"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Oʻzbek tilining global lisoniy manzaralari

Har yilning oktabr oyida O‘zbekistonda davlat tilini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muayyan tadbirlar o‘tkaziladi, aksiyalar, konferensiyalar uyushtiriladi, muhokamalar bo‘lib o‘tadi.

Bu ishlarga odatda davlat tashkilotlari bosh-qosh bo‘ladi. Ziyolilar, jurnalist-blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar faollari esa til muammolari haqida yoza boshlaydi: ko‘chalardagi peshlavhalar davlat tilida emasligi, savodsizlik avj olayotgani, davlat tashkilotlarida rus tili ustunlik qilayotgani qizg‘in bahslarni keltirib chiqaradi.

Skeptiklardan farqli ravishda, bu «tadbirbozlik», bu muhokamalar mutlaqo befoyda deb hisoblamayman. Har qanday sa’y-harakat izsiz ketmaydi, albatta.

Ammo men hozir boshqa masalaga to‘xtalmoqchiman. Bu o‘zbek tili muammolarini o‘rganish va muhokama qilish yuksakroq, akademik bosqichga ko‘tarilmayotganidir.

Ilm-fanning ahamiyati shundaki, u bizga har qanday masalada aniq, xolis tasavvur hosil qilishga ko‘mak beradi. Yuqorida ta’riflangan muhokamalar ishtirokchilari odatda o‘z tajribalaridan, taassurotlaridan kelib chiqqan holda u yoki bu jihatga urg‘u beradi: kimgadir o‘zbek tili salkam yo‘qolib ketayotganday tuyuladi, kimgadir esa o‘zbek tilini rivojlantirish millatchilikni avj oldirish bo‘lib tuyuladi. Tajribalar, taassurotlar har xil, xulosalar ham shunga yarasha tavsiflanadi.

Ilmiy yondashuv esa oltin o‘rtaliqni topishga yordam beradi: til o‘lib boryaptimi, rivojlanib boryaptimi, aniq ko‘rsatkichlar orqali namoyon bo‘ladi. Qo‘limizda raqamlar, faktlar bo‘lsa, ehtirosimizni biroz jilovlab, «mana bu masalada adashgan ekanman, aslida ahvol fojiali emas ekan», yoki aksincha, «mana bu muammo o‘ylaganimdan jiddiyroq ekan», deb ayta olamiz.

Xullas, O‘zbekistonda oxirgi yillarda tez-tez ko‘tarilib turgan til muhokamalariga biroz ilmiy tahlil, tanqidiy mushohada qo‘shilsa, bahslar jurnalist va ziyolilar orasidagina bo‘lib o‘tmay, tadqiqotchilar diqqatini ham tortsa, ulardan ko‘proq naf keladi, konstruktiv xulosalar chiqariladi va akademik trendlarda aks etadi.

Quyida o‘zbek tiliga daxldor bir-ikkita masalani olib, ularga ilmiy yondashish qanday xulosa va manfaatlar keltirishi mumkinligi haqida mulohazalarimni keltiraman.

O‘zbek tili xavf ostidami?

Muhokamalar asnosida ba’zi jonkuyarlardan «o‘zbek tili xavf ostida», «til halokati – millat halokati» singari vahimali gaplarni eshitib qolamiz. Bu ta’kidlar haqiqatga qay darajada yaqin?

2021-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra O‘zbekiston aholisi 35 million 79 ming nafar kishidan oshdi. Rasmiy statistikaga binoan, bu nufusning 82,9 foizi yoki 29 million 80 ming nafari o‘zbeklardir. Norasmiy baholashlarni inobatga olsak ham, o‘zbeklar adadi 22-24 milliondan pastga tushmaydi.

Qo‘shni davlatlarda va boshqa mamlakatlarda yashovchi o‘zbeklar soni 7-8 million orasida baholanadi. Ya’ni, jahonda 29-37 million nafar o‘zbek bor. Bu – juda katta raqam!

