan dunyo tillari xaritasi”ga ko‘ra, hozirda Yevropada 50ga yaqin til tanazzul arafasida. Umuman olganda, dunyo miqyosida ayni damda 400ga yaqin til yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Farazlarga ko‘ra XXI asr o‘rtalariga kelib mavjud tillarning qariyb yarmi iste’moldan chiqadi. Kichik millatlar va davlat tuzilmasiga ega bo‘lmagan xalqlarning tili, xususan, Avstraliya, Hindxitoy, Afrika, Amerika hamda ushbu qit’alardan ajralgan orollarda yashovchi aborigenlar tili eng himoyasiz tillar bo‘lsa, aholisi zich joylashgan va yagona tilda gaplashuvchi hududlar, xususan, Yevropa tillari (bir vaqtlar Vatikan davlatining rasmiy tili bo‘lgan va bugungi kunda o‘lik tilga aylangan lotin tili bundan  mustasno) eng xavfsiz, barqaror tillar sifatida e’tirof etilmoqda. (https://ru.wikipedia.org/wiki)

Ko‘rinib turibdiki, tillar qo‘llanish doirasi, nufuzi, tutgan o‘rni, huquqiy maqomiga ko‘ra bir-biridan farqlanadi. Qayd etilgan 7 mingdan ortiq tildan 200 ga yaqinigina davlat tili, ya’ni rasmiy til, qolganlari esa mahalliy tillar hisoblanadi. Ana shu 200 ga yaqin til ichida O‘zbekiston Respublikasining rasmiy tili bo‘lgan o‘zbek tilining ham borligi biz, til sohiblari uchun sharafdir. Biroq bu bilan g‘ururlanib yurishimizgina tilimizning kelajagini ta’minlamaydi. Dunyoning yagona axborot makoniga aylanib borayotgani globallashuv sharoitida tillarning yashab qolishga bo‘lgan intilishini yanada kuchaytirdi. ining o‘zi mushkul bo‘lib qoldi. Dunyo bo‘ylab katta tezlikda tarqalayotgan ingliz, ispan, arab, xitoy, rus va fransuz tillarning rad etib bo‘lmaydigan maqomi, obro‘si ko‘pgina milliy tillar, xususan, o‘zbek tilining taraqqiyotiga ham ta’sir etayotgani sir emas.

Shu sababdan so‘nggi yillarda davlat tili bo‘lgan o‘zbek tili rivojiga e’tibor oshdi. Mamlakatimizda til siyosati borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat milliy til taraqqiyotida yangi davr boshlanishi, balki tilshunoslik sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarining ham yangi bosqichga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi, tilni shaxs omili bilan bog‘liq holda o‘rganuvchi amaliy tadqiqotlarga e’tibor kuchaydi. Dunyo tilshunosligida bo‘lgani kabi o‘zbek tilshunosligida ham amaliy tilshunoslik rivojiga zamin hozirlandi. Ona tilimizning  amalda nufuzi tushib borayotgani bilan bog‘liq fikrlar yuqori minbarlardan aytilib, vakolatli davlat idoralarini ham tashvishga sola boshladi. Jumladan, 2018-yil O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘zbek tili beparvolik va e’tiborsizlik tufayli abgor holatga tushib qolayotgani keskin ta’kidlab, “Davlat tili haqida”gi qonunning 30 yilligi munosabati bilan ushbu shonli sanani nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rish va o‘zbek tili rivoji bilan bog‘liq muammolarni tahlil etish maqsadida Toshkent shahri, shuningdek, turli vazirlik va idoralarda qonunning ijro etilishi holatini o‘rganish jarayonida mustabid tuzum hukmronligi davrida xalqimizning o‘ziga xos jasorati timsoli sifatida qabul qilingan ushbu qonun ijrosi yillar davomida deyarli o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, tilning ijtimoiy ongni shakllantiruvchi muhim omil sanalishi, inson qaysi tilda so‘zlasa va fikrlasa, o‘sha tildagi mafkuraga moyil bo‘lishiga ahamiyat qaratilmagani, qonun ijrosini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan parlament huzuridagi Doimiy til komissiyasi hamda Atamashunoslik qo‘mitasi faoliyatlari tugatilgani, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida saboq olishni boshlagan yoshlar ayni paytda 23 yoshdan oshganiga qaramay lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish ishlari belgilangan muddatda to‘liq yakuniga yetkazilmagani, keyinchalik qabul qilingan qonunlardagi normalarning “Davlat tili haqida”gi qonunga muvofiqligini ta’minlash masalasi ham e’tibordan chetda qolgani, qonunda javobgarlikka tortishga asos bo‘luvchi normalar mavjud bo‘lsa-da, qonun normalarining muntazam buzib kelinayotgani uchun biron-bir aybdor shaxs belgilangan tartibda javobgarlikka tortilmagani,  bu kabi yana ko‘plab kamchiliklar va hanuzgacha davom etayotgan qonunbuzarliklar qonunning egasiz va ojiz bo‘lib qolgani oqibatida davlat tili nufuzini pasaytirayotgani xususida qayg‘urib gapirgan edi.

