"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Alisher Navoiy tili boqiydir!

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulug‘ova bilan tilimizning tarixiy ahamiyati, o‘zbek tilining nufuzini yanada oshirish borasidagi ishlar xususida suhbatlashdik.

– Prezidentimizning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 21-oktabr sanasi O‘zbekistonda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilangani tilimizning mavqeyi yanada oshishiga xizmat qiladi. Har bir o‘zbek farzandi uchun o‘zbek tili eng aziz va eng mo‘’tabardir, desak yanglishmaymiz. Shunday emasmi?

– Tangri insonlarga o‘z yaratiqlaridan farqli ravishda til bergani bu juda katta ne’mat. Bu ulug‘ ne’mat aqlimizni taniganimizdan to umrimizning oxirigacha qanchalik zarur ekanligini o‘ylab ko‘rsak, mulohazalar cheksiz davom etadi. Hamma yaxshi tilak va orzularimizni til vositasida, mehrimiz, muhabbatimiz va xursandchiliklarimizni tilda bayon etamiz. Katta maqsadlar poydevorini yo‘lga qo‘yadigan bo‘lsak ham, eng avvalo, tilda kelishib olamiz. Demoqchimanki, til juda katta imkoniyatimiz ekanini his qilib tushunsak, O‘zbek tili bayrami qanchalik katta bir shodiyona ekanligini anglaymiz.

Yurtdan uzoqlashsangiz, darrov uning sog‘inchi ko‘ngilni qamrab oladi. Vatan tabiati, ona zamin, shahar va qishlog‘ing, tug‘ilib o‘sgan xonadoning, atrofingdagi jonga tutash jondosh qadrdonlar qanchalik sevimli. Til ham huddi shunday. O‘zimiz bilan doim birga yurgan qadrdonimiz. Til – fikru o‘yimiz, ichki qiyofamiz. Bu qiyofani hech kimga almashtirib bo‘lmaydi. Boshqa tilni mukammal o‘rgangan taqdirda ham, o‘z tilingning zavqi, sehri boshqacha.

Milliy cholg‘u asboblarimizda ijro etilgan kuylardan ruhiy, ma’naviy ozuqa olamiz. Ichki dunyoimiz kengayadi, yorishadi. Qalbimiz ezgulikka moyil bo‘ladi. Til undan ham ko‘ra kuchliroq vosita. Negaki, musiqaning kuchini iqtidori bor, ijodkor odamlar his qilishi mumkin. Til esa kattayu kichikka, shu yurtda tug‘ilgan barchaga birdek aziz, birdek qadrdon.

– O‘zbek millati uchun tarixiy voqea – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan ilk yillarda siz ham adabiyotda, ham jurnalistika sohasida faol ijod qilgan ijodkorlardan biri sifatida aytingchi, 32 yil avval bu muhim voqea o‘zbek ijodkorlari asarlarida qanday bo‘y ko‘rsatdi?

–Bu savolingiz bundan 32 yil avvalgi voqealarni yodga soldi. O‘sha paytda biz ijod olamidagi yosh, navqiron avlod edik. O‘sha payt eski sovet tuzumining yemirilayotgan payti edi. Siz yozuvchi, ijodkorlar haqida gapiryapsiz. Bilasizmi, hamisha jamiyatdagi adolatsizliklarga qarshi kurashgan, uning ildizini sug‘urmoqchi bo‘lganlarning oldingi qatorlarida ijodkorlar, jurnalistlar bo‘lgan. Eslayman, matbuotda, televideniyeda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bo‘yicha juda ko‘p bahslar bo‘lgan. Lekin rostini aytish kerak, o‘sha paytda shunday bir tashkilot bo‘lardi. Xalq e’tiboriga havola qilinadigan ko‘rsatuv, eshittirish, maqolalar o‘sha tashkilotning jiddiy tekshiruvidan o‘tib, agar ular ruxsat bersa, bosilardi, efirga uzatilardi.