Afsuski, ilmiy tadqiqotlar, statistik izlanishlar yo‘qligi tufayli o‘zbek tilini qancha odam ona tili deb hisoblashini bilmaymiz. Zamonaviy ijtimoiy antropologiyada til va millat bir-biriga bog‘liq tushunchalar emas, shu bois o‘zbekning ona tili ruscha yoki tojikcha bo‘lishi, o‘z navbatida, boshqa etnos vakillarining ona tili o‘zbekcha bo‘lishi mumkin. Bizda hali bu borada izlanishlar, statistik ma’lumotlar yo‘q, lekin umumiy tendensiyalar ma’lum: o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni o‘zbeklar soniga yaqin, rus tilli aholining ko‘chib ketishi, ba’zi milliy ozchiliklar assimilyatsiyasi tufayli o‘zbek tilining iste’mol doirasi yil sayin kengayib bormoqda.

Qolaversa, o‘zbekchani ikkinchi til o‘laroq ishlatuvchi aholi – O‘zbekiston fuqarolarining ko‘pchiligi, chet davlatlardagi ba’zi o‘zbekchani biluvchi odamlar hisobidan bu tilda so‘zlashuvchilar soni 40-43 million kishini tashkil etadi. Tan olaylik, bu qadar ko‘p tashuvchiga ega tilni xavf ostida deb hisoblash adolatsizlikdan boshqa narsa emas. O‘zbek tiliga hech narsa xavf solmayapti, hozircha tilning yo‘qolib ketishi haqida o‘ylamasak ham bo‘ladi.

So‘zlashuv darajasida o‘zbek tilida qiyinchilik yo‘q ekan, muammo nimada?

Ta’limda desak, o‘zbek tilida maktablar, universitetlar, o‘quv markazlari ishlayapti, darsliklar chop etilyapti; mediada desak, o‘zbek tilli saytlar, kanallar, videokontent, gazeta-jurnal, telekanallar juda ko‘p. Ko‘rib turganingizdek, tilning muammolarini aniqlash ham u qadar oson ish emas: «mana bu muammo» deb aniq aytib berish qiyin, shaxsiy tajribamizdan kelib chiqqan xulosalar esa yanglish bo‘lishi mumkin.

Keling, o‘zbek tili qaysi sohalarda muammolarga uchrayotganini aniqlashga harakat qilib ko‘raylik.

Terminologiya

Ilm-fan jamiyat taraqqiyotining asosini tashkil etadi. Uning rivoji ayni paytda tilda ham o‘zgarishlarga olib keladi: turli fan yo‘nalishlarida ilmiy fikr aytish, ilmiy matn yaratish yoki bahslashish uchun terminologiya, ya’ni shu yo‘nalishning tushunchalarini ifodalovchi istilohlar jamlanmasi zarur. Ayni paytda, fan va texnika yutuqlarini ijtimoiy hayotga tatbiq etish asnosida tilda o‘zgarishlar ro‘y beradi – yangi buyumlarni, voqelik­larni, tushunchalarni ifodalovchi yangi so‘zlar o‘ylab topish yoki eskilariga yangi ma’no konnotatsiyalarini yuklash kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonda tizimli terminologik tadqiqotlar olib borilmaydi. Ko‘p hollarda atamalar rus tili orqali jahon fanidan o‘zlashtiriladi va o‘zgarishsiz ishlatiladi. O‘zbek tilining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib joriy etiladigan terminlar esa odatda tizimli bo‘lmay, unifikatsiya qilinmay, alohida olimlarning shaxsiy tashabbusidan kelib chiqadi va ko‘pincha boshqa olimlarning lug‘atiga o‘zlashmay qolib ketadi. Bu jarayonlarni tartibga soladigan tuzilma yo‘q, maxsus terminologik lug‘atlar kam chop etiladi.

Bu muammo bugun paydo bo‘lgan emas. Uning ildizlari sovet davriga borib taqaladi. SSSRda milliy respublikalar tili, shu jumladan o‘zbekcha ham ma’lum darajada ishlangan edi. Bu tillarda badiiy asarlar, gazeta-jurnallar, darsliklar chiqar, jahon adabiyoti durdonalari tarjima qilinar, tele va radio kanallar ishlar edi; davlat boshqaruvi, ilm-fan esa ko‘proq rus tilida yuritilar, ilmiy adabiyotlar odatda ruschadan tarjima qilinardi.