Shundan keyin davlat tiliga e’tibor masalasiga birmuncha jiddiy yondashuvlar boshlandi. Ona tilimizni rivojlantirish, mamlakatimizda til siyosatini takomillashtirish harakatlari so‘nggi yillarda eng yuqori darajaga ko‘tarildi desak, mubolag‘a qilmaymiz. 2019-yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunga 30 yil to‘lishi munosabati bilan ona tilimiz taqdiriga aloqador bir qancha tarixiy qarorlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PQ-4479-sonli “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganligining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori, 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-sonli “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-dekabrdagi 989-sonli “Davlat tilini rivojlantirish departamenti to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqidagi”, 2020-yil 29-yanvardagi 40-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari hamda boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarni asos sifatida keltirish mumkin.

Ona tilimiz taqdiriga daxldor ushbu muhim tarixiy hujjatlarda ko‘zda tutilgan maqsadlar biz, tilshunoslar oldiga quyidagi vazifalarni qo‘ymoqda:

Birinchidan, ona tili ta’limi maqsadiga mos ravishda ta’lim mazmuni, o‘qitish vositalari va usulini til o‘qitishning zamonaviy talablari darajasida takomillashtirish. Ma’lumki, tilshunoslik deb atalmish fan tarixan sof amaliy ehtiyojlar – muayyan tilda bitilgan muqaddas kitoblar, madaniy-ma’naviy yodgorliklar mag‘zini tushuntirish, jamiyat a’zolarining ona tilidan to‘g‘ri va samarali foydalanish ko‘nikmalarini oshirish, hukmron mafkura manfaatlari uchun xizmat qiluvchi g‘oyalarni targ‘ib qilish kabi ijtimoiy buyurtmani bajarish asnosida yuzaga kelgan. Xususan, qadimgi hind, yunon, arab tilshunosliklaridagi dastlabki ilk lingvistik manbalar jonli nutq va ko‘hna obidalar tili o‘rtasidagi tafovutlarni oydinlashtirish, muqaddas kitoblar, qadimgi yozma yodgorliklardagi ma’nosi tushunarsiz so‘zlar ma’nosini izohlash, ularning lug‘atlarini tuzish bilan bog‘liq bo‘lgan. Xoh diniy, xoh dunyoviy ta’lim bo‘lsin, ilk o‘qitish vositalari lug‘atlar, aniqrog‘i lug‘at-grammatikalar bo‘lgan. Buni Qadimgi Mesopotamiya, Misr, Yunoniston kabi ilk sivilizatsiya o‘choqlarida miloddan oldingi XXV asrga oid shumer glossariylari, uch tilli shumer-akkad-xett ma’lumotnomalari (er. av. XIV – XIII), Nippurdagi ibodatxona kutubxonasidan topilgan lug‘at ko‘rinishidagi maktab grammatikalari (er. av. X – VIII asr), Gomer va boshqa antik yozuvchilarning asarlari asosida yaratilgan glossariylar, Vizantiyalik Aristofan (er.av. III – II asrlar) va Dionisiy Frakiyskiylarning (II asr) lug‘at xarakteridagi maktab grammatikalari, Kvintilianning nutq madaniyatiga doir antik o‘quv qo‘llanmalari (milodning I asrlari), Polluksning mashhur “Onomastikon”i (II asrning oxiri III asr boshi), Yevropa mamlakatlari, xususan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, shuningdek, Rossiya, Sharq mamlakatlarida milodning o‘rta asrlarida yaratilgan leksikografik manbalar – leksikon va azbukovniklar, jumladan, turkiy tillarda X-XVI yillar oralig‘ida yaratilgan lug‘at-grammatikalar tasdiqlaydi. Ushbu amaliy o‘quv vositalari negizida, birinchi navbatda, so‘z ma’nosini tushunish, so‘z qo‘llash mahoratini o‘stirish, nutqiy zahirani oshirish, ikkinchidan, til me’yorlarini o‘rgatish va, nihoyat, uchinchidan, ushbu ko‘nikmalarni egallashga ko‘mak berish darajasida tilning grammatik qurilishiga doir bilimlar yotgan. Son-sanoqsiz murakkab nazariy masalalar tadqiqi bilan mashg‘ul bo‘lgan “grammatika” terminining yunoncha “yozuv san’ati” ma’nosini bildirishi ham aslida shu amaliy maqsadlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Keyingi taraqqiyotida grammatika, umuman, tilshunoslik o‘zining tub maqsadidan ancha uzoqlashdi. Bu, oldimizga maktab grammatikasi va ilmiy grammatika tushunchalarini farqlash, maktab o‘quvchilari darajasidagi grammatik minimum, leksik minimum, frazeologik minimum kabilarni belgilib olish, ona tili darsliklarini grammatikalashtirish asoratidan batamom holi qilish, ta’lim mazmunining boshlang‘ich sinflarda so‘z boyligini oshirish, 5-9-sinflarda adabiy tilning imlo, talaffuz, leksik, grammatik, uslubiy me’yorlarini egallash, yuqori sinflardagina grammatikaga doir bilimlar tashkil qilishiga erishish orqali yosh avlodda zamonaviy shaxsning muhim ko‘rsatkichlaridan biri – kommunikativ kompetentlikni o‘stirishga erishish vazifalarin qo‘yadi.

Ikkinchidan, bilamizki, til tabiatan o‘zgaruvchan, u doimiy harakatda. Uni bir me’yorda ushlab turib bo‘lmaydi. Hayot sur’atlari misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan bugungi axborot asrida tilning sayqallanish, soddalashish, silliqlanish jarayonlari ham avvalgidek asrlarni o‘tkazib yubormaydi. So‘zlashuv nutqi – shevalarning fonetik, morfologik taraqqiyoti joriy adabiy til me’yorlari va jonli nutq o‘rtasida sezilarli tafovutlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Bu ayni paytda yozma va og‘zaki savodxonlikka putur yetkazayotgan omillardan biri bo‘lib, o‘zbek orfografiyasining mavjud tamoyillariga asoslangan mukammal imlo qoidalarini ishlab chiqish va shu asosda yagona imlo lug‘atini nashr etish, umuman, imlo islohotini o‘tkazish zaruratini kuchaytirmoqda.

To‘g‘ri, imlo islohoti joriy me’yorlarning ayrimlarini o‘zgartirishga olib keladi. Shu bois leksikograflar, odatda, til qonuniyatlarini me’yorda ushlab turish tarafdori bo‘ladi. Me’yor – abadiy emas. U tilning o‘sishi, taraqqiyotiga to‘siq bo‘lmasligi kerak. Yo‘qsa, jonli xalq tili va adabiy til o‘rtasidagi tafovut chuqurlashib boraveradi. 

