"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • MA’NAVIY-MA’RIFIY ISHLARDA MAS’ULIYATSIZLIKKA YO‘L QO‘YIB BO‘LMAYDI

MA’NAVIY-MA’RIFIY ISHLARDA MAS’ULIYATSIZLIKKA YO‘L QO‘YIB BO‘LMAYDI


Prezident qarorlari hayotda va nazoratda.

“Biz o‘z oldimizga jamiyatimizning yangi qiyofasini yaratish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida qo‘ydik”. Prezidentimizning mana shu aniq maqsadli, xalqimizning farovon hayoti yo‘lida ezgu harakatlar bilan yo‘g‘rilgan gaplarini eslaganda, har bir davlat xizmatchisi o‘z xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondashishi shartligi anglashiladi.

Shu asnoda, har bir maqsadni amalga oshirishda strategik yondashuv ahamiyatini tushungimiz keladi. Bu, albatta, aniq maqsad va uzoqni ko‘ra bilib ish ko‘rish mahoratidir. Keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida nimaki yutuqqa erishgan, xalqimiz turmushi farovonligini taʼminlagan bo‘lsak, ularning har biri zamirida davlat rahbarining nuktadonlik bilan amalga oshirayotgan xalqchil siyosati turibdi. Va, albatta, qonunlarga itoat, belgilangan maqsadlarni o‘z vaqtida, bekamu ko‘st bajarish, o‘z xizmat vazifasiga sidqidildan, fidoyilik bilan yondashuv prinsipi bor.

Gap shu haqda ketganida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va mislsiz o‘zgarishlarning xalqimiz hayotida aks etayotganini ko‘rib, dilimizda mamnunlik tuyamiz. Bir davrlar qulamas devor bo‘lib ko‘ringan muammolar o‘z yechimini topib, yangidan yangi orzu-umidlar, maqsadlarning qad rostlashi uchun poydevor yaratildi.

Mavjud jabhalarning barchasi avvalo xalqimizga xizmat qiladigan butunlay yangi bosqichga olib chiqildi. “Xalq davlat uchun emas, davlat xalq uchun xizmat qilishi zarur”, degan adolat tamoyiliga asos solindi.

Odamlar hayoti tubdan o‘zgardi, farovonlik darajasi oshdi, shaharlar, qishloqlar qiyofalari o‘zgacha fusun kasb etdi. Xalq va davlat orasida muloqot yo‘lga qo‘yildi, mehrga asoslangan o‘zaro ishonch ko‘priklari mustahkamlandi. Davlat idoralari, davlat xizmatchilarining aholi oldida masʼuliyati ortdi.

Eʼtirof etish joizki, bu yutuq va yuksak marralarning har biri, avvalo, burchga sadoqat, ijro intizomiga prinsipial yondashuvlar asosida bo‘y ko‘rsatdi.

Bu ulug‘vor jarayonda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ham ulkan qadamlar tashlandi. Jamiyatda qarashlar o‘zgardi: erkin fikr, erkin so‘z, erkin axborot makoni yuzaga keldi.

Darhaqiqat, yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etish, yangi maʼnaviy makon yaratishda “Yangi O‘zbekiston orzusi”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratish” maqsadi barchamizga yangicha ruh bag‘ishlamoqda.

Ammo maʼnaviy-maʼrifiy ishlar – maʼlum bir davrda mashg‘ul bo‘lib, keyin o‘z holiga tashlab qo‘yiladigan soha emas. Yurt taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish borasida ulkan maqsad va vazifalar belgilanar ekan, albatta, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarni yuksaltirish birinchi galdagi vazifaga aylanadi.

Davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat”.

Mustahkam poydevor ustida mustahkam imorat barpo bo‘ladi. Shunday ekan, ajdodlarimizdan bizga qoldirilgan boy maʼnaviy meros xalqimiz tafakkuri va maʼnaviyati ildizlarini oziqlantirib turadi, unga ruhiy madad va yaratuvchi kuch baxsh etadi.  

Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida mazkur yo‘nalishda oldimizda turgan muhim vazifalar belgilab berilgan.

Xususan, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tarbiya uzviyligini taʼminlash maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.

Shuningdek, targ‘ibot-tashviqot va tarbiya yo‘nalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha bo‘yicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga masʼuliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ham yuqoridagi vazifalar sirasiga kiradi.

Axborot texnologiyalarining bemisl taraqqiyoti inson hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Butun olamni ravshan ko‘rsatib turgan “oynai jahon” hayot va faoliyatimizning muhim bo‘lagiga aylandi. Undan oqib kelayotgan axborotlar taʼsirida umrguzaronlik qilmoqdamiz.

Shu bois, mazkur qarorda aholining Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish borasidagi vazifalarga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va sanʼatning barcha turlari, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida maʼnaviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish bilan chetdan raxna solayotgan yot, buzg‘unchi g‘oyalar taʼsiridan saqlanamiz.

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar jarayonida geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam o‘rganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish hamda bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish ham hamisha dolzarb bo‘lib qoladi.