Bunday siyosatning oqibatlari bugungi kunga qadar bilinadi: rus tilida ilmiy izlanish olib borish, ilmiy matnlar yozish osondek tuyulgani bois butun akademiya tizimi shunga o‘rgangan (o‘zbek tili va adabiyoti, tarixi bilan bog‘liq ba’zi gumanitar yo‘nalishlardan tashqari), o‘zbek tilida esa ilm qilish kam uchraydi, bu yo‘lni tanlagan izlanishlar qator qiyinchiliklarga uchraydi va yuqorida aytilgan terminologiya muammolariga, manbalar yo‘qligiga to‘qnash keladi.

Tilning ilmiy uslubi haqida so‘z ketganda, bir dilemma yuzaga chiqadi. Bir tomondan, ilmiy tafakkur, ilmiy kontentning keng ommaga yetib borishi jamiyatning saviyasini belgilab beradi; ilm-fansiz jamiyatda tanqidiy­fikrlash, tahlil, saviya shakllanmaydi. Boshqa tomondan esa fan millat, davlat bilmaydi, chegaralarsiz mavjuddir. Matematika O‘zbekistonda ham, AQShda ham bir xil; biologiya davlatga qarab o‘zgarib qolmaydi. Shu tufayli bugungi kunda ilmiy fikr birlashuvi, yagona xalqaro akademik hamjamiyat shakllanishi jarayoni ketmoqda, bu jarayonda esa ingliz tili ilm-fan va texnika lingva-frankasi o‘laroq kristallanib chiqmoqda. Ilm-fandagi oxirgi yutuqlardan, paradigma va konsepsiyalardan boxabar bo‘lish, xalqaro akademik hamjamiyat bilan bir xil saviyada qolish, o‘z ilmiy ishlarini jahonga tanitish hamda xalqaro akademiyaning bir qismiga aylantirish uchun o‘zbek olimlari ham ingliz tilida ishlashi kerak bo‘ladi. O‘zbek, qozoq singari tillarni qo‘ya turing, uzoq xalqaro tarixga va nufuzga ega xalqaro tillar – fransuz, nemis, rus tillari ham inglizchaga yo‘l bo‘shatib bermoqda. Fransiya, Rossiya, Germaniya va boshqa davlatlarda ham olimlar ingliz tilida yozishga urinadi.

O‘zbekiston bu kabi davlatlarning tajribasini o‘rganishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shunda ushbu dilemmaning yechim yo‘llari topiladi.

Xalqaro ilisoniy manzara

Ilm-fanda ingliz tili monopoliyasining o‘rnatilishi masalasi bizni o‘z-o‘zidan kengroq mavzuga yetaklab boradi, bu ham bo‘lsa, global dunyoda ma’lum tillarning xalqaro maqomga ega bo‘lishidir. Ikkinchi jahon urushiga qadar fransuz tili xalqaro siyosat va madaniyat tili bo‘lgan, hozir uni ingliz tili siqib chiqardi. Aytish mumkinki, Britaniya imperiyasining merosi o‘laroq yanada kengroq qamrovga ega ingliz tili imperializmi davom etmoqda.

Bu til nafaqat xalqaro fanda, balki xalqaro siyosatda va biznesda, madaniyatda, xalqaro moliyaviy va ijtimoiy faoliyatda, sportda turli xalqlarni va davlatlarni bog‘lovchi vositaga aylanmoqda.

