"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Qachon o‘zbekcha gapiramiz?

...“Dugonangizdan nafratlanaman” degan jumlamni “Dugonangizni ko‘rarga ko‘zim yo‘q” deb tahrir qilayotib, talabchan muharrir Vahob Ro‘zimatov ta’na-taajjub aralash so‘ragan edi: “Yoki sizlar, hozirgi yoshlar shunday gapirasizlarmi?”.

Hozirgi yoshlar shunday gapiradi, domla! Chunki ular biz yozgan kitoblarni o‘qigan, biz ishlagan kinolarni ko‘ryapti... U yog‘i o‘zingizga ma’lum. Axir, telefon go‘shagini olib, o‘zbekona tavoze bilan “labbay” demoqning o‘rniga “eshitaman” (“slushayu”) deymiz-ku to‘ralarcha! Holbuki, birov bizga: “Eshitmaysan, qulog‘ing og‘ir, karsan”, deyayotgani yo‘q. “Malakasini oshirdi”, “mahoratini oshirdi” degan gap turganda xunukdan xunuk, bema’ni – “o‘z ustida ishladi” (“nad soboy rabotal”) deb qo‘llaymiz. “Osh bo‘lsin” emas, “yoqimli ishtaha” demoq bilan madaniy ko‘rinmoq bo‘lamiz. Besh yashar o‘g‘ilchamiz: “Oyim menga qo‘lqop olib berdilar” emas, “Menga qo‘lqop olib berishdi” (“Mne kupili perchatki”), deydi; maktabni tugatayotgan qizimiz: “Sizga telefon qilishdi” (“Sizga falonchi aka yoki kimdir telefon qildi”, “Sizga telefon bo‘ldi” demoq o‘rniga), deydi. Telefon qilgan kim? Odamning og‘ziga yomon gap keladi...

O‘zbek tili tabiatiga ko‘ra, gapning egasi tushgan qolgan majhul holatda “so‘rashdi”, “aytishdi”, “chaqirishdi” deb emas, “so‘raldi”, “so‘radilar”, “aytildi”, “chaqirildi” tarzida ishlatiladi.

Yaqin-yaqingacha metroning oxirgi bekatiga yetganda “Vagonlarni bo‘shatib qo‘yinglar!” degan dag‘dag‘ani eshitib, “Nima, vagoningda o‘tin yo ko‘mir bormidiki, bo‘shatib qo‘ysam, hammolingni topibsan!” degingiz kelardi.

“Katta rahmat” degan gapni har qadamda ishlatamiz. Vaholanki, rahmatning katta-kichikligini o‘lchash bizning qo‘limizda emas, rahmat – Xudoniki, uning katta-kichigi bo‘lmaydi. Ha, boringki saxovatimiz oshib-toshsa, “ming rahmat”, “ko‘pdan-ko‘p rahmat”, “baraka toping” demog‘imiz mumkin, xolos. “Katta rahmat”ning qayoqdan kelgani esa ma’lum...

 

Erkin A’zam,

“Oila va jamiyat” gazetasi

1992 yil, avgust

oriftolib sahifasidan olindi

28.10.2021 670