"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tilini bemehnat sevib bo‘lmaydi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan ona tilimizning istiqboldagi taraqqiyotiga oid ko‘plab masalalar o‘z yechimini topmoqda.

Shu ezgu g‘oyaga muvofiq amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Zero, til har bir millatning eng qadrli boyligi, uning maʼnaviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vositadir.

Buyuk bobokalonimiz Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarining “Hifzi lison” bobida: “Bobolarimizga yetushg‘on va yaragan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. O‘z uyimizni qidirsak va axtarsak yo‘qolganlarini ham toparmiz. “Yoqolsa yoqolsun, o‘zi boshimga tor edi”, - deb Yovrupo qalpog‘ini kiyub, kulgi bo‘lmak zo‘r ayb va uyatdur”, - deydilar. Ona tiliga bo‘lgan mehrini yashirolmagan bobomiz to‘lqinlanib yana davom etadi:

Ey ona til, aziz qadrdonim,

Iltifoti ruhim, Rahmonim.

Tug‘dig‘im kundan aylading ulfat,

O‘lguncha ayilma, ey jonim.

Menga ilm-u adab san o‘rgatding,

Chin aadib, muallim, shonim,

Millatning ruhini ko‘targuchisan,

 Ey muqaddas karamli sultonim.

Ona tilimizni asrab-avaylash, uni har tomonlama rivojlantirish, til siyosatining eng quyi bo‘g‘inlargacha yetib borishini taʼminlash maqsadida vazirlik, idora hamda xo‘jalik birlashmalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosariga tenglashtirilgan maslahatchi lavozimi joriy etildi.

Otashqalb shoirimiz Usmon Nosir aytadi:

Simirdim, yashnayman tilsin dilimni,

Bemehnat sevmayman tirik tilimni.

Darhaqiqat, ona tilimizni bemehnat sevib bo‘lmaydi. Chunki u shoir aytganidek, tirik! Unga doimiy ravishda g‘amxo‘rlik qilish, uni qayta-qayta sayqallab borish zarur. Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil       20-yanvardagi 34-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini samarali taʼminlash maqsadida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi       7 ta korxonada: “Navoiyzot” AJ, “Farg‘onaazot” AJ, “Maksam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ va “Qizilqum fosforit kompleksi” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha boshqaruv raisi maslahatchisi lavozimi joriy etildi va ushbu lavozimga tanlov asosida saralangan xodimlar tayinlandi. 

Ushbu boshqaruv raisi maslahatchilari korxonalarda davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan tadbirlar rejasiga ko‘ra faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, tarmoq tashkilotlari maslahatchilari korxonalari rahbarlarining, ko‘p ming sonli ishchi-xodimlarning davlat tili bo‘yicha malakasini oshirish, ish yurituvidagi barcha hujjatlarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishni taʼminlash ishlarida jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda yana uchta tarmoq korxona: “Qo‘ng‘irot soda zavodi” masʼuliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi, “O‘zkimyoimpeks” masʼuliyati cheklangan jamiyati, “O‘zkimyosanoatloyiha” aksiyadorlik jamiyatida nomzodlarni tanlov asosida saralash ishlari olib borilmoqda. Ushbu korxonalarning rasmiy web-saytlariga nomzodlar zarurligi to‘g‘risida eʼlonlar joylashtirilgan. Ushbu lavozimlarni ochishdan maqsad belgilangan vazifalarning ijrosini quyi bo‘g‘inlarda ham samarali taʼminlashdan iborat. Ko‘zlagan asosiy maqsadimiz: korxonalarda turli millat vakillari ahil-inoq, bir oila kabi mehnat qilishini hisobga olib, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini to‘liq taʼminlashdir.

Shuningdek, markaziy apparatda hamda tarmoq korxonalarida barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularni davlat tiliga tarjima qilish ishlari amalga oshirildi. “O‘zkimyosanoat” AJ ijro apparatida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida rasmiylashtirilgan xat-hujjatlar tahlil qilindi. Vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuborilgan chiqish xatlari, tarmoq korxonalariga yuborilgan xabarnoma va topshiriq xatlari, asosiy faoliyatga oid, ichki xizmat safariga, xorijiy davlatlarga xizmat safariga doir buyruqlar davlat tilida rasmiylashtirildi.

Shu bilan birgalikda, xizmat xatlari, o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomalari, boshqaruv raisining farmoyishlari davlat tilida yozilishi taʼminlandi. O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 11-sentyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga davlat tilida javob xati yuborildi.

Davlat tilida ish yuritish sifatini oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida “O‘zkimyosanoat” AJ markaziy apparatida va tarmoq korxonalarida 2022-yil uchun tasdiqlangan rejaga asosan malaka oshirish ishlari davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida eʼlon qilingan loyihalar tanlovining 44 turida filologiya, pedagogika va psixologiya fanlari yo‘nalishi bo‘yicha “Kimyo atamalarining izohli lug‘atini yaratish” mavzusida bajarilishi bir yilga mo‘ljallangan amaliy loyihalar tanlovi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining tilshunos olimlari, “O‘zkimyosanoat” AJ xodimlari va kimyo sohasi mutaxassislardan iborat ilmiy jamoa tomonidan amaliy loyiha tayyorlandi. Mazkur loyiha natijalari kimyo sanoatiga oid atamalarni davlat tilida yagona shaklda qo‘llash, soha uchun qo‘llanmalar, texnik reglament, kasb standartlari, yo‘riqnoma va boshqa ilmiy-texnik hujjatlarni davlat tilida sifatli ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, har bir tashkilot va idora, har bir tizimda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga hurmat bilan qaralsa, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va obro‘si kundan kunga yuksalib boraveradi. Bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratimiz hamda bilimimizni sarflashga tayyormiz.

 

 

Sanobar Abduraxmanova,

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati

boshqaruvi raisi maslahatchisi

 

28.06.2022 518