"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Davlat tiliga eʼtibor – milliy o‘zlikni anglash va uni namoyon qilish asosidir

Davlat tiliga eʼtibor – milliy o‘zlikni anglash va uni namoyon qilish asosidir

O‘zlikni anglash bu osongina kechadigan voqelik emas. Uni anglash aynan namoyon etish bo‘ladi.

Bugun ona tilimizni ommaviy ravishda va keng miqyosda, o‘zbek davlatchiligining har sohasida tafakkur ifodalarimizning omili sifatida qo‘llashimiz u qadar ko‘ngildagidek bo‘lmagani va bunda har birimizning tegishlicha aybimiz borligini his etamiz. Negaki, 1989-yilda “Davlat tili haqida” qabul qilingan Qonunga qariyb 30 yildan ortiq vaqt bo‘ldi. Qonun hech bir sohada o‘zining to‘la-to‘kis ifodasini topmadi.

Shu bois, yana-da kuchli huquqiy asos beruvchi bir hujjatga, davlat tili amal qilishini tartibga soluvchi tashkilot faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ehtiyoj sezildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 21-oktyabrdagi PF-5850-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, mamlakatda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yana-da oshirish, davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishiga erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 34-sonli qarori qabul kilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori asosida davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari tuzilmalarida rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi va ushbu yangi lavozimni egallagan mutaxassislarga yuqoridagi vazifalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha juda katta masʼuliyat yuklatildi.

Har qanday mamlakatda Davlat tili hukumat boshqaruvida amal qilish bilan birga, barcha sohalarda xalq og‘zaki so‘zlashuvidan oziqlangan maxsus atamalarning qo‘llanishi, kun sayin kengayib borishi bilan xarakterlanadi. Biz bugungi globallashuv sharoitida o‘zimizning qadimiy tilimizni kavlab o‘tirishdan ko‘ra, dunyo tillarida keng ommalashib borayotgan tayyor atamani olib qo‘ya qolamiz.

Aslida, dunyo ayvonida juda ko‘p kishilarda qiziqish uyg‘otib, katta minbarlarda yangrab borayotgan ona tilimizning go‘zalligini o‘zimiz namoyon etmasak, boshqa hech kim yordamga kelmaydi. Boshqa millatlar biz ularning so‘zlaridan qancha ko‘p foydalansak, shuncha mamnun bo‘ladi. Chunki o‘z so‘zini tinglagan kishining qalbida milliy g‘ururi uyg‘onishiga sababchi bo‘lamiz. Ehtimol, bu odatlarimiz o‘ta mehmondo‘stligimiz va ko‘ngilchanligimizdandir. To‘g‘ri, bu odatlar juda ham yaxshi. Biroq tilimizda bor atamalarni topib ishlatsak, aholi uni talaffuz qilishda ham, yozishda ham qiynalmaydi.

Tibbiy atamalarning ko‘pi bizning xalqda juda ko‘p yillik tarixga ega. Xafaqon (davleniye), yaraqon (sirroz – jigar xastaligi), istisqo (qoringa suv to‘planishi - assit), bavosir (gemorroy), zotiljam (pnevmoniya) kabilar aytish uchun naqadar qulay va o‘zida shu kasallik xususiyatini ifodalab, biz o‘zbeklar ongida yaxshi anglashiladi. Biroq biz o‘zga til atamalariga zo‘r beramiz.

Bunda bizdagi tibbiyot mutaxassislarining ham maʼlum maʼnoda aybi bor. Olimlarimiz tibbiyotga oid kitoblar, manbalarni tezlik bilan, keng miqyosda rus tilidan, ingliz tilidan boshqa tillardan o‘zbek tiliga o‘girishlari, bunda Ibn Sino va boshqa ko‘p sonli tabiblarning vorislari sifatida tilimizga o‘ng‘ay atamalardan foydalanishlariga katta zarurat bor. 

Ayni paytda, O‘zbekistonda davlat tilini keng tatbiq etishda mamlakatimizda yashayotgan bir yuzu o‘ttizdan ortiq millat vakillarining imkoniyatlari, tilni o‘rganishga bo‘lgan rag‘bati kabilar hisobga olinib, kurslar ochilishi va maktablar tarmog‘ida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani quvonarlidir.

Jurnal, ro‘znoma, radio va televideniyada turli tilda so‘zlashuvchi mualliflar chiqish qilmoqdalar, ushbu ommaviy axborot nashrlari turli tilda faoliyat yuritmoqda va shu tarzda milliy mansubligidan qatʼiy nazar har bir fuqaro uchun Respublikamiz hayotidan xabardor bo‘lib turish uchun imkoniyat yaratilmoqda.

Erkinlik, Amir Temur aytganlaridek, faqat qonun ustuvor bo‘lgandagina mavjuddir.