Uchinchidan, tabiiyki, millat va u mansub jamiyat taraqqiy etib borar ekan, til ham tinimsiz boyiydi, taraqqiy etadi; yangi so‘zlar, iboralar paydo bo‘ladi. Ayni paytda so‘z o‘zlashtirish jarayonlari shu qadar tezlashganki, ularni zudlik bilan lug‘atlarda qamrab olib, lug‘at shaklini belgilamasak, omma iste’mol doirasi kengayib borayotgan yot so‘zni yozma nutqida yo asliga muvofiq qo‘llay boshlaydi yoki o‘zi xohlagancha “o‘zlashtiradi”. Kundalik muloqotda faol ishlatilayotgan beeline, usell, ye-mail, YouTube, Chrom, Galaxy, SHAREit, Wi-Fi, Bluetooth, Screenshots, Google, WhatsApp, viber, twitter, skupe, Iphon, Windows, URL, SMS, MMS, Scopus, Times New Roman, Misrosoft Word, Moodle, ZOOM, HEMIS kabi umumso‘zlashuv va soha leksikasiga xos son-sanoqsiz so‘zlarning ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari, hatto jiddiy nashrlarda o‘zbekcha talaffuz va yozuvga o‘zlashtirilmay asliga muvofiq qo‘llanayotgani tilimiz sofligiga, mavqeiga putur yetkizadigan o‘ta salbiy holat. Bu esa oldimizga tilga shiddat bilan kirib kelayotgan begona so‘zlarni zudlik bilan o‘zlashtirish, lug‘atlarga qamrab olish, o‘zbekcha talaffuzdan kelib chiqib imlosini belgilash, ma’nosini izohlash, qolaversa, turli yo‘llar orqali faol o‘zlashayotgan teg, fleshmob, turniket, sekyuriti, oxrana, petitsiya, komment kabi o‘zbekcha muqobilini ishlatish mumkin bo‘lgan o‘zlashmalarning mos variantlarini taklif etish kabi kechiktirib bo‘lmaydigan amaliy vazifalarni qo‘ymoqda.

Hozir diqqatimizni allaqanday tor muammolar, masalan, sex so‘zini inglizcha talaffuzda o‘qib, yozuvdan illat izlash (axir o‘zbek tilida “x” harfi iks tovushini ifodalamaydi-ku!), alifboga yangi harflarni kiritish kabi masalalar emas, qanday qilsak, ona tilimiz nufuzi oshadi, dunyo tillaridan orqada qolmaydi degan masalalarga qaratishimiz lozim.

Mamlakatimizda kompyuter lingvistikasini rivojlantirish, matndagi orfografik, punktuatsion, uslubiy xatolarni topib, avtomatik tahrir qiladigan, so‘zning ma’nodoshlari, uyadoshlari, talaffuzdoshlarini tez va oson aniqlab beradigan dasturlarni yaratish, lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek yozuvidagi harf birikmasi, yozuvda ikki amal bilan bajariladigan o‘, g‘ harflarini yozishda texnik xatoliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan noqulayliklarni bartaraf etish yo‘llarini ishlab chiqish ham dolzarb vazifalardan. 