Boshqaruvda bir millat o‘z tili, madaniyati, dunyoqarashi, siyosatini barchaga birdek singdirishga urinishi bu boshqa millatning erki, tili, ma’naviyati, adabiy meroslarining ochiqdan-ochiq kamsitilishidir.

1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan bo‘lsa, bu o‘sha davr olimlari, ziyolilari, ijodkorlarning o‘zbek tili maqominin yetarli darajada tiklanishi uchun qilingan harakatlari natijasi bo‘lgan. 70-80-yillar mobaynida o‘zbek tilining ikkinchi darajaga tushib qolgani, ko‘cha va bozor tiliga aylangani kabi ijtimoiy holatlarni to‘g‘rilash hamda ulardan qutilish uchun, mana, 30 yildan buyon harakatlar davom etyapti. Ammo keyingi 2-3 yilda bu borada amalga oshirilgan ishlar ko‘lami, sifati, samaralari bilan ajralib turadi.

Ko‘rib turibmizki, O‘zbekistondagi deyarli barcha tashkilotlarda hujjatlar davlat tilida yuritilyapti, zarurat bo‘lganda boshqa tilga tarjima qilinyapti. Ko‘chalardagi e’lon, peshlavha, shior va nomlar uchun ham xuddi shu talab.

Har bir tashkilotga rahbar bo‘ladigan shaxs o‘z vazifasini bajarishi davomida kerak bo‘ladigan muloqotni olib borish darajasida o‘zbek tilini bilishi shart qilib qo‘yildi. Bularning barchasi biz – katta avlod vakillari sobiq tuzumda bir idoraga kirib o‘zbek tilida gapirsang ishing bitmasdan yoki birov sening kelgan-ketganing bilan qiziqmaydigan, e’tibor berilmaydigan jarayonlarni ko‘rgan odamlar bir umr kutgan voqealardir.

– O‘zbek adabiyotining zabardast vakili Erkin Vohidov davlat tili qabul qilingan kun munosabati bilan chop etilgan “Tirik xazina yoxud jahongashta so‘z” maqolasida: “Men ham ona tilimizning Hazrat Navoiy zamonidagi ko‘rki, bo‘y-bastiga qarab havas qilaman. Qani edi, buyuk shoirning so‘z boyligi shu kunda ham to‘lig‘icha tasarrufimizda iste’foda bo‘lsa, deya orzular qilaman...” deb ta’kidlagan edi. Dunyoni Navoiy ko‘zi bilan ko‘rish, degan tushunchani qanday izohlaysiz?

–Navoiy dahosi, uning asarlaridagi fikr, ularni ifoda qilgan tilni mutanosib balog‘atda ekanligini his qilish kerak. Dunyoni Navoiy ko‘zi bilan ko‘rish uchun, eng avvalo, biz Navoiyni bilishimiz kerak. Navoiy dunyoni, hayotni qanday qabul qilgan? Men yaqinda Isajon Sultonni “Alisher Navoiy” romanini o‘qib chiqdim. Bu asarga avvalgi tarixiy asarlarga nisbatan tili, uslubi jihatidan o‘ziga xos tarzda yondoshilgan. Navoiyni, Husayn Boyqaroni o‘sha davrdagi tarbiyasi, ularning dunyoqarashi, ichki dunyosini tarbiyalashga qay darajada e’tibor berilgani o‘zgacha aks ettirilgan.

Bilamiz, inson o‘zi uchun ibodat qiladi, o‘qiydi, izlanadi, ilmini oshiradi. Navoiy asarlarida shunday bir maqsad bor, ya’ni insonlarga xizmat qilish, ularni rozi qilish darajasi o‘z-o‘ziga savob keltiradigan ibodatlardan baland qo‘yilar ekan. Oddiy qilib tushuntiradigan bo‘lsak, kitob o‘qib kimgadir foydam tegadigan bo‘lsa, Navoiy hazratlarida ikkinchi tomonni martabasi ulug‘ ekan. Xalqqa ezgu maqsad yo‘lida xizmat qilish, xalqni ma’naviyatini yuksaltirish, xalqqa mehribon bo‘lish Navoiy falsafasining asosi. Navoiy ikki marotaba hajga ketayotganlarida uni qoldirganlarki, birinchisi xalq orasida notinchlik bo‘lgani uchun, ikkinchisi, sog‘liqlarida muammo bo‘lgani uchun. Demak, xalqqa xizmat qilishni oliy saodat deb bilganliklari yaqqol namoyon bo‘ladi.

