"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Chetso‘zlarning muqobili – bir asr oldingi yechim, bugun davom etayotgan muammo

Chetso‘zlarning muqobili – bir asr oldingi yechim, bugun davom etayotgan muammo

Keyingi vaqtlarda o‘zbek tilining mavqeyi haqida bildirilayotgan ko‘plab fikr-mulohazalarni o‘qishimizga to‘g‘ri kelayapti. Xullas, soha mutaxassislari ham, oddiy odamlar ham, talabalar ham uning jamiyatimizda egallagan o‘rnidan rozi emas. Muammo shundaki, tilning jamiyatdagi mavqeyini har qancha qaror-u farmonlar bilan ham, janjal-u majlislar bilan ham mustahkamlab bo‘lmaydi. Faqatgina jamiyatda kitobxonlikni muttasil rivojlantirish, targ‘ib etish lozim.

Munavvar qori tayyorlagan boshlang‘ich sinf darsligida 50 ga yaqin sodda, lekin ibratli hikoya va she’rlarni, Elbekning “O‘rnak” darsligida yuzdan ortiq maqol va matallarga boy ibratli hikoyalarni sanadim. Ular o‘quvchilarning ongiga milliy qadriyatlar va o‘zlikni singdirgan. Bolalarimizda badiiy tafakkurni o‘stirish uchun bayon va insholarni qaytarish kerak...

Muomalaga yangi so‘z kirib kelayaptimi, jamiyat ongiga muhrlanib ulgurmasidan ziyolilarimiz bu chetso‘zning o‘zimizga qulayroq bo‘lgan shaklini hozirjavoblik bilan taklif etishi kerak. Bu, avvalo, lug‘atlar orqali, qolaversa turli ommaviy axborot vositalari orqali amaliyotga tatbiq qilinishi muhim. Aks holda muammo chigallashgandan chigallashaveradi.

Shu o‘rinda yana jadid bobolarimizning tajribasi bizga qo‘l keladi. Ular o‘tgan asrning boshlarida jamiyatda yangi munosabatlarning qaror topishi jarayonida minglab chetdan kirib kelayotgan yangi so‘z va birikmalarga qarshi o‘zlarining ehtiyot choralarini qo‘llaganlar. Jumladan, 20–30-yillarda kimyo, meditsina, texnika, san’at, siyosat, iqtisod, harbiy sohalarga tegishli qator lug‘atchalar yaratib, zudlik bilan ommaviy nashrlar va darsliklarga joriy etganlar.

Taniqli davlat arbobi Nazir To‘raqulovning 1922-yilda chop etilgan “Rus-o‘zbek tilining siyosiy va iqtisodiy lug‘atchasi” hamda G‘ozi Olim (Yunus)ning 1926-yilda nashr qilingan “Ruscha-o‘zbekcha qisqa huquqiy va siyosiy lug‘at”larini varaqlab ko‘rdim. Ular o‘z vaqtida tashabbus ko‘rsatib, o‘zbek tilining umrini bir asrga uzaytirib ketdilar, desak aslo xato bo‘lmaydi. Garchi, o‘zlari mustabid tuzum qatag‘oni ortida mahv etilgan bo‘lsalar-da, shundan so‘ng ularning (Fitrat, Elbek, Sattor Jabbor, Nazir To‘raqul, G‘ozi Olim, G‘ozi Yunus – ularning soni jami 20 ga yaqin) nomlari biror joyda qayd etilmasa-da, taklif etgan so‘zlarining aksarini biz hamon istifoda etib kelmoqdamiz.

 

Nazir To‘raqulov lug‘atning asosiy xususiyati, unda har bir so‘zning o‘zbekcha muxolifi bilan bir vaqtda qo‘llaniladigan ko‘plab so‘z birikmalarini ham misollar orqali ma’nosini anglatishga tirishadi. Asosan, o‘quvchining siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga harakat qiladi.

G‘ozi Olim (Yunus)ning o‘zi aytsin: “Ruscha-o‘zbekcha qisqa “Huquqiy va siyosiy lug‘at”ni tuzishdan maqsadi huquqiy adabiyotdagi, xususan tarjimadagi, atamalarg‘a qat’iy va muayyan bir shakl berish va shul yo‘l bilan isteloh quramalig‘i – ixtilofini bir daraja bo‘lsa-da kamaytirmakdir. Demak, bu lug‘atcha huquqiy atamalarning loyihasi sanalsa bo‘ladir. Bu birinchi tajriba bilan maydong‘a otilg‘onda biz istilohlarni mumkin darajada o‘zbeklashtirishka tirishdik. Shuning bilan barobar o‘zbekcha so‘zlarning kelishi go‘zal bo‘lg‘onlarinigina ola bermadik, balki, bu so‘zlarning xalq adabiyotida yoki eski adabiyotimizda ishlatilganlarini izlab topdiq. Biz o‘z boshimizdan so‘z o‘ylab chiqorishdan tarixiy so‘zlarni topib ularni yana turmushqa chiqorishni ortiqroq ko‘rdik. Ruscha so‘zlarning huquqiy ma’nosini aniqlash uchun huquqshunoslarning yordamidan foydalandik.