 Ma’lumki, tilning yashovchanligi til sohiblarining unga muhabbatiga, tilning boy imkoniyatlaridan o‘rinli foydalanish bilan uning serjilo tarovatini yuzaga chiqarib bera olishiga ham bog‘liq. Bu esa ilk yoshlaridan boshlab bolaning ongida olamning lisoniy manzarasini aks ettirish, uning nutqini o‘stirish, boyitishga xizmat qiluvchi vositalarni yaratish, maktab ona tili ta’limining bosh vazifasini – tildan to‘g‘ri va ravon foydalanish kompetensiyalarini shakllantirishni amalga oshirishda yordam beruvchi o‘quv lug‘atlarini yaratishni taqozo qilmoqda. O‘quv lug‘atlari leksikografiyaning ta’limiy zarurat tufayli tug‘ilgan janri bo‘lib, lingvistik kompetentlikni oshirishning “strategik” vositasi hisoblanadi. Ayni paytda jahon tilshunosligida o‘quv lug‘atchiligi tilshunoslikning eng “qaynoq” sohasi sifatida e’tirof etiladi. “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda o‘zbek tilshunosligi fani oldiga “o‘zbek tilidagi mavjud lug‘atlar asosida uzluksiz ta’limning barcha turlari uchun quyidagi o‘quv lug‘atlarini yaratish”, ushbu farmon bilan tasdiqlangan “2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”da esa mamlakatimizda “o‘zbek tili o‘quv leksikografiya tarmog‘ini rivojlantirish, zamonaviy, yangi avlod o‘quv lug‘atlarini tuzish hamda ularning elektron shakllarini yaratish orqali sohalar bo‘yicha milliy terminologik tizimni takomillashtirish” qat’iy vazifasi qo‘yilgan. 

Globallashuv sharoitida milliy madaniyat fenomenining asosiy belgisi bo‘lgan tilning maqom va mevqeini saqlab qolish, axborot-kommunikatsiya, internet tiliga aylanish darajasini oshirishda ta’limning turli bo‘g‘inlari uchun mo‘ljallangan yangi avlod o‘quv lug‘atlari hamda ularning elektron qurilmalarda ishlashga mo‘ljallangan mobil ilovalarini yaratish, foydalanuvchilarda leksikografik kompetentlikni oshirishga qaratilgan amaliy ishlarning roli muhim.

Umuman, til muhofazasi mamlakatimizdagi har bir soha vakillari oldiga muhim vazifalarni qo‘yadi. Til va yozuv masalasi shu qadar nozikki, bu masalada bahs ketsa, jiddiy nizolarga aylanib ketishi hech gap emas. Har bir tilning o‘z tabiati bor. Dunyoda hech bir millat boshqa millatning tovushini to‘g‘ri talaffuz qilish uchun nutq a’zolarini ham, o‘zini ham qiynab o‘tirmaydi. Xususan, ruslar Thokurni Tagor, Nayneni Geyne, Jizzaxni Djizak, O‘zbekistonni Uzbekistan, Qirg‘izistonni Kirgizistan tarzida talaffuz qiladi va shunday yozadi. Asrlarki ular alifbosiga birorta tilning artikulyatsiyasini inobatga olib birorta harf kiritmagan. Aslida bu til uchun tabiiy hol. Buni siyosatga dahli yo‘q. Masalan, “s” harfini alifbomizga kiritishimiz, milliy tovush “ng”ni alifbodan chiqarishimizning ularga qizig‘i ham yo‘q. Muammo shundaki, o‘zbeklarning ruscha gapirganda O‘zbekiston ni Uzbekistan, Jumaev ni Djumaev, inglizcha gapirganda o‘zbek ni yuzbek deyishiga jo‘yali asos topib bo‘lmaydi. O‘ylaymizki, o‘zbeklar boshqa tilda gapirganda hech bo‘lmasa, o‘z vatani nomini to‘g‘ri talaffuz qilsa, bundan o‘sha til egalari xafa bo‘lmaydi.

Xullas, milliy boyliklar ichida eng nodiri, eng bebahosi bo‘lgan tilimizni o‘zimizdan keyingi avlodga sofligini saqlab, boyligini oshirib, jilosini yo‘qotmay yetkazib berish har birimizning muhim vazifamizdir.

 

Bahriddinova B.M.

Qarshi DU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri

filologiya fanlari doktori

23.10.2021 1831