Hazratning ezgu amallari va yozgan asarlari xalqqa xizmat qilishida shu xalqni mol-mulkini saqlash, ma’naviyatini yuksaltirish, iqtidorlilarini tanlab, homiylik qilish, mamlakatda tinchlik barqaror bo‘lish uchun harakatda bo‘lish, shu tilni, shu o‘lkani, shu millatni nomini yuksaltirishni ifoda etadi. Asarlari g‘oyasi aynan shularni ifoda etsa, asarlari shaklan o‘zbek tilini qanchalik boy ekanini mazmunan aks ettirish imkoniyati keng ekanini ko‘rsatadi. Bu – bir tomoni. Agar til masalasiga qaytadigan bo‘lsak, o‘zbek tilini o‘z ijodida qurol qilib olishining o‘zi katta jasorat. Buning zamirida Hazratning tilni juda yaxshi bilishlari namoyon bo‘ladi.

“Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida bir so‘zni ifodalash uchun, aytaylik “yig‘lamoq” so‘zini ifodalash uchun juda ko‘plab misollarni keltiradilar. Yoinki, bir rangni necha xil ko‘rinishlarini ifodalaydilar. Demak, Navoiy nigohi bilan hayotga ko‘z tashlash deganda bobomizdek millatga, Vatanga, xalqqa, qadriyatlarimizga sadoqat bilan xizmat qilish, uni davom ettirish, avlodlarga o‘rnak sifatida meros qilib qoldirishni tushunaman.

– Chetdan kirib kelayotgan har qanday xorijiy til ta’siri ona tili va milliy madaniyatga soya solishi mumkin. O‘zbek tiliga chet tillardan boshqa so‘zlarning kirib kelishi — kelib chiqishi va shakllanishi chuqur ildizga ega tilimizning tarixiy ahamiyatiga ta’sir qilishi shubhasiz. Bu boradagi mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

–Bu fikringizning biroz mulohazali tomoni bor. Chetdan kirib kelayotgan har qanday xorijiy so‘z demoqchisiz-da? Yo‘q, har qanday xorijiy so‘z emas. Shunday xorijiy so‘zlar borki, biz undan foydalanamiz. Butun dunyoda qabul qilingan til qonuniyati bor. Biz dunyo hamjamiyati bilan birgamiz, bir xalqadamiz. Boshqa millatdan bir narsa kirib kelsa, uning nomi ko‘plab xalqlar tillarida o‘sha holicha saqlab qolinadi. Masalan, kompyuter kirib keldi. Avval yurtimizda kompyuter bo‘lmagan. Biz bunga yangidan nom qo‘ymaymiz, to‘g‘rimi? Buning hojati ham yo‘q. Til qonuniyati shundayligicha qabul qilinadi. Kimlardir, biroz o‘zgartirib o‘z tiliga moslab, yana kimlardir aslicha namoyon qiladi.

Bu dunyo tillari amaliyotida bor holat.

Shunday so‘zlar borki, ular o‘z tilimizda mavjud. Masalan, myasorovka – bu go‘sht maydalagich. Demak, uning nomini o‘z tilimizda qo‘llash haqiqiy mazmun-mohiyatini ochib beradi. Yana shunday so‘zlar borki, tilimizda deyarli har kuni qo‘llaymiz. Bir maqolada o‘qigandim, “okay” so‘zi fikrni to‘liq ifodalamagani uchun Amerika Qo‘shma Shtatlarining birida bu so‘zni ishlatish ta’qiqlangan ekan. Bizda esa bu so‘z juda ko‘p qo‘llaniladi. Telefon so‘zlashuvlarida, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarda va hokazo. “Okay”ni ifodalaydigan “xo‘p”, “bo‘ladi”, “ma’qul”, “roziman”, “yaxshi”, “kelishdik” va yana bunday so‘zlarni davom ettirish mumkin.