Demak, mamlakatni barcha sohalarda rivojlantirish va uni muhofaza qilish borasida davlat tili, vijdon, matbuot, ommaviy axborot vositalari erkinligi, ixtiyoriy jamoalar va fuqarolar uyushmalari, havaskorlik tashkilotlari, o‘z-o‘zini boshqarish organlari (mahallalar) to‘g‘risida qabul qilingan qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlarini izchillik bilan joriy etish zarurati tug‘iladi. Bu hol bir tomondan suisteʼmolchiliklar, demokratik jarayonlarning buzilishining oldini olsa, ikkinchi tomondan - har bir xalq va har bir fuqaroga millatidan va diniy mansubligidan qatʼiy nazar, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni kafolatlaydi.

Eng asosiysi, bugungi kunda til o‘rganish, milliy maʼnaviyatimizning asosini tashkil qiluvchi davlat tiliga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish, o‘tmish ajdodlarimiz maʼnaviy merosiga ijodiy yondashgan holda yangi, zamonaviy, jahon madaniyati va texnologiyasi imkoniyatlaridan keng foydalanish lozim bo‘ladi. Bu yo‘nalishda maorif, madaniyat tashkilotlarigina emas, balki barcha jamiyat aʼzolarining ishtiroki zarurdir. Lozim bo‘lsa, joylarda shaxsan hokimlarning bevosita xalq bilan maʼnaviyat va maʼrifat, Davlat tilining nufuzi hamda zarurati to‘g‘risidagi suhbatlarini uyushtirish, imkoniyat darajasida televideniye, radio va umuman, ommaviy axborot vositalari orqali keng tashviqot ishlarini olib borish lozim. Bunda mahalliy ommaviy axborot vositalari zimmasiga rahbariyatning davlat tili va maʼnaviy va maʼrifiy sohada xalq bilan birga ekanligini namoyon etuvchi chiqishlarning rang-barangligini oshirish, uning haqiqiy va hayotiy ko‘rinishlarini batafsil ommaga yetkazish vazifasi tushadi. Bizning nazarimizda, shahar, tuman hokimlari o‘rnak bo‘lsalar, maʼnaviy yangilanishni davlat tiliga bo‘lgan salohiyatli ijobiy munosabat, muhitni o‘zlaridan boshlasalar, ko‘zlangan maqsadga yana-da muvaffaqiyatli erishgan bo‘lar edik.

Manbalarda aytilishicha, “Til millat ko‘zgusidir”. O‘tmishdan maʼlumki, davlat tili mavjud jamiyat maʼnaviyatining va taraqqiyotining asosini tashkil qiladi. Shu nuqtayi nazardan, davlat tili ko‘p millatli mamlakatimiz xalqlarining bir butun bo‘lib, jipslashishi va jamiyatimiz rivojlanishining asosi, kalitidir.

Shunday ekan, hali hanuzgacha ko‘pgina davlat tilida ish yuritish imkoniyati yetarli bo‘lgan tashkilotlarda ham hamon ish rus tilida yuritilayotganligini qanday tushunish yoki baholash mumkin?! Davlat tili to‘g‘risidagi qonunga, Prezident farmoniga munosabat shu darajada bo‘lishi kerakmi? Bular barchasi davlat tilining amalga joriy qilinishi jarayonini sustlashtiradi, muddatini uzaytiradi, oxir oqibatda milliy davlatchilik xususiyatiga putur yetadi, tilimizdagi so‘zlar yana-da yo‘qotishlarga yuz tutadi. Bu borada mavjud imkoniyatlarni butun shijoati va omilkorligini ishga solgan holda qonun ustuvorligi asosida maqsadimiz sari yo‘naltirish talab qilinadi. Negaki, bu kelajak jamiyatimizni bekami ko‘st bunyod etishimizning adolatli va qonuniy shartlaridan biridir.

“Holva, holva degan bilan og‘iz shirin bo‘lib qolmaydi” degan xalq maqoli bor. Ushbu qarorgacha bo‘lgan davrda Davlat tili masalasida ham shunday holat bo‘lib kelganligi hech kimga sir emas.

Bugungi kunda mazkur qarorning ijrosini taʼminlash masalasi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari tuzilmalarida rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilarining masʼuliyatini oshiradi. Albatta, Davlat tilini to‘laqonli davlat tili darajasiga ko‘tarish bu faqatgina soha mutasaddilarining ijro qilishi lozim bo‘lgan masala emas, balki barcha O‘zbekiston xalqining - fuqarolarining umum vazifasi ekanligini har birimiz yoddan chiqarmasligimiz va bu ishga kamarbasta bo‘lishimiz lozim.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida ushbu masalada vazirlikning “Vazirlik tizimidagi muassasalarda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etish to‘g‘risida”gi alohida buyrug‘i bilan tasdiqlangan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi barcha muassasalarda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish va uning ijrosini nazorat qilish bo‘yicha Ishchi guruhi tuzilib, uning oldiga vazirlik tizimidagi muassasalarda Davlat tilini qonunda belgilangan tartibda joriy qilinishini tashkillashtirish va uning ijrosini sifatli amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha muhim vazifalar qo‘yildi.

