- Bosh sahifa
- Maqolalar
- “Masnaviy”dan ibratli hikoyatlar
“Masnaviy”dan ibratli hikoyatlar
Nahv ilmimi yoki mahv ilmi? Inson
ta’rifi, dunyo hashamati, do‘st tanlash haqida hikoyat
Jaloliddin RUMIY
Teri qo‘ldan ketar
Ko‘chada shoshib ketayotgan bir odamdan so‘rashdi:
— Nega buncha shoshyapsan? Ranging ham o‘chgan, nima
bo‘ldi.
Odam aytdi:
— Eshitmadingmi hali? Shahar sultonining ko‘ngli uchun
bozordagi eshaklarni so‘yib, terisini shilib, ichiga somon to‘ldiryaptilar.
— Xo‘sh, xo‘sh? Lekin sen odamsan-ku?
— To‘g‘ri, ammo sultonning odamlari bu ishga shunday
sho‘ng‘iganlarki, ularga kimligimni anglatgunimga qadar, terim qo‘ldan ketishi
mumkin.
Tovusning go‘zalligi o‘ziga dushman
Bir odam tovusning tumshug‘i bilan qanotlaridagi
go‘zal, yaltiroq patlarni yulayotganini ko‘rib qoldi. Chidolmay so‘radi:
— Ey go‘zal qush... Gunoh emasmi, shunday chiroyli,
rang-barang patlaringni yulib tashlayapsan. Holbuki, sening go‘zalliging shu
patlaringdir. Hamma shu patlaringdan yelpig‘ich qilish, ularni kitob sahifalari
orasiga qo‘yishni o‘ylaydi, sen esa nima qilyapsan?
Tovus javob berdi:
— To‘g‘ri, lekin bu patlar mening jonimdan aziz emas.
Chunki bu patlar tufayli meni ovlashadi, jonimga qasd qilishadi. Jon omon
qolishi uchun xunuk bo‘lishim kerak.
Har kimning ta’rifi o‘ziga yarasha
Hindlar filni qorong‘u bir og‘ilga qamadilar. Umrida
fil ko‘rmagan xalq o‘sha yerga to‘plandi. Filni ko‘rmoqchi edi ular. Lekin
og‘il shu qadar qorong‘u ediki, ko‘z bilan ko‘rishning aslo imkoni yo‘q edi.
Ichkariga kirganlar filni qo‘llari bilan paypaslab ko‘rar, uni har kim o‘zicha
ta’rif etar edi. Bittasi filning xartumini ushlab: “Fil bir quvur ekan”, derdi.
Yana boshqasi filning qulog‘idan tutib: “Fil yelpig‘ichga o‘xshar ekan”, deya
tushuntirdi. Boshqasi filning oyog‘ini tutib filni faqat oyoqdan iborat deb
bilar va: “Fil bahaybat bir ustunga o‘xshar ekan”, deya oshirib toshirib
tushuntirardi.
Yana bir odam filning sirtini silab ko‘rdi va: “Fil
taxtga o‘xshar ekan”, deb uni ta’rifladi. Kimki filning qayerini silagan
bo‘lsa, hayvonni shunga ko‘ra ta’riflar, lekin hech birining ta’rifi
boshqasinikiga o‘xshamasdi. Birovi “dol” derdi, boshqasi “alif”. Agar
qo‘llarida sham, oldilarida biror yo‘lboshlovchi bo‘lganida, qorong‘u bo‘lsa
ham filni aniq ko‘rishar, qanday hayvon ekanini osongina bilib olgan bo‘lardi.
Tuyg‘u ko‘zi ba’zan hovuchga, ba’zan ko‘pikka o‘xshaydi. Hovuchga butun bir
filni sig‘dirib bo‘lmaydiku!
Tilshunos va qayiqchi
Bir kun mag‘rur tilshunos sohilda turgan qayiqqa minib
narigi qirg‘oqqa o‘tmoqchi bo‘ldi. Sohilda yo‘lovchi kutib turgan qayiqchilardan
biriga yuzlandi. Qayiq yaqinlashdi.
Olim qayiqqa o‘tirdi. Dengizni tomosha qilib
ketayotgan olim qayiqchidan so‘radi:
– Sen hech nahv (grammatika) o‘qiganmisan?
– Yo‘q men johil bir qayiqchiman.