Holbuki, men aytayotgan o‘zbekcha ko‘rinishlarida fikrning qanaqaligi aniq ko‘rinib turibdi. “Roziman” deganingiz o‘sha narsani qabul qilganingizni bildiradi. “Ma’qul” desangiz, demak sizga yoqqanini ifodalaydi. “Okay”da fikringiz bir joyda to‘xtaydi. Lekin biz bu so‘zni nimasini qabul qilyapmiz? Fikringiz nomukammalligini bildirib turibdi. Yoki “tupoy” so‘zini olaylik. Juda xunuk so‘z. Tarjimasida “hech narsani bilmaydigan” degan ma’no kelib chiqadi. Uning rus tilidagi kelib chiqish o‘zagi – “o‘tmas”. Demak, bu odamning aqli ko‘p narsaga yetmaydi, degan ma’noda qo‘llaniladi. O‘zbek tilida “nodon”, “axmoq” kabi ma’nolarida odamning kamchiligi ko‘rsatilyapti. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Kuni kecha avtobusda ketayotib bir o‘zbek yigitining so‘zlashuvi qulog‘imga chalindi. Gapirayotgan gapining 60 foizi rus tilida. Yo‘lda o‘ylab ketdim. Ko‘pincha yoshlar o‘zbek va rus tilidan olib yangi til xosil qilgandek tuyuladi menga. Bir tomoni, ba’zilar o‘zbek tilini yaxshi bilmaganidan aralash qilib gapiradi. Lekin oliftagarchilikka gapirayotganlar ham ko‘p uchrab turadi. Tilni onaga qiyoslab “ona tili” deymiz. Ayovsiz bo‘lsada aytishim kerak, bunday holatlarning zamirida onaga bo‘lgan behurmatlik yotadi. Yoki boshqa bir ayolni olib kelib “bu ham onam” demaymizku. Davlat tilini onaga qiyoslab yana shu holatlarga yo‘l qo‘yish bu juda katta hurmatsizlik va madaniyatsizlik emasmi?

Bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun biz ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtdoshlarimizning o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmati, qiziqishini oshirishimiz kerak. Bu eng katta vazifalardan biri. Chunki davlat va hukumat chiqargan qarorlar qanchalik ahamiyatli va dolzarb bo‘lmasin til – xalqniki. Shu qarorlarning amalga oshishi uchun birgalikda harakat qilinmasa, amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilmasa maqsadga erishish uzoqlashadi.

– Juda o‘rinli fikrlarni ta’kidladingiz. Yana bir mulohazaga undaydigan savol: tilimizda yo‘qolib borayotgan ba’zi sof o‘zbekona so‘zlarni xalq orasida saqlanib, muloqotda qo‘llanilishini mustahkamlash uchun qanday zaruriy choralarni ko‘rish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tilimizda so‘zlashuvchilar bisyor. Ijtimoiy tuzumlarning oqibatida tilimizda muammolar ko‘payib ketgan. Tilimizdan yo‘qolib borayotgan ba’zi sof o‘zbekona so‘zlarni xalq orasida saqlanib, muloqotda qo‘llanilishini mustahkamlash uchun, eng avvalo, oilada bolaga kitob o‘qishga e’tibor va imkoniyat yaratish kerak. Moddiy jihatdan to‘kislik bilan hamma havas qiladigan inson bo‘lish qiyin. Shuning uchun kitobga o‘rgatish ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan yetuklikka yetaklaydi.

Jurnalist Dilfuza MAHKAMOVA suhbatlashdi.

uza.uz

28.10.2021 873