Shuningdek, vazirlik tasarrufidagi barcha QQR Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari, bo‘linmalarida, jumladan, tibbiyot taʼlimi, davolash-profilaktika muassasalari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, ilmiy-amaliy markazlarda hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida hujjatlar, yozishmalar, ko‘chalarga o‘rnatilgan reklama bannerlarining so‘zsiz davlat tilida (o‘zbek tili) yuritilishini taʼminlash;

- vazirlik tizimidagi tibbiyotga aloqador muassasalarning binolari peshtoqidagi nomlar va uning ichidagi xonalar eshigidagi atama birinchi navbatda davlat tilida va zaruratdan kelib chiqib undan keyin boshqa tillarda yozilishi;

- vazirlik tizimiga kiruvchi hududlardagi barcha tarkibiy bo‘linmalar va muassasalarda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga belgilangan tartibda amal qilinishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati tashkil etish;

- tegishli bo‘limga mazkur buyruqning yetib borishini taʼminlash maqsadida vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi kabi masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi va nazoratga olindi.

Shuning bilan birgalikda ayrim masalalarga juda ham jiddiy eʼtiborni qaratish, keskin choralar ko‘rishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz

 Barcha dori-darmon vositalarini qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomalar va retseptlar davlat tiliga o‘girtirildi va davom ettirilmoqda. Bu ish qonuniy yo‘l bilan chetdan kirib kelayotgan barcha dori-darmonlarga tegishliligi belgilab qo‘yildi.

Tibbiy tez yordam xizmatiga telefon qilsangiz ayrim hollarda ruscha javob berilishi ham mavjud edi. Bu rus tilini bilmaydiganlarga murojaat qilib maqsadini to‘g‘ri tushuntirishlarida ancha qiyinchiliklar tug‘dirar edi. Bu masalani tuzatish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Ko‘chalarda turli xil reklamalar hamon rus tilida yoki boshqa xorij tillarida ko‘zga tashlanarli darajada kattalashtirib yozilishi kishini ajablantiradi va hayron qoldiradi. Agar surishtirib kelsangiz uni yozdirgan shaxsning o‘zi ham u tilni umuman tushunmasligiga guvoh bo‘lasiz. So‘rasangiz xorijliklarga oson bo‘lishi uchunligini ro‘kach qiladi. Vaholanki, xorijliklar O‘zbekistonni ko‘rishga keladi. Ular O‘zbekistonga o‘zbeklarning o‘ziga xos qadriyatlari va yashash tarzini, osori-atiqalarini ko‘rish uchun tashrif buyurishadi. Aslida boshqa xorij tilidagi lavhalar turistlar uchun O‘zbek millatining boshqa davlatlarga qaram ekanligi maʼnosini anglatishi bilan ishlari yo‘q. Bu masalada ham tozalash ishlarini olib borish va ularni birinchi navbatda davlat tilida yuritilishini joriy qilishni taqozo etadi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh vaziri A.Aripov “Jamoat joylari, ko‘chalar, binolar peshtoqida, turli lavha va reklamalarning ko‘pincha boshqa tillarda yoki mantiqsiz, tushunarsiz mazmunda va shaklda aks ettirilishi bunga sabab bo‘lmoqda”, deb haqqoniy tanbeh berganligi eʼtiborga molik masala bo‘lib, ularni tezkorlik bilan Davlat tiliga o‘tkazishga ishoradir.

OAVlarida o‘zbek adabiy tilida emas balki hududiy shevalarda gapirish adabiy o‘zbek tilining mavqeiga putur yetkazmoqda. Buning ham tezlik bilan chorasini ko‘rish lozim.

Baʼzi rahbar xodimlar omma o‘rtasida o‘zbekcha va ruscha so‘zlarni qo‘shib aralash-quralash tilda va O‘zbekistonda tashkil etilgan xalqaro simpoziumlar va anjumanlarda esa, asosan rus tilida maʼruza qilishadi. Bu holga chek qo‘yishning allaqachon vaqti kelmadimikin degan savol tug‘iladi.

Ko‘pgina millatdoshlarimiz farzandlarida va boshqa millat vakillarida o‘zbek tilini o‘rganishga intilish ancha sust. Sababi, o‘zbek tilini o‘rganishga intiluvchilar rag‘batlantirilmaydi, o‘zbek tilini o‘rgatuvchi pulsiz kurslar ochish, o‘zbek tilini o‘rgatuvchi arzon va sifatli kitoblar nashr qilish davlat tilining ustivorligini taʼminlashda ancha yordam beradi.

BMTning O‘zbekistondagi vakili va Amerika elchisi xalqqa O‘ZBEK TILIDA murojaat qilgan bir vaqtda, ayrim vazirlarimiz o‘zbek tilida gapirishdan or qiladi shekilli, rus tilida gapirishni afzal ko‘rganligi ham nosog‘lom holatdir.

O‘.M. Abilov,

Sog‘liqni saqlash vazirining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar

samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga

rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

10.04.2020 999