"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Jaloliddin Manguberdi va Jaloliddin Rumiy qarindoshligini bilasizmi?

Jaloliddin Manguberdi 1199-yilda Xorazmda tavallud topgan bo‘lib, 1169–1220-yillarda yashagan va 1200–1220-yillarda Xorazmshohlar davlatini boshqargan hukmdor Alouddin Muxammad II ning o‘g‘li. Onasining ismi Oychechak, Otasi Alouddin Muxammad II 1172–1200-yillarda hukmdorlik qilgan Anushteginiylar sulolasiga mansub Xorazmshoh Alouddin Muzaffar Takesh (yoki Abul Muzaffar Takesh) ning o‘g‘li.

Jaloliddin Rumiy Jaloliddin Manguberdining ammasining nevarasi, ya’ni jiyani hisoblanadi. Bu haqida tarix fanlari nomzodi Murodulla Mirzayev ilmiy izlanishlarida keltirib o‘tgan.

Qayd etilishicha, Jaloliddin Rumiy (Balxiy) 1207-yil 30-sentabrda Afg‘onistonning Balx shahrida tavallud topib, 1273-yilning 17-dekabrida Turkiyaning Ko‘niya shahrida 66 yoshida vafot etgan. Uning otasi islom va tasavvuf ilmining taniqli siymolaridan biri, “Sulton ul-Ulamo” (“Olimlarning sultoni”) unvoniga musharraf bo‘lgan ulug‘ zot, Kubraviya tariqatining shayxi Muhammad Bahovudin Valaddir. Bahovuddin Valadning otasi o‘z davrining tanilgan insonlaridan biri Husayn ibn Ahmad. Onasi Xorazmshoh Alouddin Muzaffar Takeshning qizi Malikai Jahon Amatulloh Sultondir.

Xulosa qilib aytganda, Jaloliddin Rumiy Jaloliddin Manguberdining qarindoshi hisoblanadi. Alouddin Muzaffar Takeshning katta qizi Malikayi Jahondan Jaloliddin Rumiy, kichik o‘g‘li Alouddin Muhammad II dan esa Jaloliddin Manguberdi sulolani davom ettirgan.

 

oyina.uz sahifasidan olindi

13.11.2021 1436