Britaniyaning sobiq mustamlakalari hamda Yevropa davlatlarida ingliz tili va mahalliy tillar o‘rtasida to‘qnashuv, muloqot yoxud sohalar taqsimoti yuzaga kelayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston singari ingliz tilidan boshqa til muhitlari tarkibiga kiruvchi davlatlarda uch tomonlama ziddiyat va munosabatlar vujudga kelmoqda. O‘zbekiston, Qozog‘iston va shunga o‘xshash boshqa MDH davlatlari avval Rossiya imperiyasi, so‘ng SSSR tarkibiga kirgani bois ularda rus tilining pozitsiyalari mustahkam; Rossiya bilan munosabatlar yaqinligi tufayli bu til o‘z pozitsiyalarini boy bermay kelyapti. Ayni paytda bu davlatlar fuqarolari dunyoga chiqishi, kengroq geografiya bilan muloqot qilishi uchun ingliz tilini o‘rganishi lozim. Ingliz tilini o‘rganish esa Yevropadagidek oson emas: bu til o‘zbeklarning, qozoqlarning «qoniga» singmagan, ular har kuni ingliz nutqiga duch kelmaydi. Muxtasar aytganda, O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rganish ko‘proq mehnat talab etadi, bu esa o‘zbek tiliga ajratiladigan vaqt kamayishiga olib keladi. Boshqa tomondan, ma’lum yo‘nalishlarga rus tilisiz qadam qo‘yib bo‘lmaydi. Bu esa yana bo‘sh vaqtning bir qismi boshqa xorijiy tilni o‘rganishga sarflanadi deganidir.

Mahalliy til, sobiq metropoliya tili va xalqaro til o‘rtasidagi munosabatlar asnosida yuzaga keladigan ziddiyatlar bilan faqatgina O‘zbekiston to‘qnashmayapti; juda ko‘p davlatlarda bunday muammolar bor, ayrimlari buning yechimlarini u yoki bu darajada muvaffaqiyatli topmoqda ham. Shu ma’noda o‘zbek tilining mamlakat ichidagi va jahondagi o‘rnini ilmiy baholash, boshqa davlatlar va tillarning tajribalarini ko‘zdan kechirish katta foyda keltiradi, zero ilmiy jurnallar varaqlarida yoki davlat agentliklari kabinetlarida tayyor yechimlar pinhon bo‘lishi mumkin.

Afsuski, bizda bu borada tadqiqotlar bo‘lmagani uchun aniq yechimlarni taqdim eta olmaymiz, zotan muammolarni aniq bilmay turib yechimlardan so‘z ochib ham bo‘lmaydi. O‘zbek tilining o‘z o‘rnini, qo‘llanish doirasini aniqlashtirish va taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqish aynan ilmiy tadqiqotlarga asoslanmog‘i lozim.

Hozircha, boshqa tillarning o‘rnagidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ko‘rinayotgan yo‘l murosa va samarali hamkorlikdir. O‘zbek tili bira­to‘la hamma tarmoqlarni egallashiga, barcha sohalarda asosiy tilga aylanishiga harakat qilish, birinchidan, juda qiyin, serxarajat va amalga oshirib bo‘lmaydigan ishdir, ikkinchidan, aslida buning keragi ham yo‘q. Tillarni kompaniyalarga o‘xshatsak, ular bozorning o‘ziga kerakli segmentlarini egallab borishi lozim. Shu jihatdan, bugungi global dunyoda xalqaro tillarning yutib yuboruvchi ta’siriga qarshi tura olish va ma’lum segmentlarni egallash eng optimal natija hisoblanadi.

Til gegemoniyasidan til ierarxiyasiga

Deylik, muayyan davlatning o‘z milliy tili mavjud. Ayni paytda, qo‘shnilar bilan muloqot qilish uchun yana bir tilni, dunyoga chiqish uchun boshqa bir tilni o‘rganish kerak. Ya’ni bu mamlakat fuqarolari uchta tilni bilishi lozim.

Bu tipik lisoniy qopqondagi davlatga misoldir. Bir yoqdan, qo‘shimcha til o‘rganmasa, qo‘shnilar bilan gaplasha olmaydi, xorij bilan aloqalar o‘rnata olmaydi; boshqa yoqdan, muvaffaqiyatli karera qilishni, dunyo ko‘rishni istagan fuqarolar xorijiy tillarga ko‘p urg‘u berib yuborishi oqibatida milliy tilni o‘rganishga qiziqish va vaqt qolmaydi, oqibatda til degradatsiyaga uchraydi, pirovardida yo yo‘q bo‘lib ketadi, yo so‘zlashuv tili darajasida qolib ketadi.

Lisoniy qopqonga deyarli barcha sobiq mustamlakalar tushgan. Keltirilgan o‘rnakda O‘zbekistonni tanigan bo‘lsangiz, bu muammolar  mustamlaka zamonidan meros qolganini tushundingiz, albatta.