Olim:
– E voh, juda xafa bo‘ldim. Demak yarim umring behuda
o‘tibdi, deya achinib qayiqchiga qaradi. Shu vaqt dovul turdi. Keyin dengizning
o‘rtasida chayqala boshladi, qayiqchi butun kuchi bilan xavfdan qutulish uchun
harakat qildi. Bo‘ron borgan sayin kuchayar, qayiq esa cho‘kish arafasida edi.
Shu vaqt qo‘rquvdan dir-dir titrayotgan olimdan qayiqchi so‘radi:
– Ey, har narsani bilgan olim do‘stim. Suzishni
bilasanmi? Yo‘q javobini olgan qayiqchi:
– Voh, voh, sen umringni behuda sarflabsan. Hozir
butun umring ketdi. Chunki birozdan keyin qayig‘im cho‘kadi. Yaxshi bilginki,
bu yerda hozir nahv (grammatika) emas, mahv ilmi lozim. Agar mahv ilmini
bilsang, qo‘rqmasdan dengizga sakra dedi.
Ko‘ngil oynasi
Sulton saroyida xitoy rassomlari:
— Biz turk rassomlaridan ancha ilg‘or va mohirmiz, deb
iddao qildilar. Bunga javoban turk rassomlari:
— Yo‘q, biz ulardan ustunroqmiz. Bizning san’atimiz
yuksak, deb bu da’voga qarshi chiqdilar. Bu bahsdan xabar topgan sulton
rassomlarni imtihon qilishga qaror berdi. Har ikki mamlakat rassomlari
tayyorlansin, bir-biriga qaragan ikki xonaga chiqarilsinlar! Xitoy rassomlari
o‘zlariga berilgan xona devorlarini turli rangli rasmlar bilan bezadilar. Turk
rassomlari esa xona qarshisidagi o‘z xonalarining devorlarini faqat jilolab,
oyna kabi yaltiratdilar. Shunda xitoy rassomlarining chizgan rasmlari turk
rassomlari xonalarining devorlarida yanada yaltiroq bir ko‘rinish bilan aks
etdi. Sulton oldin xitoylik rassomlar xonasiga kirdi, ularning ishlari yoqdi.
Oxirida turk rassomlarining xonasiga kirgan payt, xuddi ulug‘ shamlarni ancha
yorqin, ancha go‘zal ko‘rib, turk rassomlarini taqirladi.
Shu zaylda, turk rassomlari rasm chizmasdan, faqat
xitoy rassomlarining asarlarini ming bir hunar bilan jilolantirganlari va devorda
aks ettirganlari uchun juda mohir deb tan olindilar.
Zolimning xayri...
Podshoh juma kuni masjidga ketayotgan edi. Soqchilar
ko‘chada to‘plangan xalqqa bir tarafdan yo‘l bo‘shating deb baqirar, bir
tarafdan tepib, tayoq bilan urib, yo‘l ochayotgan edi. Ojiz bir kambag‘al
soqchilardan o‘n darra yedi. Boshi, ko‘zi qontalash bo‘ldi. Zulmga chiday
olmadi. Qo‘llarini ochib podshohning orqasidan shunday baqirdi:
— Qilgan oshkora zulmingni qara Alloh saqlasin.
Masjidga boryapsan, go‘yo yaxshi ish qilyapman deb o‘ylaysan. Yaxshi ishing shu
bo‘lsa, yomonliging qanday, kim bilsin?
Dunyo hashamatli bir sallaga o‘xshar
So‘filardan biri xalqning o‘ziga e’tibor bermog‘i
uchun boshidagi sallani ulkan qilib o‘radi; ichini bo‘z bo‘laklari bilan
to‘ldirdi. Tabiiyki, bu haybatli sallani ko‘rganlar, ichida ancha gazlama
bo‘lsa kerak, deb o‘ylardilar.
So‘fi bir kun madrasaga ketayotganda o‘g‘ri sallani
olib qochdi. So‘fi ortidan baqirdi:
– Sallani och, sallani och. Ichidagini ko‘rginda keyin
olib ket.
O‘g‘ri qocharkan, qo‘ltig‘idagi sallani yecha
boshladi. Qarasa, sallaning ichi bo‘z va teri parchalari, paxta bo‘laklari
bilan to‘la. Oxiri, qo‘lida faqat bir quloch bo‘z qoldi, xolos.
