"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MILLATNING BUYUK TARIXI

“Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”

 Abdulla Avloniy

Ma’lumki, o‘zlikni anglash, ma’naviy yuksalish, milliy ong va tafakkurning ifodasi, shuningdek, ajdodlar va avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Haqiqatdan, hayotni kuzatsangiz, ko‘p o‘qigan, hayotni ko‘p kuzatgan, teran ma’naviyatli, odobli, ilmli, madaniyatli inson bilan suhbatlashganimizda ularning ovoz ohangidagi samimiylik, inson dilini yorituvchi yoqimli so‘z sehri o‘ziga maftun qilib qo‘yadi. Bunday insonlar teran, sokin daryoga o‘xshaydi. Ular shovqin-suronsiz oqadi.

Bir insonning ikkinchi bir insonga intilishi, uni dil qumsab, sog‘inishi zamirida muomala madaniyati yotadi. Jamiyatning rivojlanganligi, uning madaniyatlilik darajasi, ravnaqi ko‘p jihatdan unda yashaydigan kishilarning muomala madaniyati bilan belgilanadi. Aqli teran, fikri ummon, haqiqiy ma’naviyatli inson muomala jarayonida o‘z fikrini tafakkur doshqozonida qaynatib, so‘ng so‘z dasturxoniga uzatadi. Insonning so‘z sehrining boyligidan uning qanchalik fahm-farosatga ega ekanligini bilib olamiz. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining, betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir.

Har qanday tarixiy haqiqat til vositasida, esda qoladigan yorqin so‘zlar, obrazlar yordamida avloddan-avlodga yetkazib berilmasa unut bo‘lib ketadi. Dunyo tarixiga nazar tashlasak, qaysi mamlakatda milliy til davlat tiliga aylangan bo‘lsa va shu tilda haqqoniy tarixiy asarlar yaratilsa, o‘sha joyda taraqqiyot tezlashib borganini ko‘ramiz. Jumladan, o‘tgan asrlarda Angliya taraqqiyotini tezlashtirgan eng muhim omillar orasida ingliz adabiy tilining davlat tiliga aylangani va bu tilda Shekspir, Valter Skott kabi yozuvchilar yorqin tarixiy asarlar yozib, o‘z xalqini dunyoga tanitgan. Bundan tashqari Balzakning vatani Fransiya, Gyotening vatani Germaniya, Lev Tolstoyning vatani Rossiya haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin.

Shu nuqtada zo‘r bir tarixiy qonuniyat ko‘zga tashlanadi. Ajdodlar yaratgan ma’naviy boyliklar va erishgan yutuqlar keyingi avlodlarga to‘liq yetib borishi uchun va ular o‘zlaridan oldin egallangan marralarni qo‘ldan bermay, taraqqiyotni tadrijiy ravishda davom ettirishlari uchun tarix, til va adabiyot birgalikda oldingi davrlar tajribasini keyingi davr kishilariga to‘liq yetkazib berishi kerak.

Shu ma’noda bundan salkam ming yil muqaddam yaratilgan “Devonu lug‘otit turk” va “Qutadg‘u bilig”lar tarix bilan qurollantirishga qaratilgan nodir asarlardir. Turkiy tilli xalqlar ming yil burun ham tarixni haqqoniy ko‘rsatib beradigan, bilim va tafakkurning barcha nozik qirralarini ifodalashga qodir bo‘lgan adabiy til yaratganliklarini ushbu asarlar ko‘rsatib turibdi.

Afsuski, undan keyingi asrlarda o‘zaro urushlar va istilolar turkiyzabon xalqlarning taraqqiyotida uzilishlar, inqirozlar yuz berishiga sabab bo‘ldi. Ammo Temuriylar davrida Alisher Navoiy va Mirzo Bobur ijodlarida tarix, til va adabiyot qudratli uchlikka aylanib, yangi yuksakliklarga ko‘tarildi.

O‘zbekiston hududi Turkiston, Turon deb ham atalgan. Mamlakatlarning nomlarida asrlar davomida turli o‘zgarishlar yuz berishi jahon tajribasida ko‘p uchraydi. Qadimgi Rim saltanati o‘rnida Italiya, Gresiya, Fransiya mamlakatlari paydo bo‘lgan. Arab xalifaligi o‘rnida Marokash va Jazoirdan tortib, Yaman, Kuvaytgacha o‘nlab mamlakatlar yangi nomlar bilan dunyo xaritasidan o‘rin olganligi hammamizga ma’lum.