Muammoni hal qilish uchun har yil oktabrda shovqin ko‘tarish, yoshlarga va milliy ozchiliklarga vatanparvarlik yetishmayotganidan nolish yetarli samara bermaydi. Shaffof, metodik yechimlar kerak. Bularni biz boshqa sobiq mustamlakalar tajribasidan o‘rganishimiz mumkin.

Yirik imperiyalarning koloniyasi bo‘lgan yosh davlatlar til siyosatini uch xil quradi odatda:

– milliy tilning hech qanday ahamiyati yo‘q, muhimi pul topish, iqtisodiyotni ko‘tarish, sobiq metropoliya tili bunda yordam bersa, o‘sha tilga urg‘u beraveramiz;

– milliy tilni saqlab qolamiz, boshqa tillarni siqib chiqarishga harakat qilamiz;

– muvozanat qidiramiz, milliy tilni unutmagan holda xalqaro tillarni o‘zlashtiramiz.

O‘zbekiston hozircha ikkinchi va uchinchi yo‘l o‘rtasida depsinib turibdi. Belgilangan til siyosati yo‘qligi tufayli bo‘lsa kerak, ba’zida o‘zbek tilini muqobili yo‘q yagona tanlovga aylantirish haqida so‘z ochiladi, ba’zida rus yoki ingliz tilini o‘rganish muhimligi ta’kidlanadi.

Sanalgan strategiyalar orasida oxirgisi eng qiyinidir. U ikkita yoki uchta tilga o‘rin topishni, qo‘pol qilib aytganda, bozorni bir necha raqobatchiga bo‘lib berishni talab qiladi. Bu esa konfliktlar kelib chiqish xavfini oshiradi. Agarda bu strategiya muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, unda mamlakatda o‘ziga xos til ierarxiyasi o‘rnatiladi, har bir tilni o‘rganishdan muayyan manfaat tug‘iladi. Shunda yoshlar o‘zini chet tiliga urib, milliy tildan uzoqlashmaydi, zero milliy tilni yaxshi bilish unga konkret manfaat olib keladi va bu manfaat xorijdagi hayot keltiradigan manfaatga teng yoxud undan ustun bo‘ladi. Ana o‘shanda milliy til ham o‘z o‘rnini topib, rivojlanishda davom etadi, xorijiy tillarni bilish darajasi ham tushib ketmaydi. Shunchaki hamma o‘ziga kerakligini tanlayveradi.

O‘zbekiston uchinchi strategiyani tanlab, shunga muvofiq til siyosatini qursa, yuksak iqtisodiy va madaniy yutuqlarga erishishi mumkin. O‘zbekiston boshqa yirik, rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik qilishga muhtojligini, shuningdek, mamlakatda ko‘plab etnos va til guruhlari yashashini inobatga olsak, tillar ierarxiyasini qurish zarurday tuyuladi.

O‘zbek tili muammolariga mana shu nuqtadan boqib, ilmiy yondashuvlarga yo‘l ochib, konkret ishlar amalga oshirilsa, fikrimcha, qaysi strategiyani amalga oshirish osonroqligi anglashiladi va yechimlar topiladi.

Yuqorida men qo‘limizda mavjud ma’lumot asosida ba’zi chizgilar berishga, ba’zi tavsiyalarni ilgari surishga urindim. Albatta, tavsiyalarni va chizgilarni konkretlashtirish uchun aynan O‘zbekiston materialida o‘tkazilgan tadqiqotlarga muhtojmiz. Hozircha chet el tajribasidan kelib chiqib xulosalar qilib turishga majburmiz. Siyosiy elita ilmiy tadqiqotlarning jamiyat madaniy transformatsiyasidagi ahamiyatini tushunib, fanga yetarli mablag‘ ajrata boshlasa, fundamental tadqiqotlar yuzaga kelsa, O‘zbekistonning til vaziyati hamda global lisoniy manzaradagi o‘rni yanada oydinlashadi.

 

Eldor ASANOV,

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar

Akademiyasi Milliy arxeologiya markazi kichik ilmiy xodimi

 

ishonch.uz

26.10.2021 1546