Bu asarni tuzganda men ushbu asarlardan foydalandim: Budog‘ilufning ikki jildlik “Turkiy lug‘ati”dan, aqademik Radlofning “Turk lahjalarining qiyosiy lug‘ati”dan, “Tuzuki Temur”dan, “Halilul lug‘ati Navoiy”dan, ruscha buyuk qomusdan va yana bir necha ruscha lug‘atlardan foydalanishga to‘g‘ri keldi.

Biz yuqorida bu birinchi tajriba deb edik, har tajriba ishida kamchiliklar bo‘lishi mumkindir. Shuning uchun o‘z amalidan asarimizga diqqat bilan qarab bizdan o‘tgan kamchiliklarni ko‘rsatishlarini so‘raymiz.

Natijada bu asarni tuzishda o‘zlarining huquqiy ma’lumotlari bilan menga yordam etgan huquqshunos Toshpo‘lot Norbo‘tabekof o‘rtoqg‘a va O.O.Dobrosmichluf o‘rtoqg‘a samimiy tashakkurimni bildiraman”.

Shu o‘rinda Nazir To‘raqulovning “Rus-o‘zbek tilining siyosiy va iqtisodiy lug‘atchasi”dan namunalar keltirsam:

Avtonomiya – muxtoriyat;

Agitatsiya – tashviqot, targ‘ibot;

Agressiviy – tajovvuz;

Agrikultura – ziroat, ekinchilik;

Allegoriya – timsol, kinoya;

Amnistiya – afv umumiy;

Deputat – vakil;

Dialog – muhokama;

Diktator – hokimi mutlaq;

Disput – mubohasa;

Dogma – aqida;

Initsiativa – tashabbus;

Insident – voqea;

Irratsionalniy – g‘ayri aqliy;

Kandidat – noib;

Legion – qo‘shin;

Nigilist – shakkok, munkar, inkor qiluvchi;

Novator – yangilik tarafdori;

Oppozitsiya – muxolif;

Petitsiya – ariza;

Prezidium – rayosat;

Pressa – matbuot;

Problema – jumboq;

Rasa – urug‘;

Sotsialist – ijtimoiy;

Fabrika – korxona;

Federatsiya – ittihod;

Sex – kasaba.

 

G‘ozi Olimning “Ruscha-o‘zbekcha qisqa huquqiy va siyosiy lug‘at”idan namunalar:

Aksiya – ulush hujjati;

Aliment – nafaqa;

Arbitraj – bitimchilik;

Arenda – ijara;

Arestant – bandi, mahbus;

Bank – xazina;

Bilet – patta;

Birja – savdo o‘rni;

Makler – dallol;

Verxsud – ulug‘ yorg‘u, oliy sud;

Veshniy iks – moddiy talab;

Vzyatka – pora, rishvat;

Voenniy tribunal – harbiy yorg‘u;

Volost – kent;

Votum – ko‘pchilik qarori;

Visilka – surgun;

Garantiya – kafillik;

Gerb – tug‘ro, tamg‘a;

Grajdan – biylik;

Grajdanskoe pravo – biylik huquqi;

Davnost – da’vo muddati;

Dobrovolniy – ko‘ngilli;

Doverennost – inonch, vakolatnoma;

Znak – belgi, nishon;

Inventar – asbob-uskana;

Istes – talabgor;

Kodeks – tuzuk;

Konfiskatsiya – musodara;

Opekun – vasiy;

Plan – reja;

Plata – to‘lov;

Pochta – chopar;

Rasxod – chiqim;

Respublika – jumhuriyat;

Sabataj – o‘chakishmak;

Sledovatel – tergovchi;

Texnichesie pravila – amaliy nizomlar

Ekipaj – araba;

Ekspertiza – sinash;

Yuriskonsult – kengashchi huquqshunos.

Demoqchimanki, biz yangi zamonda yashayapmiz. Bugun iqtisodiyot, kompyuter texnologiyasi, turli yangi-yangi sohalar, ilm-fan va san’atlar bilan bog‘liq ulkan chetso‘zlar bo‘hroni kirib kelmoqda. Hozir mayda-chuyda gaplar bilan ovvora bo‘lsak qisqa vaqtdan so‘ng avlodlarimiz bugungi adabiyotimizni ham tushunmay qolishadi. O‘ylaymanki, bu bitta bizning muammomiz emas. Bugun birlashish vaqti kelgan. Turkiy tilli davlatlarning barcha tilshunos ziyolilarini bir kengashga to‘plagan holda yirik-yirik lug‘atlar tuzib yoshlarimizga taklif etsak, kelajakdagi katta muammolarning oldini olgan bo‘lar edik (chunki asosiy manbamiz ham bir: turkiy til, uning sheva va lahjalaridir).

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori


oyina.uz

02.11.2021 738