Biz ham jahon tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistoning tarixiy ildizlarini mamlakatimiz hududida paydo bo‘lgan eng qadimiy davlatlar tarixidan izlab topishimiz mumkin. Bundan uch ming yillar burun qadimgi Xorazmda barpo bo‘lgan davlatchiligimiz bizga muqaddas kitob “Avesto”ni, Navro‘z taqvimini va Navro‘z an’nalarini meros qoldirgan edi.

Ma’lumki, tilning eng asosiy manbai so‘zdir. Yahyo ibn Muoz aytganidik: “Qalblar-qozonga o‘xshaydi, solingan narsani pishiradi. Bu qozonning cho‘michi tildir. Biror kishining qalbini bilmoqchi bo‘lsangiz so‘ziga qarang, til sizga ichidagi narsadan suzib beradi!” Biroq so‘zlar odamlar, ya’ni shu til egalari va uni bilganlar ongidagina mavjud bo‘ladi. Agar ular yozib olinmasa, bir joyga jamlanmasa, ma’nolari izohlanmasa, ularning muayyan qismi davr o‘tishi bilan unutilib, yo‘qolib ketishi hech gap emas. Shuning uchun ham allomalarimiz qadim qadimdan lug‘at tuzib, so‘zlarni, ular anglatgan ma’nolarni kitobga muhrlab qo‘yishgan. Demak, muayyan tilning mavqeini lug‘atlar ham ifoda etadi.

Lug‘atlar xalq ma’naviyati va milliy madaniyatida bebaho ahamiyat kasb etishi isbot talab qilmaydi. Ularda jamiyatning ma’lum davrda erishgan bilimlari o‘z aksini topadi. Qanday davrda bo‘lishidan qat’i nazar, lug‘atlar muayyan ijtimoiy vazifalarni bajaradi, shuningdek, hamisha zamonga hamnafas bo‘lib, mukammallashib boradi.

Ona tiliga munosabat muqarrar ravishda milliy g‘ururga, milliy mentalitetga ta’sir ko‘rsatadi. Agar ona tiliga e’tibor susaysa, milliy nigilizm kuchayadi, madaniy meros unutila boshlaydi, milliy nomukammallik tuyg‘usi paydo bo‘ladi. O‘tgan asrning 80-yillariga kelib, O‘zbekistonda bunday salbiy holatlar yaqqol ko‘zga tashlanib qolgan edi.

Mustaqillik arafasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasida qanday qizg‘in, ba’zida keskin va murosasiz bahs va tortishuvlar bo‘lib o‘tgani beixtiyor yodimizga tushadi. O‘shanda ayrim siyosiy guruhlar O‘zbekiston sharoitiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan, bir-biriga butunlay zid va qarama-qarshi fikrlarni olg‘a surgan, shuning hisobidan o‘ziga obro‘ topish, odamlarni ortidan ergashtirishga uringan edi. Nega deganda, til bilan bog‘liq muammolar orqali milliy tuyg‘ularni ro‘kach qilib, ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish mumkin.

Bugungi kunda respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlarida turli millatga mansub talabalar tahsil oladi va ta’lim bir nechta tillarda olib boriladi. Bular sirasiga o‘zbek va qoraqalpoq tillaridan tashqari rus, qozoq, turkman, tojik va qirg‘iz tillarini kiritish mumkin. Yana bir diqqatga molik jihat – respublikamizdagi ommaviy axborot nashrlari ham turfa tillarda chop etiladi, qardosh xalqlar tilida radio va teleko‘rsatuvlar tayyorlanib efirga berilayotgani yurtimizda millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, o‘zbek tili – bu o‘zbek xalqining tarixi. O‘zbek tili – bu o‘zbek xalqining taraqqiyot va madaniyati bosib o‘tgan yo‘l. Shu boisdan ham o‘zbek tilini o‘rganish va avaylash shunchaki bekorchilikda qilinadigan ish emas, balki u muhim zarurat taqozosidir. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi.

Har bir tilning qudrati va afzaliyatlari shu tilni yaratgan xalqning o‘zi bilan birga yashasagina rivojlanib, o‘sib boradi. O‘z xalqidan va sarzaminidan uzilib qolgan til tabiiy kuchini, boyligi va go‘zalligini yo‘qota boshlaydi. Demak, el borki, til bor. Eldan uzilmagan odam tildan ham ayrilmaydi. Ushbu xulosalarimiz Alisher Navoiyning “Tilga ixtiyorsizlik elga e’tiborsizlikdan kelib chiqadi”, degan fikrini yana bir bor tasdiq etadi.

Shuhrat HOTAMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya

Harbiy-texnik instituti dotsenti

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2020-yil 23-oktabr, 182-son.

06.12.2021 752