Mazkur ulkan vazifalarni amalga oshirish uchun har bir masalaga vatanparvarlik bilan, vijdon amri ila yondashishi, samarali qatʼiy ijroni taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, intizomning o‘zi ham maʼnaviyatdir. Xo‘sh, o‘tgan davr mobaynida belgilab berilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha nimalarga erishdik?  

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirib borish maqsadida barcha vazirlik va idoralarda Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari tuzildi. Shuningdek, 102 ta vazirlik, idoralar, ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bo‘limlari, tuman va shahar bo‘linmalari, jami 5 mingdan ziyod korxona va tashkilotlar bilan ikki tomonlama “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi. Ana shu asosda mamlakatda ilk bor maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bugun texnik taraqqiyot imkoniyatlari ishning natijadorligini ham ro‘y-rost aniqlab beradi. Shu bois, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini baholash indikatorini ishlab chiqdi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi majlisi bayoni bilan “Eng namunali tuman”, “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovlari nizomlari tasdiqlandi. Shu asosda 2021-yilning iyun-avgust oylarida tanlov ishtirokchilarining maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishdagi faoliyati o‘rganilib, g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Tanlov g‘oliblari “Damas” avtomobili hamda kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi.

Prezidentimizning yuqoridagi qarori asosida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida Maʼnaviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi, Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Sohada ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish maqsadida 2022-yildan Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti huzurida ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash ish boshladi.

Markazning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida kiritilgan jami 303 ta (shundan hududiy bo‘limlarga 28 ta, tuman/shahar bo‘linmalariga 275 ta) qo‘shimcha shtat birligi tegishli mutaxassislar bilan to‘ldirildi.  

Qurilish vazirligi tomonidan “Maʼnaviyat va maʼrifat maskani”ning namunaviy loyihasi ishlab chiqildi. 2021-yilda 29 ta tuman/shaharda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari qurildi. 2022-yil yakuniga qadar yana  100 ta Maʼnaviyat va maʼrifat maskani foydalanishga topshiriladi. 

Maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, oliy va professional taʼlim sohasidagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, bu borada boshqa tashkilot va idoralar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha  tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab oliy taʼlim tizimining tegishli taʼlim yo‘nalishlari o‘quv rejalariga bakalavriat bosqichida “Maʼnaviyatshunoslik”, magistratura bosqichida “Kasbiy maʼnaviyat” fanlari kiritildi hamda magistratura taʼlim bosqichida “PR-menejment va PR-tahlil” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.   

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xalq taʼlimi vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda 2021-yilning 22-23-noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kesimida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar uchun seminar-trening tashkil qildi. Unda targ‘ibotchilar faoliyatidagi muammolar tahlil qilinib, uslubiy qo‘llanma, yillik ish reja, o‘quv materiallari namunalari yaratildi.

Markaz tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Prezident taʼlim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda har oyda bir marotaba bu taʼlim muassasalari o‘quvchilari va taniqli yozuvchi-shoirlar, fan va madaniyat arboblari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek, ijod maktablarida elga tanilgan aktyorlar, adiblar, rejissyorlar kabi sanʼat vakillarini jalb qilib mahorat darslarini o‘tkazish hamda “Ustoz-shogird” anʼanalari asosida taʼlim tarbiya sifatini oshirish,

“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiya tanlovlarini tashkil etishda yoshlar orasida hurmatga sazovor bo‘lgan yozuvchilar va shoirlarni keng jalb etish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish bo‘yicha Davlat ramzlari qabul qilingan sanalarni respublikamizning barcha hududlari, shuningdek, xorijdagi elchixonalarimiz, vatandoshlarimiz, keng aholi vakillari, davlat va jamoat faollari, yoshlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirokida katta bayram sifatida o‘tkazish anʼanaga aylandi.

Harbiy vatanparvarlik tarbiyasi borasidagi ishlar samarasi va taʼsirchanligini oshirish bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Yoshlar ishlari agentligi kabi tashkilotlar bilan hamkorlik dasturlari ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

“Temurbeklar maktablari” bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va uning hududiy bo‘limlari o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatildi. “Temurbeklar maktablarida Sohibqiron Amir Temurning mardona ruhi, jasorati, sarkardalik mahorati, Vatanga bo‘lgan buyuk sadoqati, yuksak maʼnaviy fazilatlarini yoshlar ongi va qalbiga singdirishga qaratilgan turkum tadbirlarni tashkil etish” bo‘yicha Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklar, Milliy gvardiya o‘rtasida Qo‘shma dastur tasdiqlandi.

Joriy yilning 7-8-iyun kunlari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Milliy gvardiyaning Qo‘shma qaroriga asosida “Temurbeklar maktabi” va “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseylari o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonga qanot bo‘lamiz!” shiori ostida “Eng namunali taʼlim muassasasi”, “Eng namunali o‘qituvchi”, “Eng namunali o‘quvchi” tanlovlarining respublika bosqichi o‘tkazilib, g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Markaz va uning hududiy bo‘limlari tomonidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, nodavlat telekanallarda 180 dan ziyod ko‘rsatuv va intervyular efirga uzatildi. Markazda 15 ta shtat birligidan iborat Raqamli targ‘ibot bo‘limi tashkil etilib, “Oyina.uz” elektron portali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2022-yilda jadid maʼrifatparvarlarining 5 ta kitobi va uning audio nusxalari tayyorlanib, “Oyina.uz” elektron portaliga joylashtirildi.