Qo‘lidagini yerga urdi:
– Oh pastkash odam. Men bu haybatli sallada bir
narsalar bor, deb o‘ylagandim. Sening hiylang meni rasvo qildi, deya hayqirdi.
Bu so‘zlarni eshitgan so‘fi:
– O‘g‘lim, dunyo mana shunaqadir. Mening sallam kabi
yaxshi ko‘rinadi, ammo so‘ngida vafosizligini ko‘rsatadi, besh pulga arzimaydi,
eski tuski bo‘laklarga aylanadi, dedi.
Xushbo‘y hidlardan hushidan ketgan
odam
Bir odam katta shaharga keldi. Bozordagi atir upalar
sotadigan attorlik do‘konlari tomonga burildi. Do‘konlardan gul, binafsha, atir
hidlari ufurib turardi. Bir ikki qadam yurgach, bu xushbo‘y hidlardan uning
boshi aylandi. Oxiri hushidan ketdi. Olomon uning ustida to‘plandi. Biri
yuragini, biri bilagini uqalar, kimdir yuziga gul suvi separdi. Qancha harakat
qilishmasin, bemor hushiga kelmadi. Atirlar, gul suvlarini boshidan quyishar,
ammo odam hech o‘ziga kelmasdi. Chorasiz qoldilar. Atrofdagilarga jar solib,
qarindoshlarini qidira boshladilar. Ammo hech kim ega chiqmadi, ancha vaqt
o‘tsa ham u o‘ziga kelmasdi.
Oqshomga yaqin bu yerdan o‘tib ketayotgan bir teri
oshlovchi hushidan ketgan odamni tanidi. Olomonga qarab shunday dedi:
“To‘xtang, unga gul suvini sepmang. Men uning nega xasta ekanini bilaman. Siz
unga tegmay turing, men hozir kelaman” deya uzoqlashdi. Bir vayronaga kirib bir
hovuch it tezagini olib qaytib keldi va tezlik bilan tezakni hushidan ketgan
odamning burniga tutdi. Hayrat haligi kishi o‘ziga kela boshladi. Birozdan
so‘ng oyoqqa ham turdi. Teri oshlovchi bilan birgalashib ketishdi. Hushidan
ketgan odam ham teri oshlovchi edi. Yillar mobaynida terilar orasida yomon
hidlarga o‘rganib qolgan bu odam attorlik do‘konlaridan taralib turgan hushbo‘y
hidlarga dosh berolmay hushidan ketgan edi.
Teng tengi bilan
Yam yashil adirda shildirab irmoq oqardi. Bir kun
irmoq chetidagi toshlar orasida sichqon bilan qurbaqa uchrashib do‘stlashib
qoldi. Bu do‘stlik kun sayin kuchaydi. Shu darajaga yetdiki, oqshom cho‘kib,
kun botgach sichqon qoyaning kovagiga, qurbaqa esa suv tubiga tushar, tong
otishini intiq bo‘lib kutishardi. Sichqon o‘ylay-o‘ylay, nihoyat bir chora
topdi. Qurbaqaga: “sevikli qurbaqa, qadrli do‘stim, seni sog‘inib, tunlarim
uyqusiz kechmoqda. Har holda sen ham meni o‘ylab beoromdirsan. Men chora
topdim. Mana bu ipni olib, bir uchini dumimga bog‘layman. Kech kirdi deguncha sen
suvga sho‘ng‘iysan, men ham uyamga kirib ketaman. Agar tunlari ko‘rishishni
istasak, ipni tortamiz va ko‘rishamiz”, dedi.
Qurbaqa bu taklifga oldin biroz e’tiroz bildirdi,
keyin rozi bo‘ddi. Ular bir ipga bog‘landilar. Oradan bir necha kun o‘tdi. Bir
kun qarg‘a sichqonni ko‘rdi va qoyaning kovagiga kirib bekinib oldi. Kech
kirgach, qarg‘a sichqonni changallab osmonga ko‘tarildi. Tabiiyki, qurbaqa ham
birga edi. Sichqon dumiga bog‘langancha havoga sollanib shunday deb baqirardi:
“Hayhot! Har kim o‘z tengi bilan do‘st bo‘lsin!”
“Masnaviy”dan ibratli hikoyatlar kitobidan olindi.
oyina.uz