- Bosh sahifa
- Maqolalar
- “Bolasi ruscha gapirib, o‘zbekchani bilmayotganidan o‘ksinish o‘rniga xursand bo‘lishyapti” - filolog bilan suhbat
“Bolasi ruscha gapirib, o‘zbekchani bilmayotganidan o‘ksinish o‘rniga xursand bo‘lishyapti” - filolog bilan suhbat
Kun.uz muxbiri o‘zbek tilining davlat tili
sifatidagi mavqeyi, alifbo va imlo kabi mavzularda filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori Sherali Turg‘unov bilan suhbatda bo‘ldi.
Lotin yozuviga o‘tishga yetmagan 30 yil
Suhbatimiz avvalida O‘zbekiston
Respublikasining 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Lotin yozuviga
asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi
hanuzgacha oxiriga yetmayotgani haqida gaplashdik.
Mutaxassisning
fikriga ko‘ra, lotin yozuvini ilk o‘rganishni boshlagan avlod maktab bitirish
davriga kelib, davlatdagi barcha sohalar to‘liq lotin yozuviga o‘tgan bo‘lishi
kerak edi. Ya'ni 9-10 yil bir alifbodan ikkinchi
alifboga o‘tishga yetarli bo‘lgan. Oradan salkam 30 yil o‘tibdiki, lotin
yozuvida bitirgan aksar yoshlar ham kirill yozuvida ish yuritishiga to‘g‘ri
kelmoqda.
Sherali Turg‘unovning fikricha, bu holga
o‘rta qatlam, ya'ni hozirda rahbarlik lavozimida ishlayotgan, savodi esa kirill
yozuvi bilan chiqqan fuqarolar sabab bo‘lmoqda. Filologning aytishicha, ushbu
avlod vakillari lotin yozuvini o‘rganishdan ko‘ra, qonun ijrosi
bajarilmasligidan manfaatdor bo‘lgan.
“Imlo qoidalari
tilning talaffuz tabiatidan kelib chiqishi kerak”
Filologning ta'kidlashicha, “sh”, “ch”,
“ng” kabi harf birikmalarini bir harf ko‘rinishiga keltirish aholi imloviy
savodxonligini oshirishga yechim bo‘la olmaydi. Mutaxassisning fikricha, imlo
qoidalarini o‘zbek tili talaffuzi tabiatidan kelib chiqib o‘zgartirish kerak.
Sherali Turg‘unov o‘quvchilar imloda
ko‘proq o‘zlashma so‘zlarda xato qilishini aytdi. Unga ko‘ra, tilshunoslik
shakllanayotgan paytlarda rus tilshunosligidan ko‘r-ko‘rona olingan qoidalar va
imloni yengillashtirishga olib boruvchi kerakli me'yorlar qabul qilinmagani
bugun yozuv murakkablashishiga olib kelgan.
“Shoir so‘zida bir “y” tovushi qo‘shib talaffuz qilinsa ham, shoir deb
yoziladi, Ko‘ryapsizmi, murakkablashish qayerdan boshlanadi”, – deydi filolog.
Uning
aytishicha, ruslar ham, inglizlar ham, umuman boshqa ko‘plab tillarning
tilshunoslari ham o‘zlashma so‘zlarni o‘z nutqiga moslagan tarzda
me'yorlashtirgan. Filolog Turg‘unovning misol keltirishicha, nemis shoiri
Haynrix Hayneni ruslar Genrix Geyne deya o‘zgartirgan, bunga sabab esa ularda
“h” tovushining yo‘qligidandir.
“H” va “X” masalasi
Mutaxassis, o‘quvchilar va talabalar
tomonidan eng ko‘p beriladigan savolga sabab bo‘luvchi va ko‘plarning imlo
qoidalarida xato qilishiga sababchi bo‘g‘iz tovushini ifodalovchi “h” va til
orqa tovushini ifodalovchi “x” haqida alohida to‘xtaldi.
Sherali Turg‘unovning aytishicha, o‘zbek
va xususan turkiy xalqlarda bo‘g‘izdan chiqadigan ham, til orti “x” ham yo‘q.
Sherali Turg‘unovning ta'kidlashicha, turkiylarda bitta oraliqdagi h tovushi
bor, xolos.
“Ko‘plab joylarda, har xil soha vakillaridan, o‘quvchi va talabalardan
diktant olishga to‘g‘ri keladi. Agar matnda sakkizta joyda “h” va “x”
tovushlari qatnashgan bo‘lsa, boshqa o‘rinda xato qilmagan bo‘lsa ham 2 olgan
holatlari bo‘ladi”.
Mutaxassis shunga o‘xshash masalalarni
o‘zbek tili tabiatidan kelib chiqib me'yorlashtirish kerakligini ta'kidlaydi.
“Kelajak avlod ona tiliga muhabbat bilan tarbiyalanmas ekan, bu til
o‘limga mahkum”
Sherali Turg‘unov yosh avlodni ona tiliga
muhabbat bilan tarbiyalash oiladan, ota-onadan boshlanishi kerakligini aytdi.
So‘ngra ikki hayotiy voqeani misol keltirdi.
“Bolamizning tili ona tilimizda chiqishi kerak”
“Bir tojikzabon tanishim shaharda ishlar edi. Menga yangi uy
olayotganini va ijarada emas, o‘z uyida yashashini aytdi. Oradan ozroq vaqt
o‘tib, qishloqdan ishga qatnayotganini aytib qoldi. Sababini so‘rasam,
bolamizning tili shaharda o‘zbekcha chiqa boshladi, biz esa uning tili avvalo
ona tilimizda chiqishini xohlaymiz. Chunki bizda shunaqa. Ya'ni avvalo o‘z
tilimizni bilsin dedi. Bu esa meni o‘ylantirib qo‘ydi”.
“Bolasi ruscha gapirib, o‘zbekchani bilmayotganidan o‘ksinish o‘rniga
xursand bo‘lishmoqda”
“Ikkinchi holat esa tirikchilik sababi bilan Rossiyada ikki-uch yil
oilasi bilan yashab kelgan o‘zbek tanishim bilan sodir bo‘ldi. U safarda
farzandli bo‘ldi va bolasining tili o‘sha yurt tilida chiqdi. Vataniga
qaytganda ko‘rgani bordik. Farzandi rus tilida so‘zlashar, o‘zbek tilida
to‘g‘riroq salomlashishni ham bilmasdi. Ota-onasi, qarindosh urug‘lari va
yaqinlari bu holatdan o‘ksinish o‘rniga, bundan xursand bo‘lishardi”.
Filolog bu ikki holatdan hamma o‘ziga kerakli xulosa chiqarishi mumkinligini ta'kidlaydi. Agar biz o‘z tilimizga shunday munosabatda bo‘lar ekanmiz, boshqalardan tilga e'tiborni talab qilish befoyda bo‘ladi.
Tohirjon Tursunov suhbatlashdi
kun.uz