Respublikaning barcha hududlarida anʼanaviy tarzda “Maʼnaviyat festivali” o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Unda 18 ta ijtimoiy loyihalar va targ‘ibot aksiyalari o‘tkazilmoqda.  

2021-yil 1-apreldan boshlab oliy taʼlim muassasalarida Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor lavozimi joriy etildi.

Iqtidorli yoshlar bilan birga ularning ota-onalariga ham munosib hurmat ko‘rsatish maqsadida “Mening farzandim O‘zbekiston faxri!” shiori ostida respublika anjumani o‘tkazish yo‘lga qo‘yilib, o‘tgan yilda 70 nafar iqtidorli yigit-qiz va ularning ota-onalari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

“Vatan taraqqiyotiga mening hissam” loyihasi doirasida tashkil etilgan tanlovlarga jami 10 mingdan ziyod ijodiy ish taqdim etildi. Mazkur ishlar hakamlar hayʼati tomonidan o‘rganib chiqilib, jami 126 iqtidorli yigit-qizning ijodiy ishlari saralanib, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ilmiy, ijodiy, sanʼat va adabiyot, axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan ushbu tanlov doirasida 200 dan ziyod badiiy va publitsistik ijod namunalari, ilmiy maqolalar, zamonaviy media targ‘ibot loyihalari yaratildi.

2022-yil iyun oyidan boshlab, hududlar kesimida “Maʼnaviyat karvoni” madaniy-maʼrifiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan mazkur tadbirlarda jami 1500 dan ziyod mamlakatimizdagi yetakchi olimlar, maʼrifat targ‘ibotchilari, adabiyot, sanʼat sohasi vakillari jalb qilindi. Ular ishtirokida barcha mahallalarda madaniy-maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari, badiiy kechalar o‘tkazildi.

Bu aholiga, oddiy qishloq odamlariga nima berdi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Avvalo, islohotlarni, xalqchil olib borilayotgan katta siyosatni odamlarga yaqinlashtirdi. Olis, chekka hududlarda yashayotgan odamlar ham Prezident eʼtiborida ekani, unga davlatning o‘zi g‘amxo‘rlik qilayotganini yana bir bor his etdi. Shuningdek, maʼnaviy yuksalish epkinida, jamiyatdagi o‘zgarishlarga daxldorlik hissi kuchaydi. Sanʼat, adabiyot namoyandalarining chiqishlari ularga yangicha ruh va bunyodkorlik, shukronalik kayfiyati baxsh etdi Albatta, bu boradagi tadbirlar tizimli davom etadi.

2021-yilning 19-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimiz “Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Albatta, bu yuksak g‘oyalar osmondan tushmagan. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”, degan edi.

Bu nihoyatda sermazmun va hayotiy qudratga ega mushohada zamirida ham buyuk kelajakka asosni ko‘rish mumkin. Zero, xalqimiz tafakkurini oziqlantirib, g‘ururlantirib turadigan tarixda xalqimizning irodasini namoyon etgan ulug‘ bobokalonlarimiz bor. Albatta, bugungi maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni jadallashtirishda ularning hayoti, ilm yo‘li, ijodi, yaratgan asarlari, qoldirgan ulkan va boy merosiga tayanamiz.

2021-yil 28-30-sentabr kunlari Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag‘ishlab “Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Unda Fransiya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Misr, Umon sultonligi, Eron, Pokiston, Ozarbayjon kabi dunyoning 14 davlatidan 17 xorijlik va 60 dan ziyod mahalliy olimlar qatnashdi.  

Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining jasorati, yurt ozodligi yo‘lidagi kurashlari tarixini keng tadqiq etish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi izidan” ilmiy ekspeditsiyasi tashkil etildi. O‘rganishlar asosida ZOOM platformasi orqali Turkiya, Pokiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston tarixchi olimlari ishtirokida dastlabki ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, olib borilayotgan ishlarga qaramay, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalardagi yangilanishlar jarayonida maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan bir qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Shunday ekan, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirishda masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Zero, ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyalari bilan sug‘orilgan yangi maʼnaviy makon yaratishni maqsad qilgan yangi O‘zbekistonda hamma harakatlarimizning asosi – faqat va faqat xalqimizni rozi qilishga qaratilgan.

Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida “Yangi O‘zbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirgi davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan g‘oyaviy-maʼnaviy asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng ko‘lamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir”, degan edi.

Mana shu gap hech qachon yodimizdan chiqmasligi, har bir bajarayotgan ishimizda dasturulamal bo‘lmog‘i shart. Shundagina biz ko‘zlagan maqsadlarimizga, albatta, yetamiz.

 

 

Sobir SHUKUROV

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri

 

Minhojiddin  HOJIMATOV

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari

 

21.07.2022 505